Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:59

“Xonstitutsiya”. Markaziy Osiyoda prezidentlar istagiga qarab o‘zgarayotgan konstitutsiyalar


Prezidentlar Qasim-Jomart Toqayev, Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov.
Prezidentlar Qasim-Jomart Toqayev, Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov.

Turkmanistonda ikki palatali parlament ikki yilgina yashadi. Sobiq prezident va amaldagi lider Gurbanguli Berdimuhamedov palatalardan birini tarqatib yuborish, ikkinchisini esa hokimiyatning yagona oliy organi – Xalq maslahatiga aylantirish taklifi bilan chiqdi. Iqtidordagi rahbarlar o‘z hokimiyatini saqlab qolish va kengaytirish uchun har turli choralarni ko‘ruvchi Markaziy Osiyoda bu juda tanish va samarali usuldir.

2020-yilda prezident Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmaniston qonun chiqaruvchi kengashining yuqori palatasi tuzilganini e’lon qilarkan, islohotdan pirovard maqsad – turkman xalqining “baxtli hayoti” ekanini aytgan edi. Prezidentlikni o‘g‘li Sardorga topshirganidan so‘ng esa u Xalq maslahati otliq yangi organga rais bo‘lib oldi.

Mana, ikki yildan sal ko‘proq vaqt o‘tgach dunyoning eng avtoritar mamlakatlaridan birida ushbu ikki palatali tajriba yakun topdi – quyi palata chiqitga tashlandi, Xalq maslahati esa, davlat OAVlariga ta’biricha, “hokimiyatning oliy organi”ga aylantiriladi.

Gurbanguli Berdimuhamedov.
Gurbanguli Berdimuhamedov.

Hokimiyat egalari hokimiyatda qolish davrini cho‘zishning anvoyi usullarini kashf qiladigan Markaziy Osiyo mamlakatlarida qonun chiqaruvchi organlarni va konstitutsiyani har maqomga solish odat tusini olgan.

Kichik Berdimuhamedov hokimiyat tuzilmalarini o‘zgartirish masalalari bo‘yicha hukumati yig‘ilishini chaqirish to‘g‘risida farmon chiqargan. Unga ko‘ra, prezident ofisi to‘ng‘ich Berdimuhamedov nazoratidagi kengash ixtiyoriga beriladi.

Turkmanistonlik siyosiy sharhlovchi va tahlilchi Kumush Bayriyeva Ozodlik bilan suhbatda “mazkur taklif Gurbanguli Berdimuhamedovning hakalak otgan izzat-nafsi parlamentning yuqori palatasi raisi lavozimiga qanoat qilmayotganini ko‘rsatadi”, deb aytdi.

“Endi u “millatning ma’naviy rahnamosi” bo‘lishni, shu bilan birga, o‘z itoatidagi Xalq maslahati orqali hokimiyatning barcha tarmoqlarini qat’iyan nazorat qilishni istamoqda”, urg‘ulaydi Bayriyeva.

Goh besh, goh yetti yilga

Bu yil bahorda O‘zbekistonda konstitutsiyaviy o‘zgartishlar qabul qilinadigan bo‘lsa, mintaqada prezidentlik muddati yetti yilga uzaytirilgan mamlakatlar to‘rttaga yetadi (Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘iston).

Toshkent bilan Ostona mustaqil bo‘lganidan beri prezidentlar vakolati muddatini goh besh, goh yetti yil qilib o‘zgartirib keldi. Aftidan, bu saylov yo‘li bilan hokimiyatdan chetlanishi mumkinligini sira hazm qilolmagan Islom Karimov va Nursulton Nazarboyevlarning xohish-irodasi bilan bo‘lgan.

Мирзиёевнинг Конституция ислоҳоти: Мақсад президент муддатини ноллаштиришми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:24:02 0:00

2011-yilda O‘zbekiston besh yillik muddatga qaytishga qaror qilganida mamlakat senati ushbu o‘zgarish Karimovning “demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish”ga qaratilgan qat’iy siyosatini aks ettirishini aytgan edi.

Endi-chi, Shavkat Mirziyoyevning maslahatchilari yetti yillik muddatga qaytish zaruratini qanday tushuntirishmoqda? Albatta, “xalq shuni iltimos qilyapti”, deb.

Mirziyoyev yil yakunidagi murojaatnomasida “fuqarolarning barcha taklif va istaklari” kelgusi yilda referendumga qo‘yilajak yangi konstitutsiya loyihasida “inobatga olinishi”ni aytgan edi.

O‘tgan yozda Ozodlik muxbirlari Toshkentga yaqin shaharchadagi bir korxona ishchilari bilan so‘zlashgan edi. Bu ishchilar rahbariyat ularni Konstitutsiya loyihasi ustida ishlayotgan deputatlarga yozilgan maktubga imzo chekishga majburlaganini bildirganlar.

Nusxasi Ozodlikda mavjud ushbu xatda ishchilar “olib borilayotgan islohotlardan juda mamnun”ligi va prezidentning vakolat muddatini besh yildan yetti yilga uzaytirishni yoki “davlat rahbarini umrbod prezident lavozimida qoldirish”ni iltimos qilayotgani haqida gap boradi.

O‘zbekiston Konstitutsiyaviy komissiyasi Asosiy qonunga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha takliflarni 2022-yil 1-avgustgacha qabul qildi. Shu muddatga qadar jami 117 357 ta taklif olingani ma’lum qilindi.

