Линклар

Шошилинч хабар
18 январ 2025, Тошкент вақти: 11:59

Ukrainadagi urush 2025-yilda tugaydimi? Ekspertlar fikri


Ukraina, Donetsk mintaqasi.
Ukraina, Donetsk mintaqasi.

Ukrainada mustahkam sulh bitimi hali-beri tuziladiganga o‘xshamaydi. Ammo, AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp urushni tezda tugatishga va’da berganini hisobga olsak, otashkesim bo‘lishi deyarli muqarrar. Xo‘sh, 2025-yilda qurollarning og‘zi yumilishi ehtimoli qancha va bu Ukraina uchun nimani anglatadi?

Rossiyaning Ukrainani tezda tiz cho‘ktirish rejasi to‘laqonli bosqinning ilk haftalaridayoq barbod bo‘lgan edi, ammo o‘shandan beri ikki yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, ko‘pchilikka bu urushning adog‘i yo‘qdek tuyulmoqda.

So‘nggi oylarda vaziyat o‘zgardi. Buning qator sabablari bor – jang maydonidagi vaziyat bilan bog‘liq omillardan tortib AQSHda Donald Tramp prezident bo‘lib saylanishi ortidan jamoatchilik fikrida yuz bergan evrilishlargacha. 2025-yil 20-yanvarda Oq uyga qaytajak siyosatchi Yevropada Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik qurolli mojaroga bir yoki ikki kun ichida nuqta qo‘yaman, deb bir necha bor bayonot bergan.

Xo‘sh, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi 2025-yilda rostdan ham tugaydimi?

Agar maqsad mustahkam sulh bitimi bo‘lsa, yo‘q, tugamaydi, deyishmoqda tahlilchilar. Ularning gapida jon bor: Rossiya prezidenti Vladimir Putin, sulhdan lof urgani bilan, Ukrainada Moskva hukmronligini qoldirmaydigan kelishuvga rozi bo‘lmaydi. Biroq bunaqa shart Kiyev va uning ittifoqchilari uchun maqbul emas.

Ekspertlarga ko‘ra, Putin Rossiya hamisha Ukrainaga tahdid solib turishini va, uning nazarida tamaddunlar to‘qnashuvidagi agressor bo‘lmish G‘arb bilan muqobala qilishini istaydi.

Украинага босқин: 1057-кун | Канберра австралияликнинг ўлими юзасидан Россиядан тушунтириш талаб қилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:48 0:00

Ukrainlar o‘z hududlarining rasman Rossiyaga berilishini va Moskvani Ukrainada qilgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortishdan voz kechishni nazarda tutuvchi sulhni qabul qilmaydilar.

“Menimcha, urush hali juda, juda uzoq davom etadi”, deydi Londondagi Strategik tadqiqotlar xalqaro institutining Rossiya va Yevroosiyo bo‘yicha eksperti Nayjel Guld-Devis.

Biroq o‘t ochishni to‘xtatishga intilish – bugungi kun voqeligidir, ayniqsa Trampning va’dalarini hisobga olganda. Otashkesim muzokaralari bo‘lishi ehtimoli tobora ortmoqda.

“Tramp rossiyaliklar va ukrainlarni ham o‘zi bilan, ham bir-birlari bilan gaplashishga majbur qiladigan ko‘rinadi. Bu yaxshi g‘oya”, deydi Ozodlik bilan suhbatda Crisis Group'ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha dasturlari direktori Olga Oliker.

“O‘ylaymanki, 2025-yilda maxfiy yoki ochiq muzokaralardan so‘ng de-yure bo‘lmasa ham, de-fakto otashkesimni ko‘ramiz”, deydi Londondagi Qirollik kolleji huzuridagi Rossiya instituti professori va Yevropa siyosati tahlil markazining demokratik barqarorlik bo‘yicha direktori Sem Grin.

Yer va xavfsizlik

Otashkesim kelishuvi qopqon bo‘lishi ham mumkin, xususan, Rossiya undan qayta guruhlanish va yana hujum qilish uchun foydalanishi ehtimoli bor. Agar Ukrainani himoya qilish va Rossiyani tiyib turishning samarali mexanizmlari yaratilmasa, shunday bo‘lishi tayin.

Shuningdek, har qanday bitimga xos g‘ovlar ham mavjud. Ularning ayrimlari mojaroning eng muhim aspektlaridan kelib chiqadi.

Masalan, hududlar masalasi. Otashkesim bitimi bugun muqarrardek tuyulayotgan ekan, bunga Rossiyaning jang maydonida juda sekinlik bilan va favqulodda katta talafotlar evaziga erishayotgan, ayni chog‘da barqaror siljishlari manzarasida “horigan, holdan toygan va chekinayotgan” Ukraina Rossiya okkupatsiya qilgan hududlarning katta qismini Moskva vaqtincha norasmiy tarzda nazorat qilib turishi sharti bilan o‘zida saqlab qolishga mayl bildirayotgani qisman sabab bo‘layotir.

