Линклар

Шошилинч хабар
05 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:37

Turkmanistonda subsidiyalangan oziq-ovqat olish qiyinlashmoqda


Turkmanistonda ko‘plab odamlar hayoti xavf ostida. Mamlakatda qashshoqlik, inflyatsiya va oziq-ovqat taqchilligi kuchayishi ortidan turkman mehnat muhojirlari va mahbuslarning oila a’zolari subsidiyalangan oziq-ovqat olishdan mahrum qilinmoqda.

Bir necha manbaga ko‘ra, yangi qoida kelasi yil boshidan kuchga kiradi.

Turkmaniston o‘z fuqarolarining davlatga qarashli oziq-ovqat do‘konlaridan foydalanish imkoniyatini tobora cheklamoqda. Davlat oziq-ovqat do‘konlari xususiy do‘konlardagidan 10 baravar arzonroq.

Bu cheklov resurslarga boy, ammo qashshoq mamlakatdagi millionlab odamlarga salbiy taьsir ko‘rsatishi mumkin. Xorijda taxminan bir millionga yaqin turkman mehnat muhojirlari bo‘lib, ularning aksariyati Turkiyada ishlaydi.

Joriy yil boshida mamlakat qamoqxonalaridagi mahbuslar soni 35 mingga yetishi taxmin qilingan edi.

Turkmanistonning yopiq hukumati kutilayotgan o‘zgarishlar yoki ularning ehtimoliy sabablari haqida hech qanday rasmiy munosabat bildirmagan. Ammo manbalarga ishonilsa, bu reja haqida viloyat savdo boshqarmalari allaqachon xabardor qilingan.

Lebap viloyatining Farap tumanida 18 - noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda majlis qatnashchilaridan bir nechtasi yuqori lavozimli amaldorlarga tegishli ko‘rsatmalar berilganini ta’kidlagan.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar yaqinda subsidiyalangan mahsulotlarni sotib olish huquqiga ega bo‘lmaganlar ro‘yxatiga qo‘shimcha toifadagi odamlarni qo‘shish haqida o‘ylamoqda.

Manbalarga ko‘ra, ko‘rib chiqilayotgan takliflardan biri – askarlar, urush faxriylari va mudofaa sohasiga jalb qilingan boshqa shaxslarning oilalaridan iborat kichik bir qatlamdan tashqari hamma uchun imtiyozli oziq-ovqat olish huquqini tugatishdir.

Ozodlik muxbiri izoh olish uchun Lebap va Ashhobod rasmiylari bilan bog‘lanishga urindi, ammo javob ololmadi. Kuchli nazorat ostida bo‘lgan mamlakat rasmiylari odatda mustaqil matbuot bilan gaplashishni xohlamaydi.

Hukumat bir oila uchun davlat do‘konidan xarid qilishga ruxsat etilgan oziq-ovqat miqdorini kamaytirdi.

Lebap viloyatida davlat oziq-ovqat do‘konida navbat yuzaga kelgan.

Masalan, Mari viloyatida etti kishilik oilaga davlat do‘konlarida oyiga ko‘pi bilan 2 litr paxta yog‘i, 2 litr kungaboqar yog‘i va 2 kilogramm shakar sotib olishga ruxsat berilgan. “Ammo, mart oyida joriy etilgan yangi cheklov tufayli bu miqdor ikki baravarga qisqardi”, deydi mahalliy aholi.

Hozirda davlat do‘konlarida non, un, guruch, yog‘, shakar, tuxum va tovuq go‘shti eng talabgir mahsulotga aylangan. Ammo do‘konlar kerakli mahsulotlar bilan yetarlicha ta’minlamayapti. Chunki mamlakat bir necha yillardan beri iqtisodiy qiyinchiliklar va oziq-ovqat tanqisligi bilan ro‘baro‘ kelmoqda.

Poytaxt Ashxobodda ahvol qishloq joylarga qaraganda ancha yaxshi bo‘lsa ham, ko‘plab davlat do‘konlari bu yil oziq-ovqat taqsimoti tizimiga o‘tgan. Har bir fuqaroga bir kunda uchta non sotib olishga ruxsat berilgan.

Viloyatlarda xarid qilish mumkin bo‘lgan oziq-ovqat miqdori uy xo‘jaligida ro‘yxatda turuvchi odamlar soniga bog‘liq.

Fevral oyida butun mamlakat bo‘ylab davlat do‘konlarida oziq-ovqat mahsulotlari narxi, jumladan, shakar, yog‘ va tovuq go‘shti 50 foizgacha qimmatlagan.

Odamlar ko‘pincha narxlarning ko‘tarilgani, yangi cheklovlar haqida sotuvchilardan bilib oladi. Rasmiylar hech qachon narxlarning ko‘tarilishi, yetkazib berishdagi tanqislik yoki arzon oziq-ovqat mahsulotlari sotib olishdagi cheklovlar haqida e’lon qilmaydi.

Turkmanlar, shuningdek, davlat do‘konlaridan xarid qilish huquqiga ega bo‘lish uchun talablar ko‘pligidan va qog‘ozbozlikdan shikoyat qilmoqda. Misol uchun, kommunal to‘lovlardan qarzi bo‘lganlar avtomatik ravishda ro‘yxatdan chiqarib yuboriladi.

Ashxobodlik keksa ayol axlat qutisidan yeyish uchun oziq-ovqat qidirmoqda.
Ashxobodlik keksa ayol axlat qutisidan yeyish uchun oziq-ovqat qidirmoqda.

Viloyatlarda aholi har yili mahalliy do‘konda ro‘yxatdan o‘tishi va har bir xonadonda ro‘yxatda turuvchilar sonini, shuningdek, mulk to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etishi shart.

Oilaning har bir a‘zosi ro‘yxatdan o‘tish uchun pasportini taqdim etishi kerak. Ko‘zbo‘yamachiliklar oldini olish uchun pasport nusxasi qabul qilinmasligi aytiladi.

XS
SM
MD
LG