Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:19

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi. Moskva loyihadan chiqmoqdami?


Baliqchi-Kochkor-Kara-Keche temiryo‘l qurilishi. Qirg‘iziston, 25-oktabr, 2022. Illyustrativ surat
Baliqchi-Kochkor-Kara-Keche temiryo‘l qurilishi. Qirg‘iziston, 25-oktabr, 2022. Illyustrativ surat

Mart oyi boshida Qirg‘izistondan Vazirlar Mahkamasi raisi Oqilbek Japarov boshchiligidagi delegatsiya Qashqar shahriga tashrif buyurib, Xitoy va O‘zbekistonning yuqori martabali vakillari bilan uchrashdi. Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati xabar berishicha, unda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasi ham muhokama qilingan.

Qashg‘arda bo‘lib o‘tgan uch tomonlama uchrashuvda Oqilbek Japarov tomonlarning birgalikda moliyaviy hissasi bilan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilib, tasdiqlanganini ma’lum qildi.

“Biz Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Shu nuqtai nazardan, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasi uch davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni jadal rivojlantirishga beqiyos ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ishtirokchi davlatlarning loyihani amalga oshirish borasidagi ishlari faollashayotganidan juda mamnunmiz. Ayni paytda, Pekinda loyiha qurilishini boshlash bo‘yicha yakuniy maslahatlashuvlar bo‘lmoqda. Ishchi guruhlar ishlamoqda”, deydi Japarov.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov o‘z navbatida «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi va O‘zbekiston multimodal transport tashuvlarini yaxshilashdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Loyihaning texnik-iqtisodiy asosi Xitoy temir yo‘l qurilish korporatsiyasining loyiha-qidiruv instituti tomonidan ishlab chiqilgan. 2023-yil iyul oyida tomonlar ish yakunlanganini e’lon qildi va temir yo‘l qurilishining texnik-iqtisodiy asosliligini tasdiqladi.

Туркий дунё, темир йўл ва Толибон - эксперт Самарқанд саммити натижалари ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:24:00 0:00

"Rossiya loyihada ko‘rinmayapti"

7-mart kuni Bishkekda videoko‘prik formatida “Markaziy Osiyodagi transport yo‘laklari geosiyosatining hozirgi bosqichi” mavzusida muhokama bo‘lib o‘tdi. Unda Bishkek, Ostona va Toshkentdan ekspertlar ishtirok etdi.

Bishkekdagi «Applikat» strategik qarorlar markazi direktori Qubat Rahimov Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasida Rossiya ko‘rinmay qolganiga e’tibor qaratdi. Muhokama chog‘ida u mazkur loyihaning mazmuni haqida yangicha qarashlar yo‘qligini ta’kidladi.

“Bu yerda ikkita holat bor. Birinchidan, Rossiya ishchi guruhdan chiqdi. Ilgari u to‘rt tomonlama edi. Rossiya nima uchun va qachon guruhdan chiqqanini tushunmadik yoki sezmadik. “Rossiya temir yo‘llari” ushbu loyiha muhokamasida hech bo‘lmaganda professional fikr almashish nuqtai nazaridan ishtirok etsa, foydali bo‘lardi, deb o‘ylayman. Ikkinchidan – moliyalashtirish. Loyiha haqidagi tasavvurni o‘zgartirish kerak. Bu qiziqarli va zarur loyiha. Biroq, biz bunga xuddi 90-yillardagidek eskicha qarayapmiz. Bunga boshqa tomondan – Shanxay hamkorlik tashkiloti yo‘lagi sifatida qarash to‘g‘ri bo‘lardi. Boshqacha aytganda, biz buni mahalliy darajada emas, SHHT doirasida ko‘rishimiz kerak. Shunda uning ahamiyatini kichik mintaqaviy doiradan qit’a darajasiga qadar kengaytirish mumkin bo‘ladi”, deydi ekspert.

Konsepsiyaga ko‘ra, “Janubiy yo‘lak” sifatida e’tirof etilgan «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li loyihasi yuklarni yetkazib berish muddati va masofasini qisqartirish hisobiga xalqaro tranzit tashish bozorida ishtirokchi-davlatlarning raqobatbardoshligini oshiradi. Temir yo‘l qurilishi iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari rivojiga ko‘p tomonlama samara berishi kutilmoqda.

2023-yil boshida Bishkekda temir yo‘l qurilishi loyihasini muvofiqlashtiruvchi idora ochilgani xabar qilingan edi.

“Loyihani amalga oshirish kechikmoqda”

Prezident Sadir Japarov dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Xalq qurultoyida temir yo‘l qurilishi 2024-yilda boshlanishini aytgan edi. Bungacha Bosh vazir Oqilbek Japarov Xitoy o‘z mablag‘lari hisobidan Qozarmangacha qurayotgani, Qirg‘iziston esa O‘zbekiston bilan birgalikda Qozarmandan Jalolobodgacha bo‘lgan yo‘l qurilishi uchun moliya manbalarini aniqlayotgani haqida xabar bergan edi.

Yo‘lning umumiy uzunligi 311 kilometr bo‘lib, taxminiy qiymati 4,7 milliard dollarni tashkil etadi.

O‘zbekistondagi «Man’o» tadqiqot tashabbuslari markazi direktori Baxtiyor Ergashev fikricha, Xitoydan G‘arbga Qozog‘iston orqali o‘tuvchi O‘rta yo‘lak juda siyosiylashgan va qimmatligi tufayli Shimoliy va Janubiy yo‘laklar bilan raqobatlasha olmaydi. Ekspert Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi kechikayotgani va qulay imkoniyatlarni qo‘ldan boy berayotganini ta’kidladi.

“Lekin loyihaning ahamiyatiga qaramay, uni amalga oshirish kechikmoqda. Aslida, O‘rta yo‘lak transport masalalarini, transport va kommunikatsiya masalalarini siyosiylashtirishdir. Ukraina ishi bor ekan, u ham rivojlanadi. Sanksiya va qarshi sanksiyalar muhitida yangi muqobil transport yo‘laklarini izlash zarurati tug‘iladi. Bu yerda esa Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘l koridori ishga tushganda juda yaxshi rivojlanar edi”, deydi ekspert.

Хитой ва “камбағалликка қарши кураш“. “Катта оға” тажрибаси ва Ўзбекистон
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:24:58 0:00

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini qurish masalasi haqiqatan ham o‘nlab yillarga cho‘zildi. Rossiya 3+1 formatidagi muhokama jarayonida qatnashib, loyihada bir muncha ishtirok etishga harakat qildi. Biroq, 2022-yilda xalqaro sanksiyalar ostida qolgan Rossiyaning pozitsiyasida sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Uning hududidan o‘tadigan "Shimoliy koridor" imkoniyatlari sezilarli darajada torayganligi sababli, "Janubiy koridor" yordamchi bo‘lishi mumkin.

2022-yil sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida Qirg‘iziston Respublikasi hududida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha uch tomonlama hamkorlik shartnomasi imzolangan edi. Qirg‘iziston Transport va yo‘llar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Respublikada temir yo‘l Torugart – Qo‘sh-Dobo – Qozarmon – Jalolobod yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi”.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda yuk tashishda 80% hollarda avtomobil transportidan foydalaniladi, temir yo‘l transporti esa atigi 18% ni tashkil qiladi.

Hukumat Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilsa, birgina tranzit to‘lovidan byudjetga milliardlab dollar tushishini aytadi. Ba’zi ekspertlar esa, agar mamlakat o‘z tovarlarini eksport qilmasa, faqat tranzitdan foyda olish o‘zini aldash bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG