Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:43

Toshkent: O‘zbekistonliklar uchun qimmatlashib borayotgan "dunyoning arzon shahri"


Toshkent bozori.
Toshkent bozori.

The Economist Intelligence Unit (EUI) tadqiqot markazi dunyoning yashash eng arzon va eng qimmat bo‘lgan shaharlari ro‘yxatini e’lon qildi.

Worldwide Cost of Living 2021 ro‘yxatida O‘zbekiston poytaxti Toshkent jahondagi eng arzon uch poytaxtdan biri sifatida keltirilgan.

Toshkentdan ham arzon shaharlar esa, urush, iqtisodiy va siyosiy muammolar girdobida qolgan Suriya va Liviya poytaxtlari - Damashq hamda Tripolidir.

Ozodlik suhbatlashgan poytaxtliklar, iqtisodchilar va hatto dunyoning eng qimmat shaharlaridan borganlar ham o‘rtacha o‘zbekistonlik uchun Toshkentda hayotning qimmatligiga e’tibor qaratishadi. Ammo The Economist Intelligence Unit tadqiqotida aholi daromadlari hisobga olinmagan.

Yashash qiymati bo‘yicha dunyo shaharlari reytingi har ikki yilda bir marta The Economist Intelligence Unit tadqiqot markazi tomonidan 200 dan ziyod mahsulot va xizmatlarning 400 dan ortiq individual narxlari bo‘yicha tuziladi.

Bular-oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlari narxlarini o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari uy ijarasi, transport, kommunal to‘lovlar, xususiy maktablar, maishiy yordam va dam olish xarajatlari ham hisobotni tuzishda hisobga olingan.

Bu yilgi hisobotga dunyodagi 173ta shahar kirgan. Ro‘yxatda Isroilning Tel-Aviv shahri birinchi marta dunyoning eng qimmat shahri sifatida ro‘yxatda yetakchilik qilmoqda.

“Tel-Aviv ilk bor reytingda birinchi o‘rinni egalladi. Tel-Avivning bunday ko‘tarilishi, avvalo, Isroil pul birligi shekelning AQSh dollariga nisbatan kuchini aks ettiradi”, — deyiladi hisobotda.

Reytingda ikkinchi o‘rinni Parij egallagan, uchinchida esa Singapur. To‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarni mos ravishda Tsyurix va Gonkong egallagan. Dunyoning eng qimmat shaharlari 10 taligiga Nyu-York, Jeneva, Kopenhagen, Los-Anjeles va Osaka ham kiradi.

Hisobotning ochiq qismida o‘tgan yil davomida reytingda eng ko‘p pog‘onaga ko‘tarilgan shaharlar ham sanab o‘tilgan. Xususan, ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Tehron 79-o‘rindan 29-o‘ringa ko‘tarilgan. Tehronda yashash narxining oshishi «ta’minot bilan bog‘liq qiyinchiliklar, tovarlar tanqisligi va AQSh sanksiyalari qaytganidan keyin import narxlarining oshishi» bilan izohlanadi. Kiyev bir yil ichida 101-o‘rindan 88-o‘ringa, Moskva esa 106-o‘rindan 96-o‘ringa ko‘tarildi.

Hisobotni tuzishda tashkilot shaharlar aholisining daromadlarini hisobga olmagan.

“Nyu-York va Parijdan ham qimmat”

O‘zbekistonlik iqtisodchilar va poytaxtliklarning o‘zlari xalqaro hisobotlardagi xulosani savol ostiga olishadi.

