Линклар

Шошилинч хабар
22 феврал 2025, Тошкент вақти: 14:21

Utilizatsiya. Ekologiya bahona pul yig‘ish maqsadmi?


Yaroqdan chiqqan mashinalar. Rasm illyustratsiya uchun ishlatildi.
Yaroqdan chiqqan mashinalar. Rasm illyustratsiya uchun ishlatildi.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zbekistonda 1-maydan boshlab elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi sezilarli darajada oshadi.

Hukumat "ekologiya uchun foyda va mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish" deya ta’kidlagan bu qadamni tahlilchilar tanqid qilmoqda. Ekspertlar fikricha, bu qaror bir tomondan monopoliyaga yo‘l ochsa, ikkinchi tarafdan Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayoni uchun zarar.

O‘ziga xos soliq

Elektromobil – zamonaviy, arzonroq, ekologik toza mashina. Tasavvur qiling, siz qanchadir summaga yangi elektromobil xarid qildingiz. Lekin hukumat sizdan yana 78 million so‘m talab qilmoqda. Vazirlar Mahkamasi 31-yanvarda qabul qilgan qarorga ko‘ra 1-maydan boshlab elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi sezilarli darajada oshadi.

Masalan, ishlab chiqarilganiga uch yildan kam bo‘lgan mashina uchun yig‘im Bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan 120 baravarigacha qimmatlaydi. Bu taxminan 45 million so‘m degani. Avvalgi summa 11 million so‘m atrofida bo‘lgan.

Uch yildan ko‘proq ishlatilgan elektromobillar uchun esa 78 million so‘mdan oshiqroq pul to‘lanishi kerak. Avvalgi miqdori 34 million so‘mga yaqin edi.

“Bu o‘ziga xos soliq. Davlat o‘zining ba’zi bir muammolarini hal qilmoqchi. Agar bu yig‘im aynan mana shu utilizatsiyani tashkil qilish uchun zarur, deyiladigan bo‘lsa, uning investitsion loyihasi qayerda? Nima uchun aynan shu miqdorda va bu qancha davom etadi? Bu ishni tashkil qilish uchun investitsiya kiritiladi. Lekin doimiy ravishda odamlardan pul olib, shu narsaga yo‘naltirish kerak emas. Ya’ni, utilizatsiya o‘zini o‘zi oqlaydigan biznes bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, yana savol - hamma to‘laydimi? Hech qanday imtiyozbozlik yo‘qmi? Ya’ni, import elektromobillarga utilizatsiya yig‘imi qo‘yiladi-yu, lekin ichki ishlab chiqaruvchi yoki boshqa bir imtiyozga ega bo‘lgan korxonalarga bu yig‘im solinmaydimi? Agar shunday bo‘lsa, o‘ta adolatsiz”, - deydi tahlilchi Jamshid Muslimov.

Elektrdan quvvat olayotgan mashina. Rasm Kaliforniyada olingan.
Elektrdan quvvat olayotgan mashina. Rasm Kaliforniyada olingan.

Utilizatsiya yig‘imi oxirgi kunlarda mahalliy jurnalistlarning e’tiborini tortgan asosiy mavzularning biri bo‘lmoqda. Tanqidiy yondashuv o‘laroq yoritilayotgan materiallarga yozilgan izohlar orasida bu qadamni olqishlaganlar juda kam. Ulardan ayrimlari:

“Elektromobil arzonroq bo‘ladi deb o‘ylagandik, lekin hozir benzin mashina olgan yaxshiroq ekan...”

“Yaqinda mashina olgandim, endi yana qo‘shimcha 45 million so‘m to‘lashim kerakmi?”

“Bu qaror odamlarni elektromobildan voz kechishga majbur qiladi...”

“Hukumat ekologiya haqida o‘ylash o‘rniga yana pul yig‘ish yo‘lini izlayaptimi?”

“Benzin va gaz narxi oshib borayotgani uchun elektromobil olgandik. Endi bu ham qimmatlashyapti”.

Utilizatsiya o‘zi nima?

Utilizatsiya bu - iste’molga yaroqsiz bo‘lgan buyumlar, texnika va moddalarni yo‘q qilish yoki qayta ishlash jarayoni.

