Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:37

Tolibon tahdidi: O‘zbekiston yana KXShTga qaytadimi?


Joriy oy boshida Rossiya, O‘zbekiston va Tojikiston tojik-afg‘on chegarasida uch tomonlama qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
Joriy oy boshida Rossiya, O‘zbekiston va Tojikiston tojik-afg‘on chegarasida uch tomonlama qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.

23 - avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining navbatdan tashqari videosammitida ishtirok etdi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, Mirziyoyev "yaqin hamkor davlatlar va mintaqadagi qo‘shnilar tomonidan Afg‘onistonda tug‘ilgan ehtimoliy tahdidlarga javob qaytarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan chuqur tanishish" maqsadida KXShT sammitida “mehmon” maqomida qatnashgan.

Joriy oy Afg‘oniston aksar hududlari¸ xususan¸ uning O‘zbekiston¸ Tojikiston va Turkmanistonga tutash shimoliy hududlari birin-ketin Tolibon nazoratiga o‘tishi ortidan ziddiyatning mintaqa davlatlariga yoyilish ehtimoli paydo bo‘ldi.

Bu ehtimolni ta’kidlayotgan Rossiya hukumati Markaziy Osiyodagi o‘z harbiy hozirligini kuchaytirmoqda; KXShTni bu tahlikaga qarshi turishning asosiy kafolati sifatida taqdim etmoqda. Ayni paytda Moskva AQSh harbiylarining Markaziy Osiyoni Afg‘onistondan tug‘iladigan yangi tahdidlarni bartaraf etishdagi hamkorlik taklifiga tish-tirnog‘i bilan qarshilik qilmoqda.

Bunday vaziyatda¸ Ozodlik gaplashgan tahlilchilar¸ O‘zbekistonning yaqin kelajakda yana bir bor Rossiya yetovidagi harbiy ittifoqqa qo‘shilishini taxmin qilmoqda.

Hozircha “mehmon”...

KXShTga a’zo davlat rahbarlarining 23 - avgust kungi videokonferensiya formatidagi sammiti haqida yozgan Rossiya nashrlari¸ majlis ishtirokchilarining Afg‘onistondagi joriy vaziyat harbiy ittifoq a’zolari xavfsizligiga real tahdid ekani haqida gapirganini ta’kidladi.

Videokonferensiyada ittifoqqa a’zo Rossiya, Belarus, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari va unga a’zo bo‘lmagan O‘zbekiston prezidenti ham ishtirok etdi. Tolibon nazoratiga o‘tgan Afg‘oniston bilan 800 kmdan uzunroq chegaraga ega bo‘lgan Turkmaniston prezidenti bu majlisda biror bir maqomda qatnashmadi.

Aytilishicha¸ 23 - avgust kungi yig‘inda «radikal islomchilarning Afg‘oniston hududidan KXShT ga a’zo davlatlar hududiga kirish va ular fuqarolarini internet va ijtimoiy tarmoq vositasida ekstremistlar safiga qo‘shilishga da’vat qilishi oldini olishning muhimligi” ta’kidlangan.

Prezidentlar shuningdek¸ “Islom davlati” terror tashkilotining Afg‘oniston hududida faolligidan xavotir bildirgan.

Ayni paytda rasmiy Toshkent Mirziyoyevning videosammit ishtirokchilarini o‘zbek-afg‘on chegarasining ishonchli qo‘riqlanaëtganidan xabardor qilganini bildirdi. Aytilishicha O‘zbekiston prezidenti afg‘on yo‘nalishi bo‘yicha mintaqa davlatlarining tegishli tizimlari o‘rtasida tezkor axborot almashinuvi yaxshi yo‘lga qo‘yilganini ham ta’kidlagan.

Dushanba kungi majlis davomida KXShT davlatlarining Afg‘onistondan tug‘ilayotgan tahlikalarga nisbatan birgalikda ko‘radigan tezkor choralarini ishlab chiqish haqida topshiriq berilgan.

Rossiya nashrlariga ko‘ra¸ bu chora tadbirlar 16 - sentabr kuni Dushanbeda o‘tkaziladigan KXShT sammitiga qadar tayyor bo‘ladi va prezidentlar muhokamasiga qo‘yiladi.

O‘zbekiston prezidentining Rossiya yetovidagi harbiy ittifoqning Dushanbe sammitida ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Мирзиёев ҳукумати ва Толибон мулоқоти. Ўзбекистон эртаси таҳликадами?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:18 0:00

O‘zbekiston yana KXShTga qaytadimi?

Mirziyoyevning KXShT videosammitida qatnashgani Afg‘onistonning Tolibon ishg‘oliga o‘tishidan tug‘iladigan tahlikalar O‘zbekistonni KXShTga qaytishga majburlashi haqidagi fikrlarni kuchaytirmay qolmadi.

