Линклар

Шошилинч хабар
22 феврал 2025, Тошкент вақти: 14:24

Uzbekistan Airways Yevropaga Rossiya ustidan uchmayotganini aytdi. Chindan shundaymi?


Uzbekistan Airways Yevropaga parvozlar yo‘nalishini Rossiya havo hududini chetlab o‘tgan holda o‘zgartirganini ma’lum qildi. Biroq, Flightradar24 ma’lumotlariga ko‘ra, ba’zi reyslar hali ham Rossiya ustidan uchmoqda.

Yanvar oyi oxirida O‘zbekistonning milliy aviakompaniyasi – Uzbekistan Airways Yevropaga parvozlar yo‘nalishini o‘zgartirganini e’lon qildi. Kompaniya boshqaruvi raisi Shuhrat Xudayqulovning aytishicha, 20-yanvardan boshlab kompaniya samolyotlari Rossiya ustidan uchishni to‘xtatgan. Bu qaror Yevropa parvozlar xavfsizligi agentligi (EASA) ning Rossiyaning Yevropa qismi ustidan parvozlar xavfli ekanligi haqidagi hisobotiga asoslanib qabul qilingan.

Endi Uzbekistan Airways reyslarining, aytilishicha, Ozarbayjon va Turkiya orqali amalga oshirilishi "yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash va logistikani optimallashtirish" bilan izohlanmoqda.

"Albatta, bu parvozni bir tomonga 30-40 daqiqaga uzaytiradi va kompaniya uchun qo‘shimcha xarajatlarni keltirib chiqaradi, – dedi Shuhrat Xudayqulov 28-yanvar kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida. − Shunday bo‘lsa-da, biz tariflarni oshirmadik, chunki bu fors-major holati va yo‘lovchi buning uchun javobgar bo‘lmasligi kerak."

EASA o‘zining 9-yanvardagi bayonotida "fuqarolik va harbiy kuchlar harakatlarining yetarli darajada muvofiqlashtirmaganligi va noto‘g‘ri identifikatsiya qilish ehtimoli tufayli Rossiya Federatsiyasi havo hududida fuqarolik samolyotlariga tasodifiy hujum xavfi mavjudligini" ta’kidladi.

Misol sifatida EASA Qozog‘istonning Aqtau shahrida "Ozarbayjon havo yo‘llari" samolyoti halokatga uchraganini eslatib o‘tdi. Ko‘plab ekspertlar fikricha, u Rossiyaning "Pansir-S1" tizimidan otilgan raketa bilan urib tushirilgan. Samolyot halokati oqibatida 38 kishi halok bo‘lgan, 29 kishi yaralangan.

Ogohlantirish noyevropa mamlakatlari operatorlariga qaratilgan. Rossiya havo hududi Yevropa Ittifoqi aviakompaniyalari uchun allaqachon yopiq – Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin ushbu mamlakat aviatsiya sektoriga qarshi sanksiyalar kiritilgan edi.

Voqelik: Flightradar24 ma’lumotlari

Flightradar24 ma’lumotlari tahlili ko‘rsatishicha, barcha reyslar ham e’lon qilingan yo‘nalishlarga mos kelmayapti. Masalan, Toshkent-Riga reysi kompaniyaning ommaviy bayonotlariga qaramay, Rossiya hududi orqali o‘tishda davom etmoqda.

Uzbekistan havo yo‘llari axborot xizmati 3 va 4-fevral kunlari aviakompaniyaning Rigaga parvozlari hozirda Ozarbayjon havo hududi orqali amalga oshirilayotganini ma’lum qildi. Biroq, Flightradar24 xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent - Riga (UZB211) yo‘nalishidagi, jumladan 29-yanvar, 3-fevral va hozirgi kungacha bo‘lgan reyslar Rossiya hududi orqali o‘tmoqda. Shu bilan birga, Frankfurt, Parij va London kabi Yevropaning boshqa shaharlariga yo‘nalishlar haqiqatan ham Ozarbayjon va Turkiya orqali o‘tmoqda.

Flightradar24 xaritasiga ko‘ra, 5-fevral kuni Riga - Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY212 / UZB212 reysi Rossiyaning Chelyabinsk, Sverdlovsk, Tyumen va Omsk viloyatlari ustidan uchgan.

Shu bilan birga, EASAning 9-yanvar kungi bayonotida ta’kidlanishicha, "60° sharqiy uzunlikdan g‘arbda, barcha balandlik va eshelonlarda" joylashgan Rossiya havo hududida parvozlarni amalga oshirish tavsiya etilmaydi. HY212 / UZB212 reysi uchib o‘tgan Chelyabinsk viloyati aynan EASA tomonidan belgilangan ushbu hududda joylashgan.

Uzbekistan Airways aviakompaniyasidan vaziyatga izoh berish bo‘yicha tahririyat so‘roviga javob berilmadi.

