Линклар

Шошилинч хабар
07 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:32

Turkiya matbuoti: O‘zbek tadbirkor Botir Rahimov "bosqinchilik"da ayblanmoqda


Turkiyadagi karar.com nashrining ekran ko‘rinishi.
Turkiyadagi karar.com nashrining ekran ko‘rinishi.

Toshkentdagi “Paxtakor” futbol klubi va “O‘zbekiston” mehmonxonasining sobiq egasi, tadbirkor Botir Rahimov kechayotgan hafta davomida Turkiya matbuotida “salbiy qahramon” o‘laroq tanqidlarga nishon bo‘ldi.

Uyushgan jinoyatchilik tizimi yetakchisi deb bilingan 51 yashar kriminal avtoritet Sedat Peker (Sedat Peker)ning mamlakatdan chiqib ketib, Turkiyadagi kriminal vaziyat haqida fosh qiluvchi suhbatlar bergani asnosida “o‘zbek tadbirkori” va “Mirziyoyev saroyiga yaqin” deb ta’riflangan Botir Rahimov ismi matbuotda tortishildi.

Turk matbuotida keng yoritilgan kriminal xronika markazida 55 yashar Rahimov Turkiyaning Bodrum mintaqasidagi hashamatli mehmonxonalar majmui “Paramount Hotel”ni soxta chek vositasida qo‘lga kiritgani haqidagi iddao turadi. Ushbu iddao “Paramount Hotel”ning egasi marhum Atilla Uras (Atilla Uras) ning AQSh vatandoshi bo‘lgan qizi Viktoriya Yosamin Uras (Victoria Yasemin Uras) Turkiyadagi Zanka TV kanaliga bergan va boshqa o‘nlab nashrlar ko‘chirib bosgan suhbatida ilgari surilgan.

Suratda Bodrumdagi majmua va uning merosxo‘ri ekanini iddao qilayotgan Viktoriya Yosamin. Skrinshot.
Suratda Bodrumdagi majmua va uning merosxo‘ri ekanini iddao qilayotgan Viktoriya Yosamin. Skrinshot.

Viktoriya Yosamin Uras Zanka TV kanali jurnalisti Farid Atay (Ferit Atay) savollariga javob berar ekan, otasi tirikligida “Paramount Hotel”ni o‘zbek tadbirkor Botir Rahimov ijaraga olganini urg‘ulaydi. Botir Rahimovga qarshi Turkiya mahkamasiga da’vo arizasi kiritgan Viktoriya Yosamin Urasning iddao qilishicha, 2018 - yil yozida otasining shubhali o‘limi ortidan Rahimovning sherigi bo‘lgan Jihon Eksiko‘g‘li “Paramount Hotel” hududini "Turkiya armiyasi tanki bilan ishg‘ol etgan". Uras buning ortidan mehmonxona majmuasi Botir Rahimov qo‘liga o‘tganligini iddao qiladi. Turk matbuoti Urasning Botir Rahimov Turkiya vatandoshligini "Baxtiyor Ikromo‘g‘li" nomiga rasmiylashtirgani haqidagi iddaosiga ham o‘rin bergan.

Bodrumdagi nizoli majmuaning haqiqiy oltin bilan ishlangan gumbazli qismi
Bodrumdagi nizoli majmuaning haqiqiy oltin bilan ishlangan gumbazli qismi

Viktoriya Yosamin Urasga ko‘ra¸ otasi o‘lgan kuni Rahimovning rusiyzabon haydovchisi Andrey 47 million dollarlik chek evaziga mehmonxonani sotib olgan va "Rahimovga hadya o‘laroq rasmiylashtirgan".

Chek tekshirilganida pulni aylantirib bo‘lmasligi o‘rtaga chiqqan.

Matbuotning yozishicha, Bodrumdagi Jinoyat ishlari mahkamasi da’vo jarayonida Viktoriya Yosamin Urasning yana bir shikoyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu shikoyatga ko‘ra, “Paramount Hotel” ish boshqaruvini yuritgan Botir Rahimov 2018 - yilda majmua egasi Atilla Uras o‘limi ortidan "uning kabinetidagi seyfdan shirkatga oid hujjat va qimmatli buyumlarni olib qo‘ygan".

Bodrum.
Bodrum.

Viktoriya Yosamin Urasning matbuotga bildirishicha, u uchta advokat ko‘magida boshiga tushgan ko‘rgulik-Botir Rahimov “bosqinidan qutulish” uchun “mahkamada mujodala” olib bormoqda.

Matbuotga bergan suhbati davomida AQSh vatandoshi Viktoriya Yosamin Uras o‘ziga meros qolgan mehmonxonani "bosqinchilik bilan qo‘lga olgan" Botir Rahimov ustidan AQSh Federal qidiruv byurosi (FBR)ga shikoyat yozganligini aytadi. Viktoriya Yosamin turk jurnalisti Farid Atay bilan suhbatda asli o‘zbekisonlik milliarder Alisher Usmonov nomini ham tilga olib, uni "Botir Rahimovning biznes sherigi" deya iddao qiladi.

