Ukraina hukumati Markaziy Osiyo mamlakatlarining Rossiya tarafida jang qilgan 50 dan ortiq fuqarosi asirlikda saqlanayotganini ma’lum qildi. Ular qanday qilib Rossiya armiyasiga qo‘shilib qolgan? Asirlikda ularni nima kutmoqda? Rossiya va o‘z mamlakatlari ularni qaytarishdan qanchalik manfaatdor? Ozodlik radiosining qirg‘iz xizmati bu asirlardan ayrimlari va ularning qarindoshlari bilan suhbatlashdi.
Ayni paytda Ukrainadagi harbiy asirlar orasida markaziy osiyolik 54 kishi, xususan:
1 qirg‘iz,
21 qozoq,
18 tojik,
14 o‘zbek bor.
Bu odamlarning ko‘pi o‘z mamlakatlari pasportidan tashqari Rossiya pasportiga ham ega. Masalan, qozog‘istonlik 21 asirdan atigi 6 nafari faqat Qozog‘iston fuqarolari ekan, qolganlarda Rossiya pasporti ham bor.
Maxfiylik talabi tufayli ukrain hukumati va asirlarni qidirish bilan shug‘ullanuvchi loyihalar urush boshlanganidan beri asirga tushgan va Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida ayirboshlangan markaziy osiyoliklarning aniq sonini ochiqlamaydi. Shunga qaramay, Ozodlik radiosi sobiq va hozirgi asirlardan bir nechtasi bilan gaplashishga muvaffaq bo‘ldi.
“Rossiyada o‘qishga kirib, shu yerda qolib ketgan”
2024-yil oxirida Ukraina hukumatiga aloqador “Nash vixod” loyihasi asirga tushgan bir erkak videosini e’lon qildi. Videoda u qiziga murojaat qilib, Rossiya hukumati unga “harbiy asir” maqomini berishi shartligini aytadi.
57 yoshli T.J., kartochkasida “etnik qirg‘iz va Rossiya fuqarosi” deb ko‘rsatilgan. Ukrainaning davlatga oid “Xochu jit” loyihasi qaydlariga ko‘ra, u 2024-yilning sentyabrida Donetsk viloyatidagi janglarda asir olingan. Ukraina idoralari uni harbiy asir deb tan olgan va ushbu maqomni tasdiqlovchi maxsus guvohnoma bergan. Hujjatda yozilishicha, T.J. Rossiya armiyasida serjant tariqasida xizmat qilgan va Moskva viloyatidagi harbiy qismdan urushga jo‘natilgan.
Ozodlikning qirg‘iz xizmati ushbu qirg‘izistonlikning qarindoshlarini topdi va o‘zini uning qizi deb tanishtirgan ayol bilan gaplashdi. Ayol otasining Ukrainada olingan videosini Rossiyadagi harbiy komissariatga olib borganini, shundan so‘ng uni harbiy asir deb tan olishganini so‘zlab berdi.
“Ha, u qirg‘iz. Rossiya oliy o‘quv yurtida o‘qib, shu yerda qolib ketgan, – dedi Ozodlik suhbatdoshi. Otam asirga tushganidan xabarimiz bor, u ozod bo‘lishi uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz. Rossiya idoralariga murojaat qildik: unga rasman harbiy asir maqomi berildi. Uyga qaytishini kutyapmiz”.
“Bu otam qatnashgan birinchi urush emas. Sovet Ittifoqi yillarida u afg‘on urushida ham bo‘lgan”, qo‘shimcha qildi asirning qizi.
“Jang qilmoqchi emasdim, askarlarga oshpazlik qilaman deb o‘ylovdim”
Rossiya tarafida jang qilib asirga tushgan harbiylar Ukraina hududidagi maxsus jamloqlarda saqlanadi. O‘sh shahrida tug‘ilgan qirg‘iz fuqarosi urushning ilk kunlaridayoq asirga olinib, 2022-yilning martida ana shunday jamloqlardan biriga keltiriladi.
Videoda qirg‘izistonlik millati rus va 27 yoshdaligini, 2022-yil martda Sumi viloyatida bo‘lgan janglar chog‘ida asirga olinganini aytadi. Tizme.gov.kg qaydlarida ushbu asir rostdan ham Qirg‘iziston fuqarosi deb ko‘rsatilgan edi, biroq Ozodlik unda Rossiya pasporti ham borligini aniqladi.
