Линклар

Шошилинч хабар
08 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:13

Toshkentning transport diplomatiyasi: "Tolibon" bilan kelishuv yo‘q


Rasmiylarga ko‘ra¸ TIR konvensiyasi doirasida bu o‘zbek furasi Pokistonga Afg‘oniston orqali 48 soatda yetib borgan
Rasmiylarga ko‘ra¸ TIR konvensiyasi doirasida bu o‘zbek furasi Pokistonga Afg‘oniston orqali 48 soatda yetib borgan

Pokiston Bosh vazirining Savdo va investitsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Abdul Razzoq Dovudning 12 - may kungi Twitter xabari keyingi kunlarda Pokiston mediasining top yangiligiga aylandi.

Unga ko‘ra¸ O‘zbekiston davlat raqami yozilgan birinchi yuk mashinasi ilk bor TIR konvensiyasi doirasida aksar hududi Tolibon nazoratida bo‘lgan Afg‘oniston orqali Pokistonga kirib kelgan.

“Bu yangi davrning boshlanishidir. Bundan so‘ng ikkala davlat yuk mashinalari Karachi va Gvadar portlarida kargo oldi-berdisini amalga oshiradi”¸ deb yozdi Islomobod rasmiysi.

80ga yaqin davlat a’zo bo‘lgan TIR konvensiyasi xalqaro yuk tashishni osonlashtirish uchun a’zo davlat yuk mashinalarini bojxona tekshiruvlari va import va tranzit to‘lovlaridan ozod qilishni ko‘zda tutadi.

Pokiston matbuotida “tarixiy voqea” sifatida taqdim etilgan bu yangilikka munosabat bildirgan o‘zbekistonlik transport logistikasi eksperti¸ uni “populizm” deb atadi.

Unga ko‘ra¸ O‘zbekiston yuklarini Afg‘oniston orqali Pokiston portlariga tashish imkonini yo‘qqa chiqarib kelayotgan muammolar nafaqat Afg‘onistondagi notinchlik¸ balki Toshkentning transport sohasidagi "noadekvat siyosati"dir.

O‘zbekistondan kelgan yuk mashinasi “yangi davr” ramziga aylandi

11 - may kuni O‘zbekistonda oshlangan teri Pokistonning “Torxam” nazorat-o‘tkazish punktiga yetib keldi. O‘zbekiston davlat nomeri yozilgan bu yuk mashinasi Peshavor yaqinidagi Torxam punktiga Afg‘oniston orqali 48 soatda yetib borgan.

Bu mashinaning Pokiston mediasi tomonidan “muvaffaqiyat” ramziga aylantirilishi sababi uning oldiga TIR degan yozuvning osilganidir.

Savdo vazirligi TIR konvensiyasi doirasida O‘zbekistondan birinchi yuk mashinasining Pokistonga yetib kelganidan nihoyatda mamnunligini bildiradi. Bu ikkala tomon transport kompaniyalarining o‘zaro hamkorligi mahsulidir”¸ deb yozdi 12 - may kuni Pokiston Bosh vazirining savdo va sarmoyalar bo‘yicha maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud.

Islomobod rasmiysi buni “yangi davr boshlanishi” deya baholadi. Bu tvitni muhim voqea sifatida yoritgan Pokiston matbuotiga ko‘ra¸ TIR konvensiyasi doirasidagi birinchi yuk tashishni «Asad Trans» va «Best Trans Pvt. Ltd.» kompaniyalari amalga oshirgan. Ikkala kompaniya yil oxiriga qadar ayni kelishuv doirasida yuk tashuvchi mashinalar sonini 50 ga yetkazishni rejalamoqda.

TIR konvensiyasi doirasida yuk tashuvchi mashinalar eksportchi davlatda yuklanib¸ rasman tamg‘alangan mahsulotlarni tranzit mamlakatlarida ochmasdan¸ bojxona¸ import va tranzit to‘lovlarisiz oxirgi manzilga etkazib beradi.

1975 - yili Jenevada imzolangan bu konvensiyaga hozirga qadar 77 davlat¸ xususan¸ O‘zbekiston¸ Pokiston va Afg‘oniston ham a’zo.

“Populistik bayonot”

O‘zbekistondagi transport-logistika kompaniyalaridan birining rahbari Ozodlik bilan suhbatda ikkala tomon rasmiylarini bu voqeadan o‘ziga «ochko olish uchun foydalanayotganlik”da aybladi.

“Bu populizm. Bitta mashina kirib keldi – darrov Pokiston tomoni ham¸ O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi ham o‘zini qahramon qilib ko‘rsatmoqchi. Aslida¸ O‘zbekistonning na Afg‘oniston va na Pokiston bilan yuk tashish¸ O‘zbekiston yuklarini qabul qilish¸ rasmiylashtirish va o‘tkazish bo‘yicha hukumatlararo kelishuvi yo‘q. Mintrasga chiqsak¸ ishlayapmiz¸ tayyorlayapmiz¸ deyishdan boshqa gapi yo‘q. O‘zbekiston furasi 11 - may kuni Pokistonga TIR Carnet kelishuvi bo‘yicha¸ bitta nakladnoy bilan bordi. Lekin bu hali muammolar hal bo‘ldi va Pokiston portlariga O‘zbekiston mahsulotlarini Transafg‘on marshruti bo‘yicha to‘xtovsiz yetkazish yo‘lga qo‘yildi¸ degani emas”¸ deydi mutaxassis.