“Chet eldan kelgan sayyohlar uchun ba’zi narsalar arzon ko‘rinishi mumkin, lekin aslida unday emas. Non 2 yarim ming so‘m, suyakli mol go‘shti 60 000 so‘mdan 80 000 so‘mgacha. Tuxum 7 000 so‘mdan 15 000 so‘mgacha donasi. O‘rtacha oylik bizda 3 million so‘m. Kommunal to‘lovlarniku, aytayotganim yo‘q hali. Men hisobotda qimmat shahar deb keltirilgan shaharlarda, masalan, Tel-Avivda ham bo‘lganman. Ayrim oziq-oqvat maxsulotlari kerak bo‘lsa, u yerlarda O‘zbekistondan arzon ekanligini ko‘rganman. Kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or mollariniku, aytmasa ham bo‘ladi. Endi ularda oylik qanchayu, bizda qancha. Buni ham hisobga oladigan bo‘lsak, Toshkentni bemalol dunyoning eng qimmat shaharlari qatoriga qo‘shsa bo‘ladi”, - deydi toshkentlik iqtisodchi Tohir Sobirov.

O‘zbekistonlik iqtisodchi Bekzod Hoshimov yo‘lkira narxi bo‘yicha ham Toshkent dunyoning eng qimmat shaharlaridan qolishmasligiga e’tibor qaratadi.

Uning “Zametki ekonomista” Telegram - kanalida yozishicha, Toshkentda jamoat transporti aholining o‘rtacha oyligiga qiyoslansa, Nyu-Yorkdagidan qimmatligi anglashiladi:

“Nyu-Yorkda bir oylik jamoat transport abonementi 127 dollar turadi. Nyu-Yorkdagi bir kishining bir oylik o‘rtacha oyligi taxminan 3333 dollar. Ya’ni, Nyu-Yorkda bir kishi o‘z daromadining 3.8 foizini yo‘lkiraga ishlatadi.

Toshkentda bir oylik jamoat transporti abonementi 166 000 so‘m turadi, ya’ni bugungi kurs bo‘yicha 15 dollardan sal ko‘proq. Toshkentda jamoat transportida yuradigan aholining o‘rtacha oyligini 200 dollar deb faraz qilsa bo‘ladimi? Aslida, bundan ham kamroq deylik. Xullas, Toshkentda bir kishi o‘z daromadining 7. 7 foizini yo‘lkiraga ishlatadi. Yuqoridagi taxminiy hisob-kitob natijasi: Toshkentda jamoat transportida harakatlanish Nyu-York jamoat transportida harakatlanishdan ko‘ra 2 barobar qimmatroq”.

“Toshshaharstransportxizmat” AJ o‘tgan oy Toshkent shahrida yo‘lkira narxi 1 400 so‘mni (taxminan 0,13 AQSh dollari)tashkil etib, dunyodagi shahar yo‘lovchilar transportidagi eng arzon tarif ekanini aytgan edi.

Ўзбекистонда ўсаётган ягона нарса: Нарх-наво
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:46 0:00

“Biz uchun arzon emas”

Uch farzandning onasi bo‘lgan toshkentlik o‘qituvchi Mukarram Qahhorova uchun ham Toshkent arzon shahar emas.

“Chet eldan cho‘ntagida dollar, yevro bilan keladiganlar uchun arzondir-da. Lekin, biz oilada besh jon oylikka zo‘rg‘a amallayapmiz. Men, o‘qituvchiman, oyligim kam emas, 4 yarim million so‘m topaman. Xo‘jayinim ham shuncha oylik oladi. Oyiga sal kam 10 million so‘m topamiz, shu zo‘rg‘a yetadi. Shunda ham u yo-bu yoqqa dam olishga chiqish yo‘q. Faqat, uy-ro‘zg‘or, svet, gazga to‘laymiz. Qanaqasiga arzon shahar, kun sayin narx-navo oshib boryaptiku, benzin ham oshib ketdi. Chet eldan keladiganlarni cho‘ntagi ko‘tarsa, ko‘tarayotgandir. Ular uchun arzondir, biz uchun emas”, - deydi toshkentlik muallim.

The Economist Intelligence Unit tadqiqot markazi hisobotida dunyoning ikkinchi eng qimmat shahri sifatida keltirilgan Parijdan o‘tgan oy Toshkentga borgan o‘zbekistonlik tahlilchi Kamoliddin Rabbimovga ham Toshkent qimmat ko‘ringan.