Asir videoda Rossiya hukumatidan yordam so‘raydi: “Iltimos, bizga yordam bering. Men uyimga to‘rt mucham butun holda qaytishni istayman”. Video qanday shart-sharoitda olingan, qirg‘izistonlik unda o‘z xohishi bilan tushganmi yoki majburan – bunisi Ozodlikka ma’lum emas.
Ozodlik muxbiri video qahramoni tug‘ilib o‘sgan O‘sh shahrida, u o‘qigan maktabda bo‘ldi.
“U maktabimizga 2009 yilda kelib, 6-sinfga qabul qilingan edi, – deydi maktab muallimasi Aq-Moor Sidiqova. – So‘ngra 2013-yilda u kollejda o‘qigani ketdi. Oddiy oiladan chiqqan, hamma qatori kiyinardi. Maktabdan keyin taqdiri nima bo‘lganini bilmayman”.
Ko‘p o‘tmay asirni almashishdi va u Rossiyaga qaytdi: hozirda u Rossiya shaharlaridan birida yashamoqda. Sobiq asir Ozodlik bilan suhbatda Qirg‘izistonda tug‘ilib o‘sganini va ushbu mamlakat fuqarosi ekanini, Rossiya armiyasiga esa o‘z ixtiyori bilan kirganini tasdiqladi. Biroq, aytishicha, jang qilmoqchi bo‘lmagan, askarlarga ovqat pishiraman deb o‘ylagan.
“Qirg‘izistonda tug‘ilib, o‘sha yerda o‘qiganman. Urushning eng boshidayoq asir tushib qoldim, eng birinchi asir olinganlardan biri edim desam ham bo‘ladi, – deydi suhbatdoshimiz. – Asirlikda sharoit xuddi qamoqxonanikidek, lekin bizga munosabat yomon edi deya olmayman. Bir oygina asir bo‘ldim. Omadim chopdi, chunki ayrimlar yillab asirlikda qolishadi”.
Ukraina uni 2022-yil aprelda ozod qildi: o‘shanda Rossiya bilan Ukraina 86 nafar asirni almashishgandi.
Ozodlikning “Asirlikda boshqa qirg‘izistonliklarni uchratmadingizmi?” degan savoliga u vatandoshlaridan hech kimni ko‘rmaganini aytdi.
“O‘sha paytlar asirlar orasida qirg‘izistonliklar yo‘q edi. Asosan ruslar, tatarlar, boshqirdlar, tuvaliklar bor edi”, dedi u.
“Hozir urush haqida hech narsa o‘qishni ham, eshitishni ham istamayman. Sog‘-salomat qaytganimga xursandman, – dedi so‘zining oxirida Ozodlik suhbatdoshi. – Ochig‘i, urushga ketayotganimni bilmagandim ham. Harbiy qismda bizni 1-2 kungina ushlab turib, darhol jo‘natishdi. Qaytganimdan so‘ng urushda qatnashishdan bosh tortaman deb ariza yozib berdim. Eshitishimcha, bizning qismdan ayrimlar asirga tushib, ozod qilingach, yana urushga jo‘nab ketibdi. Menimcha, ko‘pchilik pul uchun shunga rozi bo‘lgan”.
Ozodlik unga: “Boshqa mamlakat hududida harbiy harakatlarda ishtirok etganingiz uchun Qirg‘izistonda sizni jinoiy javobgarlikka tortishlari mumkinligini bilasizmi?” deya savol berdi. Erkakning javobiga ko‘ra, “bundan xabari yo‘q” ekan.
“U – tirik qolgan yagona askar, qolganlar yetib kelolmadi”
Ukrain harbiylari asirga olganlar orasida Markaziy Osiyodagi boshqa xalqlar vakillari ham bor. 2024-yilning dekabrida Zaporojye yo‘nalishida O‘zbekiston fuqarosi ushlangani ma’lum bo‘lgan edi: bu haqda “Spartan” tezkor brigadasi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali xabar qilgan.
Brigadaning 4-operativ batalyoni zobiti Artyom Sholudko Ozodlik radiosining “Novosti Priazovya” loyihasiga bu voqea qanday bo‘lgani haqida so‘zlab berdi.
