So‘nggi ikki yilda “BTK Grupp” Tojikistonda 5,5 ming gektar yerni ijaraga olgan, Ukrainada jang qilayotgan rus askarlari uchun harbiy kiyim-bosh tikuvchi ikki to‘qimachilik fabrikasiga sarmoya tikkan, deb yozadi Ozodlik radiosi tojik xizmati.
“BTK Grupp” Vladimir Putinga yaqin tadbirkorlardan biri bo‘lmish Taymuraz Bolloyev tomonidan 2005-yilda tashkil qilingan. 2024-yil iyunda esa Yevroittifoq “Rossiyadagi qaror qabul qiluvchi muhim shaxslar bilan qalin aloqalari uchun” Bolloyevga qarshi manzilli sanksiyalar qo‘lladi.
“Tovar MHA maqsadlari uchun yetkazib beriladi”
Ozodlikning tojik xizmati hamda ukrain xizmatining “Sxemi” loyihasi jurnalistlari qo‘lga kiritgan statistika hujjatlariga ko‘ra, “BTK Grupp” Tojikistondan Rossiyaga mahsulot eksport qilishni 2022-yilning ikkinchi yarmida boshlagan va Rossiya xoldingining hamkori dastavval “Juntay-Dang‘ara Sin Silu Tekstil” shirkati bo‘lgan. Bu paxta tolasini qayta ishlovchi eng yirik tojik-xitoy korxonasi 2016-yilda Dang‘arada ochilgan edi.
2022-yilning iyulidan dekabriga qadar “BTK Grupp” tojik hamkoridan turli tayyor kiyim-kechak, xususan ko‘ylaklar, fufaykalar, futbolkalar, kombinezonlar sotib olib, Rossiyaga yetkazgan; ayni chog‘da Rossiyadan “Juntay-Dang‘ara Sin Silu Tekstil” shirkati uchun jihozlar olib kelgan.
Raqamlarga qaraganda, “BTK Grupp” 2023-yilda mahalliy “Sitorai toch” MCHJ hamda “Vahdat” MCHJ bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, Tojikistondagi faoliyat doirasini kengaytiradi. O‘sha yili Rossiya shirkati “Vahdat” MCHJdan 54 partiyada kiyim-kechak, xususan qalin paypoqlar xarid qiladi. “BTK Grupp” yuk xatlarida bu mahsulotlar “MHA maqsadlari uchun” deya qayd etilgan (Rossiya Ukrainadagi urushni “spetsialnaya voyennaya operatsiya”, ya’ni “maxsus harbiy amaliyot” deb ataydi).
2023-yilda “BTK Grupp” “Sitorai toch” MCHJdan erkaklar kiyim-kechagi, jumladan harbiy ust-bosh, ichkiyimlar va paxta futbolkalar sotib olib, “MHA maqsadlari uchun” Rossiyaga tashigan. Yuk xatlariga qaraganda, “Sitorai toch”MCHJdan xarid qilingan mollar qiymati qariyb 13 mln (12 967 990) dollarni tashkil qiladi.
2024-yilning dastlabki to‘rt oyida Rossiya shirkati “Vahdan” va “Sitorai toch” MCHJlardan 379 mln 420 ming rubl (qariyb 4 mln dollar)ga kiyim-kechak sotib olib Rossiyaga jo‘natgan. Xususan, “Vahdat” korxonasidan 1,5 mln juft paypoq, “Sitorai toch”dan esa erkaklar ust-boshi – 1 492 mln kiyim to‘plami (kurtkalar, shimlar/yarim kombinezonlar), 85 mingta futbolka hamda 55 ming to‘plam ichkiyim xarid qilgan.
Yangi to‘qimachilik fabrikalari
Ozodlik surishtiruvi “BTK Grupp” Tojikistonda ikkita to‘qimachilik korxonasini ishga tushirganini ko‘rsatdi: ulardan biri Dushanbeda, ikkinchisi So‘g‘d viloyati markazi bo‘lmish Xo‘jand shahrida ochilgan.
