Линклар

Шошилинч хабар
18 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:23

Xorijda qarovsiz qolgan bolalar O‘zbekistonga qaytarildi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Oktyabr oyi boshidan buyon xorijda ota-ona qaramog‘isiz qolgan 11 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lum qildi.

So‘nggi kunlarda Xitoydan ikki nafar, Rossiyadan bir nafar bola Ichki ishlar vazirligi xodimlari ko‘magida O‘zbekistonga olib kelingan.

Yaqin kunlarda RFdan yana bir guruh bolalar olib kelinishi rejalashtirilgan.

Voyaga yetmaganlarning oilalari va O‘zbekistondagi yaqin qarindoshlarini o‘rgangan agentlik ular “og‘ir turmush sharoitida qoldirilgan” degan xulosaga kelgan.

“Keyinchalik ularga bolaning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda psixologik yordam, huquqiy maslahatlar, o‘qishga joylashtirish va boshqa xizmatlarni o‘z ichiga olgan kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi”, deyiladi Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabarnomasida.

So‘nggi oylarda xorijda qarovsiz qolgan bolalarni keltirish faollashgani kuzatildi. Joriy yil avgust va sentyabr oylarida Rossiyadan jami 45 nafar bola O‘zbekistonga olib kelingan.

Ma’lumot o‘rnida, 2023-yil mart oyida O‘zbekiston prezidenti bolani xorijda nazoratsiz qoldirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni belgilovchi tuzatishlar aks etgan qonunni imzolagan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, O‘zbekiston fuqaroligiga ega bolani ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs tomonidan chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish BHMning 10 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu harakat ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin takroran sodir etilsa, 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi mumkin.

XS
SM
MD
LG