“Guruh to‘rt nafar askardan iborat edi. Ammo bizning marragacha faqat u yetib keldi. O‘zi aytishicha, unga qaysi yo‘nalishda harakatlanishni va hujum uchun qaysi pozitsiyalarni egallashni ko‘rsatib, oldingi chiziqqa jo‘natganlar. Birgina u tirik qolgan, boshqalar yo‘lda o‘lib ketgan. Ularning qo‘llarida hatto ratsiya bo‘lmagan”, deydi ukrain zobiti.
Sholudkoga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi Rossiyaga mehnat migranti sifatida kelgan va Moskvadagi bir restoranda ishlagan. So‘ngra uni frontga jo‘natishgan, bo‘linmalardan birida oshpaz bo‘lib xizmat qilgan. Ammo keyin komandiri uni boshqa askarlarga qo‘shib shturmchilar otryadiga qo‘shib qo‘ygan.
Harbiy asirlarga oid bu kabi ma’lumotlarni tekshirish har doim ham oson bo‘lmaydi. Biroq Rossiya kuchishlatar idoralari markaziy osiyolik va boshqa postsovet mamlakatlardan kelgan migrantlarni Ukrainaga qarshi urushga borishga majburlagani doir o‘nlab holatlar ma’lum.
Yana bir o‘zbekistonlik 2025-yil yanvarda, Kiyev bilan Moskva og‘ir yarador asirlarni o‘zaro almashgan paytda qaytarildi. O‘shanda Ukraina Rossiyaga 25 nafar askarni qaytargan, ulardan biri 26 yoshli o‘zbekistonlik edi. Ukraina tomoni yoyinlagan videoda u asirlikda 1 yil-u 3 oy bo‘lganini, bir qo‘lidan ajralib, oyog‘idan yaralanganini aytadi:
“Ketayotganimda yonimdagi yigit: “Seni olishdi, meni olishmadi, men sendan ko‘proq qolaman bu yerda” deb norozi bo‘ldi. Unga har narsaning o‘z vaqt-soati borligini aytdim. Men ham uzoq kutganman, bolalarimni sog‘inib tuni bilan yig‘lab chiqqanman”, deydi videodagi erkak.
“Birinchi galda shov-shuvga sabab bo‘lgan asirlar almashiladi”
Yana bir mashhur qirg‘izistonlik asir – Alisher Tursunov. Ozodlik ilgari u haqida yozgan edi.
Asirga tushgan paytda Tursunov 56 yoshda bo‘lgan. U farzandlarini ko‘rish uchun Qirg‘izistondan Rossiyaga jo‘naydi, lekin oradan ikki hafta o‘tgach vatanidagi qarindoshlari u bilan bog‘lana olmaydilar. 23-may kuni “Plenniye SVO” kanalida uning videosi chiqadi: rolikda u Ryazanda politsiyachilar uni ushlashganini aytadi (o‘sha paytda “Krokus” teraktidan so‘ng butun Rossiya bo‘ylab migrantlarga qarshi reydlar bo‘layotgandi). Qirg‘izistonlikka ko‘ra, uni to‘rt kun zax va qorong‘i joyda och-nahor ushlab turishgan, shundan so‘ng u Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolashga majbur bo‘lgan.
Frontda uni granatomyotdan otishga va xandaq qazishga majburlaganlar, keyinroq esa u ukrain armiyasiga asirga tushgan. Ikki oydan so‘ng, 2024-yilning iyulida asir almashish orqali Tursunovni Rossiyaga qaytarganlar.
Qarindoshlari Alisher Tursunov hozirda qayerdaligini aytishdan bosh tortishdi. Ammo ular Ozodlikka ta’kidlashicha, Tursunov voqeasi jamiyatda rezonans chiqargani sababli uni tezda asirlikdan qutqarib olishgan.
Migrantlar bilan ishlovchi yurist Mirlan Toqtobekov bu fikrga qo‘shiladi:
“Rossiya tomoni ham, Ukraina ham eng avvalo shov-shuvga sabab bo‘lgan odamlarni ozod qilishga harakat qiladi”, deydi u.
“Rossiya eng og‘ir janglarda ularni oldingi chiziqqa tashlaydi”
Ukraina Harbiy asirlar masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtabining kotibiyati rahbari Bogdan Oxrimenko Rossiya aldash-majburlash yo‘li bilan shartnoma imzolatgan chet ellik askarlarni frontning eng og‘ir uchastkalariga tashlashini va ular yoppasiga qirilib ketishini urg‘ulaydi. Jumladan, markaziy osiyoliklarga ham munosabat shunday, deydi u.
