Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:54

Turkmanistonning navbatdagi prezidenti bo‘lishi kutilayotgan Sardor Berdimuhamedov kim?


40 yoshli Sardor Berdimuhamedov 2016-yilning noyabrida birdaniga katta siyosatga kirib keldi.
40 yoshli Sardor Berdimuhamedov 2016-yilning noyabrida birdaniga katta siyosatga kirib keldi.

Turkmanistonda 12-mart kuni navbatdan tashqari prezidentlik saylovi o‘tkaziladi. Saylovda avtoritar rahbar Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Sardor Berdimuhamedov g‘alaba qozonishi muqarrar.

Kenja Berdimuhamedov so‘nggi yillarda tez sur’atlar bilan jamoatchilikka tanildi. U bir necha yuqori lavozimga tayinlandi, ommaviy tadbirlarda tez-tez ko‘rinish bera boshladi.

Kenja Berdimuhamedov siyosiy sahnada tobora tanilib borayotganiga qaramay, uning shaxsiy hayoti va xarakteri haqida oz ma’lumot mavjud. Uning sobiq hamkasblari so‘zlariga ko‘ra, ota o‘g‘il o‘z xavfsizligi haqida qattiq qayg‘uradi hamda qo‘l ostidagilarga past nazar bilan qaraydi.

Отасидан Туркманистон президенти лавозимини олаётган Сардор Бердимуҳамедов ҳақида 5 факт
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:42 0:00

40 yoshli Sardor Berdimuhamedov 2016-yilning noyabrida birdaniga katta siyosatga kirib keldi. O‘sha yili Tashqi ishlar vazirligi axborot departamenti rahbari o‘laroq ishlayotgan Berdimuhamedov parlament deputati bo‘ldi.

2018-yil mart oyida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarildi. O‘shandan beri uning siyosiy karyerasi shiddatli sur’atda o‘sib keladi.

Sardor Berdimuhamedov 2019-yilning yanvarida Axal viloyati hokimi o‘rinbosari etib tayinlandi. Oradan olti oy o‘tgach, hokim bo‘lib yetishdi.

2020-yil fevral oyida u sanoat vaziri etib tayinlandi. Ushbu lavozimida bir yil ishlagach, bosh vazir o‘rinbosari yoki Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Turkmanistonda muhim lavozim hisoblanadi, chunki mamlakatda bosh vazir lavozimi mavjud emas va prezident, ya’ni Sardorning otasi bir vaqtning o‘zida vazirlar mahkamasi rahbaridir.

Bu lavozimga tayinlanganidan keyin Sardor Berdimuhamedov Turkmanistondagi ikkinchi eng qudratli shaxsga aylandi.

Kenja Berdimuhamedov bu lavozimlarga qo‘shimcha ravishda bir vaqtning o‘zida Xavfsizlik kengashi a’zosi hamda hukumat byudjeti va xarajatlarini nazorat qiluvchi organ hisoblanuvchi Oliy nazorat palatasi rahbari etib ham tayinlandi.

Turkman davlat qishloq xo‘jaligi universitetini tamomlagan Sardor Berdimuhamedov Jeneva va Moskvada xalqaro munosabatlar bo‘yicha ham tahsil olgan. U oilali bo‘lib, to‘rt farzandi bor. Uning oilasi haqida boshqa hech narsa ma’lum emas.

Berdimuhamedov otasining salomatligi haqida mish-mishlar urchiy boshlashi ortidan tez suratda yuqori lavozimlarga tayinlana boshlandi.

To‘ng‘ich Berdimuhamedov o‘zini velosiped minishni va yugurishni xush ko‘radigan sport ishqibozi sifatida ko‘rsatib kelayotganiga qaramay, jiddiy kasalliklardan, jumladan, qandli diabetdan aziyat chekishi aytiladi.

Prezident 2019-yilning yozida bir necha hafta davomida jamoatchilik e’tiboridan g‘oyib bo‘ldi. Natijada ekstsentrik prezident komaga tushib qolgani yoki hatto o‘lgani haqida taxminlar paydo bo‘ldi. U omma nazariga qaytganidan keyin, o‘g‘lini vorislikka astoydil tayyorlashda davom etdi.

