Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:41

Toshkentda soqol va hijobga qarshi reydlar, dindorlarga tegishli yemakxonalar yopilmoqda


O‘zbekistonda ro‘mol va soqolga qarshi kampaniya yana kuchaygan.

Ozodlikka 13-sentabr kuni jo‘natilgan videotasvirlarda Andijon shahridagi bank kolleji oldida ro‘molni hijob sifatida yopinib olgan talabalardan uni orqadan o‘rash talab qilinayotganini ko‘rish mumkin.

Talabga bo‘ysunmaganlar kollej ostonasidan ortga qaytarilyapti.

“Andijon shahridagi bank kollejidan murojaat qilyapmiz. Ro‘mol o‘ragan talaba qizlardan ro‘molini orqa tarafdan o‘rash talab qilinyapti. Bu talab qonuniymi?”, deb yozdi videoni jo‘natgan talaba.

O‘zbekiston Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar" to‘g‘risidagi qonunining (yangi tahrir) 14-moddasida fuqarolarga jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligi aytilgan.

Andijon shahridagi bank kolleji oldidagi bu manzarani shu kunlarda O‘zbekistonning boshqa hududlardagi bilim dargohlarida ham kuzatish mumkin.

Buxoro muhandislik-texnologiya institutining 3-kurs talabasi Fotima Abdulloh qizi esa hijobi majburlab yechtirilgani haqida O‘zbekiston prezidentining qizi Saida Mirziyoyevaga murojaat qildi.

“Institut prorektori, uning maslahatchisi, zamdekanim, tyutorim meni majburlab hijobimni yechtirishga majburlashdi. Hurmatli Saida Shavkatovna! Hijob bilan o‘qishga borish qizlar uchun taqiqlanmaganligini va biz qizlarni himoya qilishingizni iltimos qilaman. Institut rahbariyati hijob yechtirishni emas, umuman dars o‘ta olmaydigon o‘qituvchilarini tekshirsin....”, - deb yozdi talaba o‘z murojaatida.

Bundan oldin Chirchiq Davlat pedagogika universiteti rahbariyati ushbu universitetning o‘zbek tili va adabiyoti uchinchi bosqich talabasi Karomat Muqimovaga universitet yotoqxonasidan joy olishi uchun hijobini yechish talabi qo‘yilgani haqida xabarlar olingandi.

Soqol va hijobga qarshi kampaniya Oliy Majlis jamoat joylarida yurish-turishga doir Kodeksga o‘zgartirishlarni qabul qilgani manzarasida kuzatilmoqda.

O‘tgan juma O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi rahbari, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov islom dinida qanday libos kiyishga oid qat’iy qoida yo‘qligini aytgan. Muftiy Oliy Majlis qabul qilgan jamoat joylarida yurish-turishga oid Kodeksga tuzatishlarga shu tariqa munosabat bildirgan.

13-sentabr kuni Ozodlik O‘zbekiston masjidlarida azon kuchaytirgichlarni pasaytirishga ko‘rsatma berilgani haqida xabar qilgandi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, 10-sentabr kuni o‘tgan hukumat yig‘ilishida Bosh vazir Aripov davlat xizmatchilarini masjidga bormaslik haqida “ogohlantirgan”.

Hukumat matbuot xizmati shunday majlis bo‘lganini tasdiqladi, lekin O‘zbekiston bosh vazirining amaldorlarga yo dinni, yoki davlat ishini tanlash talabini qo‘ygani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Toshkentdagi reydlar

Alixonto‘ra Shokirjon o‘g‘li ismli Feysbuk foydalanuvchisi, shu kunlarda Sergeli bozorida "antisoqol" reydi o‘tkazilgani, soqolli 10 kishi ushlanib, 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingani" haqida yozdi.

Boshqa bir Feysbuk foydalanuvchisining yozishicha, 13- sentabr kuni Toshkentning Mirzo Ulug‘bek va Olmazor tumanida 4 kishining soqoli majburan qirib tashlangan. Qarshilik ko‘rsatgan 1 kishi 15 sutkaga qamoqqa olingan.

“Bugun, Asr va Shom oralig‘ida Zangiota, Yangi-Yo‘l tumanlarida ro‘mol o‘ragan fuqarolar uylariga qora maskalilar bostirib kirib tintuv o‘tkazishdi. Dini va e’tiqodini yashirib yashaydigan paytlar keldi”.

