Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:37

Turkmanistonda rahbariyat almashishi kutilmoqda(mi)?


Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘z o‘g‘li Sardorni merosxo‘r etib tayinlashga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqidagi taxminlar fonida parlament yuqori palatasining navbatdan tashqari sessiyasini chaqirdi.
Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘z o‘g‘li Sardorni merosxo‘r etib tayinlashga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqidagi taxminlar fonida parlament yuqori palatasining navbatdan tashqari sessiyasini chaqirdi.

11 - fevral kuni parlamentning navbatdan tashqari o‘tadigan yig‘ilishida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘g‘li Sardorni rasman rahbar qilib tayinlashi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Ertaga Berdimuhamedovning Turkmanistondagi avtoritar boshqaruviga rasman 15 yil to‘ladi.

Shuningdek, 11 - fevralda uning o‘g‘li Sardor Berdimuhamedov Oliy nazorat palatasi rahbari, Davlat xavfsizlik kengashi a’zosi va eng muhimi, bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlanganiga bir yil to‘ladi. Bu bilan 40 yoshli merosxo‘r mamlakatda prezidentdan keyin ikkinchi shaxs bo‘lib kelayotgan edi.

Gurbanguli Berdimuhamedov sanalar bilan ish qilishni juda yaxshi ko‘radi. Turkmanistonlik kuzatuvchilar, fuqarolar ham parlament yuqori palatasining navbatdan tashqari sessiyasida muhim qaror qabul qilinishi mumkinligi haqida gapirmoqda.

Parlament raisi, prezident Berdimuhamedov (uning bu lavozimni egallashi konstitutsiyaning 73 moddasiga zid keladi) sessiyada “yaqin 30 yildagi mamlakat taraqqiyoti” masalasi muhokama qilinishini aytdi.

Davlat nazoratidagi ommaviy axborot vositalari Sardor “dahosi” haqidagi materiallarga to‘lib toshgan. Shu sababli ham, bir necha oydan beri avtoritar hukumatda yaqin orada bo‘ladigan siyosiy o‘zgarishlar turkmanlarning muhokama markaziga aylangan. U ayni damda iqtisodiy qiyinchiliklar girdobida qolgan “xalqni o‘ylaydigan” yetakchi sifatida ham ko‘rsatilmoqda.

Sardor Berdimuhamedov 7 - yanvar kuni xalqqa murojaatida “yangi tug‘ilish davri” boshlanganini e’lon qildi.
Sardor Berdimuhamedov 7 - yanvar kuni xalqqa murojaatida “yangi tug‘ilish davri” boshlanganini e’lon qildi.

Kichik Berdimuhamedov ham otasining topshirig‘i bilan ko‘plab viloyatlarga borib, oziq-ovqat narxining keskin oshib borayotgani va asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining taqchilligi muammosi bilan tanishgan.

Kuzatuvchilar bunday tashriflarni Sardor Berdimuhamedovning hokimiyat iyerarxiyasidagi yetakchi rolini ilgari surish uchun yashirin urinish va otasining o‘rnini egallashga tayyorgarlikning navbatdagi bosqichi o‘laroq baholagan.

Sardor viloyatlarda yuqori darajada kutib olindi. Uning tashrifi uchun qishloqlar shoshilinch ravishda tayyorlangan. Bunday tayyorgarliklar ilgari faqat prezident uchun qilingan.

Turkmaniston bo‘yicha ekspert Sardor Aytakovning Ozodlik radiosi turkman xizmatiga aytishicha, aholi orasida mish-mishlarni tarqatish azaldan mamlakat maxsus xizmatlari tomonidan jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilish uchun qo‘llanilgan usul.

Uning qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi haftalarda shov-shuvlar ko‘paygan bo‘lsa-da, parlament yig‘ilishida hokimiyat almashmasligi ammo, muhim qarorlar qabul qilinishi mumkin.

“Hokimiyatning Sardor Berdimuhamedovga o‘tishi haqidagi mish-mishlar inkor etib bo‘lmaydigan omma uchun bir hikoya. Hukumat ijtimoiy tartibsizlik va noroziliklar oldini olish uchun yangi mish-mishlarni tarqatishi mumkin. Hokimiyatni topshirish zudlik bilan ko‘rib chiqilmaydi”, deydi Aytakov.

Ammo u sessiyada kelajakda hokimiyatni topshirishni osonlashtiradigan qarorlar qabul qilinishi ehtimolini ham istisno qilmadi.

Qozog‘istondagi voqealar aks-sadosi

Yanvar oyida yuqori palataning navbatdan tashqari sessiyasi chaqirilishi haqidagi e’lon qo‘shni Qozog‘istondagi tartibsizliklar bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.

Qozog‘istonning Turkmaniston bilan chegaradosh Mang‘istau viloyatida boshlangan norozilik namoyishlari qo‘shni avtokratik davlatlarda katta xavotir uyg‘otdi.

