Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:54

Xitoyda kriptovalyutalarga qo‘yilgan taqiq kuchaytirildi


Xitoyda moliya institutlari va to‘lov kompaniyalariga kriptovalyutalar bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatishni taqiqlovchi cheklovlar kuchaytirildi.

Yangi cheklovlar 2017 - yilda kiritilgan taqiqni yanada qattiqlashtiradi. Yangi qonunda “virtual valyutalar hech qanday haqiqiy qiymat bilan dastaklanmasligi” belgilab qo‘yildi.

Quyida bu choraga nima turtki bo‘lgani va uning kriptovalyutalarga ta’siri haqida “Reuters” agentligi chop etgan maqola mazmuni bilan tanishishingiz mumkin.

Yangi cheklovlar nimadan iborat?

Joriy hafta boshida Xitoydagi bank va onlayn to‘lov shirkatlarini o‘z ichiga olgan uch moliya tashkilotlari birlashmasi o‘z a’zolariga 2017 - yilgi qonunga binoan kripto xizmatlarni ko‘rsatishni, xususan, hisob ochish, ro‘yxatga olish, savdo qilish, kliring, hisob-kitob va sug‘urta amaliyotlarini o‘tkazish taqiqlanishini eslatdi.

Ammo Xitoy xalq banki e’lon qilgan yangi taqiq avval tilga olinmagan xizmatlarni ham o‘z ichiga oladi.

Masalan, yangi qonunda muassasalarga virtual valyuta qabul qilish yoki ularni to‘lov va hisob-kitob amaliyotlari uchun ishlatish taqiqlanishi aniq ko‘rsatilgan. Shuningdek, muassasalar kriptovalyutalarni yuan yoki xorijiy valyutalariga almashtirish xizmatlarini taqdim eta olmaydi.

Bundan tashqari, muassasalarga kriptovalyutada omonat saqlash, garov xizmatlarini ko‘rsatish va kripto bilan bog‘liq moliyaviy mahsulotlarni chiqarish taqiqlandi. Shuningdek, trest va jamg‘arma mahsulotlari uchun virtual valyutalardan investitsiya maqsadlarida foydalanish man etiladi.

Xitoyda kriptovalyutalarga qarshi dastlabki qoidalar qanday edi?

Xitoy kriptovalyutalarni qonuniy to‘lov vositasi deb tan olmaydi. Mamlakat bank tizimi kriptovalyutalarni qabul qilmaydi yoki ular bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatmaydi.

2013 - yilda hukumat bitkoinni virtual tovar deb ta’riflagan va jismoniy shaxslarga uning onlayn savdosida erkin qatnashish huquqi berilgandi. Biroq o‘sha yil oxirida moliyaviy regulyatorlar banklar va to‘lov kompaniyalariga bitkoin bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatishni taqiqladi.

2017 - yil sentabr oyida Xitoyda sarmoyadorlarni himoya qilish va moliyaviy xatarlar oldini olish maqsadida birlamchi ommaviy takliflar ham taqiqlandi.

Shuningdek, kriptovalyutalarni qonuniy to‘lov vositalariga almashtirish taqiqlandi.

Cheklovlar ortidan kriptovalyuta xizmatlarini ko‘rsatuvchi aksar shirkatlar yopildi yoki ofshor faoliyat yuritishga o‘tdi.

Xitoy nima uchun nazoratni kuchaytirdi?

Xitoy Xalq banki kriptovalyutalar ustidan nazoratni kuchaytirar ekan, ular savdosidagi spekulyatsiya “odamlar mulkining xavfsizligi va normal iqtisodiy va moliyaviy tartibga” tahdid solishini bildirdi.

Kriptovalyutalar yuanga solayotgan tahdid tufayli Xitoy xalq banki o‘z raqamli valyutasini joriy qildi.

Cheklovlarning ta’siri qanday bo‘ladi?

Yangi cheklovlar jismoniy shaxslarga turli xil to‘lov kanallari orqali kriptovalyutalarni sotib olishni mushkullashtiradi. Qolaversa, cheklovlar tufayli kriptovalyutalarni yuanga almashtirish qiyinlashadi.

Bundan tashqari, banklar va to‘lov kompaniyalari kriptovalyutalar bilan bog‘liq pul oqimlarini aniqlashda qiyinchiliklarga duchor bo‘lishini kutish mumkin.

Nyu-York universiteti ilmiy tadqiqotchisi Uinston Ma yangi qoidalar Xitoyning moliya tizimi kriptovalyutalar bilan bog‘liq operatsiyalarni yo‘q qilishga qaratilgani va hukumat kripto aktivlariga qarshi yangi cheklovlarni joriy qilishi mumkinligini ko‘rsatadi dedi.

XS
SM
MD
LG