Utilizatsiya yig‘imi esa - transport vositalari yoki ularning ayrim qismlarini, masalan, akkumulator batareyalarini qayta ishlash va ekologik xavfsiz yo‘l bilan yo‘q qilish uchun davlat tomonidan joriy etiladigan bir martalik majburiy to‘lov.

O‘zbekiston hukumati bunga oid qarorni quyidagi sabablar bilan asoslayapti:

  • Elektromobil batareyalarini ekologik xavfsiz qayta ishlash;
  • “Yashil texnologiyalar”dan foydalanishni kengaytirish;
  • Mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish.

Ammo, ekspertlar amalda bu qaror ekologik jihatdan nechog‘li samarali bo‘lishi mavhumligini ta’kidlashmoqda. Chunki mazkur yig‘im mablag‘lari aynan qanday ishlatilishi borasida ham aniq ma’lumot berilmagan. Shuning uchun ham yig‘im atrof-muhitni asrashga emas, balki davlat byudjetini to‘ldirishga yo‘naltirilishi mumkinligi haqida fikrlar bor. Tahlilchi Jamshid Muslimovning fikri bunday:

Jamshid Muslimov
Jamshid Muslimov

“Agar bu to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilib, to‘g‘ri tashkillashtirilsa, foyda keltiradigan bir tarmoqqa aylanishi mumkin. Endi yig‘imlar haqida gapiradigan bo‘lsak, ajratish lozim, ya’ni chiqindilarni qayta ishlash – utilizatsiya qilish masalasini soliqlardan farqlash kerak. Bu yig‘im deb nomlanadimi, yoki monopol tashkilotlarga beriladigan imtiyoz – narx-navolarni istaganicha qo‘yish imkoniyati beriladimi? Davlatda ma’lum bir defitsit bor, ya’ni harajatlar yetarli darajada qoplanmayapti. Ijtimoiy vazifalar bor. Undan tashqari, halqaro kreditlarni qaytarish kerak. Manba sifatida qandaydir bir soliq joriy qilinadi. Ko‘pincha bunda yaxshi niyat bilan soliqlar belgilanadi” - dedi Muslimov.

Bu ish bilan kim shug‘ullanadi?

Ammo O‘zbekistonda avtomobillar utilizatsiyasi bilan qaysi tashkilot shug‘ullanishi aniq emas. Ochiq manbaalarda bu savolga javob yo‘q. Yangi qarorda utilizatsiya yig‘imini oshirish taklifi Investitsiyalar, sanoat va savdo, Iqtisodiyot va moliya hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirliklari tomonidan tayyorlangani qayd etilgan. Lekin uni amalga kim oshirishi belgilanmagan.

O‘zbekiston 2020-yili importni cheklash uchun ham utilizatsiya yig‘imi joriy qilgan. Matbuotdagi xabarlarga ko‘ra, chetdan kirib keladigan elektromobillar uchun utilizatsiya to‘lovlarini undirish bojxonachilarga yuklatilgan va mablag‘ to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat byudjetiga o‘tadi. Ammo undan beri qancha pul tushgani haqida rasmiy axborot berilmagan.

Faollar endi 1-maydan elektromobillar uchun to‘lanadigan yig‘im qarori ham jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmay qabul qilinganiga e’tiroz bildirishyapti. Iqtisodchi Yuliy Yusupov Telegram kanaliga bunday fikr yozgan:

"Ulkan byurokratik yirtqich mahluq "Buyuk kelajak" uchun hech qanday imkoniyat qoldirmay bizning iqtisodiyotimizni yutib yuborishda davom etmyapti. Bundan tashqari, yutib yuborish jarayoni faqat tezlashmoqda va iqtisodiyotning qismlarini "hazm qilish" usullari doimiy ravishda takomillashtirilmoqda”.

O‘zbekistonda 2024-yil noyabr oyida elektromobillar uchun elektromagnit moslashuvchanligi bo‘yicha tekshiruv talabi joriy etilgan va tahlilchilar bu talabni elektromobillar importi uchun navbatdagi sun’iy to‘siq o‘laroq baholashgan edi.