Siyosiy kontekst va Turkiyaning roli

Ekspertlar fikricha, yo‘nalishlarning o‘zgarishi nafaqat xavfsizlik masalalari, balki siyosiy voqelik bilan ham bog‘liq. O‘zbekiston Rossiyadan uzoqlashayotganini ko‘rsatishga intilmoqda. Bu Yevropa davlatlari tomonidan ijobiy qabul qilinishi mumkin, chunki ularning o‘zlari sanksiyalar tufayli Rossiya havo hududidan foydalanishda cheklangan.

"Aviayo‘nalishlar o‘zgarishidan O‘zbekiston aviakompaniyalari Rossiyaga parvozlar dinamikasini saqlab qolgan holda zarar ko‘rmaydi. Shu bilan birga, O‘zbekiston uchun shimoliy qo‘shnisidan ko‘rgazmali ravishda uzoqlashayotganini namoyish etish muhim. Yevropa davlatlari kiritilgan sanksiyalardan keyin o‘zlari mahrum bo‘lgan yo‘nalishning "Rossiyaga qarshi" o‘zgarishini, shubhasiz, ijobiy qabul qiladi," deydi vaziyatdan xabardor bo‘lgan va ismini oshkor qilishni istamagan ekspert.

Bu pozitsiya yaqinda, 29-yanvar kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya tashqi ishlar, iqtisodiyot, savdo va transport vazirlari uchrashuvida ma’lum bo‘ldi. Tadbir yakunida mintaqaning tranzit salohiyatini oshirish maqsadida uch mamlakat chegaralari orqali O‘rta koridorning muhimligini ta’kidlovchi Anqara deklaratsiyasi imzolandi.

Bundan tashqari, deklaratsiyada Yevropa - Kavkaz - Osiyo transport yo‘lagini (TRASЕKA) mustahkamlash va uning to‘liq quvvat bilan ishlashiga ko‘maklashish zarurligi qayd etildi.

Озарбайжон учоғи Россия ҳаводан мудофаа тизими сабаб қулаган - Бокудаги манбалар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:55 0:00

O‘z ismini oshkor etishni istamagan o‘zbekistonlik jurnalist, Uzbekistan Airways'ning Rossiyani chetlab o‘tib, yo‘nalishlarni o‘zgartirish qarorini "Turkiyaning turkiy dunyoning "asosiy" davlati maqomini mustahkamlash istagiga yana bir dastak" sifatida baholash mumkinligini ta’kidladi.

Uning fikricha, O‘zbekiston Turkiya va Ozarbayjon bilan munosabatlarni mustahkamlash uchun operatsion xarajatlarni oshirishga tayyor, bu bilan kelajakda investitsiyalar, kreditlar va grantlar ko‘rinishidagi imtiyozlarga umid bog‘lamoqda.

"Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Anqarada Turkiya, Ozarbayjon va O‘zbekistondan kelgan hamkasblari ishtirokidagi uch tomonlama uchrashuvda turkiy dunyoni qayta-qayta tilga olgani bejiz emas. Turkiya Yevropadagi geosiyosiy o‘zgarishlardan foydalandi va yo‘nalishlarni o‘zgartirishdan asosiy manfaatdor tomonga aylandi," deya ta’kidlaydi jurnalist.

2024-yil 25-dekabr kuni Aqtau aeroporti yaqinida Embraer E190 samolyoti halokatga uchraganidan so‘ng, bir qator davlatlar va aviakompaniyalar yo‘nalishlarni o‘zgartirish va Rossiyaga hamda undan parvozlarni to‘xtatish choralarini ko‘rdi.

"Ozarbayjon havo yo‘llari" (AZAL) tergov yakunlangunga qadar Boku - Grozniy - Boku va Boku - Mahachqala - Boku reyslarini vaqtincha to‘xtatdi. Ozarbayjon Davlat fuqaro aviatsiyasi agentligi 27-dekabrdan boshlab Rossiyaning bir qator shaharlariga parvozlarni taqiqladi. 28-dekabrdan boshlab AZAL ulardan sakkiztasiga parvozlarni to‘xtatdi: Mineralniye Vodi, Sochi, Volgograd, Ufa, Samara, Saratov, Nijniy Novgorod va Vladikavkaz. 2025-yil 8-yanvardan boshlab Boku va Qozon o‘rtasidagi parvozlar noma’lum muddatga to‘xtatildi.

Qozog‘istonning Qazaq Air aviakompaniyasi xavfsizlik nuqtai nazaridan Rossiyaning ayrim aeroportlariga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi. "Turkmaniston havo yo‘llari" Ashxobod va Moskva o‘rtasidagi reyslarni 2025-yil yanvar oyi oxirigacha to‘xtatdi. Isroilning El Al milliy aviatashuvchisi Tel-Aviv va Moskva o‘rtasidagi reyslarni vaqtincha to‘xtatdi. Flydubay (BAA) aviakompaniyasi Sochi va Mineralniye Vodidan Dubaiga parvozlarni vaqtincha bekor qilganini e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG