Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:51

Xitoy barcha kriptovalyuta operatsiyalarini taqiqladi


Juma kuni Xitoy markaziy banki Bitcoin va boshqa virtual valyutalar bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni noqonuniy deb e’lon qildi. Pekin so‘nggi yillarda norasmiy raqamli puldan foydalanishni tugatishga kurashib keladi.

Juma kuni e’lon qilingan bildiruvda Bitcoin, Ethereum va boshqa raqamli valyutalar moliya tizimini izdan chiqarishi, pul yuvish va boshqa jinoyatlar uchun ishlatilishi ta’kidlangan.

"Virtual valyuta operatsiyalari noqonuniy moliyaviy harakatlar bo‘lib, qat’iyan man etiladi", deyiladi Xitoy Xalq banki saytida e’lon qilingan bildiruvda.

Boshqa kriptovalyuta tokenlari singari, Bitcoin narxi Xitoy banki bayonoti e’lon qilinishi ortidan 9 foizga arzonladi va 41 085 dollarga tushdi. Ethereum qariyb 10 foizga arzonlab, 3 100 dollardan 2 800 dollarga tushdi.

Xitoy banklariga kriptovalyutalar bilan ishlash 2013 - yilda taqiqlangan edi. Joriy yilda hukumat bu haqda eslatma berdi. Bunga kriptovalyutalardan foydalanish davom etayotgani yoki davlat moliya tizimi bilvosita tahdidlarga duch kelishi mumkinligi haqidagi rasmiy tashvishlar asos bo‘ldi.

Kriptovalyuta targ‘ibotchilari bunday valyutalar anonim va oson moliyaviy ish yuritish imkonini berishini aytib keladilar. Lekin Xitoy rasmiylari bu valyutalar hukmron Kommunistik partiyaning moliyaviy tizim ustidan nazoratini zaiflashtirishidan xavotirda. Qolaversa, ular bunday valyutalar jinoiy faoliyatni yashirishga yordam berishi mumkinligini aytishmoqda.

Ayni damda Xitoy Xalq banki yuanining elektron versiyasini ishlab chiqmoqda. Bu esa Pekinga naqd pulsiz amalga oshirilayotgan operatsiyalarni kuzatish va nazorat qilish imkonini beradi.

Boshqa mamlakatlardagi regulyatorlar ham kriptovalyutalar qattiq nazorat qilinishi kerakligi haqida tobora ko‘proq ogohlantirmoqda. AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birja komissiyasi raisi Geri Gensler investorlar kriptovalyuta bozorida ko‘proq himoyaga muhtojligini aytdi. Gensler ushbu bozor «firibgarlik, tovlamachilik va suiiste’mol qilish holatlariga to‘la» ekanini ta’kidladi.

Qimmatli qog‘ozlar va birja komissiyasi kriptovalyutalardan foydalanadigan firibgarlarga qarshi o‘nlab jinoyat ishida yutib chiqqan. Shunday bo‘lsa‑da, Gensler Kongress agentlikka bozorni yetarli darajada tartibga solishi uchun ko‘proq vakolat va mablag‘ berishi kerakligini aytdi.

Xitoy regulyatorlari, shuningdek, "kriptovalyuta qazib olish", ya’ni ixtisoslashtirilgan kompyuterlar yordamida raqamli valyutalarni ishlab chiqarish jarayonini boshqarishga harakat qilmoqda. Ushbu jarayon juda ko‘p elektr energiyasini talab qiladi. Ayni damda kriptovalyuta "konchilari" o‘z operatsiyalarini Xitoydan boshqa mamlakatlarga ko‘chirmoqda.

Kembrijning Bitcoin elektr energiyasi iste’moli indeksiga (Cambridge Bitcoin Electricity Consumption index) ko‘ra, ikki yil oldin kriptovalyuta qazib olish uchun ishlatiladigan elektr energiyasining to‘rtdan uch qismi Xitoyga to‘g‘ri kelgan. Bu esa dunyoda eng yuqori ko‘rsatkichdir. Joriy yilning aprel oyiga kelib, Xitoyning ulushi 46 foizga tushib qolgan. Kriptovalyutalar bo‘yicha 2 o‘rinni egallagan AQSh ulushi esa taxminan 17 foizni tashkil qiladi.

XS
SM
MD
LG