“BTK Grupp” 2023-yilda va 2024-yilning dastlabki to‘rt oyida “Sitorai toch” korxonasiga Rossiyadan yuzlab tikuv mashinalari va boshqa uskunalar keltirib bergan.
Ushbu korxona 2023-yilda Dushanbeda ochilgan edi, uning ishga qabul qilish haqidagi e’lonlarida “BTK Grupp” nomi qayd qilingan.
Joriy yilning sentyabrida “BTK Grupp” Xo‘jand shahrida yana bir to‘qimachilik korxonasini ishga tushirdi. Ochilish marosimida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon shaxsan qatnashdi. Biroq prezidentning matbuot xizmati o‘z xabarida “BTK Grupp” nomini tilga olmay, “chet ellik investorlar” deya umumlashtirib yozdi.
Tantanali ochilish marosimida bir kishi Emomali Rahmonga hamrohlik qildi va davlat OAVlariga intervyular berdi, biroq TV negadir uning ismini ko‘rsatmadi. Ozodlik jurnalistlari u “Sitorai toch” MCHJ bosh direktori, ilgari “BTK Grupp”ning ishlab chiqarish departamentiga rahbarlik qilgan Sergey Kostogriz ekanini aniqladilar.
Tojikiston prezidenti sayti xabariga ko‘ra, ushbu “tikuv fabrikasi yiliga 120 mingtagacha maxsus kiyim to‘plami va 1 milliondan ortiq trikotaj kiyim to‘plamlarini ishlab chiqarish quvvatiga ega”. Korxonada maxsus kiyim-bosh tikilayotgani davlat TV lavhalarida ham ochiq ko‘rsatildi.
Ozodlik radiosining Xo‘jand shahri ma’muriyatidagi manbalari ma’lum qilishicha, “BTK Grupp”ga qarashli “Sitorai toch” korxonasi asosan harbiy kiyimlar tikish bilan shug‘ullanadi.
“Sitorai toch” korxonasida harbiy ust-bosh, kamuflyaj fufaykalar, askarcha kombinezonlar va harbiylarga mo‘ljallangan boshqa maxsus kiyimlar tikiladi. “BTK Grupp” Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan va asosan uning buyurtmalarini bajaradi”, deydi ismi ochiqlanishini istamagan xo‘jandlik mulozim.
“BTK Grupp” Tojikistonga qanday kelib qoldi?
“BTK Grupp” Tojikiston bozoriga 2022-yilda, Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqin boshlashi bilan kirib kelgan. 25-fevral kuni Tojikiston bosh vaziri Kohir Rasulzoda “BTK Grupp” xoldingi tarkibiga kiruvchi “Baltika Grupp” shirkati bosh direktori Mixail Bocharov bilan uchrashgan.
Tojikiston Sanoat va yangi texnologiyalar vazirligi o‘shanda tomonlar “qo‘shma korxona va sexlar tashkil qilish, investitsiya kiritish va mahsulotni yakuniy qayta ishlash” kabi masalalarni muhokama qilganini ma’lum qilgan edi.
2022-yil sentyabrda Dushanbeda o‘tkazilgan investitsiya forumida Tojikiston vakillari “BTK Grupp” bilan 200 mln dollarlik investitsiya bitimini imzolaganlar. Tojikistonning yuqori martabali mulozimlari, xususan So‘g‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda va Xatlon viloyati rahbari Davlatali Said Rossiyaga safarlari chog‘ida “BTK Grupp” vakillari bilan uchrashishgan.
“BTK Grupp” qanaqa shirkat?
“BTK Grupp” shirkatlar guruhi Rossiyadagi eng yirik yengil sanoat xoldinglaridan biri bo‘lib, unga 2005-yilda Taymuraz Bolloyev asos solgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Bolloyevning prezident Vladimir Putin bilan yaqin aloqalari bor.
