Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:55

Yangi nom va eski mafkura: Buyuk Kelajak o‘z o‘rnini Yangi O‘zbekistonga bo‘shatib berdi


“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligi bayram tantanalari.
“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligi bayram tantanalari.

"Yangi O‘zbekiston". 2020 - yilning boshida paydo bo‘lgan bu ibora O‘zbekiston prezidenti va rasmiy matbuot leksikonining asosiy unsuriga, binobarin mamlakatning bosh g‘oyasi, mafkurasiga aylandi. Joriy yilning yozida bu g‘oyani jamiyat shuuriga singdiradigan tashkilot ham tayinlandi.

So‘nggi bir asr mobaynida o‘zbek xalqi o‘z hayotida ikki yirik shior-g‘oya ostida yashadi. Birinchisi kommunistlarning kommunizm g‘oyasi bo‘lsa, ikkinchisi “O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat” shiori edi. Bugunga kelib har ikkisi unut bo‘ldi.

Shu kunlarda esa, butun mamlakat bo‘ylab “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi “keng quloch yoymoqda”.

2020 - yilning 6 - yanvari. Bu sana “Yangi O‘zbekiston” iborasi tarixini kelajakda o‘rganuvchilar uchun muhimdir: aynan shu kuni Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “Yangi O‘zbekiston” gazetasi ta’sis etildi. “Yangi O‘zbekiston”ga hukumat gazetasi maqomi berildi.

Oradan 8 oy o‘tib, Prezident O‘zbekiston Mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlab, 2020 - yilning 31 - avgustida o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda qilgan nutqida “jahon «Yangi O‘zbekiston» iborasini tilga olayotgani”ni aytib, “O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotganini” iddao qildi.

Shundan so‘ng O‘zbekistonning “yangilanuvi”ga shiddat kirdi:

Prezidentning shu yil 23 - iyundagi qarori bilan “Yangi O‘zbekiston” universiteti ochildi;

Toshkent viloyat, Qibray tumanida 104 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i qurildi. Bog‘ 31 - avgust – Mustqillik kuni ochildi. Marosimda Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

“Yangi O‘zbekiston” degan nom yangi va yangi obyektlarni zabt etmoqda. Masalan, Sirdaryo viloyat, Mirzaobod tumanida “Yangi O‘zbekiston” mahallasi paydo bo‘ldi.

Hozircha “Yangi O‘zbekiston” degan nom “zavodlar, fabrikalar, paroxodlarga” berilgani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.

Biroq ayni paytda O‘zbekistonning tarkibiy qismlari ham “yangilanmoqda”. Prezident bu yil yozda Andijonga qilgan safari chog‘ida “Yangi Andijon” qurilajagini e’lon qildi.

Янги Ўзбекистон-2: Аллақуловнинг янги партияси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:38:32 0:00

Kuni kecha Qoraqalpog‘istonga qilgan safari chog‘ida esa, prezident “Bizning oliy va ezgu maqsadimiz – birgalikdagi fidokorona mehnatimiz bilan Yangi O‘zbekiston tarkibida Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etishdir”, — dedi

Prezident “Yangi O‘zbekiston”ga o‘ta jiddiy qaramoqda: shu 16 - iyulda imzolagan qarori bilan Vazirlar Mahkamasi qoshidagi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markaziga "Uchinchi Renessans — Yangi O‘zbekiston" g‘oyasini keng targ‘ib qilish vazifasini yukladi.

Islom sivilizatsiyasi markazi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Saidkomil Xolxo‘jayev Ozodlik savollariga javob berarkan, markaz oldiga qo‘yilgan vazifa haqida bunday degandi:

“Markazimizga aniq bir g‘oya berilgan. Aniq bir g‘oyani propaganda qilish, targ‘ib qilish vazifasi berilgan. Bu Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston g‘oyasi. Bu biz Uchinchi Renessans davriga kirib bo‘ldik, rivojlanib bo‘ldik, degani emas, balki yuksalishimiz uchun qadam qo‘yaylik, rivojlanish poydevorini yarataylik, buning uchun birgalikda harakat qilaylik, degan g‘oyadir. Bu O‘zbekistonni targ‘ib qilish g‘oyasi emas, balki yuksalishga bo‘lgan qiziqishni parvarishlash g‘oyasidir”.

