Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:52

Turkmanistonda 14 yoshli kurashchi o‘smir raqibiga yutqazib bermagani uchun urib o‘ldirildi


Sulaymon Tursunboyev
Sulaymon Tursunboyev

Turkmanistonda 14 yoshli dzyudochi Sulaymon Tursunboyev musobaqada Ichki ishlar vazirligi kursantiga yutqazib berishdan bosh tortdi. G‘alabadan so‘ng uni noma’lum kishilar o‘g‘irlashgan va o‘lasi qilib do‘pposlab ko‘chaga tashlab ketishgan. O‘smir og‘ir ahvolda qarovsiz qolib, vafot etgan.

Sulaymonning ota-onasi Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga murojaat qilib, aybdorlarni jazolashni talab qilmoqda.

“O‘g‘limizni to‘dalashib urganlar, sog‘ joyi yo‘q edi, butun a’zoyi badanim og‘riyapti, deb aytardi. Jigarini ezib laxta qonga aylantirganlar, bosh suyagini yorib tashlaganlar”, — deyishadi ota-ona videomurojaatida.

Onasining so‘zlariga ko‘ra, Sulaymon Amerikada chempion bo‘lib, Turkmaniston bayrog‘ini dast ko‘tarishni orzu qilardi. “Men adolat talab qilaman, aybdorlarga qonunga binoan qattiq jazo berilsin”, — deydi ayol.

Ma’lumotlarga qaraganda, Tursunboyev Toshhovuz viloyat, Qo‘hna Urganch tumanidagi Oqqal’a qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘rta maktabning oltinchi sinfini bitirgach, olimpiya zaxiralari sport internatida ta’lim olayotgandi.

Fojia fevral oyi boshlarida mahalliy musobaqalardan birida yuz berdi. Final bellashuvidan oldin Sulaymonga IIV kursanti bo‘lmish raqibiga yutqazib berishi kerakligini aytishadi. O‘smir bunga rozi bo‘lmaydi va halol kurashib, o‘z vaznida chempionlikni qo‘lga kiritadi.

Musobaqa tugashi bilan sportchi kelbatli noma’lum yigitlar paydo bo‘lib, murabbiyni shafqatsiz kaltaklashadi, Sulaymonni esa zo‘rlik bilan olib ketishadi va keyin uni ham o‘lasi qilib do‘pposlab, ko‘chada qoldirishadi. Sulaymonni tasodifiy o‘tkinchilar ko‘rib qolib, tez yordam chaqirishadi. Tursunboyev Ashxoboddagi kasalxonalardan biriga olib boriladi, ammo u yerdagilar bemorni qabul qilishmaydi va uni rasman yashaydigan hududidagi shifoxonaga eltishni maslahat berishadi.

Og‘ir ahvoldagi o‘smir 500 chaqirim masofadagi Qo‘hna Urganch tumani kasalxonasiga yetkaziladi. Va bir necha kundan so‘ng o‘sha yerda vafot etadi.

Turkmen.news nashri xabariga ko‘ra, marhum Sulaymonning raqibi prezidentning o‘g‘li Serdar Berdimuhamedovga xotini tomondan qarindoshdir. “Ammo bu ma’lumotni na tasdiqlay olamiz, na rad etamiz. O‘sha manbamizning so‘zlariga ko‘ra, prokuraturaga qotillikni tergov qilmaslik buyurilgan. Go‘yoki Sulaymon noqulay yiqilish oqibatida o‘lganmish”, — deb yozadi nashr.

Ish yuzasidan “Ozodlik”ning turkman xizmati ham surishtiruv o‘tkazmoqda. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, fojia internetda shov-shuv bo‘lgach, kuch ishlatish tizimlari Turkmanistondagi barcha sport maktablarida yig‘ilishlar o‘tkazib, murabbiy va o‘quvchilarga “tilni tiyib yurishni” va Tursunboyevning o‘limini muhokama qilmaslikni tavsiya qilishmoqda.

XS
SM
MD
LG