Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:00

Tolibon O‘zbekiston ostonasida: Mirziyoyev hukumatida radikal qo‘shniga nisbatan aniq siyosat bormi?


Samarqand viloyat hokimi Erkin Turdimov 2019 - yil avgustida O‘zbekistonda katta mehmon sifatida qarshi olingan Tolibon harakati rahbari o‘rinbosari Abdulg‘ani Barodarga zarbof to‘n kiydirmoqda
Samarqand viloyat hokimi Erkin Turdimov 2019 - yil avgustida O‘zbekistonda katta mehmon sifatida qarshi olingan Tolibon harakati rahbari o‘rinbosari Abdulg‘ani Barodarga zarbof to‘n kiydirmoqda

AQSh ma’muriyati Afg‘onistondan so‘nggi qo‘shinlarini 2021 - yil 11 - sentabrga qadar olib chiqishini e’lon qilishi ortidan Tolibon o‘z hududini kengaytirish uchun keng ko‘lamli harakatlar boshladi.

Keyingi ikki oy ichida tolib jangarilari mamlakat shimolidagi 30 dan oshiq tumanni bosib olgani aytilmoqda.

Oqibatda Markaziy Osiyo¸ xususan¸ O‘zbekistonning qariyb 30 yildan beri Tolibondan ihotalangan chegara hududlari islomiy ekstremistik guruh kuchlari qarshisida, tahlilchilar fikricha, "yalang‘och qola boshladi".

Yillardan beri nazariy jihatdan muhokama qilib kelingan qo‘rqinchli ehtimol reallikka ko‘chdi – Tolibon O‘zbekiston va mintaqaning qolgan davlatlari uchun Amudaryo yoki chegaradagi tikanli simning nari tomonidagi qo‘shniga aylandi.

Islom Karimovdan farqli Shavkat Mirziyoyev hukumati Tolibon vakillarini O‘zbekistonga taklif qilib¸ ularga zarbof to‘n yopib¸ ziyofatlar uyushtirgan.

O‘zbekiston Tashqi Ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Karimov o‘limidan so‘ng Tolibon rahbarlari bilan bir necha bor uchrashgan¸ ikkala tomon bir-biri sha’niga iliq bayonotlar qilgan.

Abdulaziz Komilov Tolibon rahbarlaridan biri Mulla Barodar bilan
Abdulaziz Komilov Tolibon rahbarlaridan biri Mulla Barodar bilan

Ayni kunlarda Vashingtonda AQSh rasmiylari bilan uchrashuvlar o‘tkazayotgan Abdulaziz Komilov mazkur safari oldidan ThisisAmerica TV muxbiri Dennis Wholey bilan suhbatlashdi.

25 - iyun kungi mazkur suhbatning asosiy qismi ham Afg‘onistondagi vaziyat va Toshkentning Tolibonga munosabati haqida bo‘ldi.

Komilov suhbat davomida Mirziyoyev hukumatini Tolibon rahbariyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatgan birinchi davlat sifatida taqdim qildi.

-Ochig‘i¸ o‘sha paytda bizni Tolibonni real muxolifat sifatida rasman tan olishlikda ayblashgan edi. Bu o‘rindagi asosiy savol Afg‘onistondagi siyosiy tuzum qanday bo‘ladi? Albatta¸ biz 90-yillardagi Afg‘oniston islomiy amirligini qabul qila olmaymiz. Ayni paytda biz muammoning Afg‘oniston joriy hukumati¸ Tolibon va boshqa qurolli muxolifat o‘rtasida o‘zaro murosa yo‘li bilan yechim topishini istaymiz.

Bu murosani izohlagan Komilovga ko‘ra¸ Afg‘onistonning islomiy qadriyatlari xalqaro maydonda hurmat qilinishi¸uning islomiy mamlakat ekani e’tirof etilishi kerak; ayni paytda Tolibon ham keyingi yillarda Afg‘onistonda kuzatilgan ayrim demokratik o‘zgarishlarni qabul qilishi lozim.

AQSh muxbirining “Tolibonni terrochi harakat deb bilasizmi?” degan savoliga O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri ¸ “shaxsiy fikrimcha¸ yo‘q”¸ deb javob berdi.

Komilov Tolibonning 40 yil davomida biror xorij davlati hududida terror xuruji uyushtirmagani¸ AQShning Tolibon bilan muzokara qilganini ularning terrorchi emasligi tasdig‘i sifatida keltirdi.

O‘zbekistonlik tahlilchi Anvar Nazir Toshkent diplomatlari rahbarini mazkur suhbat davomida Tolibonga ochiqdan-ochiq advokatlik qilganlikda ayblaydi.

Anvar Nazir Mirziyoyev hukumatining Afg‘onistonga nisbatan yondashuvi ikki qudratli omil – Rossiya ta’siri va joriy hokimiyatdagilarning shaxsiy manfaatlari qo‘lida garovda qolganiga ishonadi.

-Shu kunlarda juda xavfli voqealar sodir bo‘lyapti – Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning aytishicha, toliblar terrorchi emas. Bunday yondashuv ortida Moskvaning ta’siri borligi ham haqiqat. Rossiya toliblar qo‘li bilan Amerikadan qasos olmoqchi, bu odatdagi Putin revanshizmi, SSSRning qulashi uchun qasos. Putinga ko‘ra¸ SSSRni amerikaliklar yo‘q qilgan. Nafaqat afg‘onlar, balki biz ham Putin avantyurasining qurboniga aylanishimiz mumkin. O‘zbekiston hukumati Moskvadan qo‘rqib¸ vaziyatning qanchalik xatarli ekanini yo tushunmayapti yoki tushunishni xohlamayapti¸ deydi Anvar Nazir.

