Линклар

Шошилинч хабар
23 феврал 2025, Тошкент вақти: 07:24

Urush va alkogolizm. Rossiyada aholi kamayib, tug‘ruqxonalar yopilmoqda


Rossiyadagi tug‘ruqxona. Illyustrativ surat
Rossiyadagi tug‘ruqxona. Illyustrativ surat

Rossiyada tug‘ilishlarning mutlaq soni mamlakat tarixidagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lgan 2000-yilga miqdorga yaqinlashdi, deya ma’lum qildi RF sog‘liqni saqlash vazirining birinchi muovini Viktor Fisenko. Tug‘ilishning rekord kamayishi manzarasida tug‘ruqxonalar va ayollar maslahatxonalari ommaviy yopilmoqda. Roszdravnadzor qaydlariga ko‘ra, so‘nggi 5 yilda mamlakatda 150 ta davlat tibbiyot muassasasi tug‘ruqni qabul qilishga ruxsat beruvchi litsenziyadan mahrum qilingan. Shuningdek, shifokorlar aytishicha, kasalxonalarda akusher, ginekolog va neonatologlar yetishmaydi. Sababi – tug‘ilish kamayganidir, ayni sharoitda butun-butun bo‘limlar yoki ixtisoslashgan shifoxonalarni saqlash o‘zini oqlamayapti.

Rosstat ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyada tug‘ilishlar soni kamayishda davom etmoqda. 2024-yilning 10 oyida 1028 mingta chaqaloq dunyoga kelgan – bu 1999-yildan (u paytda Checheniston va Qrim statistikaga qo‘shilmagan) beri eng past ko‘rsatkichdir. Tug‘ilishning yalpi koeffitsiyenti (TYK, bitta ayolga to‘g‘ri keladigan bolalar soni) 2024-yilda 1,43 ga tushgan. Bu esa 2008-yildan beri eng past miqdor bo‘ldi. O‘limlar soni tug‘ilishga nisbatan ko‘pligi hisobiga aholining “tabiiy kamayishi” 2024-yilning uch choragida – 496 ming kishiga, yil yakuni bo‘yicha esa qariyb 600 ming kishiga yetgan va bu 2023-yilgi ko‘rsatkichdan 20 foizga yuqori. Rossiya hukumati yangi strategiyada 2030-yilgacha mamlakatda tug‘ilishni hozirgi Fransiyadagi darajaga yetkazishga umid qilmoqda.

Chuqur

Demograflar ta’kidlashicha, tug‘ilishlarning rekord kamayishini 90-yillar intihosidagi “demografik chuqur” va uning oqibatida tug‘ishga layoqatli ayollar soni kamaygani bilan oqlash mumkin bo‘lsa, tug‘ilish koeffitsiyenti (TYK)ga hukumat ta’sir qila olardi. Biroq buning uchun mutlaqo besamar choralar tanlangan.

Demograf va iqtisodchi Aleksey Raksha Rossiyada aholi kamayishi sur’ati oshishini 2019-yildayoq bashorat qilgandi. 2024-yilning uch choragida o‘lim tug‘ilishdan ko‘pligi tufayli aholining “tabiiy kamayishi” 400 ming kishiga yetdi, bu burnog‘i yilgidan chorak baravar ko‘p, ayni chog‘da tug‘ilish ko‘rsatkichi urushga juda qattiq bog‘liq emas, deb hisoblaydi olim.

“Urush kimgadir tug‘maslik uchun sabab bo‘ldi, kimgadir esa aksincha. Ayrimlarning daromadi kamaydi, erkagi urushga ketib, buning uchun pul olayotgan oilalarda esa, aksincha, oshdi. Ushbu kutilmagan omillar bir-birini to‘ldirdi: kimlardir urush tufayli bola ko‘rishga qaror qildi, kimlardir bu ishni keyinga qoldirdi. Ammo farzand ko‘rishni keyinga qoldirganlar baribir ko‘proq”, deydi Raksha.