Turkmaniston davlat matbuoti Qozog‘istonda nima bo‘layotganini ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, Turkmaniston aholisi yaqin atrofda bo‘lib o‘tayotgan ommaviy norozilik namoyishlaridan yaxshi xabardor edi.

Turkmanistonda ham so‘nggi yillarda yoqilg‘i, tovarlar va xizmatlar, oziq-ovqat narxlarining o‘sishi kuzatilmoqda. Davlat subsidiyalarni to‘xtatgani va talab oshib ketishi oqibatida narxlar kamida 300-500 foizga o‘sgan.

Qozog‘istondagi voqealar prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning merosxo‘r tayinlash rejalarini o‘zgartirdimi?
Qozog‘istondagi voqealar prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning merosxo‘r tayinlash rejalarini o‘zgartirdimi?

Ko‘pchilik turkmanlar Qozog‘istondagi namoyishlar turkmanlar uchun ijobiy ta’sir ko‘rsatganini aytdi.

“Qozoqlarning noroziliklari Turkmanistondagi odamlarni ruhlantirib, “Bola yig‘lamasa, to‘ymaydi” degan naqlni yodga soldi. Odamlar, agar norozilik bildirib haqingni talab qilsang, hukumatni o‘zgartirish mumkinligini tushuna boshladi. Hatto Qozog‘iston kabi katta davlat ham o‘z xalqining talablariga yon berdi”, deydi ismi sir qolishini so‘ragan turkmanlardan biri.

12 - yanvar kuni yuqori palataning navbatdan tashqari sessiyasi 11 - fevralga o‘tkazilishini e’lon qilgan prezident Davlat xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirib, Milliy xavfsizlik vazirligiga internetdagi mustaqil manbalarni bloklashni buyurdi.

Qozog‘istondagi tartibsizliklar manzarasida favqulodda kengash yig‘ilishi tasodifiy emas. Turkman rejimi yillar davomida jiddiy iqtisodiy muammolarga qaramay o‘z bardoshini ko‘rsatib kelgan bo‘lsa-da, Qozog‘iston kabi barqarorroq mamlakatdagi norozilik namoyishlari bunday hokimiyatning saqlanib qolishiga kafolat yo‘qligini ko‘rsatdi.

“Turkman hukumati... Armaniston, Belarus va Rossiyadagi qarama-qarshilik va hokimiyatni egallashga urinish tajribasini sinchiklab o‘rgandi. Lekin ayniqsa, Qozog‘istondagi voqealardan tegishli xulosa chiqarishga harakat qilinmoqda. Hukumatda iqtisodiy vaziyatni biroz yaxshilash imkoni bor. Hukumat gaz konlarini o‘zlashtirish va gaz infratuzilmasini qurish uchun Xitoydan olingan katta kreditni to‘ladi. Bu ijtimoiy inqirozni yumshatish uchun moliyaviy zaxiralarni jamlash imkonini beradi.”

Aytakovning ta’kidlashicha, amaldorlar pullarni iqtisodiy inqirozni yumshatish uchun emas, aksincha, “tartibsizliklarni bostirish uchun maxsus qurol va jihozlar sotib olish” ga sarflashi haqiqiy paradoks.

Halqni tinchlantirish

Aytakovga ko‘ra, Qozog‘istondagi to‘s-to‘polonlar prezident Berdimuhamedovning merosxo‘r tayinlash borasidagi fikrini o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin.

“Ehtimol, Qozog‘istondagi voqealarning sabab va oqibatlarini sinchkovlik bilan baholagan holda rasmiylar bo‘lajak sessiyada turmush darajasini sifat jihatidan o‘zgartirishga katta ehtiyoj borligini anglab yetishi ijtimoiy keskinlikni kamaytirish uchun ayrim islohotlar haqida e’lon qilishi mumkin".

Xalq Maslahatining navbatdan tashqari sessiyasi ishtirokchilarining ko‘pchiligiga turli sovg‘alar taqdim etilgan. Yig‘ilish viloyatlardan saylangan delegatlar qatnashishi uchun viloyat markazlariga video aloqa ko‘rinishida uzatiladi.

Ozodlikning Lebap shahridagi muxbiri aytishicha, yig‘ilishga taklif etilgan mahalla oqsoqollari va yoshlar vakillariga qatnashgani uchun 5000 manat (rasmiy kurs bo‘yicha 1431 dollar) pul mukofoti va’da qilingan.

Xalq Maslahati 2008 - yildan 2017 - yilgacha to‘xtab qolgan edi. Keyin prezident uni qayta tikladi va 2020 - yilda parlamentning ikkinchi palatasiga aylantirdi.

Xalq Maslahati 11 - fevraldan keyin balki mamlakat boshqaruvidagi katta rol o‘ynashi mumkin.

XS
SM
MD
LG