Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:34

Tolibon chegara yaqinidagi qo‘shinlar barqarorlikni ta’minlashini aytmoqda


Tolibon Bodg‘is va Farah viloyatlarida to‘rtta yangi batalyon tashkil qildi.
Tolibon Bodg‘is va Farah viloyatlarida to‘rtta yangi batalyon tashkil qildi.

Tolibon boshchiligidagi Afg‘oniston Mudofaa vazirligi mamlakat shimoli, shimoli-sharqi va g‘arbidagi uchta chegara viloyatida bir nechta yangi harbiy qismlarni tashkil etib, mintaqaga taxminan 4400 nafar qo‘shimcha askarni joylashtirdi.

Vazirlikning 14 - fevral kuni xabar berishicha, Umar Salis bo‘linmasi Tojikiston, Xitoy va Pokiston bilan chegaradosh Badaxshon viloyatida Tolibon armiyasi shtab boshlig‘i Qori Fasihuddin Fitrat tomonidan rasman tuzilgan. Vazirlik joylashtirilgan qo‘shinlar sonini ma’lum qilmagan bo‘lsa-da, yangi bo‘linmalar 3000 ga yaqin askardan iborat bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Ayni paytda mudofaa vazirligi Turkmaniston bilan chegaradosh Badg‘is viloyatida Al-Faruk korpusi tarkibida to‘rtta batalyon tashkil etilganini ham ma’lum qildi. Eron bilan chegaradosh Farah shahrida yana bir batalyon tuzilgan. Bunday batalyonlar odatda 350 ga yaqin askardan iborat bo‘ladi.

15 - fevral kuni Ozodlik radiosining mahalliy muxbirlari qo‘shinlar hududlarga joylashtirilganini tasdiqladi.

Tolibon Badaxshon viloyatida yangi bo‘linma tashkil qildi.
Tolibon Badaxshon viloyatida yangi bo‘linma tashkil qildi.

Bu kabi qo‘shinlar joylashtirilishi o‘tmishda ham bo‘lgan va qo‘shnilarni xususan, Tojikistonning g‘ashiga tekkan.

Tolibon yangi "maxsus kuchlarni" joylashtirish ichki xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilganligini ta’kidladi.

Tolibon matbuot kotibi va Axborot vaziri o‘rinbosari Zabihullo Mujohidning Ozodlikka aytishicha, chegara viloyatlariga so‘nggi qo‘shin kiritilishi mintaqa barqarorligiga hissa qo‘shadi.

“Harbiy kuchlarni joylashtirish muayyan xavfsizlik ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qilindi. Bu boshqa bir davlat uchun tahdid emas, bilaks mintaqa xavfsizligi uchun ham foyda keltiradi”, dedi Mujohid Ozodlik bilan suhbatda.

U “Biz barcha qo‘shnilarimizni Afg‘onistonda xavfsizlikni ta’minlash o‘z mamlakatlari xavfsizligi uchun ham foydali bo‘lishiga ishontirmoqchimiz”, deya qo‘shimcha qildi va “Tolibon Afg‘onistondan qo‘shnilariga zarar yetkazish uchun foydalanishlariga hech qachon yo‘l qo‘ymaydi” degan avvalgi bayonotlarini eslatib o‘tdi.

So‘nggi ikki oyda Tolibon askarlari turkman va eron chegarachilari bilan ikki marta to‘qnashdi. Eron buni Tolibon askarlari nomidan “tushunmovchilik” deb baholadi. Turkmaniston esa hech qanday izoh bermadi.

Ayni paytda Tolibonning ashaddiy tanqidchisi Tojikiston Afg‘oniston shimoli va shimoli-sharqida joylashgan guruhlar xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgani haqida ogohlantirib kelmoqda.

Hokimiyatni qo‘lga kiritganidan bir necha hafta o‘tgach, Tolibon Badaxshon va Taxor viloyatlariga Lashkar-e Mansuri nomi bilan ma’lum xudkush-terrorchilarning eksklyuziv batalyonlarini joylashtirgan va bu Tojikistonning xavotirlarni kuchaytirgan edi.

Rossiya, Qozog‘iston va Belarus harbiylari 2021 - yil oktabrida Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasi yaqinida KXShT boshchiligida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazdi.
Rossiya, Qozog‘iston va Belarus harbiylari 2021 - yil oktabrida Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasi yaqinida KXShT boshchiligida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazdi.

Turli manbalar Tolibon Badaxshondagi tojik jangarilarini AQSh qoldirgan yangi qurol-yarog‘, harbiy mashinalar va boshqa jihozlar bilan qurollantirganini ma’lum qilgan.

Tolibonning ichki ziddiyatdan qo‘rquvi

Ekspertlarning fikricha, Tolibon o‘z qo‘shnilari bilan harbiy mojaroga borishni istamaydi.

Afg‘onistonlik harbiy ekspert Umar Sapi Ozodlik bilan suhbatda “ko‘p yillik urushdan chiqqan Tolibon yana boshqa urushga kirishdan manfaatdor emas. Qo‘shinlar joylashtirilishining sababi Tolibon o‘ziga ichkaridan qarshilik bo‘lishidan xavotirda”ligini ta’kidladi.

"Afg‘onistonni tark etgan siyosiy arboblar va sobiq harbiy qo‘mondonlar keskinlikni qo‘zg‘ashga yoki hujum uyushtirishga harakat qilishi mumkin, degan taxminlar ko‘p".

Uning qo‘shimcha qilishicha, chegara viloyatlariga qo‘shimcha kuchlar jo‘natish orqali Tolibon ehtimoliy hujumlarga tayyor turishni va qo‘shni davlatlarga “agar siz bizning dushmanlarimizga boshpana bersangiz, biz bu yerda, chegaralaringiz yaqinida tayyormiz” degan signal yuborishni ko‘zlagan.

Tolibon jangarilari. 2021 - yil 15 - sentabr
Tolibon jangarilari. 2021 - yil 15 - sentabr

Toliblar Panjsherni egallab olganidan so‘ng qarshilik guruhi yetakchilari mamlakatni tark etdi. Ulardan ba’zilari qarshilik guruhining katta tarafdori bo‘lgan Tojikistonda joylashgani yoki Dushanbe bilan aloqada ekanligi aytiladi.

Qolgan qarshilik jangchilari shimoliy viloyatlarda Tolibonga qarshi partizan hujumlarini davom ettirmoqda. Ammo ularning yetakchilari Tojikistondan Tolibonga qarshi hujumlarni tashkil etish va uyushtirish uchun foydalanishi yoki yo‘qligini ochiq aytmagan.

XS
SM
MD
LG