Demografga ko‘ra, galdagi besh yilda trend davom etadi – tug‘ilganlar o‘lganlardan kamroq bo‘ladi, chunki reproduktiv yoshdagi odamlar soni qisqarmoqda. Ammo keyin, 2030-yilga borib nulinchi yillar avlodi oila qurishga tayyor bo‘ladi va tug‘ilish ko‘rsatkichi o‘sishi mumkin.

Olimning fikricha, o‘limning eng muhim ko‘rsatkichi bu umr uzunligining 73,5 yoshdan 72,5 yoshga kamayganidir. Suhbatdoshimiz buning asosiy sabablari alkogolizm va urush deb hisoblaydi.

Aleksey Raksha aytadiki, Rossiyada yurak-tomir kasalliklari tufayli sodir bo‘layotgan o‘limlarning beshdan biri ichkilikbozlik bilan bog‘liq. Ushbu statistikaga alkogolizm tufayli qilingan qotilliklar, suitsidlar, odam o‘limiga olib kelgan YTHlar, cho‘kib o‘lishlar va yong‘inda o‘lishlar kirmagan.

“Bularni ham qo‘shadigan bo‘lsak, Rossiyada tashqi sabablar tufayli sodir bo‘lgan o‘limlarning 2/3 qismi alkogol bilan bog‘liq bo‘lib chiqadi. Shunday ekan, Rosstatning “50 mingta o‘lim bevosita alkogol bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra yuz beradi” degan ma’lumotini aslida “120-130 ming o‘lim” deb o‘qish kerak”, ta’kidlaydi u.

Rakshaga ko‘ra, urush bo‘lmagan taqdirda ham o‘lim tug‘ilishdan ortiq bo‘lur edi, chunki tug‘ilishlar soni demografik chuqur tufayli kamayib ketgan. “Albatta, urushda o‘lganlar soni ham ta’sir qildi, lekin dinamikani keskin o‘zgartirgani yo‘q. Ayni chog‘da, urushda asosan yosh va o‘rta yosh erkaklar o‘layotgani sababli, buning kutilayotgan umr uzunligiga ta’siri tabiiyo‘limga ta’siridan ko‘ra ko‘proq, negaki urush bo‘lmaganida bu erkaklar uzoq yashashi mumkin edi. O‘rtacha o‘lim yoshi urushda 38 yoshni, front ortida xizmat qilayotgan erkaklarda 68-69 yoshni, butun aholi bo‘yicha esa 73,5-74 yoshni tashkil qilmoqda”, deydi olim.

Noto‘g‘ri rag‘batlantirish

Tug‘ilishning koeffitsiyenti (oiladagi bolalar soni) yaqin yillarda ham kamayishda davom etadi, deyishmoqda ishonch bilan demograflar. Buning sababi esa davlatning ikkinchi va keyingi bolalar tug‘ilishini rag‘batlantirish chora-tadbirlari samara bermayotganidir.

“TYK – aynan davlat ta’sir etishga urinayotgan ko‘rsatkich. Ikkinchi boladan boshlab joriy qilingan ona sarmoyasi bor, lekin, ko‘ryapmizki, oilalar bu pulni asosan uy-joyini yaxshilashga sarflamoqda. Qolgan barcha choralar ishlamayapti, – so‘zida davom etadi Raksha. – Bir necha yil muqaddam davlat ona sarmoyasi dasturini ikkinchi va keyingi bolalar tug‘ilishini kuchaytirilgan tartibda rag‘batlantirishdan birinchi bola uchun to‘lovlarga o‘tkazgandi (hukumat birinchi bola uchun 630 ming rubl, ikkinchi bola uchun esa, agar birinchi bola uchun ona sarmoyasi olib bo‘lingan bo‘lsa – 203 ming rubl to‘laydi). Bu katta xato bo‘ldi. Ona sarmoyasi birinchi farzandni dunyoga keltirish qaroriga deyarli ta’sir qilmayapti. Bu to‘lov qolsin, mayli, lekin ikkinchi va uchinchi bolalarga subsidiya ajratish kerak. Davlat esa tug‘ilish kamayishidan qo‘rqishiga qaramay, muammo yechimiga mablag‘ ajratishga shoshilmayapti”.

