Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:38

Tokioga yo‘l olgan o‘zbek yengil atletikachilari prezident va’da qilgan mukofot pulini kutmoqda


Yengil atletika - "Sport qirolichasi" nomi bilan tanilgan.
Yengil atletika - "Sport qirolichasi" nomi bilan tanilgan.

Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik yengil atletikachilarga prezident qarorida belgilangan rag‘bat puli berilmayapti.

Ozodlikka murojaat qilgan sportchilarning yaqinlariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati qarori bilan Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan va tegishli normativlarni bajargan sportchilarga 100 million so‘mdan, ularning murabbiylariga esa 50 million so‘mdan mukofot puli ajratilgan.

O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasida Tokio olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rayotgan sportchilarga bu mablag‘lar musabaqadan qaytganlaridan keyin topshirilishini bildirishdi.

2020 - yilda COVID-19 pandemiyasi tufayli Yaponiya poytaxtida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Olimpiya o‘yinlari joriy 2021 - yilning 23 - iyulidan 8 - avgustigacha o‘tkaziladi.

Qator o‘zbekistonlik sport ustalari ham ushbu nufuzli musobaqalarda ishtirok etish litsenziyasini qo‘lga kiritdi.

Jumladan, Tokio olimpiadasiga O‘zbekiston sharafini himoya qilish uchun 7 nafar yengil atletikachi yoshlar borayotgani ma’lum bo‘ldi.

Biroq Ozodlikka murojaat qilgan bu sportchilarning yaqinlari Olimpiadaga yo‘llanma olganlarga hukumat va’da qilgan rag‘batlantirish pullari O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi rahbariyatining shaxsiy tashabbusi bilan berilmayotganini da’vo qildi.

- Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma olgan o‘zbekistonlik yengil atletikachilar duch kelgan muammo yuzasidan murojaat qilyapmiz. 7 nafar sportchi normativlarni bajarib, Olimpiada litsenziyasini qo‘lga kiritdi. Prezident qaroriga ko‘ra, Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan sportchilarga 100 mln, ularning murabbiylariga esa 50 mln so‘mdan rag‘bat puli berilishi belgilangan.

Barcha sport yo‘nalishlari vakillari, hatto mojaro markazida qolgan suzuvchilar va ularning murabbiylari ushbu rag‘bat pullarini oldi. Ammo Olimpiya qo‘mitasi va Yengil atletika federatsiyasi rahbariyati turli bahonalar bilan yengil atletikachilar va ularning murabbiylariga Prezident qarorida belgilangan rag‘bat pulini bermayapti. Nega bunday yo‘l tutilmoqda? Axir, bu xatti-harakat Prezident qaroriga zid-ku!”, deb yozdi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan sportchilarning qarindoshlaridan biri.

Suhbatdoshning iddaosicha, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi oxirgi yillarda Olimpiadada qatnashishga tayyorgarlik ko‘rayotgan sportchilarning muhim masalalari muhokama qilinadigan Murabbiylar kengashini chaqirmasdan kelayotgani bunday salbiy oqibatlarga olib kelmoqda.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Tokiodagi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun tuzilgan 4 yillik maxsus tayyorgarlik dasturiga O‘zbekiston hukumati tomonidan 62,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan, jumladan 4,3 mlrd so‘m homiylar hisobidan.

2016 - yilda hukumat Braziliyadagi Olimpiada o‘yinlariga byudjet hisobidan 44,1 mlrd so‘m mablag‘ ajratgandi.

2017 - yil 10 - avgustda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning PQ-3196 sonliNufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida” deb nomlangan qaroriga muvofiq, hukumat tomonidan sportchilarni rag‘batlantirish va Olimpiada litsenziyalari sonini oshirish maqsadida Olimpiya litsenziyasini qo‘lga kiritgan sportchiga katta pul mukofoti va’da berilgan.

Olimpiadada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan sportchiga 100 million so‘m, uning murabbiysiga esa 50 million so‘m bir martalik rag‘batlantirish puli berilishi qonunan tasdiqlandi.