“Ular turli joylarda asirga olingan. Lekin bir umumiyligi bor – bular bari qaqshatqich janglar bo‘lgan hududlarda edi, – izoh beradi Oxrimenko. – Rossiya eng og‘ir janglarda ularni oldingi chiziqqa tashlashiga yana bir karra amin bo‘ldik. Bu odamlar Baxmut, Belogorovka, Avdeyevka, Toretsk, Pokrovsk kabi yo‘nalishlarda hujumga yo‘llangan. Kursk viloyati hududida bo‘lgan amaliyot chog‘ida asirga tushganlar ham bor. 2022-yilda, 2023-yilda, 2024-yilda qo‘lga olingan asirlar bor”.
Ayni chog‘da Oxrimenko Moskva boshqa mamlakatlar fuqarolari bo‘lmish harbiy asirlarni qaytarishdan “manfaatdor emas” deb hisoblaydi:
“Rossiya hukumati odatda o‘z fuqarolarini, ayniqsa mamlakatning Yevropa qismidan, Moskva, Sankt-Peterburg kabi shaharlardan bo‘lgan asirlarni va ayrim zobitlarni qaytarishga harakat qiladi. Boshqa mamlakatlar fuqarolari yoki Rossiyada yashovchi g‘ayriruslar ular uchun uncha qiziq emas”, deydi u.
Rossiya rasmiylari buni inkor etishadi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova mamlakat “dini, millati yoki qaysi harbiy bo‘linmaga mansubligidan qat’i nazar” barcha harbiy asirlarni qaytarajagini iddao qilgan edi.
Migrantlar bilan ishlovchi ekspertlar Rossiya tarafida jang qilish uchun urushga ketgan markaziy osiyoliklar Ukrainada bedarak yo‘qolgan yoki asirga tushgan taqdirda ham ularning vatandagi qarindoshlari jurnalistlar bilan muloqotdan va jamoatchilik e’tiborini tortishdan o‘zlarini olib qochishlarini alohida ta’kidlaydilar. Bu sukut O‘zbekiston rasmiylari boshqa mamlakatlar hududida harbiy harakatlarda ishtirok etgan fuqarolar “yollanish” moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka tortilajagi haqida ochiq ogohlantirgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Mazkur jinoyat uchun 5 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi belgilangan.
“O‘zbek mediasida urushda qatnashayotgan O‘zbekiston fuqarolariga doir ma’lumotlar juda kam. Urushning boshlarida O‘zbekistonda bir necha fuqaro ustidan jinoyat ishlari ochilgach, ular ham, qarindoshlari ham jurnalistlar bilan gaplashmay qo‘yishdi, – tushuntiradi “Migrant.Uz” portali asoschisi Botir Shermuhammad. – Qolaversa, o‘zbek hukumatining o‘zi ham asir tushgan samarqandliklarning qarindoshlariga bu haqda ommaga gapirishni taqiqlab qo‘ydi”.
“O‘zbekiston hukumati urushda ishtirok etayotgan fuqarolari to‘g‘risida rasmiy axborot bermagan. Biz kanalimizda Rossiya tarafida urushib, ukrainlarga asir tushgan o‘zbekistonlik videosini e’lon qilgan edik. Asirlarga doir boshqa ma’lumot yo‘q”, deydi Ozodlik suhbatdoshi.
Ukrainada asirlikda saqlanayotgan o‘nlab markaziy osiyoliklar taqdiri hozircha mavhum qolayotir. Ukrainaning Harbiy asirlar masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtabi Markaziy Osiyo aholisini Rossiya Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushdan nari turishga chaqirmoqda.
“Bu odamlarning taqdiri ayanchli, chunki ular o‘z mamlakatiga ham, Rossiyaga ham kerak emas. Bizga (Ukrainaga) ham ularning keragi yo‘q, – deydi Harbiy asirlar masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtabi xodimi Pyotr Yatsenko. – Biz ularni ukrain soliq to‘lovchilari hisobidan boqqandan ko‘ra, tezroq Rossiyada asirlikda saqlanayotgan o‘z askarlarimizga almashtirganimiz yaxshi. Ammo bularni hech kim so‘ramayapti. Rossiya armiyasiga kirishdan burun o‘ylash kerak edi qayoqqa borishayotgani-yu nimaga rozi bo‘lishayotganini va buning oqibatlari nima bo‘lishini”.