Россия: рейд, депортация ва уруш. 2024-йил ўзбек муҳожирлари учун қандай ўтди?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:34 0:00

Iqtisod fanlari doktori, professor Viktor Samaruxa bu fikrga qo‘shiladi. U urg‘ulashicha, Rossiya hukumati oilada birinchi bola tug‘ilishini va uning ertaroq dunyoga kelishini rag‘batlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarga e’tibor qaratib mutlaqo noto‘g‘ri qilmoqda.

“O‘tgan yil boshida Putin oilaviy ipoteka va ona sarmoyasi davlat dasturlarini 2030-yilgacha uzaytirdi, ko‘p bolali oila yagona maqomi to‘g‘risida farmon imzoladi. Ammo eng katta xato tuzatilmadi – ona sarmoyasining asosiy qismini birinchi bola uchun to‘lash davom etdi. Natijada ikkinchi farzandlar tug‘ilishi keskin kamaydi, – ta’kidlaydi ekspert. – Boz ustiga, kam ta’minlangan oilalarga yordam dasturi ishlamayapti. Ularga to‘lanayotgan nafaqa puli farzand ko‘rishga qaror qilishlari uchun yetarli emas. Daromadi kam ta’minlangan darajasidan bir oz yuqori bo‘lgan oilalar ham qo‘l uchida yashamoqda. Ular nafaqaga umid qilolmaydi. Ayrim er-xotinlar imtiyozli toifaga kirish uchun nomiga ajralishyapti. Mulozimlar bu soxta ajrashishlarni to‘xtatish uchun nikohni bekor qilishdan olinadigan davlat bojini oshirishdi, biroq ajralishlar kamaygani yo‘q”.

Ekspertlarga ko‘ra, ayni vaziyatda ikkinchi bola uchun oilaga ikki xonali kvartira o‘rniga kamida uch xonali kvartira olish imkonini beradigan subsidiya ajratish samarali yechim bo‘lur edi.

“Hozirgi narx-navoda bu poytaxtda qariyb 2 mln rubl bo‘ladi. Regionlarda esa ikkinchi va keyingi bolalar uchun kamida 500 mingdan ajratish kerak. Qolaversa, homiladorlik ta’tili davridagi ish haqini va bola tug‘ilishi uchun soliq chegirmalarini kompensatsiya qilish zarur. Bu tug‘ilish koeffitsiyentini 1,44 dan 1,65 ga (2024-yilda Putin TYKni 2,1 ga yetkazishga farmoyish bergan) ko‘tarishga yordam bergan bo‘lardi”, deydi Raksha.

Ekspertlar aytishicha, demograflar hukumatni Rossiyaning bitta regionida – Nijegorodsk viloyatida tajriba tariqasida ikkinchi bola uchun qo‘shimcha to‘lov joriy etishga ko‘ndirishgan. Birinchi va ikkinchi bola uchun million rubllik ona sarmoyasi federal byudjetdan va qisman regional byudjetdan to‘lanmoqda. Uchinchi va keyingi bolalar uchun to‘lovlar esa to‘liq mahalliy byudjetdan beriladi.

Birinchi bola uchun to‘lovning regional byudjetdan to‘lanadigan qismi “ota-onaning ish haqi” ko‘rinishida – uch yil davomida oyiga 10 ming rubldan beriladi. Shu tariqa federal byudjetdan jami 676 ming, mahalliy byudjetdan esa 324 ming to‘lanadi; ikkinchi bolaga – 500 ming rubllik sertifikat hamda oyiga 20 mingdan “ish haqi” sifatida jami 283 ming rubl; uchinchi bolaga 700 ming rubllik sertifikat va oyiga 30 mingdan “ish haqi” to‘lanadi. To‘rtinchi boladan boshlab birdaniga million rubl olish mumkin bo‘ladi.

Irkutskdagi bir maktabning boshlang‘ich sinflar muallimasi Anna V. davlat shunaqa moddiy yordami 2023-yil oxirida uni, ehtimol, “abort qildirishdan qaytargan bo‘lishi”ni aytadi.