Mirziyoyev hukumati Olimpiada o‘yinlarida medallarni qo‘lga kiritgan o‘zbek sportchilariga qo‘shimcha to‘lovlarni 1,5-2 barobarga qo‘paytirish haqida e’lon qildi.

Ozodlikka murojaat qilgan yengil atletikachilar yaqinlari bu mablag‘lar sportchilarning ko‘p yillik tayyorgarlikka sarflagan pullarini qoplashi va ularning yaxshi natijalarga erishishlarida yaxshi rag‘batlantirish bo‘lishiga e’tibor qaratdi.

Ozodlik bu masalada O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi rahbariyatiga murojaat qildi.

Hozirgi kunda Turkiyada tayyorgarlik mashqlarida ekani ma’lum bo‘lgan O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi raisi Andrey Abduvaliyev Ozodlikning “Nima uchun sportchilarga va’da qilingan rag‘batlantirish pullari to‘lanmayapti?” degan savolini eshitgach, telefonini o‘chirib qo‘ydi. Abduvaliyev bilan bog‘lanishga keyingi urinishlar natija bermadi.

Ozodlik savollariga yengil atletika bo‘yicha Milliy terma jamoa bosh murabbiysi Go‘zal Xubbiyeva ham javob berishni istamadi.

O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi Bosh kotibi Kamoliddin Ro‘zamuhamedov atletikachilar yaqinlari berayotgan ma’lumot "biroz yanglish" ekanini aytdi:

- Sababini Milliy Olimpiya qo‘mitasiga telefon qilib bilishingiz mumkin. Bu mablag‘ endi Olimpiadadan keyin beriladi, tantanali ravishda sertifikat bilan birga topshiriladi. Ko‘pchilik Olimpiadaga ketib bo‘lgan – qanday beramiz ularga?! Sizlarga noto‘g‘ri informatsiya berilibdi. Olimpiadadan keyin beriladi albatta. Sportchilarning bu narsadan 100 foiz xabari bor. Bu pullar hech qayerga ketmaydi, deya ishontirdi Kamoliddin Ro‘zamuhamedov.

Ammo O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi Bosh kotibi nima uchun bu pullar sportchilar Tokioga ketmasdan berilmagani haqidagi savolni ochiq qoldirdi.

45 yashar Oksana Chusovitina - Tokio Olimpiadasidagi O‘zbekiston bayroqdori
45 yashar Oksana Chusovitina - Tokio Olimpiadasidagi O‘zbekiston bayroqdori

Bundan oldinroq -12 - iyul kuni - O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Tokiodagi Olimpiya musobaqalarida ishtirok etishni qo‘lga kiritgan sportchilar ro‘yxatini e’lon qildi.

MOQ ma’lumoticha, 2017 - yildan boshlab milliy terma jamoa vakillari 17 sport turi bo‘yicha 71 ta litsenziyani qo‘lga kiritgan.

FINA komissiyasi tekshiruvlardan so‘ng O‘zbekistonda o‘tkazilgan ochiq chempionatda suzuvchilar Odilbek Yusupboev, Eldor Usmonov va Aleksey Tarasenkoning natijalari soxtalashtirilganini aniqlagan. Buning ortidan ularning Tokio olimpiadasiga litsenziyalari bekor qilindi.

Litsenziyadorlardan yetti nafari “sport qirolichasi” nomini olgan yengil atletika bo‘yicha medallar uchun Yaponiyada kurashadi.

Yaponiya poytaxti Tokioda o‘tkaziladigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida birinchi o‘rinni olgan o‘zbekistonlik sportchilarning har biriga 200 ming dollardan pul mukofoti beriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu borada imzolagan qarorga asosan, oltin medalь uchun 200 000 dollar, kumush medal uchun 100 000 dollar, bronza medal uchun 50 000 dollar beriladi.

Mazkur xarajatlar davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

XS
SM
MD
LG