Parlamentning nufuzli vakillaridan biri Konstitutsiya o‘zgartirilishi Mirziyoyevga prezident lavozimida bo‘lgan davrini nulga tushirib, ketma-ket uchinchi marta saylovda o‘z nomzodini qo‘yishga imkon berishini tan oldi – marhum Karimov bu hiyladan o‘z vaqtida muvaffaqiyat bilan foydalangan edi.

2010-yilda Qirg‘izistonda o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohot Markaziy Osiyo uchun mutlaqo unikal bo‘ldi. Unikalligi shundaki, o‘sha paytda mamlakatda doimiy prezident yo‘q edi.

Shu sababli, qolaversa, oldingi ikki davlat rahbari o‘z oilalarining boylik orttirishi yo‘lida xizmat mavqeini suiiste’mol qilgani oqibatida prezidentlik mandati zaiflashib, parlament va bosh vazir yangi vakolatlarga ega bo‘ldi.

Biroq yangi qonun chiqaruvchi organ ko‘pchilikning hafsalasini pir qildi. Tanqidchilar fikricha, u hamisha siyosiy va biznes elita manfaatlarini himoya qilgan.

Ammo Qirg‘izistonning yangi prezidenti Almazbek Atamboyev avvalo xavfsizlik xizmatlarini o‘z nazoratiga olgach, parlamentga hukmini o‘tkazish yo‘llarini topdi.

Shunga qaramay, Atamboyev ba’zi cheklovlar, xususan, qayta saylanishga taqiqni bekor qildirtira olmadi va, noiloj, 2017-yilda vakolat muddati tugagani munosabati bilan prezidentlikdan ketdi.

Mazkur aralash tizim 2010-yilda ag‘darilgan hukumat a’zosi Sadir Japarovning yangi siyosiy to‘lqinlar damida iqtidorga kelishiga to‘sqinlik qila olmadi.

Odam o‘g‘irlash ayblovi bilan jazo muddatini o‘tayotgan Japarov qamoqdan chiqarilib, prezidentlikka nomzodi qo‘yilgach, korrupsiyaga barham berish va asosiy mas’uliyatni davlat rahbariga yuklash uchun Konstitutsiyani o‘zgartirish shartligini iddao qildi.

Shu tariqa 2021-yilgi referendumda qabul qilingan yangi konstitutsiya dunyoga keldi. Parlament o‘zining hukumatni tasdiqlash va iste’foga chiqarish huquqidan ixtiyoriy voz kechgani sababli tanqidchilar uni “xonstitutsiya” deb ataydilar.

Yangi konstitutsiyada amaldagi prezidentning ikkinchi marta saylovda o‘z nomzodini qo‘yish huquqi ham tiklandi.

Xos kishilar uchun xos imtiyozlarmi?

Turkmanistonda Berdimuhamedov tomonidan olib borilayotgan hukumat islohoti – Tojikistonda prezident Imomali Rahmon foydalanayotganiga o‘xshash yangi konstitutsiyaviy istisnolarga olib kelishi mutlaqo mumkin.

2016-yilda Tojikiston Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartishlar sharofati bilan Rahmon ortiq shunchaki prezident emas, balki tinchlik va milliy birlik asoschisi – peshvoyi millatdir.

Ushbu maqom Rahmon va qarindoshlarini umrbod sud ta’qibidan saqlaydi, boz ustiga, Rahmonga hatto hech bir rasmiy lavozimda bo‘lmagan taqdirida ham hukumat qarorini qabul qilish yoki unga veto qo‘yish vakolatini beradi.

Rahmonning 35 yashar o‘g‘li Rustam Imomali yaqin istiqbolda prezident kursisiga o‘tirishi kutilmoqda. Biroq bu konstitutsiyaviy islohotlar shunchalik muhimmi? Agar sobiq prezidentlar o‘z o‘rinlariga kelgan odamni nazorat qila olmasalar hech bir imtiyozdan naf yo‘q.

Qozog‘istonda yanvar voqealari ro‘y berguniga qadar Nursulton Nazarboyev ham millat rahnamosi – elboshi edi.

Yoqilg‘i narxlari oshishiga qarshi norozilik o‘laroq boshlanib, butun mamlakatni qamrab olgan aksilhukumat namoyishlarida 200 dan ortiq odam nobud bo‘ldi.

Nazarboyevning “elboshi” maqomi va hukumatda uning tarafdorlari ko‘pligi birinchi prezidentning o‘zi 2019-yilda voris qilib tanlagan Qasim-Jomart Toqayev hokimiyatiga ko‘lanka tashlab turardi.

Biroq qonli yanvardan so‘ng aynan Toqayev hokimiyat uchun jangda yutib chiqib, oliy rahbar bo‘lib oldi, Nazarboyev bilan qarindoshlari esa chekkaga surildi.

Keyin esa Toqayev konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazib, Asosiy qonundan “elboshi” kalimasini oldirtirib tashladi, parlament esa ushbu maqom sohibining yuridik va siyosiy imtiyozlarini tartibga soluvchi qonunni bekor qildi.

Qonun himoyasidan bahramand bo‘lib kelgan Nazarboyevning aqrabosi uchun shu keyingi xabar ayniqsa yomon.

Nazarboyevning o‘zi hamon davlatga xiyonatdan o‘zga har qanday jinoyati uchun javobgar bo‘lmaslik imtiyoziga ega.

Biroq endi uni o‘ziga qarashli sayt (elbasy.kz)dan boshqa hech qayerda “elboshi” deb ulug‘lashmaydi.

XS
SM
MD
LG