“Bo‘yimda borligini safarbarlik boshlanganidan keyin bildik. Erim Qozog‘istonga ketish harakatida edi. Men kelgusi yilgacha o‘quvchilarimni tashlab qo‘ya olmasdim, erim bilan ketish esa xayolimga ham sig‘masdi. Ammo erimni qo‘llab-quvvatladim: urushda o‘lgandan ko‘ra ketgan yaxshi, dedim. Onam qarib qolgan, yolg‘iz qoldirib bo‘lmaydi, qarov kerak. Agar o‘sha paytda tug‘ruq ta’tili davrida oyiga aqalli 10 ming rubldan pul to‘lab turishganida edi, men, balki, homilamni oldirmagan bo‘lardim... Bu tomog‘imga bazo‘r yetardi, kvartira ijarasiga pul qolmasdi-yu, mayli, onamnikida yashab turardim hech bo‘lmaganda...”, deydi suhbatdoshimiz.

Ekspertlar qo‘shimcha qilishicha, ikkinchi farzandlarning ota-onalari ona sarmoyasini avvalo uy-joylarini yaxshilashga sarflashmoqda. Lekin ipotekaga emas – oilaviy ipoteka odamlarni qiziqtirmay qo‘ygan, kredit to‘lashga qurblari yetmayapti.

“Uchinchi va keyingi bolalar tug‘ilganda ipoteka uchun dastlabki to‘lov sifatida davlat g‘aznasidan 450 ming rubl to‘lab berish qoidasi hanuz bor. Ammo ipoteka tug‘ilishni rag‘batlantiruvchi chora bo‘lmay qolgan. Men Primorsk o‘lkasidagi natijalarni ko‘rdim – u yerda uchta va undan ko‘p bolali oilalarga ipoteka uchun million rublgacha pul to‘lanadi. Lekin bu foyda bermayapti. Regionda uchinchi farzandlar tug‘ilishi maksimum 2 foizga oshgan. Barcha oilalar shu qadar kredit olib tashlashganki, yangi ipotekalarga mablag‘ umuman yo‘q. Odamlar ipotekaga qullik, asorat deb qarashmoqda”, deydi Aleksey Raksha.

Путин: Мигрантлар болаларининг мактабларда кўпайиши-катта муаммо!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:36 0:00

Taqiqlar ishlamayapti

2024-yilda Rossiyaning 15 dan ortiq regionida “abortlarga moyillik” uchun jarimalar joriy etildi, federal miqyosda esa, hukumat nazarida, demografiyaga tahdid solayotgan “chayldfri” ideologiyasini taqiqlovchi qonun qabul qilindi. Ayni chog‘da 35 ta regionda homiladorlik ta’tiliga chiqadigan talaba qizlar uchun to‘lovlar belgilandi. Gap asosan 100 ming rubllik to‘lov haqida bormoqda, ammo Yamal-Nenes muxtor viloyatida birinchi farzand uchun talaba qizlarga uch million rubl va’da qilishmoqda.

Biroq, ekspertlarga ko‘ra, taqiqlovchi choralar mutlaqo besamar bo‘layotir.

“Har qanday taqiq aholini tinchlantirmaydi, qaytaga asabiylashtiradi. Odamlarda shusiz ham ertangi kunga ishonch sust, bu esa qo‘shimcha stress bo‘lyapti. Bunaqa choralar bola ko‘rish istagiga putur yetkazadi”, deydi Samaruxa.

Demograf Raksha bu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi.

“Taqiq tug‘ilishga qandaydir ta’sir qilayotganini ko‘rmayapman. Ayollarning taxminan 2,7 foizigina tug‘ishdan ongli ravishda voz kechadi, binobarin “chayldfri ideologiyasi”ni taqiqlash bilan vaziyatni o‘nglash imkonsiz. Ilmiy tajribalarga qaraganda, abort man etilishi hech qachon tug‘ilish ko‘payishiga olib kelmagan”, izoh beradi olim.

Talaba qizlarga farzand ko‘rgani uchun pul to‘lashning natijasi tug‘ilish ko‘payishi emas, balki tug‘ish yoshi pasayishi bo‘ladi, taxmin qiladi ekspert.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya aholisi soni 146 028 325 kishini tashkil qiladi.

XS
SM
MD
LG