Ammo Putinga bu kamlik qiladi. U Ukrainaning to‘rt viloyatini, jumladan bu viloyatlarning hozirdaukrain harbiylari nazorat qilib turgan hududlarini tamomila Rossiyaga tegishli deb e’tirof etish talabi muhokama qilinishi mumkin emas deb hisoblaydi. Kiyev esa bunaqa pozitsiyani qabul qila olmaydi, albatta.

Bitim yo‘lidagi yana bir g‘ov – Ukraina uchun jiddiy, samarador xavfsizlik kafolatlari zaruratidir.

Rossiya Ukrainaning NATOga kirishiga mutlaqo qarshi. Moskva to‘laqonli bosqinning oldini olish chorasi sifatida Kiyevdan hech qachon alyansga a’zo bo‘lmaslikka ishontirishni talab qilgani ma’lum. Shu bois tahlilchilar G‘arb harbiy blokiga a’zolikning virtual ekvivalenti bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday kelishuv Kremlni g‘azabga soladi, deyishmoqda.

Guld-Devis fikricha, Kiyevning G‘arbdagi ittifoqchilari kafolat shakli emas, mazmuni mavjud bo‘lgan biron-nima tashkil qilishga uringudek bo‘lsalar, Putin bunga yo‘l qo‘ymasligini darhol ochiq anglatajak.

“Buning shakl-shamoyilini tasavvur qilish juda, juda qiyin”, deydi ekspert ikkala tomonni ham qoniqtiradigan xavfsizlik kafolatlari haqida gapirar ekan.

“Uning g‘alaba nazariyasi”

So‘nggi haftalarning muhokama mavzularidan biri – o‘t ochish to‘xtatilgan taqdirda Ukrainaga G‘arb qo‘shinlarini yuborish istiqbolidir. Yevropada bu masalada ixtilof bor. Rossiyani esa Ukrainada chet el harbiylari bo‘lishi umuman qoniqtirmaydi.

“Kreml otashkesimga rioya etilishini nazorat qilish chizig‘ida G‘arb qo‘shinlari, xususan NATO kuchlarini ko‘rishni istamaydi. Chunki u tashabbus kuchini saqlab qolishni, yana eskalatsiya bo‘lsa vaziyatni o‘z qo‘liga olishni ko‘zlamoqda”, deydi Grin.

“G‘arb bilan Kiyev Moskvani bitimni qabul qilishdan boshqa tanlov qolmaydigan pozitsiyani egallashga majbur eta oladimi, yo‘qmi? Hamma gap shunda”, qo‘shimcha qiladi u.

Rossiya jang maydonida ilgarilayotgan, uning iqtisodiyoti sanksiyalarga bardosh berayotgan va G‘arbning Ukrainaga kelgusi yordami borasida mavhumliklar qolayotgan hozirgi sharoitda bu istiqbol juda yiroq tuyuladi.

“Ayni paytda Putin o‘zining g‘alaba nazariyasini tasdiqlanyapti deb hisoblaydi va Rossiyani Ukraina kabi kichikroq dushmanga qarshi urush yukini ko‘tarish, uni harbiy ma’noda ezib tashlash va siyosiy jihatdan G‘arbga dosh berish uchun yetarlicha buyuk va kuchli mamlakat deb biladi”, deydi Guld-Devis.

“Putinni o‘z fikrini o‘zgartirishga va kelajakka boshqacha ko‘z bilan qarashga faqat Tramp ma’muriyati majbur qila olishi mumkin. Buning uchun Tramp Putinga qattiq bosim o‘tkazishi, urushni davom ettirishning iqtisodiy oqibatlari bilan tahdid qilib uni o‘z rejimi xavf ostida qolajagiga ishontirishi kerak bo‘ladi”, qo‘shimcha qiladi u.

Tramp urushni qanday qilib tugatmoqchi ekani haqida hech nima demagan. U Ukrainaga harbiy yordamni ham Kiyevga, ham Moskvaga ta’sir o‘tkazish vositasi o‘laroq qo‘llashini aytgan, xolos.

Putin Tramp lavozimga o‘tirishini kutyapti va, aftidan, bir-biriga zid mujdalar yo‘llab ikki yoqlama o‘yin qilayotir, ya’ni Rossiyani konstruktiv va yon berishga tayyor qilib ko‘rsatish barobarida Kiyev va G‘arb uchun maqbul bo‘lgan har qanday bitim yo‘lida turli to‘siqlar tiklamoqda.

Yorqin misol: 19-dekabr kuni to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot chog‘ida u Rossiya Ukraina bo‘yicha kompromisga tayyorligini bildirdi va ketidan, buning aksiga guvohlik beruvchi bir qancha gaplar aytdi.

"Putin tuzumi urush atrofiga qurilgan".
"Putin tuzumi urush atrofiga qurilgan".

“Urush atrofiga qurilgan”

Bir tarafdan, Putin Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni nolegitim lider qilib ko‘rsatadi, u bilan hech qanday bitim tuzmasligini ta’kidlaydi. Boshqa tarafdan esa, to‘laqonli bosqin boshlanganidan bir necha oy o‘tib Moskva bilan Kiyev o‘rtasidagi muloqot uzilib qolishi arafasida e’lon qilingan Istanbul kommyunikesi har qanday muzokaralar uchun asos bo‘lishi kerakligini iddao qiladi.

“Putin nafaqat NATOga a’zo bo‘lishdan voz kechgan, balki demilitarizatsiya qilingan, ya’ni Rossiya uchun kelgusida oppa-oson o‘lja bo‘ladigan neytral Ukraina yaratilishini nazarda tutuvchi ushbu kelishuvlar kelgusida har qanday sulh bitimi markazida bo‘lishi shart deb hisoblamoqda. U sulh tuzish jarayonini mumkin qadar qiyinlashtiryapti, ayni chog‘da o‘zini kelishuv uchun tap-tayyordek ko‘rsatishga urinmoqda”, degan edi Rossiya bo‘yicha ekspert Mark Galeotti 22-dekabr kuni o‘z podkastida.

Sem Gringa ko‘ra, Putin Ukrainaga tahdid solishda davom etajagiga va G‘arb bilan ziddiyatini saqlab qolishiga amin bo‘lgan taqdirdagina zo‘ravonlikdan voz kechish va otashkesimni muhokama qilishga tayyor bo‘lishi mumkin.

“Rossiya iqtisodiyoti hozirda faqat urush sharofati bilan ishlab turibdi. Rossiya siyosiy tizimi urush atrofiga qurilgan. Bu tizim o‘ta markazlashuvni, repressiyalarni, mafkuraviy nazoratni oqlaydi. Kreml otashkesim tomon yuz burganida ham Ukraina bilan, G‘arb bilan konfrontatsiyani hozirgi darajada, hatto kengroq ma’noda saqlab qolishga intiladi, deb o‘ylayman”, deydi Grin Ozodlikka bergan izohida.

Propaganda nuqtai nazaridan Putin va Kreml o‘ziga ritorik manyovrlar uchun kattagina maydon qoldirdi: ular hatto muvaqqat yoki qisman g‘alabani ham bir necha usulda belgilashlari mumkin, deb ishonadi Grin.

Украинага босқин: 1049-кун | Украина Курскка бостириб кирганига 5 ой тўлди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:42 0:00

“Ulkan xato”

Olga Oliker fikricha, Rossiyaning hududiy va boshqa masalalarga doir iddaolari bitimga erishishni butkul istisno qila olmasligini aytadi.

“Muzokaralar boshlanishi juda muhim. Boshlanganidan keyin esa tomonlar muzokaralardan oldin rad qilib kelgan ayrim yonberishlarga rozi bo‘lishlari mumkin”, deydi ekspert.

2025-yilda bitim tuziladi deb hech kim aniq aytolmaydi. Biroq muzokaralar bo‘lib, kelishuvga erishilgan taqdirda G‘arb mamlakatlari juda ehtiyotkor bo‘lishi va masalani hal qilingan deb hisoblamasligi kerak.

“Yevropaning har qanday otashkesim bitimiga reaksiyasi favqulodda muhim – Ukraina uchun ham, yevropaliklarning o‘zlari uchun ham”, deydi Ozodlik bilan suhbatda Londondagi Qirollik kollejining harbiy tadqiqotlar kafedrasi eksperti Rut Deyermond.

“Ko‘plab mamlakatlar, aksar hollarda Rossiya buzg‘unchiligi oqibatida kelib chiqqan ichki siyosiy tug‘yonlarni boshidan kechirmoqda. Otashkesim bitimi ularga xuddi urushning yakuni va Rossiya bilan aloqalarni qaytadan yo‘lga qo‘yish uchun imkoniyatdek ko‘rinishi mumkin. Bu katta xato bo‘ladi. Chunki Rossiya Yevropa xavfsizligiga jiddiy, an’anaviy va noan’anaviy tahdidlarini davom ettirajagiga shubha yo‘q”, ogohlantiradi Deyermond.

XS
SM
MD
LG