Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:06

Turkmanistonda Berdimuhammedovdan keyingi prezident ham Berdimuhammedov bo‘lishi mumkin


Sardor Berdimuhammedov
Sardor Berdimuhammedov

Bir necha yildirki Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov o‘g‘li Sardorni o‘ziga voris qilib tayyorlamoqda. 39 yashar Sardorning 11 - fevral kuni otasi farmoni bilan biryo‘la uch yangi lavozimga — bosh vazir o‘rinbosari va (shu munosabat bilan) Xavfsizlik kengashi a’zosi, shuningdek Oliy nazorat palatasi rahbarligiga tayinlanishi buni yana bir karra tasdiqlaydi. Darvoqe, tayinlov aynan 11 - fevralga to‘g‘ri kelgani qiziq — Gurbanguli Berdimuhamedov 2007 - yilning ayni sanasida ilk daf’a prezidentlikka saylangandi.

SARDORNING YULDUZI PORLAGANDA

Kichik Berdimuhammedov siyosat sahnasiga chiqqanidan beri uning har bir odimi diqqat bilan kuzatilmoqda. Va shu orqali otasining qay tariqa lavozimini unga qoldirib, o‘zi iste’foga chiqishini taxmin qiladilar.

2016 - yil noyabrda Sardor parlamentdagi vakant o‘rinni egallab, deputat bo‘ldi. Bu joy nega bo‘sh qolganiga izoh berilgani ham yo‘q. Sardorning paydo bo‘lishi — birov sezib, birov sezmay qoladigan saylovlarning ahamiyatini keskin oshirib yubordi. Prezidentning o‘g‘li muqaddam qishloq xo‘jaligi vaziri muovini bo‘lib ishlagan, so‘ngra neft-gaz zaxiralaridan foydalanish bo‘yicha davlat agentligini boshqargandi.

2016 - yil 15 - iyulda ushbu idora tugatilib, shu kuniyoq prezident Berdimuhammedov farmoni bilan Tashqi ishlar vazirligida uchta yangi departament tashkil etildi va biriga Sardor boshliq qilib o‘tkazildi. Mazkur voqeadan ikki yil burun Sardor Berdimuhammedov universitetdagi o‘qishini tamomlab, Turkmaniston Fanlar akademiyasida fizika-matematika fanlari doktori rutbasiga erishgandi.

Uning otasi amalda 2006 - yil oxirlarida Turkmanistonda hokimiyatni egallagan. Bunga qadar Sardor oziq-ovqat sanoatida ishlar va vinochilik sohasida katta martaba qozonishga hozirlik ko‘rardi.

Biroq 2008 - yilda u Rossiya TIV qoshidagi Diplomatiya akademiyasiga o‘qishga ketdi va shu ondan boshlab Turmanistonning Moskvadagi elchixonasida maslahatchi lavozimiga tayinlandi. 2011 - yilda akademiyani bitirib, o‘qishni Jeneva xavfsizlik siyosati markazida davom ettirdi. Bir paytning o‘zida BMTning Jeneva qarorgohi huzuridagi Turkmaniston vakolatxonasida maslahatchi bo‘lib ishladi.

Maslahatchi lavozimlari juda muhim edi, chunki bu lavozimda ishlagan odam chet elda yashagan deb hisoblanmasdi. Mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra, parlament deputatligiga nomzod so‘nggi o‘n yil davomida Turkmanistonda muqim istiqomat qilgan bo‘lishi shart. Prezidentlikka saylanish uchun esa so‘nggi kamida o‘n besh yilni o‘z mamlakatida o‘tkazgan bo‘lish kerak.

Deputatlikning to‘rtinchi oyida Sardor parlamentning huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasiga rais etib tayinlandi. 2018 - yil martda deputatlikka qayta saylangach u hokimiyat pillapoyalaridan jadallik bilan yuqorilay boshladi.

2019 - yil yanvarda Sardor Axal viloyati gubernatoriga o‘rinbosar bo‘ldi, iyun oyida gubernatorlik kursisiga o‘tirdi. 2020 - yil fevralda sanoat va qurilish vaziri lavozimida ish boshladi.

2017-2018 - yillarda Sardor rasmiy safarlarga chiqib, Tataristonda prezident Rustam Minnixanov bilan, Moskvada Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matvienko bilan uchrashdi, keyinroq esa Qozog‘istonda o‘tgan Markaziy Osiyo sammitida Turkmaniston vakili sifatida ishtirok etdi. 2018 - yil aprelda, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari etib tayinlanishidan ikki hafta o‘tib MDH mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida qatnashish uchun Belarusga bordi.

ESTAFETA TOPSHIRILDI...MI?

Davlatga qarashli OAV Sardorning otasi bilan tushgan foto va videotasvirlarini tez-tez namoyish etadi. Chunonchi, 2018 - yil fevralda o‘tkazilgan Amul — Hazar avtoyurishi haqidagi lavhada uning otasi qo‘lidan estafeta tayoqchasini olgani TV orqali ko‘rsatildi. Go‘yo bu bilan muayyan ramziyatni odamlarga yetkazmoqchi bo‘lishdi.

Sardorning davlat xizmatidagi faoliyatiga davlat OAVlarida hanuz keng o‘rin beriladi. Ammo prezident o‘g‘lining fe’l-atvori haqida biron ma’lumot topish oson emas. Foto va videotasvirlarda u o‘zini allanechuk noqulay sezayotgandek tuyuladi. Aytishlaricha, Rossiyada o‘qigan chog‘larida o‘zini doim oddiy talabalardek tutgan, hech qachon hassos holatda ko‘rinmagan ekan. Yana ayrimlarning so‘zlariga ko‘ra, parlamentga saylanishiga qadar u asosan biznesga qiziqqan, siyosatga esa aytarli tavajjuh bildirmagan.

Ma’lumotlarga qaraganda, Axal viloyatiga rahbar etib tayinlangach Sardor ma’muriy binoga kirish va uning ichida harakatlanishga oid yangi qoidalarni joriy qilgan . Chunonchi, uning ish xonasiga kirish vakolati sanoqli kishilargagina berilgan, xodimlar faqat juda zarur bo‘lgan hollardagina ish joyini tark etishi mumkin edi. Ovozni balandroq ko‘tarib gapirish, binoga mobil telefon olib kirish taqiqlangandi. Avvalgi gubernatorlardan farqli o‘laroq, Sardorning ofisi yoniga soqchi qo‘yilgan. Prezidentning o‘g‘li “bo‘yningni sindiraman” deb tobelarini tez-tez qo‘rqitib turadi.

Konstitutsiya bo‘yicha, prezident o‘z vazifalarini bajarishga qodir bo‘lmay qolsa, uning vakolatlari parlament spikeriga o‘tadi. Birinchi prezident Saparmurat Niyazov vafot etgan paytda ham bor edi ushbu tartib. Ammo o‘sha paytlardagi senat spikeri Ovezgeldi Atayev darhol qamoqqa olinib, “klanlararo adovat qo‘zg‘atish”da ayblangach ommaga deyarli notanish bo‘lgan sog‘liqni saqlash vazirining yo‘li ochildi. Ko‘p o‘tmay Gurbanguli Berdimuhammedov prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Yaqindan beri ikki palatali bo‘lgan turkman parlamentiga saylovlar mart oyida o‘tkaziladi. Va saylovdan so‘ng, yuqori palata spikeri — davlat rahbari o‘z vazifalarini bajara olmay qolgan taqdirda prezidentlik vakolatlarini qabul qiluvchi, ya’ni hokimiyat ierarxiyasidagi ikkinchi shaxsga aylanadi. Tabiiyki, ko‘pchilik bu lavozimni Sardor egallashini kutmoqda.

Konstitutsiyaga ko‘ra prezidentlikka nomzodning yoshi kamida 40 da bo‘lishi kerak, Sardor esa 22 - sentabrda 40 yoshga to‘ladi.

PREZIDENT BETOBMI?

Sardor xizmat pillapoyalaridan yuksalgani sayin, otasining sog‘lig‘i yomonlashayotgani haqida mish-mishlar paydo bo‘lmoqda. Katta Berdimuhammedov qandli diabet bilan og‘rigani va bu irsiy kasallik ekani (Sardorda bu xastalik bor yoki yo‘qligi noma’lum) hech kimga sir emas. Sardor parlamentga saylanganidan beri, kam deganda ikki marta Berdimuhammedov diabetik koma holatiga tushgani to‘g‘risida ovozalar bo‘ldi. U, odatiga xilof o‘laroq, 2019 - yilning butun iyul oyi davomida va avgust boshlarigacha davlat OAVlarida umuman ko‘rinmay qolganida hatto o‘ldiga chiqarishgan ham.

Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri ajnabiylarning Turkmanistonga kirishi deyarli imkonsiz bo‘lib qolgan, poytaxt esa ayrimlarni istisno qilganda, xorijliklar uchun berk. Shunday noyob kishilardan bir nechtasi — doktor Klaus Parxofer boshliq nemis shifokorlari guruhidir. Ular noyabrning oxirlaridan beri ikki marta Ashxobodga kelib-ketishdi.

Markaziy Osiyo rahbarlari o‘z mamlakatlarida sulolaviy hokimiyat yaratishga harakat qilayotgani haqidagi taxminlar yangilik emas.

Qozog‘istonda yaqin-yaqinlargacha birinchi prezident Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi Darig‘a otasining vorisi sifatida tilga olinardi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, uning oliy davlat lavozimini egallashi ehtimoli hamon mavjud.

O‘zbekistonda ham birinchi prezident Islom Karimovning katta qizi Gulnora otasining o‘limidan so‘ng hokimiyat jilovini qo‘liga oladi, deb o‘ylashgandi. Biroq uni Karimov tirikligidayoq qamoqqa olishdi.

Markaziy Osiyoning patriarxal jamiyatlarida Darig‘a va Gulnoraning ayol ekanligi ularning zarariga ishlagan bo‘lishi mumkin. Shu ma’noda, Sardor Berdimuhammedov hamda Tojikiston rahbarining katta o‘g‘li Rustam Imomali hokimiyatni sulolaviylashtirish uchun qulayroq mavqeda turishibdi.

Ammo Turkmanistonda Berdimuhammedov birinchi prezident emas. Mamlakatda prezident shaxsiga sig‘inishga asoslangan boshqaruv shakli avvalgi rahbar Niyazov davrida yaratilgan. Mazkur tizimni otadan o‘g‘ilga o‘tkazib bo‘ladimi, yo‘qmi — hozircha bashorat qilish qiyin. Har qalay, 30 yillik mustaqillik davrining 15 yilida Turkmanistonni Berdimuhammedovlar oilasiga mansub bo‘lmagan odam boshqardi.

Turkmaniston ham Shimoliy Koreya yoki Ozarbayjon emas. Sardorning oliy hokimiyat tepasiga kelishi — yuz berishi mumkin voqelik, albatta. Ayni chog‘da bu mamlakatda mavjud reallik bilan uyg‘un bo‘lmasligi ham ehtimoldan xoli emas.

XS
SM
MD
LG