Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:29

Turkiyada noqonuniy muhojirlarga qarshi reydlar: O‘nlab o‘zbek hibsga olingan


Turkiyani eng katta sondagi o‘zbekistonliklar mehnat muhojirligida bo‘lgan dunyoning to‘rtta davlatidan biridir.
Turkiyani eng katta sondagi o‘zbekistonliklar mehnat muhojirligida bo‘lgan dunyoning to‘rtta davlatidan biridir.

Istanbul politsiyasi o‘tgan haftadagi reydlar payti Turkiyada noqonuniy yashab kelgan o‘nlab o‘zbekistonlikni hibsga olgan.

Hibsga olinib, vataniga badarg‘a qilinganlardan biri namanganlik Dilshod Ahmedov Ozodlikka Istanbulning Tuzla mavzesidagi muhojirlarni vaqtincha ushlab turish markazida 50 dan ziyod hamyurtini ko‘rganini aytdi.

“O‘tgan hafta “Yeni Kepe” bozorida ruhsatnomang yo‘q, deb ushlab, avtobusga bosib olib ketdi. Tuzladagi qamoqxonaga olib bordi. U yerda juda ko‘p odam afg‘on, suriyaliklar. Ellikdan ziyod o‘zbek ham bor edi. Tuzlada ikki kun ushlab mamlakat sharqidagi Malatiyaga olib bordi.

18 soat avtobusda olib ketdi, qo‘limizga kishan solib. Oltmish yoshli o‘zimizni otaxonlar bor edi. Ikki oydan beri yotgan o‘zbekistonliklar ham bor. Hammani bir bo‘limga qamab qo‘ygan. Sharoit juda og‘ir, chidab bo‘lmaydigan xolatda. 24 soatlab och qolib ketdik. O‘zbekiston fuqarolariga bosim qattiq bo‘lyapti. Jinoyatchidan ham battar munosabatda bo‘lishdi biz bilan. O‘zbekiston elchixonasidan iltimos qilaman, u yerda qolib ketgan vatandoshlarimizga e’tibor qaratishni”, - Dilshod Ahmedov.

24 yoshli Ahmedov to‘qqiz oy oldin Turkiyaga kelgan. Mamlakatda bo‘lish muddati o‘tib ketsa-da u O‘zbekistonga qaytmagan.

“Istanbulda karton fabrikasida ishlar edim. Chunki, O‘zbekistonga qaytib borsam ish yo‘q. Amallab yuruvdik. U yerda hamma men qatori noqonuniy. Keyin bilsam politsiya u yerdagilarni ham yig‘ishtirib olib ketibdi”, - deydi Dilshod Ahmedov.

Xorazmlik Azamat Matjonov ham Istanbulda ko‘p yillardan beri ishlaydi va so‘nggi paytlarda nazorat haddan tashqari kuchayganini aytadi.

“Ko‘pchilik boylarni uyida dom rabotnik bo‘lib ishlaydi. Uch oygacha yurish mumkin Turkiyada. Ko‘pchilik kelib, ishlab qolib ketyapti. Politsiya shundaylarni uyiga kirib, qo‘lga olyapti. Meni uch tanishimni ushlab, deport qildi.”, - deydi Azamat.

Muhojirlar deportatsiyasi va ularga qo‘pol munosabatda bo‘lingani haqidagi iddaolar yuzasidan Istanbul politsiyasidan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Istanbulda yashovchi ismi ochiqlanmasligini istagan o‘zbekistonlik jurnalistning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekistonning Ankaradagi elchixonasi Malatiyadagi hibsxonada ushlab turilayotgan o‘zbekistonliklar masalasiga e’tibor qaratgan.

“Men bu masalada Istanbuldagi o‘zbek konsulxonasiga savol bilan murojaat qilganimda, Ankaradagi elchixona bu bo‘yicha shug‘ullanayotgani, Turkiya Migratsiya xizmatiga xat bilan chiqishgani va o‘zbek fuqarolari taqdiriga bee’tibor emasliklarini aytishdi. Bundan tashqari konsulxona rasmiylari agar qaysidir o‘zbek vatandoshi hibsxonaga tushib qolgudek bo‘lsa ularga telefon qilib murojaat etishlari mumkinligini ham aytishdi, chunki Turkiyada hibsxonalarda telefon qilish imkoni bor”, - deydi jurnalist.

Muhojir ko‘p, iqtisodiy ahvol yomon

Turkiyaga kirishda o‘zbekistonlik fuqarolar uchun viza talab etilmaydi. Bunday sharoitda o‘zbek vatandoshlari uch oydan ortiq Turkiyada qolishlari mumkin emas.

Turkiya eng katta sondagi o‘zbekistonliklar mehnat muhojirligida bo‘lgan dunyoning to‘rtta davlatidan biridir.

Bu mamlakatda 50 mingdan ortiq o‘zbekistonlik rasmiy maqomga ega. Norasmiy yurganlar, hujjatsiz ishlayotganlar soni bir necha barobar ko‘pligi aytiladi.

Istanbulda yashovchi ismi ochiqlanmasligini istagan o‘zbekistonlik jurnalist Ozodlikka Turkiyada noqnuniy muhojirlarni ovlash kelasi yil bo‘lishi kutilayotgan saylovlar oldidan kuchayganini aytadi.