Mahkama bu iddaolar borasida hali yakuniy qarorga kelmagan bo‘lsa-da, turk matbuoti Botir Rahimovni negativ bo‘yoqlar bilan tasvirlashda davom etmoqda.

Turkiyadagi Karar.com internet nashri 2017 - yil “Paramount Hotel”dagi tadbirda Hollivud yulduzi Nikol Kidman qatnashgani haqida yozib¸ Botir Rahimov¸ Diyora Usmonova va Nikol Kidmanlarning birgalikda tushgan fotosuratini chop qildi.

Nashr “bir zamonlar mintaqada shafffof va erkin biznes namunasi bo‘lgan Turkiyaning bu bo‘lgasi bugunga kelib kriminal figurantlar qora pulini yuvadigan jomashovga aylanganidan” afsus bildiradi.

Qo‘qondan chiqqan millioner

So‘nggi 10 yilda Birlashgan Arab Amirliklari va Turkiyada yashab kelgan Rahimov 2000-yillar boshida Jizzaxdagi volfram koniga egalik qilgan, ayni paytda alyuminiy biznesi bilan ham shug‘ullangani bois MDH davlatlarida "Botir alyuminiy" nomi bilan tanilgan.

O‘zbekistondagi biznesidan uzoqlashgan Rahimov bu orada prezident Shavkat Mirziyoyevning oilasiga yaqinlashdi.

2017 - yilda Botir Rahimov va Diyora Usmonova juftligi o‘g‘il farzandli bo‘lishganini e’lon qilgan. Undan bir yil avval "Paxtakor"ning sobiq xo‘jayiniga turmushga chiqqan Diyora Usmonova O‘zbekistonning birinchi xonimi Ziroatxon Mirziyoyvaning jiyanidir.

Uning birinchi eri , milliarder Alisher Usmonovning jiyani Bobur Usmonov 2013 - yil Toshkentdagi avtohalokatda vafot etgan edi.

Shu yil aprelida Rahimov bilan Toshkentdagi to‘yda ko‘rishganini aytgan mulozimning Ozodlikka bildirishicha, Rahimov hozirda oilasi bilan Toshkentda yashamoqda va uning tadbirkorlik faoliyatiga “yashil chiroq yoqilgan”.

Rahimov va uning xotini Diëra Usmonova 2020 - yilning oktabrida Toshkentda, prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva taqdim qilgan “Mendirman Jaloliddin” filmining taqdimot marosimida ko‘rinish bergan edi.

Ozodlikda Botir Rahimovning O‘zbekiston prezident kuyovi Oybek Tursunov bilan birga tushgan surati mavjud.

Botir Rahimov prezident kuyovi bilan
Botir Rahimov prezident kuyovi bilan

2006 - yilda O‘zbekiston va Rossiya chop etiladigan "Elita Obshchestva" jurnaliga bergan intervyusida Rahimovning o‘zi Toshkent chetida o‘rtahol va ko‘p bolali oilada voyaga yetgani, otasi militsioner, onasi esa maktab o‘qituvchisi bo‘lganini aytgan. Oilada besh qiz, ikki o‘g‘il bo‘lganliklarini aytgan Rahimov akasi Baxtiyor Rahimovni o‘zining asosiy va eng ishonchli biznes hamkori deb atagan.

2010 - yilda Karimovning "bizda oligarxlar bo‘lmaydi" degan bayonoti ortidan mahalliy boylarga qarshi boshlanib ketgan kampaniyada akasi Baxtiyor Rahimovning ham hibsga olingani xabar qilingan.

Centrasia.ru nashri Botir Rahimov 2000-yillar boshida Karimovning kenja qizi Lola Karimovaga yarim million dollarlik «Maybax» rusumli avtomobil sovg‘a qilgani haqida yozgan.

Botir Rahimov "Kapitalbank", sug‘urta kompaniyasi, rangli metal qazib chiqaradigan konni ham o‘z ichiga olgan qator shirkatlardan iborat "Kapital" holdingi sohibi hisoblanadi.

Rahimovning asosiy aktivi bo‘lgan "Kapitalbank" 2001 - yilda O‘zbekistonning 9-yirik banki hisoblangan. Bank aktivlari hajmi 2009 - yil iyun holatiga 205 million dollarni tashkil etgan.

Shvetsiya prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2012 - yil fevralida Stromsund shaharchasida o‘zbekistonlik imomga o‘q uzganlikda ayblangan Yuriy Jukovskiyga Shengen vizasini olishi uchun Botir Rahimov prezidenti bo‘lgan Toshkentning “Paxtakor” futbol jamoasi bosh direktori Rustam Ko‘paysinov rasmiy iltimosnoma yozib bergan.

XS
SM
MD
LG