Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:06

Xitoy rahbari Samarqandda Ukrainani tilga olmadi. Nega?


Xitoy va Rossiya rahbarlari Vladimir Putin va Si Szinpin Samarqanddagi ShHT sammitida. 15- sentabr, 2022.
Xitoy va Rossiya rahbarlari Vladimir Putin va Si Szinpin Samarqanddagi ShHT sammitida. 15- sentabr, 2022.

Xitoy OAVlari Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan beri Vladimir Putin va Kremlning tashqi siyosatdagi barcha xatti-harakatlarini ichki auditoriyaga faqat ijobiy ko‘rsatib kelmoqda. Moskva bilan Pekin o‘rtasidagi kelishmovchilik va Xitoyning Rossiya bosqinini to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiqchasiga dastaklashdan bosh tortishi bunga mone bo‘layotgani yo‘q.

Xitoy Kommunistik partiyasi 24-fevralda asosan mulozimlar va yoshlarga yo‘naltirilgan yirik mafkuraviy kampaniya boshlab, “Rossiya nimaiki qilmasin, mamlakatimiz undan yuz o‘girmaydi”, degan mujdani zo‘r berib singdirmoqda. Ayni chog‘da Pekin xalqaro maydonda Moskvaning Ukrainadagi ishlarini jiddiy dastaklashdan tiyilib turibdi.

15-sentabr kuni Putin va Si Szinpin Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammitida bulturgi qishdan buyon ilk bor uchrashdilar. Xitoy rahbari bilan uchrashuv chog‘ida Putin Pekinning “Ukraina inqirozi” bilan bog‘liq “xavotirlari”ni tushunishini va “xitoylik do‘stlarining bosiq pozitsiyasi”ni yuksak qadrlashini aytdi, shuningdek “AQSh va tobelarining Tayvan bo‘g‘ozidagi ig‘volari”ni qoralab, Xitoyga dalda berdi. Biroq bu gaplar Moskva eng yirik va qudratli “hamkor”idan tom dastak ololmaganidan zorlangan kabi taassurot qoldirdi.

Si Szinpin ShHT sammitiga mezbonlik qilgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan. 15-sentabr, Samarqand.
Si Szinpin ShHT sammitiga mezbonlik qilgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan. 15-sentabr, Samarqand.

O‘z navbatida Si Szinpin Xitoy “Rossiya bilan birga buyuk qudratlar rolini zimmasiga olib, dunyoga barqarorlik hamda ijobiy energiya baxsh etishga shay”ligini aytdi, shuningdek “Rossiyaning yagona Xitoy prinsipiga sodiqligini qadrlaymiz”, dedi. Qizig‘i, Si Szinpin o‘z so‘zida Ukrainani bir marta ham tilga olmadi. Xitoy rasmiy siyosiy ritorikasining nozik tomonlaridan xabardor ekspertlar Xitoy rahbari bu bilan Putinga zimdan ta’na qilganidan bahs etmoqdalar.

Chunonchi, Jons Hopkins universitetining Xalqaro tadqiqotlar maktabi professori Sergey Radchenko Samarqandda Si Szinpin “o‘zini buyuk qudratga munosib tutmayotgani va jahonda beqarorlik yaratib, Xitoyga xalal berayotgani uchun Rossiyani ehtiyotkorlik bilan tanqid qilgan”iga amin.

Odatda Xitoy Kompartiyasining rasmiy yo‘nalishini translyatsiya qilib kelgan Pekindagi Xitoy xalq universiteti professori, siyosatshunos Shi Inxun ham bu “o‘rtoq Sining Xitoy-Rossiya strategik aloqalari mavzusida so‘nggi yillarda qilgan eng ehtiyotkorona va vazmin bayonoti” ekanini ta’kidlamoqda.

Biroq, garchi XXR hamon Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga nisbatan rasman betaraf pozitsiyada turgan bo‘lsa-da, Xitoy davlat propagandasi oldindan belgilangan reja bo‘yicha ishlamoqda. AQSh Davlat departamenti hisobotiga ko‘ra, Xitoy Kompartiyasi oliy mulozimlari va davlat mediasi yuz berayotgan voqealarga nisbatan Kreml ko‘zqarashini zo‘r berib yoyish, xususan rus askarlarining Ukrainadagi isbot etilgan yoki muhtamal jinoyatlari haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatish bilan shug‘ullanyapti. Rossiya bosqini esa faqat “maxsus harbiy amaliyot” deb ataladi.

Шанҳай саммити: Яккаланган Путин "якка қутбли" дунёга қарши
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:05 0:00

Marshall fondining “Demokratiya uchun alyansi” rahbarlaridan biri bo‘lmish Bret Shefer Xitoyda Kreml propagandasining translyatsiya qilinishi G‘arb sanksiyalariga yo‘liqqan Rossiya davlat OAVlariga jahon axborot maydonida qolish imkonini berayotganini aytadi.

Mart oyi oxirlarida Rossiya qo‘shinlari Kiyev viloyati shaharlaridan chekingach ko‘chalardan va ommaviy qabrlardan yuzlab ukrainaliklar jasadlari topilganida ham Xitoyning CGTN davlat kanali ushbu jasadlar “Rossiyani aybdor qilish uchun AQSh tomonidan “buyurtma” qilingan”i haqida xabar berdi. 8-aprelda Kramatorsk vokzali o‘qqa tutilib, 50 dan ortiq ukrainalik o‘lganida ushbu telekanal yana Kremlning yonini oldi. Xitoy TIV voizi Chjao Litszyan esa Ukrainada AQShning “rossiyaliklarga qarshi tadqiqotlar olib boriladigan biolaboratoriyalari” mavjudligi xususidagi Moskvaning iddaolariga ishonishini bir necha bor aytgan.

Keyingi paytlarda Xitoy OTMlarida Rossiya-Ukraina urushini talabalarga “to‘g‘ri tushuntirish” uchun maxsus mashg‘ulotlar tashkil qilinmoqda. Bu darslarda “Rossiyaning G‘arbdan ko‘rgan jabru jafolari”ga urg‘u beriladi.

O‘tgan yili Xitoy Kompartiyasi buyurtmasiga binoan “Siyosiy nigilizm va sovet tanazzuli” nomli hujjatli film suratga olingan edi. Filmda “Sovet Ittifoqining tahqirli inqirozi – AQShning kirdikorlari oqibati” deya tushuntiriladi.

Unda Putin “rossiyaliklarga o‘tmishdan g‘ururlanish tuyg‘usini qaytargan” buyuk siyosiy va harbiy lider o‘laroq gavdalantirilgan. Filmda Ukraina urushi tilga olinmagan bo‘lsa-da, Rossiya “SSSRdan ajralib chiqqan qo‘shnilaridan tashvishlanishga haqli” ekani haqidagi iddao bot-bot takrorlanadi va Xitoy mulozimlari va rahbarlari “G‘arb liberalizmiga ko‘p ham mahliyo bo‘lmasligi”, Sovet Ittifoqini halokatga eltgan yo‘ldan aslo yurmasligi kerakligi urg‘ulanadi.

XS
SM
MD
LG