Narx-navoga ta’sir va monopoliyaga imkoniyat

Oxirgi yillarda O‘zbekistonda elektromobillarga qiziqish ortib, ularning importi benzinli mashinalardan ko‘paygan. 2024-yilda mamlakatga 24 095 dona elektromobil olib kirilgan, bu esa avvalgi yillarga nisbatan rekord ko‘rsatkich. Boshqa tomondan, utilizatsiya yig‘imining oshirilishi elektromobillarning narxini ko‘tarishi mumkin. Bu esa ularning ommabopligini pasaytiradi.

Bu qaror raqobatga ta’sir qilib, ayrim tadbirkorlarni bozordan chiqarib yuborishi mumkinligi ham aytilyapti. Shu bilan birga, bu xorijiy ishlab chiqaruvchilar va investorlarning O‘zbekiston bozoriga qiziqishini pasaytirishi ehtimol. Qolaversa, avtomobillarni mahalliylashtirish bilan shug‘ullangan "O‘zavtosanoat"gina foyda ko‘rishi mumkin degan tahminlar bor. Tahlilchi Jamshid Muslimovning fikricha:

“O‘z nomi bilan monopoliyaga imkoniyat berilyapti. O‘z o‘zidan narx navoga ta’sir qiladi. Buning uchun qandaydir iqtisodchi bo‘lish shart emas. Mana shunday qo‘shimcha soliqlar, qo‘shimcha to‘lovlar albatta bozor narxiga ta’sir qiladi. Ichki ishlab chiqruvchiga go‘yoki yordam berayotgandek bo‘lib, aslida ichki ishlab chiqaruvchilar va ichki iste’molchilar zarariga qaratilgan qaror. Bozorning o‘zi yo‘qligini anglatadi, shuni tushunishimiz kerak. Bozor degani erkin savdo degani, erkin ishlab chiqarish degani. Bu bozorga monopoliya kirdimi, u yerda bozor yo‘q. Bu ma’muriy buyruqbozlik tizimi. Bozor haqida gap bo‘lishi mumkin emas”.

Qozog‘istondagi vaziyat

Utilizatsiya yig‘imi bilan bog‘liq qarorning ishlashini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevga yuklanishi esa yana bir bahsga sabab bo‘lyapti. Lekin bunga bir ozdan keyin to‘xtalamiz. Hozir esa Qozog‘istondagi vaziyatga bir nazar tashlaylik. Chunki, qo‘shni davlatda 2016-yili joriy etilgan utilizatsiya yig‘imi bilan bog‘liq norozilik haliyam davom etyapti.

Qozog‘istonlik tahlilchi Aydar Alibayev Ozodlikka quyidagicha fikr bildirdi:

Aydar Alibayev
Aydar Alibayev

“Idealda utilizatsiya yig‘imi – bu o‘z resursini to‘liq tugatgan, odatda 20 yil yoki undan ko‘proq xizmat qilgan avtomobilni qayta ishlash uchun beriladigan to‘lovdir. Ammo bizda bu tizim buzilgan: odam yangi mashina sotib olgandayoq utilizatsiya yig‘imini to‘laydi, garchi uning avtomobili hech qachon utilizatsiya qilinmasligi mumkin. Mashinani keyincharoq ehtiyot qismlarga ajratishi yoki boshqa davlatga sotishi mumkin, lekin yig‘im allaqachon to‘langan. Bu mutlaqo absurd. Hukumatning yana bir argumenti – ekologiyaga g‘amxo‘rlik. Lekin bu ham tanqid ostidagi argument. Chunki Qozog‘istonda haligacha chiqindilarni qayta ishlaydigan zamonaviy zavod yo‘q. Faqat noqonuniy ishlagan chiqindixonalar va kichik, shubhali qayta ishlash punktlari mavjud”.

Utilizatsiya yig‘imi joriy etilganidan beri Qozog‘istonda hukumat bu ish bilan xususiy kompaniya shug‘ullanishini deyarli tilga olmagan. U kompaniya – monopolist “Operator ROP” bo‘lib, u o‘sha paytdagi prezident Nursulton Nazarboyevning kichik qizi Aliya Nazarboyeva bilan bog‘liq edi.