U 2000 va 2004-yilgi prezident saylovlarida Putinning ishonchli vakili bo‘lgan. To‘qqiz oy oldin The Guardian nashri Taymuraz Bolloyevni “Rossiya prezidentining do‘stlaridan biri” deb atadi. Ingliz nashrida yozilishicha, Bolloyev Ukrainaning sanksiya ro‘yxatlariga ham kiritilgan.
2024-yil iyunda Yevropa Ittifoqi Rossiya siyosatchilari bilan chambarchas aloqalari uchun Taymuraz Bolloyevga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Sanksiyalar qo‘llanishi Bolloyevning Carlsberg shirkati roziligisiz, uning Rossiyadagi shu’basi bo‘lmish “Baltika” shirkatiga prezident etib tayinlangani bilan izohlanadi. 2023-yil iyul oyida Putin, Rossiya fuqarolariga qarshi sanksiyalarga javoban, “Baltika” pivo ishlab chiqarish shirkatining 98,56 foiz aksiyalarini vaqtincha Rossiya mulk agentligiga bergan edi. Agentlik esa, o‘z navbatida, shirkatga Bolloyevni prezident qilib tayinlagan.
Rossiya Mudofaa vazirligining hamkorlari
“BTK Grupp” faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri Rossiya askarlari uchun harbiy kiyim-bosh tikish hisoblanadi. 2012-yilda Rossiya hukumati “BTK Grupp”ni armiyaning yagona kiyim-kechak ta’minotchisi etib belgilagan edi.
Biroq ushbu hamkorlik mojarolarsiz bo‘lmagan: 2023-yilda Rossiya OAVlari Mudofaa vazirligi “BTK Grupp”ga nisbatan jami 623 mln rubllik da’vo qo‘zg‘atgani haqida yozgan.
2022-yilda “BTK Grupp” Rosgvardiyaning ham yagona kiyim-kechak ta’minotchisiga aylangan.
Ko‘lob va uning atrofidagi ijara yerlar
“BTK Grupp”ning Tojikistondagi muhim faoliyat yo‘nalishlaridan yana biri – yerlarni ijaraga olib, paxta ekish. Shirkat Xatlon viloyatining Ko‘lob va So‘g‘d viloyatining Spitamen tumanlarida minglab gektar yerni ijaraga olgan.
Ozodlik qo‘lga kiritgan ma’lumotlarga qaraganda, “BTK Grupp” ijaraga olingan yerlarni boshqarish uchun Ko‘lob tumanida “Paxtai Ko‘lob” nom bilan MCHJ tashkil qilgan. Ko‘lob shahri hokimining 2023-yil 29-dekabrdagi 662-sonli qarori bilan shirkatga 1894 gektar yer berilgan. “BTK Grupp”ga berilgunicha bu yerlar davlatga qarashli Hamadoniy va Sabz-Nu urug‘chilik xo‘jaliklari tasarrufida edi.
Ko‘lob hokimi Baxtiyor Nazarzoda 2024-yil fevraldagi matbuot anjumanida yerlar Rossiya shirkatiga 20 yil muddatga ijaraga berilganini aytgan. Hokim muovini Munavvar Tashrifzoda esa “BTK Grupp” ijara yerlarga ishlov berishga 2024-yilning avgust oyiga qadar 2 mln dollardan ortiq investitsiya kiritganini ma’lum qilgan.
Biroq Rossiya shirkati 1894 gektar bilan cheklanib qolmadi. Shu yilning avgustida hokim Baxtiyor Nazarzoda birinchi bosqichning o‘zidayoq shirkatga kamida 11 ming gektar yer berilishini e’lon qildi. Mulozimga ko‘ra, bu yerlar Ko‘lob shahri hamda qo‘shni Vose va Hamadoniy tumanlariga qarashli hududlardan ajratiladi.
