Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:54

The Diplomat: Toshkent trans-Afg‘oniston temir yo‘liga katta qiziqish ko‘rsatmoqda


5-8 - aprel kunlari Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Markaziy Osiyoga xizmat safari doirasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkmanistonga tashrif buyurdi.

O‘zbekistonga safari davomida u Toshkent ikki mamlakatni bir-biri bilan bog‘laydigan temir yo‘l loyihalariga qiziqishini tasdiqlashini kutdi.

Garchi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent Eron orqali o‘tadigan temir yo‘lga qiziqishini ta’kidlagan bo‘lsa-da, so‘nggi bir necha oyda O‘zbekiston Afg‘oniston orqali Pokistonga o‘tadigan temir yo‘lni yakunlash sa’y-harakatlarini kuchaytirdi. Bu haqda o‘zbekistonlik tahlilchi Umida Hoshimova The Diplomat nashri uchun hozirlagan maqolasida yozdi.

Joriy yilning fevral oyida Afg‘oniston, Pokiston va O‘zbekiston rasmiylari trans-Afg‘oniston temir yo‘lini qurish bo‘yicha ilk uch tomonlama uchrashuvni o‘tkazdilar.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonni Afg‘oniston orqali Pokiston portlari bilan bog‘lovchi Mozori Sharif – Kobul – Peshovar temir yo‘lini qurish bo‘yicha yo‘l xaritasini imzoladilar.

Hoshimovaning yozishicha, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi loyiha amalga oshishini ta’minlash uchun faol ish olib bormoqda.

Toshkentning Pokiston portlariga chiqishga qiziqishi O‘zbekiston rahbariyatini yangi aloqa kanallarini ochishga undadi.

Xususan, 14 - aprel kuni Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Imron Xon trans-Afg‘oniston temir yo‘li loyihasini muhokama qilish maqsadida ikki tomonlama ilk uchrashuvni o‘tkazdilar.

Ushbu uchrashuvdan oldin – 10 - mart kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Pokistonga xizmat safari bilan borgan edi. Shuningdek, Toshkent Tolibon harakati va Afg‘oniston hukumati bilan ham faol muzokara olib bormoqda.

Komilov 10 - aprel kuni Qatarda Tolibon vakili bilan uchrashdi. Fevral oyida esa u Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani va tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar bilan uchrashuv o‘tkazgandi.

O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Ummon transport yo‘lagi orqali o‘tuvchi va Chabahar va Bandar Abbos portlariga olib chiqadigan Eron temir yo‘li va Gvadar portiga olib boradigan trans-Afg‘oniston temir yo‘li bir-biriga parallel, raqobatdosh loyihalardir.

Eron orqali o‘tadigan temir yo‘l loyihasi yaqinda o‘rtaga chiqqan trans-Afg‘oniston temir yo‘li loyihasidan ancha oldin ishlab chiqilgan.

2011 - yilning 25 - aprelida Turkmaniston, O‘zbekiston, Ummon va Eron transport yo‘lagi to‘g‘risida bitim imzoladi. Shartnoma 2016 - yilda kuchga kirdi. Ammo, Hoshimovaning yozishicha, Toshkent ikki oy oldin o‘rtaga tashlangan trans-Afg‘oniston temir yo‘li loyihasiga bundan besh yil oldin boshlangan Eron loyihasiga solishtirganda ko‘proq e’tibor qaratmoqda.

2020 - yilning 3 - yanvarida Eronning yuqori martabali qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy o‘ldirilishi va AQSh Tehronga qarshi sanksiya joriy qilishi ortidan Tehron – Vashington o‘rtasida yuzga kelgan tanglik Toshkentni Eron temir yo‘liga muqobil izlashga undagani yoki yo‘qligi noma’lum. Erondagi sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday mojaro mintaqadagi iqtisodiy va transport aloqalari uzilishiga olib keladi.

Ayni damda Toshkent Eron temir yo‘liga tayanadi – Bandar Abbos portiga chiqadigan temir yo‘l O‘zbekistonni dengiz bilan bog‘lab turuvchi eng qisqa yo‘ldir. Ammo trans-Afg‘oniston temir yo‘li turli sabablarga ko‘ra afzal.

Hoshimova fikriga ko‘ra, ushbu yo‘lning eng muhim ijobiy jihati shundaki, u Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston uchun dengiz portiga eng qisqa yo‘l bo‘ladi.

Trans-Afg‘oniston yo‘lining Mozori Sharif – Kobul qismini yotqizish ishlarini 2021 - yil sentabrida boshlash rejalashtirilgan. O‘zbekistonni Mozori Sharif bilan bog‘lab turuvchi temir yo‘llar mavjud.

Ba’zi mintaqaviy loyihalar o‘nlab yillar davomida qog‘ozda qolib kelayotgan bo‘lsa-da, Hoshimova trans-Afg‘oniston temir yo‘li belgilangan muddatda yakunlanishini kutishga asos bor, deb ishonadi.

AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (IDFC) yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun Markaziy Osiyo investitsiya jamg‘armasini tashkil etdi.

Jamg‘arma 2020 - yil yozidan beri O‘zbekiston hukumati bilan muzokara olib bormoqda. Hoshimovaning fikricha, trans-Afg‘oniston temir yo‘li ushbu muzokaralar davomida muhokama qilinganini taxmin qilish mumkin.

AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod IDFC rasmiylari va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ilk uchrashuvda ishtirok etdi.

Uchrashuv ortidan e’lon qilingan rasmiy bayonotda “Afg‘onistonda iqtisodiy tiklanish bo‘yicha sa’y-harakatlar” hamda “Afg‘oniston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, transport va energetik aloqalarni kengaytirish” kabi so‘zlar ishlatildi.

Hoshimova bu jumlalar bilan yirik infratuzilma loyihalari nazarda tutilganiga ishonadi. Qozog‘iston ham qo‘shilgan Markaziy Osiyo investitsiya jamg‘armasi yaqin besh yil ichida “Markaziy Osiyo bo‘ylab va keng mintaqa bilan iqtisodiy aloqalar” o‘rnatish yo‘lida 1 milliard dollar to‘plashni ko‘zlamoqda.

Mirziyoyev Zarifga Toshkentning O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Ummon transport yo‘lagiga bo‘lgan qiziqishini tasdiqlagan bo‘lsa-da, uning rahbarligi ostida loyihani amalga oshirish yo‘lida oz tadbir ko‘rildi. Tomonlar hatto loyiha bo‘yicha yuqori darajada uchrashuv o‘tkazgani yo‘q.

Hoshimovaning fikricha, Afg‘oniston va Pokiston bilan faol o‘tkazilayotgan muzokaralar Toshkentning trans-Afg‘oniston temir yo‘liga qiziqishi katta ekanidan dalolat beradi.

XS
SM
MD
LG