11-12-sentabr kunlari Toshkent shahar prokuraturasi qoshidagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti, Toshkent shahar Soliq boshqarmasi va Davlat sanitariya epidemiologiya stansiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan qo‘shma reydlar davomida poytaxtdagi 10 dan ortiq yirik kafe va oshxonalar yopildi.

Ular orasida Al-fajr, Lagmon House, Tarnovboshi, Bursa, Nihol va Jo‘ja singari yirik yemakxonalar bor. Ularning barchasi go‘yo sanitariya qoidalariga amal qilmaslikda ayblangan va ularning eshigi SES tomonidan muhrlangan.

Shuningdek, Ozodlik manbalarining bildirishicha, Toshkent shahrining Navoiy ko‘chasidagi diniy adabiyotlar, attorlik ashyolari va diniy liboslar sotuvchi bir qancha do‘konlar nazoratga olingan.

Do‘konlarning nomlaridan islomiy iboralarni olib tashlash, do‘kon peshlavhalaridan arab imlosidagi tablolarni olib qo‘yish tavsiya qilinmoqda.

Biroq mazkur yemakxonalarning yopilishi mamlakatda boshlangan diniy ta’qiblar bilan bog‘liq bo‘lib, yemakxonalarning barchasida hijob kiygan, soqol qo‘ygan shaxslar faoliyat olib borishgan. Bundan tashqari mazkur yemakxonalar qoshida namozxonalar ham bo‘lgan.

Ozodlik so‘zlashgan kafelar egalari ularning barcha ishchi-xodimlari Shayxontohur va Olmazor tumani IIBlarning terrorizm bo‘limiga olib borilganini, erkaklar soqolini oldirishga, ayollar esa hijoblarini yechishga majburlanganini aytishdi.

“Yemakxonalar noma’lum muddatlarga yopildi. Soqollarini olishga qarshilik qilgan ishchilarimizning ayrimlari jarimaga tortildi, ayrimlarini 3 sutkaga yopishdi. Joynamozlarni yig‘ishtirib ketishdi. Biz namozxonalarni yopib, kafelarimizdan HALOL tamg‘asini olib tashlashimiz, kafelarimizning nomlarini o‘zgartirganimizdan so‘ng ularni ochib berishni o‘ylab ko‘risharmish”, dedi yemakxona egalaridan bir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev to‘rt yil avval O‘zbekistonda ayollarning ro‘mol o‘rashiga hech kim qarshi bo‘lmasligini aytgan edi.

Prezidentning bu gapi Farg‘onada viloyat hokimi majlisda ro‘mol o‘rab olgan ayolga ko‘zi tushsa, ro‘molni o‘sha tuman hokimining og‘ziga tiqib qo‘yish bilan tahdid qilgani haqidagi audioyozuv tarmoqda tarqalganidan sanoqli kun o‘tib aytildi.

Farg‘ona viloyat hokimi viloyatga kelgan mehmonlarning ham soqolini olishni talab qilgan.

Ayni paytda 13-avgust kuni tarmoqlarda Toshkentning Zangiota tumanidagi “Al-Imon” masjidi imomi voyaga yetmagan bolalarga noqonuniy tarzda diniy ta’lim berganlikda ayblanib, 330 ming so‘m jarimaga tortilgani haqida xabar tarqaldi.

Tuman sudi qarorida aytilishicha, 16-avgust kuni Zangiota tumani IIBsining terrorizmga qarshi kurash bo‘limi xodimlari o‘tkazgan tadbirda imom qariyb bir yildan buyon o‘zi ishlayotgan “Al-Imon” nomli masjidida voyaga yetmagan 2 nafar bolaga “Muallimi Soniy” va “Qur’oni Karim” kitobidan kichik suralardan noqonuniy ravishda diniy saboq berib kelganligi aniqlangan.

46 yashar masjid xodimining xatti-harakati huquqbuzarlik deya malakalangan.

O‘zbekistonda maktabni bitirmagan bolalarga xususiy tartibda yoki masjid va boshqa ibodatxonalar qoshida diniy ta’lim berish yoki Qur’on o‘qitish qonunan man qilingan.

"O‘zbekiston yana eski tafakkurga og‘ishmoqda"

O‘zbekistonning dunyoviy hukumati ko‘p yillar davomida hijob va soqolni diniy radikalizm belgisi sifatida ko‘rib kelgan.

Jamoat joylari, jumladan ta’lim muassasalari va hukumat tashkilotlarida hijobda yurish hukumat qarori bilan taqiqlangan esa-da, oxirgi yillarda rasmiylar bu holatga ko‘z yumib kelayotgandi.

Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov fikricha, "O‘zbekistonda din va vijdon erkinligi, normal ta’minlanmasdan turib, to‘liq demontaj qilinish tomon ketayotgandek tasavvur shakllanmoqda".

“Ming afsuski, O‘zbekiston yana eski tafakkurga og‘ishmoqda. Yana jamiyatning dindorlik darajasi bilan kurashishga moyil bo‘lmoqda. Albatta bu gaplarim yoqmaydi. Umuman, muammolar haqida nima uchun gapiriladi? Chunki, bu yo‘nalishning oxiri faqat muammo yaratadi. Davlatni bankrot qiladi. Jamiyatni orqaga tashlaydi. Afsuski, davlat halqaro standartlardagi vijdon va din erkinligini tushunishni va joriy qilishni istamayapti”.

“Haliga qadar davlat siyosati ochiq muloqot asosida emas, yopiq yoki norasmiy direktivalar asosida amalga oshirilmoqda. Huquqiy doirada emas, siyosiy kayfiyat asosida qilinmoqda. Bir qarasa – soqol olish, ro‘mol yechish kampaniyalari... Bir qarasa – ruxsat berilib, teginish ta’qiqlari. Yana bir qarasa bir kunda o‘nlab diniy standartdagi restoranlar yopilgan, diniy axborot bilan kurashilgan...

Bu – odamlar tafakkurida “davlat din bilan kurashayapti” degan xulosani kuchaytiradi... Bu – davlatni o‘zini kuchsizlantiradi. Aniq qoida – bu vijdon va din erkinligi bo‘lishi kerak, shu o‘yin qoidasini tushunish, tushuntirish va mustahkamlash kerak. Huquqiy davlatlar boshqa yo‘l topa olmagan. O‘zbekiston ham boshqa yo‘l topa olmaydi”, deb fikr bildirdi Rabbimov Feysbuk sahifasida.

2019-yilda AQSH hukumatining diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasi xulosasiga ko‘ra, AQSH Davlat departamenti O‘zbekistonni diniy erkinliklarni toptovchi davlatlar ro‘yxatiga qaytargan.

2018-yilda huddi shu tashkilot O‘zbekiston diniy erkinlik sohasida sezilarli yutuqlarga erishganini qayd etib, mazkur reytingdan chiqargan va uni “alohida nazoratga muhtoj davlatlar” ro‘yxatiga kiritgan edi.

Huquq faollari shundan so‘ng BMT maxsus ma’ruzachisi va AQSH hukumatining diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasi bilan O‘zbekiston rasmiylari o‘rtasida o‘zaro muloqot deyarli uzilib qolganini aytishadi.

O‘tgan yillarda O‘zbekistonga kelmoqchi bo‘lgan BMTning diniy erkinliklar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi O‘zbekistonga uch marta tashrifi belgilanib, so‘ng bekor qilingan.

O‘zbekiston rasmiylari mamlakat diniy erkinliklar sohasida ilgarilab borayotganini da’vo qilishadi. Rasmiylar BMT Maxsus ma’ruzachi tavsiyasi bilan qiynoqlar bilan nom chiqargan "Jasliq" qamoqxonasi yopilgani, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun so‘nggi xalqaro talablar darajasida isloh qilinganini ta’kidlaydilar.

Adliya vazirligi diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi va hisobot talablari soddalashtirilganini aytgan.

Jumladan, ro‘yxatdan o‘tish uchun to‘lovlar eng kam oylik ish haqining 100 baravaridan 20 tagacha, ya’ni 18,4 milliondan 3,6 million so‘mgacha kamaytirilgan.

Faoliyat yuzasidan hisobot davriyligi yiliga 4 dan 1 martagacha tushirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yildagi chiqishlaridan birida qariyb 18 ming nafar shaxs “qora ro‘yxat”lardan chiqarilganini aytgan edi.

Shunga qaramay, xalqaro tashkilotlarning so‘nggi monitoring xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston diniy erkinliklar uchun xavfli mamlakatlar sirasiga kiritilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, 2021-yilning 1- avgust holatiga mamlakatda 16 ta konfessiyaga mansub 2 285 ta diniy tashkilotlar mavjud.

Shularning 2098 tasi islomiy, 188 tasi boshqa diniy oqimlarga mansub tashkilotlardir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra, din davlatdan ajratilgan. Diniy tashkilotlar va konfessiyalar faoliyati O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

XS
SM
MD
LG