Ozodlik manbalarining bildirishicha, 29-aprel kuni Toshkent shahar Uchtepa tuman prokurori yordamchisi A.Q. 50 ming AQSh dollari miqdorida naqd pora olayotgan paytda qo‘lga olingan.
Bu haqda Ozodlikka O‘zbekiston huquq-tartibot idoralarining shaxsi sir qolishini so‘ragan xodimlari bir-biridan mustaqil ravishda ma’lumot berdi.
Bosh Prokuratura matbuot xizmati Ozodlikka bu ma’lumotni tasdiqlamadi, ammo inkor ham etgani yo‘q. Matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov o‘zida "bunday ma’lumot yo‘qligi"ni aytish bilan kifoyalandi. Ayni paytda Bosh prokuraturaning shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan xodimi Ozodlikka bu ma’lumotni tasdiqladi.
Manbalarning aytishicha, Uchtepa tuman prokurori yordamchisini naqd pora bilan qo‘lga olish operatsiyasini DXX xodimlari amalga oshirgan.
“Beton zavodiga aloqador tadbirkor DXXga Uchtepa prokurori pora so‘rayapti¸ deb murojaat qilgan. DXX prokuror yordamchisi obed payti pulni taksi ichida olayotgan paytda bosgan”¸ - deydi Ozodlik gaplashgan huquq-tartibot tizimi mulozimi.
Uchtepa prokuroriga pora berishga majburlangani ortidan DXXga murojaat qilgan tadbirkor shaxsi Ozodlikka ma’lum emas.
Oldi-berdida "kuryerlik" vazifasini bajargani iddao qilinayotgan prokuror yordamchisi hozirda hibsda saqlanmoqda¸ uning boshliqlari tergovga jalb qilingani borasida ma’lumot yo‘q.
Jimlik
Ozodlik manbalari hodisa ortidan Uchtepa prokurorining o‘rinbosari Iqbol Sultanovning tergovga olib ketilgani, ammo keyinroq "yuqorining aralashuvi" bilan qo‘yib yuborilganini aytmoqda.
Uchtepa tuman prokurori Alisher Qorayev bu lavozimga 2019-yil dekabrida tayinlangan. Ungacha Toshkent viloyat prokurorining tergov bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Uning joriy o‘rinbosari Iqbol Sultanov esa¸ 2019-yil oxirigacha Toshkent viloyati prokuraturasining korrupsiyaga qarshi departamentida ishlagani ma’lum.
6-may kuni Ozodlik Uchtepa tuman prokuraturasining telefon raqamlariga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi. Avtomat qurilma javobidan so‘ng¸ go‘shakni hech kim ko‘tarmadi. Shu bois Uchtepa tumani prokuraturasidagi voqeaning rasmiy tafsilotlari ma’lum emas.
O‘tgan bir hafta davomida¸ 500 dollar pora bilan qo‘lga tushadigan mayda amaldorlar haqida tinimsiz yozadigan mahalliy matbuot bu haqda lom-mim demadi.
Ozodlikning bir-biridan mustaqil manbalarining tasdiqlashicha, Uchtepa tuman prokurori Alisher Qorayev Prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovning yaqin qarindoshi - "jiyanining eri"dir.
Ozodlik manbalari prokuratura tizimidagi navbatdagi korrupsiya mojarosi jamoatchilikka oshkor etilmayotganiga Uchtepa prokurorining hokimiyatning yuqori doiralari bilan aloqalari sabab ekanini da’vo qilmoqda.
Ozodlik bu iddaolar yuzasidan Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaga ham bog‘landi. Hozirda xizmat safarida ekani va prokuror yordamchisining qo‘lga olinganidan bexabarligini aytgan Ortiqova "Bosh prokuratura faqat va faqat qonun doirasida ish ko‘rishi"ni ta’kidladi.
"O‘g‘rilar"ga qarshi unutilgan kurash
Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelishi bilan prokuratura tizimini keskin tanqid qilishni boshlagan edi.
2017-yilning 2-avgustida o‘tkazgani videoselektor yig‘ilishida prokurorlar haqida gapirgan Mirziyoyev:
-O‘zi birinchi o‘g‘ri ular. Hammani tag‘in o‘g‘rilikka da’vat qiladi. Eng katta o‘g‘ri ular, degan edi.
Mirziyoyev prokuraturani «o‘g‘ri va axlat»dan tozalash haqida katta va’dalar berdi¸ u prezidentlikka kelganidan so‘ng mamlakatning uchta sobiq Bosh prokurori qamaldi.
Ammo Uchtepadagi pora voqeasi munosabati bilan gaplashgan prokuratura va boshqa huquq tizimi xodimlari vaziyatning keyingi 5 yil ichida yanada yomonlashganini bildirdi.
«Oldin 70 foizi o‘g‘ri bo‘lsa¸ hozirga kelib 90 foizdan oshdi. Eng katta nahanglar eng tepada o‘tiribdi. Bilimli va halol kadrlar hozir o‘ziga boshqa ish qidirib yuribdi»¸ - dedi O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish tizimi xodimlaridan biri.
Tahlilchilar Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng prokuratura tizimi xodimlarining vakolatlari kengaytirilganiga e’tibor qaratishadi. O‘tgan yil yanvarida prezident mamlakatda korrupsiyaga "tashxis" qo‘yishni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga topshirgan. 2021-yil dekabrida u Bosh prokurorga korrupsiyaga qo‘l urgan "katta-katta hokimlarni jinoiy javobgarlikka tortish haqida buyruq bergan edi.
"Korrupsiyaga qarshi chindan kurashishni boshlasangiz, sizni hurmat qilishni boshlayman", deb aytgan Mirziyoyev Yo‘ldoshevga 21-dekabr kungi majlisda. Ammo o‘tgan vaqt mobaynida respublika miqyosidagi bironta rahbar korrupsiya uchun jazolanmagan.
2020-yil dekabrida Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilov Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevning o‘zini korrupsiya va “kriminal guruhlar”ni qo‘llab-quvvatlashda ayblab chiqdi. Fozilovning ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga sabab bo‘lgan chiqishi ortidan Prezident Administratsiyasi ayblovlarni “sinchkovlik bilan har tomonlama va xolisona tekshirish hamda holatga baho berishi"ni aytgan. Ammo Prezident Administratsiyasi olib borgan tekshiruv xulosasi hozirga qadar hech qayerda e’lon qilinmagan. Bosh prokurorni korrupsiyada ayblagan Buxoro shahar prokurorining keyingi taqdiri esa ma’lum emas.