2022-yil yanvar voqealaridan so‘ng Nazarboyev va uning oilasidan uzoqlashgan hozirgi prezident Qasim-Jomart Toqayev jamiyatda utilizatsiya yig‘imiga nisbatan keskin salbiy munosabat mavjudligini tan olgan va “Operator ROP” monopoliyasiga barham berishni buyurgan. Shundan so‘ng utilizatsiya yig‘imini to‘plash “Jasil Damu” davlat kompaniyasiga o‘tgan. Yig‘im narxi avtomobil yoshi va hajmiga ko‘ra 550dan 4300 AQSH dollarigacha yetadi.

Yaroqdan chiqqan mashinalarni yo‘q qilish jarayoni. Bosniya va Gersegovinada tasvirga olingan.
Yaroqdan chiqqan mashinalarni yo‘q qilish jarayoni. Bosniya va Gersegovinada tasvirga olingan.

Yana bir qozoq eksperti Marat Kairlenov utilizitsiya qarorining ta’siri haqida Ozodlikka fikrini bildirdi:

“Bu qaror umumiy hisobda salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Birinchidan, Qozog‘istondagi avtomobillar parki deyarli 10 yil davomida stagnatsiyaga uchradi – ya’ni, mashinalar soni kamaydi. Ular taxminan 5 milliondan 4 millionga tushib ketdi. Keyingi yillarda ozgina o‘sish kuzatildi, lekin avtoparkning o‘rtacha yoshi yomonlashishda davom etdi. Yangilanish amalga oshmadi. Masalan, 2013-2014-yillarda, utilizatsiya yig‘imi joriy etilganiga qadar, Qozog‘istondagi mashinalarning o‘rtacha yoshi taxminan 12-13 yil edi. Biroq 10 yil o‘tib, bu ko‘rsatkich 22 yilga yetdi! Tasavvur qiling, Qozog‘istondagi avtomobillarning o‘rtacha yoshi 22 yil! Bu juda salbiy holat”.

Qozog‘istonda hokimiyat utilizatsiya yig‘imini 10 yilga yaqin vaqt oralig‘ida ikki marta arzonlashtirdi. O‘tgan yili uni umuman bekor qilish uchun o‘nlab faollar petitsiyaga qo‘l qo‘ygan, lekin hozircha undan foyda chiqqani yo‘q.

Marat Kairlenov
Marat Kairlenov

“Boshlang‘ich taxminlar ma’lum ma’noda mantiqiy edi. "Biz utilizatsiya yig‘imini joriy qilamiz, bu albatta avtomobil narxlarini oshiradi, lekin shu mablag‘lar hisobiga mamlakatimizda avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yamiz va mahalliy, arzon mashinalarga ega bo‘lamiz", - deyilgandi. Bu jarayondan faqatgina bir necha oligarxlar yutuqqa erishdi. Ularning aksariyati avvalgi prezident oilasi bilan bog‘liq. Utilizatsiya yig‘imini yig‘gan kompaniya ham aynan shu oila a’zolari bilan bog‘liq xususiy tashkilot bo‘lgan. Ular bu orqali yuzlab milliard tenge ishlab topishgan. Ikkinchi yirik g‘olib – mahalliy avto yig‘uvchi zavodlar. Ular katta daromadga ega bo‘ldi. Investitsiya kiritmasdan ulkan foyda ko‘rishdi, ammo natijada mamlakatimiz haqiqiy avtomobilsozlik sohasiga ega bo‘lmadi” - deydi Kairlenov.

Utilizatsiya yig‘imi bosh og‘riq bo‘lib kelayotgan Qozog‘istondagi vaziyat O‘zbekistonda takrorlanishi mumkinmi? – deya ekspertlarga murojaat qildik. Kelajakda ushbu qaror qayta ko‘rib chiqilishi yoki muqobil yechimlar taklif etilishi ehtimoli bormi, hozircha tahlilchilarda bu savolga tahminlar mavjud emas.