“10 millionga yaqini suriyalik qochqin bor. Afg‘oniston, Pokistondan juda ko‘p. Hozir esa Ukraina va Rossiyadan migrantlar oqib kelyapti. Ishlagani kelgan o‘zbekistonliklar esa doim ko‘p bu yerda. Bir tomonda iqtisodiy inqiroz, lira tushib, narxlar oshib ketgan. Uylar narxi oshdi. Xalq norozi.

Saylov oldidan Erdo‘g‘onga bosim kuchaygan.

Shunga xavfsizlik idoralari reydlar o‘tkazyapti. Qisqa vaqt ichida 17 mingga yaqin odam ushlangan. Politsiya qattiq tekshiryapti. Muhojirlarni ushlab turadigan markazlarga sig‘mayapti. Boshqa shaharlardagi deport markazlariga olib ketyapti. O‘zim guvohi bo‘lyapman, juda ko‘p o‘zbekistonlik deport qilinyapti”, - deydi jurnalist.

“Migratsiya tartibga solinishi kerak!”

Turkiyadagi “O‘zbeklar birligi” tashkiloti rahbari Adem Chevik mamlakatga kelgan muhojirlarning vaziyati atroflicha o‘rganilmasdan deport qilinishi insoniylik tamoyillariga zid, deydi.

“Turkiyada ular mehmon, ularni ushlash yoki badarg‘a qilish mamlakatimiz ilgari surib kelayotgan insoniylik prinsiplariga to‘g‘ri keladimi? Orasida yomon niyatda kelganini, IShIDchilari bo‘lsa ushlasin, yaxshi niyatda kelganlari bo‘lsa vaziyatini obdon o‘rgansin, balki mamlakatiga qaytib borsa xavf bordir”, - deydi turk faoli.

Adem Chevik politsiya qo‘pol munosabat qilgani yuzasidan muhojirlar sudga arz qilishlari mumkinligini aytadi.

“Agarda qaysidir politsiyachi kuch ishlatgan yoki qo‘pol munosabat qilgan bo‘lsa muhojirlar sudga shikoyat qilishlari mumkin. Bizda bunaqa xolatlar jazosiz qolmaydi va bu ishda ko‘makchi bo‘lamiz”, - deydi turk faoli.

Istanbulda yashovchi jurnalistning aytishicha, Turkiyada noqonuniy muhojirlikka qarshi reydlarga qaramay, o‘zbekistonliklarning oqimi kamaymaydi.

Mehnat migratsiyasi masalasi Toshkent va Anqara o‘rtasida qayta ko‘rib chiqilishi va tartibga solinishi kerak, deydi jurnalist.

“Turkiya seriallardagi Turkiya emas. Tanish-bilishlaridan bir nimalarni eshitib kelib qolishyapti, noqonuniy qolib ketishyapti. Fabrikalarda ishlashadi, 8-9 soatlab ishlashadi. Tilni bilmaydi, keyin muammoga yuz tutadi. Migratsiya davlatlar miqyosida qayta ko‘rib chiqilishi kerak.

Chunki O‘zbekistonda ishsizlik bor ekan, Turkiyaga kelish kamaymaydi. Diplomatiya yo‘li bilan tartibga solinishi kerak”, - deydi jurnalist.

Dunyodagi eng katta sondagi qochqin boshpana topgan davlat

Turkiya hukumati so‘nggi to‘rt yil ichida millionlab suriyalik qochqinni qabul qildi. Ayni paytda bu davlat dunyoning eng katta sondagi afg‘onlar boshpana topgan uchta davlatidan biriga ham aylangan.

Bir paytlar millionlab suriyalik qochqinlar uchun eshiklarni keng ochgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on endi “najotkor” qiyofasini yo‘qotmasdan “mehmondo‘stlik”dan xalos bo‘lishga, migratsiya inqirozini hal qilishga harakat qilmoqda.

Anqara hukumati shu oy boshida 1 million suriyalik qochqinning o‘z vatanlariga ixtiyoriy ravishda qaytishiga imkon beruvchi loyihani e’lon qildi.

Turkiya hukumati Suriya shimolida infratuzilmasi rivojlangan 100 mingta yaqin uy qurish niyatida. Bu yerda masjidlar, maktablar, tibbiyot punktlari, novvoyxonalar, ijtimoiy obyektlar, bolalar bog‘chalari barpo etiladi.

Turkiyada chiqadigan “Jumhuriyat” nashrining mamlakat Migratsiya xizmatiga tayanib xabar berishicha, bugungi kunda Istanbulda 1 million 300 mingdan ziyod muhojir qonuniy istiqomat qilmoqda.

Bu muhojirlarning 542 ming nafari vaqtinchalik himoyadagi suriyaliklar, 763 ming nafari qonuniy yo‘l bilan mamlakatga kirib, yashash ruxsatnomasini olgan doimiy muhojirlardir.

O‘tgan yili qayriyb 72 ming noqonuniy muhojir Istanbul viloyati migratsiya boshqarmasi tomonidan javobgarlikka tortilgan.

Bulardan 23 072 nafari Istanbuldan deportatsiya qilingan bo‘lsa, 39 525 nafari deportatsiya jarayonlari uchun boshqa viloyatlardagi markazlarga yuborilgan.

XS
SM
MD
LG