Ayrim tahlilchilar Afg‘onistondagi joriy vaziyatni O‘zbekiston mustaqil tashqi siyosatining “intihosi” sifatida baholamoqda.

Putin Mirziyoyev bo‘yniga sirtmoq soldi¸ endi uni tortish qoldi¸ xolos. Keyingi haftalar davomida Toshkent vahima va qo‘rquvning kuchli ta’sirida qolgan ko‘rinadi. Aftidan¸ O‘zbekiston o‘z armiyasining himoya qudratiga o‘z ishonchini o‘zi yo‘qotmoqda”¸ deb yozdi Londondagi tahlilchi Alisher Ilhomov.

Bu kabi fikrlarga e’tiroz bildirayotgan mahalliy kuzatuvchilar O‘zbekistonning tashqi siyosat doktrinasi o‘zgarishsiz qolayotganini ta’kidlab¸ Mirziyoyev hukumatining harbiy ittifoqlarga qo‘shilmaslik prinsipida qat’iy ekaniga ishonch bildirmoqda.

Bunday ishonchga esa¸ O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasidan olingan mana bu band asos qilib keltirilmoqda:

O‘zbekiston tinchliksevar siyosat yuritadi, harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaydi, har qanday davlatlararo tuzilmalar harbiy-siyosiy blokka aylangan taqdirda ulardan chiqish huquqini o‘zida saqlab qoladi”¸ deyiladi jumladan.

O‘zbekiston¸ agar ayrim tahlilchilar taxmin qilayotgan kabi KXShT a’zoligiga qaytsa¸ bu uning ayni ittifoqqa uchinchi bor yangidan qo‘shilishi bo‘ladi.

O‘zaro harbiy hamkorlikni saqlab qolish uchun 1992 - yil 15 - may kuni Toshkentda postsovet davlatlaridan oltitasi - Rossiya¸ Armaniston¸ O‘zbekiston¸ Qozog‘iston¸ Qirg‘iziston va Tojikiston kollektiv xavfsizlik to‘g‘risida bitim imzolagan edi. Keyinroq Gruziya¸ Ozarbayjon va Belarus qo‘shilgan bu kelishuv 1994 - yildan kuchga kirgan.

Besh yilga tuzilgan birinchi kelishuv muddati tugagan 1999 - yili O‘zbekiston¸ Ozarbayjon va Gruziya undan chiqishga qaror qilgan edi.

Ammo 2005 - yilning may oyida Andijonda sodir bo‘lgan qonli voqealar ortidan Rossiyadan xavfsizlik kafolati istagan O‘zbekiston 2006 - yil yozida KXShTga qayta a’zo bo‘ldi¸ 2012 - yil yozida uni yana tark etdi.

Islom Karimovning KXShTga bilan bunday murakkab munosabati sababi¸ tahlilchilarga ko‘ra¸ unda a’zo davlatlar kutadigan darajada xavfsizlikka kafil bo‘la olish salohiyatining yo‘qligiga borib taqaladi.

Ozodlik bilan suhbatda rossiyalik harbiy ekspert Pavel Felgengauer KXShTning unga a’zo davlatlar xavfsizligi emas¸ balki Rossiya siyosiy manfaatlarigagina xizmat qiladigan tizim ekanini ta’kidladi.

Rossiya u yoki bu davlat xavfsizligini himoya qilish iddaosi bilan vaziyatga faqat o‘z siësiy manfaatlariga xizmat qilgan taqdirdagina aralashadi. Bunga o‘tmishda ko‘p guvoh bo‘ldik. Shu bois KXShTga qaytish-qaytmaslik O‘zbekistonga biror xavfsizlik kafolati berishiga ishonish qiyin”¸ deydi tahlilchi.

Ayrim Rossiya nashrlarining KXShT Bosh kotibiga tayanib yozishicha¸ 23 - avgust kungi videosammitda O‘zbekistonning a’zolikka qaytish masalasi muhokama qilinmagan.

"O‘zbekiston KXShTga a’zolikni qayta tiklash masalasini ko‘tarmadi. Bu masala bo‘yicha hozircha murojaat qilmadi. Hammasi¸ birinchi navbatda¸ O‘zbekiston irodasiga bog‘liq bo‘ladi"¸ deya iqtibos keltirdi RIA Novosti agentligi KXShT Bosh kotibi Stanislav Zasdan.

KXShT a’zoligidan chiqqaniga qaramay¸ O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ikki tomonlama strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlariga oid qator kelishuv va bitimlar mavjud.

Xususan¸ joriy yil aprelida O‘zbekiston Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov rossiyalik hamkasbi Sergey Shoygu bilan Buxoroda 2021−2025 - yillarda harbiy sohadagi strategik hamkorlik dasturini imzolagan edi.

Bu kelishuvlar ittifoqchi sanalgan Rossiyaning O‘zbekiston bilan harbiy-xavfsizlik sohasidagi yaqin hamkorligiga huquqiy zamin yaratadi.

XS
SM
MD
LG