Mahalliy fermerlar noroziligi
Biroq ba’zi tumanlarda ekin yerlarini “BTK Grupp”ga olib berish qiyinchilik tug‘dirmoqda. Joriy yilning avgustida Hamadoniy tumani rahbari Nurullo Mirzozoda hukumat unga “BTK Grupp” uchun 1500 gektar yer ajratishga ko‘rsatma berganini aytgan edi. Ammo, mulozimga ko‘ra, tumandagi davlat xo‘jaliklari ixtiyorida 72 gektar yer bor xolos, qolgan yerlar esa mahalliy fermerlarga tegishli. Mirzozoda fermerlarning yerlarini tortib olib “BTK Grupp”ga berishga haqqi yo‘qligini urg‘uladi.
“Men hukumatga yer ajratish tartibini belgilashni taklif qildim. Qarang, fermer xo‘jaligining sertifikati bor, u yerdan 10-20 yildan beri foydalanib kelyapti. Men sertifikatni bekor qilib, yerni “BTK Grupp”ga olib berolmayman. Ko‘p fermerlarning o‘z yuristlari bor, ular “Konstitutsiya va Yer kodeksini buzyapsan” deb janjal ko‘tarishadi”, deya qo‘shimcha qildi Nurullo Mirzozoda.
“BTK Grupp” Shimoliy Tojikistonda
“BTK Grupp” Ko‘lob tumanidan tashqari Tojikiston shimolida joylashgan So‘g‘d viloyatining Spitamen tumanida ham yuzlab gektar yerni ijaraga olib, paxta yetishtiradi. Spitamen tumani mulozimlaridan biri va “BTK Grupp”ning mahalliy shu’basi xodimi Ozodlikka ismlari sir qolishi sharti bilan, shirkat faoliyati haqida so‘zlab berishdi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, “BTK Grupp” 3550 gektar yerni ijaraga olgan va “Spitamen tekstil” nomi ostida ish olib boradi. “O‘tgan yili shirkat 3700 tonna paxta yetishtirdi. Ammo bu yil hasharotlar zarar yetkazgani sababli hosil cho‘g‘i kamroq. Terib olingan paxta Spitamen tumani, Nov qishlog‘ida joylashgan “Spitamen tekstil” zavodida kalavaga aylantiriladi va mato to‘qish uchun Xo‘janddagi korxonaga jo‘natiladi”, deyishdi Ozodlik manbalari.
Sanksiyalar haqida ogohlantiruv
Rossiya 2022-yil fevralda Ukrainaga bostirib kirgach, Qo‘shma Shtatlar va boshqa G‘arb mamlakatlari Moskvaga nisbatan qattiq sanksiyalar joriy etdi. AQSH va Yevropa mamlakatlari Rossiyaning ittifoqchilarini, jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlarini sanksiyalarni chetlab o‘tmaslik haqida bir necha marta ogohlantirdi.
Bugungi kunga qadar AQSH, ayni sabablarga ko‘ra Markaziy Osiyodagi qator shirkatlarga qarshi sanksiyalar kiritgan. 2023-yil dekabrda AQSH Moliya vazirligi sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda Rossiyaga mahsulot eksport qilgani uchun Tojikistonning “Kafolati Komil” shirkatini qora ro‘yxatga tirkagan edi. Bu kabi choralar Qirg‘izistonning bir necha shirkatiga nisbatan ham tatbiq etilgan. Qozog‘istonning esa kamida ikki shirkati –CATU TECH LLP va Defense Engineering LLP – Rossiyaga yordam bergani uchun AQSHning sanksiyalar ro‘yxatiga tushgan.
2023-yilning mayida Ozodlik Tojikiston Rossiyaga tovarlar eksportini oshirganini tasdiqlovchi hujjatlarni qo‘lga kiritdi. Bu tovarlarning asosiy qismini kompyuterlar, quvvatlash bloklari, akkumulatorlar, diodlar, tranzistorlar, mikrosxemalar va kabellar tashkil qiladi. Tojikiston ilgari Rossiyaga bunaqa turdagi mahsulotlarni eksport qilgan emas.