“Nafaqat O‘zbekistonda... Umuman olganda, davlat amaldorlari uchun bu juda foydali jarayon. Korrupsiya yuqori darajada rivojlangan davlatlarda bu ikki barobar manfaatli "luqma". Chunki bu pullar juda faol ravishda talon-toroj qilinadi. Gap ulkan mablag‘lar haqida ketmoqda – jiddiy pullar, shaffofligi yo‘q pullar. Ular qanday sarflanishi haqida aniq gapirish qiyin. Shuning uchun bunday yig‘imlar amaldorlar uchun qiziqish uyg‘otadi. Mening bilishimcha, Rossiyada ham ma’lum ma’noda shunga o‘xshash vaziyat kuzatilgan. Bu kabi yig‘imlarni joriy etish katta vasvasa tug‘diradi. Hammasi xalqqa bog‘liq. Har bir mamlakatda bu jarayonni qabul qilish yoki qabul qilmaslik – aynan xalqqa bog‘liq. Bu – maxinatsiya, men uni boshqacha nomlay olmayman”- dedi Aydar Alibayev.

Germaniya va Yaponiya misoli

Germaniyada 2007-yili utilizatsiya to‘g‘risidagi qonun kuchga kirgandan keyin, eski avtomobillarni qabul qilish punktlarini yaratish mas’uliyati avtomobil ishlab chiqaruvchilariga yuklatilgan. Shu tariqa, davlat utilizatsiya jarayoniga bevosita aralashmaydi.

Mahalliy nashrlardagi ma’lumotlarga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar – nemis yoki chet el kompaniyasi bo‘lishidan qat’i nazar – eski mashinalarni qayta ishlash uchun infratuzilma yaratishga mablag‘ ajratishi shart. Buning uchun hech qanday maxsus davlat yig‘imlari mavjud emas.

Avtomobil ishlab chiqaruvchilar yoki o‘zlarining utilizatsiya markazlarini tashkil etadi, yoki mustaqil markazlar bilan shartnoma tuzadi.

Umumgermaniya avtoklubi ekspertlariga ko‘ra, bir mashinani utilizatsiya qilish ishlab chiqaruvchiga o‘rtacha 100 yevro atrofida tushadi.

Yaponiyada esa bir utilizatsiya yig‘imi narxi 80dan 120 AQSH dollariga barobar. Pul davlatga to‘lanadi. Yaponlar eskirgan mashinalar davlat orqali shaxsiy kompaniyalarga o‘tkazib beradi.

JSTga kirish jarayoniga ta’sir ko‘rsatadimi?

Endi yuqorida aytganimiz - bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevga qaytsak. U kishi O‘zbekistondagi utilizatsiya yig‘imi qarorining bajarilishini nazorat qilishga mas’ul. Aynan Xo‘jayev O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zolikka kirish jarayoniga ham mas’ul amaldor.

Shu bois faollar ijtimoiy tarmoqlarda “importni cheklash uchun utilizatsiya yig‘imi e’lon qilinganini Jahon savdo tashkilotiga kirish bo‘yicha muzokaralarda qanday tushuntirarkin?” - deya savol berishyapti. Iqtisodchi Otabek Bakirov hukumatning ushbu qarori JSTga kirish muzokaralariga salbiy ta’sir etishidan ogohlantirdi.

Ekspert Jamshid Muslimov esa bunday fikrda:

“Albatta bu salbiy signal sifatida ko‘riladi. Chunki, mana shu klubga – jaxondagi erkin savdo klubiga kirish nimani taqozo qiladi? Bu nima degani? Biz erkin savdoda va erkin ishlab chiqarishda qatnashmoqchimiz. Nihoyatda yirik, chegara bilmas, iqtisodiy texnologik tarmoqlarda “teng huquqli, teng qoidalarga amal qilgan holda kirmoqchimiz, teng o‘yinchilarga aylanmoqchimiz” deb turib, ketidan mana shunday g‘ayriiqtisodiy, qandaydir bir choralar tadbiq qilinishi o‘ziga xos signalni anglatadiki, bular Jahon savdo tashkilotiga jiddiy kirishmoqchi emas degandek bir signal o‘laroq qabul qilish mumkin buni”.

Xullas, O‘zbekistondagi utilizatsiya yig‘imi borasida hozircha jamoatchilikda tanqidiy fikrlar ko‘proq. Uning foydasini tahlil qilib, batafsil aytib berishni istagan hukumat a’zolariga Ozodlikning mikrofoni ochiq.

XS
SM
MD
LG