Turkmanistonning qattiq nazorat ostidagi davlat matbuoti Sardor Berdimuhamedovni «xalq o‘g‘li» deb atadi. Turkman matbuotiga ko‘ra, kenja Berdimuhamedov «hamkasblari hurmatiga» sazovor bo‘lgan «kamtar va mehribon» oila odamidir.

Biroq Berdimuhamedovning sobiq ishchilari so‘zlariga ko‘ra, uni kamtar va mehribon deya ta’riflab bo‘lmaydi.

Axal viloyati hokimiyatining sobiq xodimi qarorgohi Avstriyada joylashgan «Xronika Turkmenistana» saytiga bergan intervyusida Sardor Berdimuhamedov ishda bo‘lgan paytda xodimlarga jim o‘tirish, mobil telefonlardan foydalanmaslik va «mutlaqo zarur bo‘lmasa, o‘z ish joyidan tashqariga chiqmaslik» buyurilganini so‘zlab bergan.

Sobiq xodimning aytishicha, Berdimuhamedov qo‘lida ishlayotganlarga «bo‘yningni uzib tashlayman» deb tahdid qilgan holatlar bo‘lgan.

Sardor Berdimuhamedov o‘z xavfsizligiga katta e’tibor qaratishi aytiladi. Sobiq hamkasbining so‘zlariga ko‘ra, Berdimuhamedov otasi kabi ishga oynalari qoraytirilgan avtomashinalar kortejida hamda xavfsizlik xodimlari qurshovida qatnagan.

Berdimuhamedovning xonasi eshigi orqasida doimo qo‘riqchi turgan va sanoqli amaldorga uning kabinetiga kirib suhbatlashishga ruxsat berilgan.

Axal viloyatida yashovchilarning ayrimlari «Xronika Turkmenistana» nashriga xalq orasida Sardor Berdimuhamedovni oddiy xalq hayoti va muammolari qiziqtirmaydi, degan qarash shakllanganini so‘zlab berishgan.

Ularning aytishicha, Berdimuhamedov hokim bo‘lib ishlayotgan bo‘lishiga qaramay, muammolarini hal qilish ilinjida hokimiyatga kelgan odamlar bilan uchrashishdan bosh tortgan.

Sardor Berdimuhamedov hukumat lavozimlari bilan bir qatorda Turkman olabay itlar uyushmasi hamda qarorgohi Ashxobodda joylashgan Xalqaro axaltaka yilqichilik uyushmasi rahbari etib ham tayinlangan.

Olabay itlari hamda axaltaka otlari prezident Berdimuhamedovning sevimli hayvonlari bo‘lib, avtoritar prezident bu jonivorlar haqida kitoblar yozgan va ularga ulkan oltin haykallarni o‘rnatgan.

Kichik Berdimuhamedov ham otasi kabi bu hayvonlarni xush ko‘radimi yoki yo‘qmi, noma’lum. Bundan tashqari, aftidan kichik Berdimuhamedov otasi kabi qo‘shiq aytish, poyga avtomobillarini haydash va otishma kabi mashg‘ulotlarga qiziqmaydi.

Sardor Berdimuhamedov qashshoqlik, korruptsiya va ishsizlik hukm surayotgan mamlakatni boshqarishi kerak bo‘ladi. Turkmanistonda tug‘ilish darajasi nisbatan yuqori bo‘lishiga qaramay, mamlakat aholisi qisqarib bormoqda, chunki cheklangan imkoniyatlar va shaxsiy erkinliklardan charchagan millionlab odam vatanini tark etmoqda.

Sardor Berdimuhamedov prezident lavozimga kirishganidan keyin haqiqiy yetakchi bo‘ladimi yoki otasi o‘g‘li orqali mamlakatni o‘zi boshqarishda davom etadimi, hozircha noma’lum.

Nima bo‘lganda ham, ko‘pchilik turkman prezidentlik Berdimuhamedovlar oilasi qo‘lida qolar ekan, mamlakatda biron jiddiy o‘zgarish yoki haqiqiy rivojlanish kutmasa bo‘lishini aytishmoqda.

XS
SM
MD
LG