Abdulaziz Komilov AQSh safari arafasida bergan intervyusida¸ Tolibon rahbarlaridan biri Mulla Barodar o‘z harakati hokimiyatga kelsa qo‘shni davlatlar¸ xususan¸ O‘zbekistonga hujum qilmasligi haqida bayonot berganini ham eslatib o‘tdi.

Ammo tojikistonlik siyosiy tahlilchi Ahmadshoh Komilzoda Tolibonning bunday bayonotlariga mutlaq ishonmasligini aytadi.

- Tolibon hokimiyatga kelsa¸ Markaziy Osiyo davlatlariga hujum qilmasligini aytgan. Lekin men ularga mutlaq ishonmayman¸ ishona olmayman. Agar Tolibon kuchayishda davom etaversa¸ yoki ertaga to‘lig‘icha Afg‘oniston tepasiga kelsa¸ albatta¸ qo‘shnilarga hujumga o‘tmay qolmaydi. Chunki ularning pirovard maqsadi islomiy davlat qurish¸ odamlarni o‘rta asrlar jaholatiga qaytarishdir¸ deydi tojikistonlik tahlilchi.

Afg‘onistonlik jurnalist¸ Ozodlikning Kobuldagi muxbiri Olim Ko‘hkan ham bunday ehtimolning kuchli ekanini aytadi.

- Tolibon nafaqat Afg‘oniston yoki mintaqa¸ balki butun dunyoda islomiy xalifat qurish rejasida. Xalifat esa milliy chegaralarni tan olmaydi. Tolibon safida Tohir Yo‘ldosh davridan beri jang qilib kelayotgan o‘zbekistonlik jangarilar ko‘p. Ularning orzusi¸ albatta¸ o‘z aqida va usullarini Amudaryoning narigi tomoniga ham yoyishdir. Radikal islom nimaligini real hayotda ko‘rmagan o‘zbekistonliklar Tolibon mafkurasini orzu qilmoqda. Bu juda qo‘rqinchli va bu terrorni boshdan kechirgan Afg‘oniston o‘zbeklari chegaraning narigi tomonidagi bunday kayfiyatga hayron qarab turibmiz¸ deydi Ko‘hkan.

O‘zbekistonlik tahlilchi Anvar Nazir Toshkent hukumatining Afg‘oniston aholisini o‘nlab yillardan beri jaholat va terrorda ushlab kelayotgan Tolibonning so‘nggi kunlardagi harbiy yutuqlari O‘zbekistondagi mutaassiblarni allaqachon ilhomlantira boshlaganini aytadi.

-Ko‘p yillar davomida davlat yoshlarimiz boshini konservativ «ma’naviyat» axlatiga to‘ldirgan va yoshlarni demokratiya va inson huquqlari qadriyatlaridan uzoqlashtirgan. Aynan shuning uchun hozirgi kunda ko‘plab o‘zbeklarimiz Tolibonni "haqiqiy musulmon" sifatida qabul qilishmoqda. O‘zbekistonda bugun obro‘si bor shaxs yo‘q, muxolifat yo‘q - rejim hammani siyosiy va jamoat maydonidan chetlashtirdi. O‘zbekistonda obro‘li imom yo‘q, omma ishonadigan ziyoli yo‘q, aksar aholi korrupsiya bois tobora qashshoqlashib bormoqda. Bunday vaziyatda siyosiy savodsiz qatlam toliblarni O‘zbekistonni "haromi poraxo‘rlardan" qutqaradigan qahramonlar¸ deb qabul qilishga tayyor. Bu Mirziyoyev “islohotlari” ustidan o‘qilgan hukm - odamlar hatto eng oddiy muammolarining ham yechimsiz qolayotganidan shu qadar charchaganki, ular hatto toliblar terrorchilariga ishonishga tayyor¸ deydi Anvar Nazir.

90-yillarda o‘zbek generali Abdurashid Do‘stim asos solgan Junbushi Islom partiyasi matbuot kotibi bo‘lib ishlagan Olim Ko‘hkan¸ Afg‘oniston shimoliy hududlarining yaqin kelajakda Tolibon nazoratiga o‘tish ehtimolini inkor qilmaydi.

Ko‘hkan¸ uzoq yillar Tolibon va O‘zbekiston o‘rtasida bufer zonasi bo‘lib kelgan bu hududlar toliblar qo‘liga o‘tsa¸ mazkur viloyatlardagi o‘zbek va boshqa turkiy qavmlar haq-huquqlarining radikal jangarilar tomonidan poymol etilishidan xavotirda.

- General Do‘stim hozirda Turkiyada davolanmoqda. Uning o‘g‘li Yormuhammad Do‘stim junbush kuchlarini birlashtirib¸ Tolibon hujumini qaytarishga urinmoqda. O‘zbekiston hukumati aksil Tolibon¸ xususan¸ Junbush kuchlariga harbiy yoki moliyaviy dastak bera olmas. Ammo siyosiy dastak berish¸ qo‘lidan keladi. Masalan¸ Mirziyoyev Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on va qolgan Markaziy Osiyo rahbarlari bilan maslahatlashib¸ Afg‘oniston shimolidagi turkiy xalqlarni siyosiy jihatdan himoya qilish tashabbusi bilan chiqishi mumkin. Turkiya bilan Pokiston munosabatlari yaxshi. Toliblarning jilovi esa¸ aynan Pokiston qo‘lida. Turkiy davlatlar Tolibonni Afg‘onistondagi o‘z qavmini himoyasiz tashlab qo‘ymasligidan ogohlantirsa¸ shuning o‘zi ham ehtimoliy qirg‘inlarni to‘xtatishi mumkin¸ deydi Abdurashid Do‘stumning sobiq matbuot kotibi.

XS
SM
MD
LG