“Qimmat, masalan, Fransiyada halol go‘sht narxi 4 yarim, 5 yevro. Toshkentda eng arzon go‘sht 60 ming, roppa-rosa 5 yevro. Shakar,yog‘ maxsulotlar ham qimmat. O‘zbekistonda servis arzon, tayyor ovqatlar nisbatan arzon. Lekin asosiy muammo oyliklar orasidagi tafovutning kattaligi. Kimdir 120 dollar olyapti, kimdir 2 yo 3 ming dollar”, - deydi Rabbimov.

Yaqinda AQShdan O‘zbekistonga qaytib borgan Yusufbek Toshkentda bir oy yashash uchun 7 million so‘mdan ko‘proq sarflaganini aytadi.

“Uy-joy ijarasi, internet, kommunal to‘lovlar, yo‘lkira, yegulik- hammasini qo‘shib hisoblasam bir oylik xarajatim 7 million so‘mdan sal ko‘proqni tashkil qildi. 700 dollar atrofida. Asosan, kartoshka, sabzi, piyoz, non, tuxum, go‘shtga ketdi. Ba’zi paytlari ko‘chada ovqatlanishga to‘g‘ri keldi. Kiyim-kechak xarid qilmadim. Chunki qimmat. Toshkent arzon deb o‘ylaysiz, lekin unday emas. 100 dollarni almashtirasiz, shu kuni yo‘q, - deydi Yusufbek.

Tashkilot hisobotida Qozog‘istonning Olmaota shahri eng arzon shaharlar beshtaligiga qirgan.

Nursultondagi Yevrosiyo universiteti dotsenti Saparboy Jubayev Toshkent Qozog‘istonning Nursulton va Olmaota shaharlaridan ham qimmat ekaniga e’tibor qaratadi.

“O‘zim Toshkentda bo‘lganimda go‘sht, o‘simlik yog‘i Toshkentda Nursulton bilan solishtirganda qimmat ekanini ko‘rganman. Nursulton Olmaotadan ham qimmat. Tasavvur qilaversasiz. Lekin, xizmatlar arzon. Chunki ishchi kuchi arzon. Tayyor ovqatlar arzon, mahsulot qimmat”, - deydi Jubayev.

Xalqaro hisobotlarda O‘zbekiston poytaxti dunyoning eng arzon shaharlaridan biri sifatida birinchi marta tilga olinayotgani yo‘q.

O‘tgan yili Mercer xalqaro konsalting shirkati Toshkentni 209 shahar orasida xorijliklar yashashi uchun eng arzon shaharlar beshtaligiga kiritgandi.

Tahlilchilar dunyo poytaxtlariga qiyosan arzon ko‘ringan Toshkent va umuman, O‘zbekiston shahar va qishloqlaridagi qimmatchilik maoshlar va aholi real daromadlarining pastligi bilan bog‘liq ekanini aytishadi.

Millionlab o‘zbekistonlikning qora qozoni Rossiya va boshqa mamlakatlardan yuboriladigan pul jo‘natmalariga qarab qolgan. Migratsiya ekspertlarining fikricha, o‘zbekistonliklarni mehnat muhojirligiga undayotgan asosiy omillardan biri ham maoshlarning kamligidir.

O‘tgan oy Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning “1,5 million so‘m maoshga ishlashni istamayotgan” poytaxtliklar haqidagi so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qilindi.

Ozodlik tadqiqoti poytaxtdagi mardikor bozorlari ishchilarga bundan ko‘proq maosh taklif qilayotganini o‘rtaga chiqargan. Bundan avval rasmiylarning “5600 so‘mga kun kechiradigan odam kambag‘al emas” va “besh farzandli oila 2,5 millionga yashashi mumkin” qabilidagi bayonotlari tarmoqlarda o‘zbekistonliklarning g‘azabnok chiqishlariga sabab bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG