Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:42

Tojikiston hukumati tanqidchilari Rossiyada bosimga uchrab, g‘oyib bo‘lmoqda


Moskvadagi tojiklar markazi rahbari Izzat Omon
Moskvadagi tojiklar markazi rahbari Izzat Omon

Tojikistonlik bloger Ehson Odinayevdan 2015 - yilning may oyidan beri darak yo‘q. Odinayev Sankt-Peterburgda yaqin atrofdagi dorixonaga chiqib, shu bilan qaytmagan.

Odinayevning oilasi u Tojikiston hukumati iltimosiga binoan Rossiya politsiyasi tomonidan hibsga olinib, Dushanbega yuborilgan bo‘lishi mumkin, deb gumon qilmoqda. Rasmiy Dushanbe mamlakat ichida va tashqarisida hukumat tanqidchilarni nishonga olib keladi.

Odinayev “Guruh-24” muxolifat harakati tarafdori bo‘lgan. Tojikiston hukumati harakatni 2014 - yilda taqiqlagan va o‘shandan beri uning tarafdorlarini ovlab keladi.

Bedarak yo‘qolgan paytida 24 yoshda bo‘lgan bloger Tojikiston hukumatini tanqid qilib kelgan.

Ehson Odinayev
Ehson Odinayev

Odinayev Rossiyada 2007 - yildan beri yashayotgan bo‘lgan. Ammo Rossiya tojikistonlik faollar va muxolifat tarafdorlari uchun xavfsiz joy emas edi, hatto ular Rossiya fuqaroligini olgan yoki qonuniy yashayotgan bo‘lsa ham.

Huquq himoyachilari so‘zlariga ko‘ra, 2015 - yildan beri Rossiyada kamida 15 nafar tojik faol g‘oyib bo‘lgan. Ularning ba’zilari keyinchalik Tojikistonda paydo bo‘lgan – ko‘pincha qamoqxonalarda. Ularga firibgarlikdan tortib, ekstremizmgacha bo‘lgan shubhali ayblovlar qo‘yilgan. Odinayev singari boshqa ko‘plab tojikistonlik faol qayerdaligi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Eng ko‘zga ko‘ringan holatlar orasida “24-guruh” faoli Sharofiddin Gadoyevning o‘g‘irlanishini aytib o‘tish mumkin. Faol 2019 - yilda Niderlandiyadan Moskvaga qilgan safari davomida g‘oyib bo‘lgan. Keyinchalik u Tojikistonda paydo bo‘lgan.

Gadoyev ishi yetakchi huquq tashkilotlari e’tiborini o‘ziga qaratdi. Keyinchalik u ozod qilindi va unga Gollandiyaga qaytishiga ruxsat berildi.

Rossiya, shuningdek, tojikistonlik muhojirlar guruhlarining ikki ko‘zga ko‘ringan rahbarini ham badarg‘a qildi: Karomat Sharifovni 2017 - yilda, Izzat Omonni 2021 - yilda.

Tojikiston rasmiylarini tanqid qilgan Sharifov va Omon Rossiya immigratsiya qonunlarini buzganlikda ayblanib, Rossiya fuqaroligidan mahrum qilindi.

Ammo Tojikiston hukumatini tanqid qilgani uchun Rossiyada g‘oyib bo‘lgan boshqa ko‘plab shaxsning qismati haqida ko‘pchilikka ma’lum emas.

Rossiyadagi tojik faollarining iddao qilishicha, Tojikiston hukumat xorijdagi tanqidchilar ovozini o‘chirish uchun ularning Tojikistonda yashayotgan qarindoshlariga ham bosim o‘tkazmoqda.

“Guruh-24” a’zosi Rahmatjon Muhammadjon 18 - may kuni Moskvada noma’lum sharoitda g‘oyib bo‘ldi. Muxolifat guruhi Ozodlikning tojik xizmati bilan suhbatda Muhammadjon 2018 - yilda Rossiya fuqaroligini olganini bildirdi.

“Guruh-24” harakatining yana bir a’zosi Shobuddin Badalov o‘tgan yilning avgust oyida Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlanib, buning ortidan Dushanbega majburiy tarzda yuborilgan edi.

Rossiya politsiyasi voqeaga aloqadorligini rad etdi. Tojikiston hukumati Badalov Tojikistonga o‘z xohishi bilan qaytganini iddao qildi.

Hozir ularning taqdiri noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Rossiyada 23 yil yashagan tojikistonlik mulla Saidnuriddin Roziqovning aytishicha, 24 - mart kuni Rej shahrida noma’lum shaxslar uni qo‘lga olgan.

“Ular hatto hech qanday hujjatni ko‘rsatishmadi”, - dedi Roziqov.

“Ertasi kuni – 25 mart kuni ular meni Dushanbega otlangan samolyotga mindirdilar”.

60 ga chiqqan Roziqov yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, mulla Dushanbeda yetib borganidan so‘ng, salafiylik harakatiga aloqadorlikda ayblangan.

3 - aprel kuni Roziqov videomurojaati paydo bo‘ldi. Unda mulla davlat xavfsizlik qo‘mitasi unga qo‘yilgan ayblovni “ko‘rib chiqqani” va “aybsizligini tasdiqlaganini” aytdi.

Ilgari Roziqovning uzun soqoli bo‘lgan. Tojikistonda 40 yoshga to‘lmagan erkaklar uzun soqol qo‘ysa, bu holat diniy ekstremizmning tashqi alomati sifatida ko‘riladi. Videoda Roziqovning soqoli ancha kalta ekanini ko‘rish mumkin.

Xabarlarga ko‘ra, may oyida Rossiyaning Sverdlovsk viloyati sudi Roziqovni Rossiya fuqaroligidan mahrum qilish to‘g‘risida 2018 - yil chiqarilgan qarorni bekor qilgan. “Payom” yangilik sayti Roziqov Sverdlovskdagi oilasi oldiga qaytishni rejalashtirayotgani haqida xabar berdi.

Maqsud Ibrohimov
Maqsud Ibrohimov

Ammo boshqa ko‘plab faolning taqdiri boshqacha kechdi.

Ham Tojikiston, ham Rossiya fuqarosi 44 yoshli Maqsud Ibrohimov 2015 - yilda Moskvada g‘oyib bo‘lgan. Bir necha hafta o‘tgach, Ibrohimovning qarindoshlari u hukumatni ag‘darishga urinishda ayblanib, Dushanbedagi qamoqxonaga uloqtirilgani haqida xabar topgan.

G‘oyib bo‘lishidan oldin Ibrohimov “Yoshlar – Tojikistonning tiklanishi uchun” deb nomlanuvchi siyosiy guruhni tuzgan. Guruh aholini prezident Imomali Rahmon iste’fosini talab qilib norozilik namoyishlariga chaqishga chorlagan.

Ibrohimov 17 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Qarindoshlar bosim ostida

Mart oyida Moskvadan Dushanbega majburiy ravishda qaytib kelgan Izzat Omon firibgarlikda ayblanmoqda. Moskvadagi tojiklar markaziga rahbarlik qilib kelgan Omon aybdor deb topilsa, 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Uning tarafdorlari bu ayblovlar siyosiy asosga ega ekanini aytib, ularni rad etmoqda.

Omonning Moskvadagi notijorat tashkiloti tojikistonlik mehnat muhojirlariga ish topishda, ishlash va yashash uchun ruxsat olishda hamda yuridik maslahat olishda yordam berib keladi.

Omonning Moskvadagi bir necha hamkasbi u deportatsiya qilinganidan beri Tojikistondagi qarindoshlariga rasmiylar bosim o‘tkazayotganidan shikoyat qilmoqda. Ularning ta’kidlashicha, tojik rasmiylari Omonning sheriklarini qarindoshlari orqali siyosiy faoliyatlarini to‘xtatishga undamoqda.

Ular orasida Moskvada yashovchi tojik advokati Baxtovar Jumayev ham bor. Uning aytishicha, otasi va rafiqasini Tojikiston Ichki ishlar vazirligining Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash departamentiga chaqirishgan.

Rasmiylar Jumayevning oilasidan undan Tojikistonga qaytishni talab qilishni so‘rashgan.

Bu orada Jumayev Rossiyaning tark etib, boshqa mamlakatga chiqib ketgan. Jumayev rasmiylar uni hibsga olishni va Tojikistonga deportatsiya qilishni rejalashtirayotganini haqida ma’lumot olganini ta’kidladi, ammo boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi.

Moskvadagi tojikistonlik talaba faol Suhrob Jahonning ta’kidlashicha, tojik rasmiylari uning Rossiyadagi faoliyatini muhokama qilish uchun oila a’zolarini chaqirtirgan. Rasmiylar Jahonning oilasiga u Omon hamda Tojikistonda taqiqlangan “Islom uyg‘onish partiyasi” a’zosi bilan birga tushgan suratlarini ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirishi kerakligini aytishgan.

Ichki ishlar vazirligidagi tojik rasmiysi oila a’zolari chaqirtirilganini tasdiqladi, ammo bu uchrashuvlar Omonning ishi bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi.

Farhod Odinayev
Farhod Odinayev

Rasmiy Tojikiston hukumati Rossiyadagi tojikistonlik fuqarolar siyosiy faollikka aralashishini istamasligini oshkora tan olmadi. Ammo u Rossiyadagi tojikistonliklar “ijtimoiy tarmoqlarda har xil bayonotlarni tarqatish o‘rniga o‘z ishlariga yoki o‘qishlariga e’tibor qaratishlari” kerakligini aytdi. Rasmiy ommaviy axborot vositalari bilan suhbatlashish huquqiga ega bo‘lmaganligi sababli ismini oshkor qilmaslikni so‘radi.

Yevropada yashovchi tojik muxolifatchi siyosatchi Farhod Odinayevning aytishicha, Rossiyada tojik faollari g‘oyib bo‘layotgani Dushanbedagi hukumat ishidir.

“Tojikiston Maqsud Ibrohimov singari odamlar aholini hukumatga qarshi norozilik namoyishlariga chorlashini istamaydi. Hukumat Rossiyadagi va boshqa joylardagi tanqidchilarning ovozini o‘chirmoqchi. Buni qonuniy ravishda amalga oshirishning iloji yo‘qligi sababli, rasmiylar odam o‘g‘irlash kabi jinoiy usullardan foydalanmoqda”, - dedi Odinayev.

XS
SM
MD
LG