Toshkent shahrida issiq suv va issiqlik ta’minoti uchun to‘lovlar oshiriladi.
Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi 12-sentyabr kuni qabul qilgan qarorda to‘lov miqdori 15 foizga oshishi belgilangani holda, yangi tarif qachondan kuchga kirishi aniq ko‘rsatilmagan.
Yangi tarifga binoan poytaxt aholisi issiqlik va issiq suv ta’minoti xizmatlari uchun amaldagi 105754 so‘m o‘rniga 121617 so‘m to‘laydi.
Yuridik shaxslar, ya’ni tashkilotlar tarifi esa 212606 so‘mdan 244497 so‘mga qimmatlaydi.
Bu issiq suv tarifining joriy yildagi ikkinchi oshishidir. To‘lovlar 2-aprelda ham ko‘tarilgandi.
Toshkent shahriga issiqlik va issiq suv yetkazish bilan shug‘ullanuvchi “Veolia Energy Tashkent” kompaniyasiga ko‘ra, iste’molchilar bazaviy tarifning 14 foizini to‘laydi, qolgani esa shahar budjetidan subsidiya shaklida qoplanadi.
2024-yilda ushbu maqsadda poytaxt budjetidan 1,97 trillion so‘m yo‘naltirishi rejalashtirilgan.