Линклар

Шошилинч хабар
19 январ 2025, Тошкент вақти: 07:28

Urushga borgan yana bir o‘zbekistonlikning jazosi yengillatildi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi kurashgan O‘zbekiston fuqarosining jazosi yengillashtirildi.

Gazeta.uz nashrining sud hujjatlarini o‘rgangan holda yozishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani sudi 2024-yil 31-oktyabrida ushbu shaxsni Jinoyat kodeksining 154- (yollanish) va 223-moddalari (O‘zbekiston Respublikasining davlat chegarasini yorib o‘tish yo‘li bilan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) bilan aybdor deb topgan. Unga 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Aniqlanishicha, 2024-yil fevralda mavsumiy ishlash uchun Buxorodan Sankt-Peterburgga borgan sudlanuvchi Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan va rus qurolli kuchlarida bir yil davomida pul mukofoti evaziga harbiy xizmat o‘tash majburiyatini olgan.

O‘n bir kunlik harbiy tayyorgarlikdan keyin erkak 2024-yil 28-mart kuni tan olinmagan Donetsk Xalq Respublikasining Novomixaylovka qishlog‘idagi jangovar hududga jo‘natilgan. 31-mart kuni bo‘lib o‘tgan janglarda u dron portlashi oqibatida yaralangan va Rossiyaning Volgograd viloyatidagi harbiy gospitalga davolanish uchun olib ketilgan.

Ayblanuvchi 12-iyul kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan va o‘z ixtiyori bilan DXXning Qashqadaryo viloyati boshqarmasiga iqrorlik bilan murojaat qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Qashqadaryo viloyati sudi apellyatsiya instansiyasi erkakka tayinlangan jazoni qayta ko‘rib chiqqan va 6 yil qamoqni ikki yillik sinov muddatiga almashtirgan. Apellyatsiya instansiyasi sudlanuvchining sog‘lig‘i (onkologik kasallik va jarohatlar), muqaddam sudlanmagani, aybiga iqrorligi, jinoyatni ochishdagi yordami, shuningdek, uning oilaviy ahvoli (yagona boquvchi, voyaga yetmagan bolalari bor) kabi omillarni hisobga olgani aytilmoqda.

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina urushida qatnashgan o‘zbekistonliklarga yengil jazo tayinlanayotgani xususidagi muhokamalarni kuzatish mumkin.

Ozodlik avvalroq jangovar harakatlar mobaynida o‘ndan ortiq ukrainalik harbiyni o‘ldirgan 39 yoshli T.A.ga 4 yil-u 2 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangani haqida xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG