Vashington urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralar Yevropa ishtirokisiz o‘tishini e’lon qilgani ortidan yevropalik yetakchilar Parijda shoshilinch uchrashuv tashkil qilmoqda.
Yevropa yetakchilari yig‘ilishda birlashgan pozitsiyani namoyish etgan holda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash hamda Yevropa xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha yangi takliflarni muhokama qilishi kutilmoqda.
“Yevropa Ittifoqining ayrim mamlakatlari aniq pozitsiyaga ega – ular yomon va shoshma-shosharlik bilan ishlab chiqilgan va Tramp kelishuvining bir qismi bo‘lishni xohlamaydi. Ular Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga e’tibor qaratmoqda,” dedi Berlinda joylashgan Yevropa Tashqi aloqalar kengashining katta siyosat bo‘yicha eksperti Majda Ruge.
Yevropaning xavotirlari ikki kun oldin Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Keyt Kellogg Yevropa tinchlik muzokaralarida ishtirok etmasligini aytganidan keyin yanada kuchaydi.
AQSH va Rossiya rasmiylari urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarni boshlash uchun shu hafta Saudiya Arabistonida uchrashishi ma’lum bo‘lib ulgurgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Myunxen xavfsizlik konferensiyasidagi ishtirokidan keyin 16-fevral kuni BAAga tashrif buyurdi. U keyinchalik Saudiya Arabistoniga ham borishini aytdi, biroq ukrainalik rasmiylarga ko‘ra, u yerda AQSH yoki Rossiya rasmiylari bilan uchrashuv rejalashtirilmagan.
Bundan bir necha kun oldin AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset AQSH bundan buyon “Yevropa xavfsizligiga ustuvor ahamiyat qaratmasligini” bildirgan edi.
Vashingtonning harakatlari Yevropada xavotir uyg‘otib, mintaqa yetakchilarini AQSHning Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha bir tomonlama yondashuviga qanday javob berish borasida shoshilinch izlanishga majbur qilmoqda.
Biroq Yevropa ichki kelishmovchiliklarni yengib o‘tib, urushni tugatish va Rossiya bilan munosabatlarni hal qilish bo‘yicha aniq strategiya ishlab chiqa oladimi yoki yo‘q hozircha bu noma’lum.
“Yevropa muhokamalar, bayonotlar va chaqiriqlar bilan ko‘proq shug‘ullandi, lekin Ukrainaga real yordam ko‘rsatish yoki o‘zining mustaqil siyosatini yuritish borasida yetarlicha qadam tashlamadi,” deydi Varshavada joylashgan Piletski institutining Rossiya bo‘yicha eksperti Yan Garner.
Yevropa rasmiylari esa shoshilinch tuzilgan tinchlik yoki otashkesim bitimi Ukrainani va kengroq mintaqadagi xavfsizlikni xavf ostiga qo‘yishi haqida ogohlantirmoqda.
Yevropa Ukraina uchun eng yirik moliyaviy yordam ko‘rsatgan donor bo‘ldi, hatto bu borada AQSHni ham ortda qoldirdi. Biroq so‘nggi yillarda mudofaa xarajatlari va qurol ishlab chiqarishni oshirish bo‘yicha va’dalar berilganiga qaramay, harbiy yordam borasida ortda qolmoqda.
Vengriya va Slovakiyadan tashqari, qolgan Yevropa davlatlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlash borasida yakdil. Biroq kelishmovchiliklar ham yo‘q emas.
“Hamma texnik jihatdan bir fikrda. Yaxshiroq nazar tashlansa, muammo rejalar borasida kelishmovchilik mavjudligida ekanini ko‘rish mumkin.”
Yevropa armiyasini tuzish masalasini ichki kelishmovchiliklarga yaqqol misol. Ba’zi yetakchilar tinchlik bitimi tuzilganidan keyin, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Yevropa harbiy kuchlarini Ukrainaga joylashtirishni taklif qilgan. Biroq bu g‘oyani Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaya Kallas singari rasmiylar rad etmoqda.
“Tayyor va aniq strategiya yo‘qligi sababli, Yevropa yetakchilari ehtimoliy variantlar doirasida qolmoqda. Hech kim birlashgan, puxta va hamkorlikka asoslangan rejani ishlab chiqqani yo‘q. Shu sababli, Tramp, Putin va hatto Zelenskiy ham Yevropani jiddiy qabul qilmayapti”, deya xulosa qiladi Yan Garner.