AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni “saylovsiz diktator” deb atab, u “tezroq harakat qilishi kerak, aks holda, mamlakatsiz qoladi”, deya bildirdi.
“Bu orada biz Rossiya bilan urushni to‘xtatish haqida muvaffaqiyat bilan muzokara olib bormoqdamiz, bu esa, ko‘pchilik e’tirofiga ko‘ra, faqat Tramp va Tramp ma’muriyati qila olishi mumkin bo‘lgan ishdir”, deb yozgan AQSHning amaldagi prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasida.
Tramp iddaosicha, AQSH urushga 350 milliard dollar sarflagan, Zelenskiy esa, aftidan, “oxurni saqlab qolishni istayapti”.
“Bir o‘ylab ko‘ring-a, kamtarona muvaffaqiyat sohibi bo‘lgan komik Vladimir Zelenskiy Amerika Qo‘shma Shtatlarini g‘olib kelib bo‘lmaydigan, avvalo boshlash kerak bo‘lmagan, u AQSHsiz va “Tramp”siz hech qachon izga sololmaydigan urushga 350 milliard dollar sarflashga ko‘ndirdi”, deya qayd etgan u.
Trampga ko‘ra, Zelenskiy AQSH Ukrainaga yo‘llagan pullarning yarmi “yo‘qolib qolgani”ni tan olmoqda. AQSH prezidentining bildirishicha, Ukraina prezidenti “saylovdan bosh tortmoqda”, “ukrainalik o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarda juda past o‘rinlarni egallab kelyapti”, “u yaxshi uddayotgan yagona ish esa Bayden bilan “skripka chalganday” o‘ynash” bo‘lib qolmoqda.
Zelenskiy Trampning Ukrainada saylov o‘tkazish zarurati va ukrainaliklar o‘rtasida Zelenskiyni qo‘llash darajasi “to‘rt foizgacha” tushib ketgani to‘g‘risidagi bayonotlariga avvalroq quyidagicha javob bergan:
“Kiyev xalqaro sotsiologiya instituti (KXSI) ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda menga aholining 57 foizi ishonadi. Agar kimdir meni hozirning o‘zida almashtirmoqchi bo‘lsa, buni uddalay olmaydi”.
KXSI o‘tkazgan ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, ukrainaliklarning 57 foizi Zelenskiyga ishonadi, 37 foizi esa ishonmaydi.
O‘z reytingining 4 foiz ekaniga oid so‘zlarga izoh berarkan, Zelenskiy Tramp “dezinformatsiya” ichida yashayotgani va uni Rossiya tarqatayotganini qayd etgan.
Ukraina prezidentiga ko‘ra, kuni kecha Rossiya tashqi ishlar vaziri va AQSH Davlat kotibi Saudiya Arabistonida uchrashgan paytda bu masalalar nimagadir ko‘tarilgan emas.
“Ular Saudiya Arabistonda o‘zlarining ikki tomonlama masalalarini muhokama qilishayotgani ularning huquqi. Vaholanki, men AQSH Putinga ko‘p yillik izolyatsiyadan chiqishga yordam beryapti, deb hisoblayman”, deya qayd etgan Zelenskiy.
Vladimir Putin Rossiya “Ukraina bilan muzokara jarayonidan hech qachon bosh tortmagani”ni aytib, “ikkala tomon uchun maqbul qarorga chiqilishi”ni istashini bildirgan.
“Biz esa hech kimni hech narsaga majburlamayapmiz. Biz tayyormiz. Bu haqda men yuz marta aytdim. Istasalar, marhamat, muzokaraga kelishsin. Biz muzokara stoliga qaytishga tayyormiz”, degan u. Keyinroq Kreml matbuot kotibi Peskov Rossiya va AQSH Putin va Tramp uchrashuviga tayyorgarlikni “zudlik bilan boshlashga kelishib olgani”ni bildirgan.