O‘zbekiston Yevropa Ittifoqiga GSP+ imtiyozli rejimi amal qilish muddatini yana 10 yilga uzaytirishni so‘radi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati axborotiga ko‘ra, bu taklif Bryusselda bo‘lib o‘tgan YIning imtiyozlar tizimini amalga oshirish masalalari bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishida bildirilgan.
Yig‘ilishda O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakat 2021-yilda GSP+ benefitsiar maqomini olganidan buyon amalga oshirgan ishlar natijalarini taqdim etgan.
Qayd etilishicha, ushbu davr mobaynida YIga eksport qariyb uch baravarga oshib, 1,15 milliard dollarga yetgan. Shuningdek, 6200 dan ortiq imtiyozli tovar turidan 1100 ga yaqin mahsulot, xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, to‘qimachilik, elektrotexnika va kimyo mahsulotlari uchun barqaror eksport yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbek delegatsiyasi GSP+ doirasida imtiyozli tovarlar ro‘yxatini meva va sabzavotlar bilan kengaytirish, shuningdek, mavsumiy eksport kvotalarini qayta ko‘rib chiqib, ularning muddatini uzaytirish so‘rovini ham ilgari surgan.
GSP+ bu – YIning barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv bo‘yicha maxsus preferensiyalar tizimidir. Mazkur tizim rivojlanayotgan davlatlarda barqaror taraqqiyotga yordam berish va kambag‘allikni kamaytirish maqsadida ularning mahsulotlarini Yevropa bozoriga kirishini yengillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Ozodlik O‘zbekiston 2021-yil 10- aprelidan e’tiboran GSP+ ishtirokchisi sifatida 6200 turdagi mahsulotni YI hududiga bojsiz eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘lgani haqida xabar qilgan edi.
Bryussel 2023-yil noyabr oyida O‘zbekiston uchun GSP+ tizimidan foydalanish muddatini 2027-yil 31- dekabrga qadar uzaytirgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yilda mamlakatning Yevropaga sanoat eksportini 600 ta mahsulotga, eksport hajmini esa 700 million dollarga yetkazish vazifasini qo‘ygandi. O‘shanda Mirziyoyev mamlakat GSP+ tizimiga kiradigan 6200 ta bojsiz mahsulotning bor-yo‘g‘i 325 turini eksport qilayotganidan ko‘ngli to‘lmayotganini bildirgan edi.