Ozodlik gaplashgan ayrim xalqaro yuk tashuvchilarga ko‘ra¸ O‘zbekistondan Afg‘oniston orqali Pokistonga yuk yetkazib berish yillardan beri mavjud.

“O‘n yildan beri Pokistondan kartoshka¸ guruch¸ O‘zbekistondan Pokistonga esa mosh¸ loviya yetkazib beriladi. Bu yerda olamshumul yangilikni ko‘rmayapman”¸ deydi bu suhbatdosh.

"Tolibon" bilan kelishuv yo‘q va bo‘lmaydi ham...

O‘zbekiston uchun o‘z tovarlarini jahon okeaniga olib chiquvchi eng qisqa yo‘l Eron va Afg‘oniston orqali o‘tadi.

Eronning oyatullohlar boshqaruvidagi islomiy hokimiyati 1979 - yildan beri AQSh sanksiyalari ostida qolayotgani bois bu yo‘nalishdan foydalanish siyosiy jihatdan xavfli.

Afg‘oniston orqali Pokiston portlariga chiqish yo‘li esa¸ bu mamlakatda 40 yildan beri tinmayotgan urush tufayli tahdidliligicha qolmoqda.

2019 - yil 8 - avgust kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari «Tolibon» harakatining Dohadagi siyosiy ofisi rahbari mulla Barodar Axund boshchiligidagi harakat vakillari bilan uchrashgan edi.

"Tolibon" vakillari Toshkentda maxsus ehtirom bilan qabul qilindi. 8 avgust¸ 2019 yil
"Tolibon" vakillari Toshkentda maxsus ehtirom bilan qabul qilindi. 8 avgust¸ 2019 yil

Toshkent safari davomida AQSh va qator davlatlarning terrorchi tashkilotlar ro‘yxatida bo‘lgan “toliblar”ga zar choponlar kiydirilib¸ ziyofatlar uyushtirildi.

O‘zbekiston Transport vazirligiga yaqin mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ bu kabi diplomatik iltifotlarga qaramay¸ Afg‘oniston hududining aksar qismini nazorat qilayotgan “Tolibon” harakati rahbariyati bilan tranzit koridori bo‘yicha biror kelishuv yo‘q.

Bo‘lmaydi ham. Chunki Afg‘onistonning har bir shahri va qishlog‘ini “Tolibon”ning alohida sarkardalari boshqaradi. Hammasi bandit. Tranzit xavfsizligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Bu hududlardan o‘tishning yagona yo‘li – naqd pul. Yo bitta avtoritetniy ekspeditorga pul to‘lanadi va u toliblarga tarqatib chiqib¸ furalar o‘tishini ta’minlab beradi. Yoki har shlagbaumga kelganda¸tolib komandirlariga alohida-alohida pul to‘lanadi. Boshqa yo‘li yo‘q”.

O‘zbekiston to‘lovlari “Tolibon”nikidan qolishmaydi...

Xalqaro yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan birining Ozodlikka aytishicha¸ Afg‘oniston orqali yuk tashish istiqbolini yo‘qqa chiqarib kelayotgan omil faqat bu mamlakatdagi urush va hududiy parokandaliklargina emas.

O‘zbekiston yuk tashuvchilari Afg‘onistonga kirish uchun 411 dollar to‘lasa¸ afg‘onlar O‘zbekistonga kirish uchun 680 dollar to‘laydi. Buning ustiga¸ “Do‘stlik” ko‘prigidan o‘tish uchun 50 dollar¸ bojxona tekshiruvi uchun 60 dollar¸ o‘zbek vizasi uchun 70 dollar to‘laydi. Bunaqangi og‘ir to‘lovlar¸ aslida ikki davlat o‘rtasidagi yuk tashish va tranzitga eng katta to‘siq bo‘lib kelyapti. Prezident qancha qaror chiqardi¸ o‘zaro yuk tashishni soddalashtirish¸ to‘lovlarni qisqartirish bo‘yicha. Lekin birortasi amalga oshmayapti. Ramatovni (O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari-tahr.) bunaqa og‘ir to‘lovlarni bekor qilishga ko‘ndirishdan ko‘ra¸ toliblar bilan kelishish osonroq”¸ deydi bu tadbirkor.

Xalqaro yuk tashuvchilar uyushmasi tomonidan jahon okeaniga chiqishning "janubiy koridor"idan unumli foydalanishga oid berilgan takliflar¸ Ozodlikning Transport vazirligidagi manbasiga ko‘ra¸qabul qilinmay kelayotir.

XS
SM
MD
LG