Shunday qilib, yangi O‘zbekiston targ‘ibotchisi - “Yangi O‘zbekiston” gazetasi mamlakat mustaqilligi targ‘ibchisi, 1991 - yilning 1 - yanvaridan chiqa boshlagan “Xalq so‘zi” gazetasi o‘rnini egallaganday, “Xalq so‘zi”ning o‘zi esa, kommunizm targ‘ibchisi “Sovet O‘zbekistoni” gazetasi o‘rnini egallaganday, “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi “O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat” g‘oyasi o‘rnini egalladi.

"Янги Ўзбекистон"нинг ночор оиласи: Фарзандларим очлигидан нон деб йиғлайди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:01 0:00

“Buyuk davlat” qayoqqa yo‘qoldi? Bu hazilomuz savolga shoir Hamroqul Asqar bunday javob berdi:

“U yoki bu narsa yo‘qolishi uchun u mavjud bo‘lgan bo‘lishi kerak. “Buyuk kelajak” shunchaki bir shior edi va biz endi uni “Yangi O‘zbekiston”ga aylantirib qo‘ya qoldik. Bor gap shu”.

Pedagog va ruhshunos olim Mahmudjon Yo‘ldoshev bilan masalaning sotsiopsixologik jihatlarini gaplashdik. Biroq u kishi bilan suhbatni ham shoirga bergan savoldan boshladik.

“Buyuk kelajak” yo‘qolib qolmagan bo‘lsa kerak... Menimcha, biz boshqa tomonga ketib qolganmiz. Chunki aniq bir mo‘ljalning o‘zi yo‘q edi”, dedi Mahmudjon Yo‘ldoshev.

O‘zbek xalqi so‘nggi 100 yilning ichida kamida ikki yirik shior-g‘oya ostida yashadi. Birinchisi kommunistlarning kommunizm g‘oyasi, ikkinchisi Karimovning “buyuk kelajak” g‘oyasi. Ikkalasi ham unutildi. Bugun navbat “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasiga keldi. Nima uchun kerak bunday shiorlar?

Mahmudjon Yo‘ldoshev:

“U yoki bu g‘oyaning mavjud bo‘lishi jamiyat uchun yaxshi, foydali. Yagona g‘oya millatni birlashtirishi mumkin. Biroq ko‘pincha siyosatchilar, davlat rahbarlari o‘rtaga tashlagan g‘oyalar mavhum bo‘lib qoladi, ular konkret maqsadni anglatmaydi. Natijada jamiyatda ularga ishonchsizlik, nafaqat g‘oyaga, balki ertangi kunga ham ishonchsizlik, hatto apatiya paydo bo‘ladi. Xalqqa yaqin kelajak haqida, hech yo‘q o‘rta avlod umri oxirigacha ko‘rishga ulgurib qoladigan aniq-tiniq marralar haqida gapirish kerak”.

“Yangi O‘zbekiston” “loyihasi” necha yilga mo‘ljallangan, boshlanishi shu kunlar deyilsa, bitishi qachon, uning quruvchilari kimu qurilish materiallari nima? Bu savollarga javob yo‘q.

Agar 13 - sentabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro kongress mavzui - “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans poydevori”dan kelib chiqilsa, “Yangi O‘zbekiston”ning poydevori allaqachon qurib bo‘lingan. "Yangi O‘zbekiston" ideologlari talqinida yangi Renessans davri Yangi O‘zbekistonda bo‘ladi.

Lekin agar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odinaxon Otaxonovaga ishonilsa, “Yangi O‘zbekiston” poydevori hali qurilmagan. Deputatning “Xalq so‘zi”da bosilgan maqolasi sarlavhasi budir: “Yangi O‘zbekiston yoshlari — kelajagimiz va istiqbolimiz poydevori”.

Prezident Mirziyoyevning saylovoldi bannerlaridan birida bitilgan yozuvda ham “Yangi O‘zbekiston” poydevorini qurish haqida so‘z boradi. Poydevor qachon bitadi, devor qachon urilib, tom qachon yopiladi – bular barchasi hozircha mavhum. Hali pardozlash ishlari ham bor...

Shior-g‘oyalardan jamiyat uchun qanday naf, degan savolga shoir Hamroqul Asqar bunday javob berdi:

“Qanchalik go‘zal bo‘lmasin, shiorlardan jamiyat uchun hech qanday naf yo‘q. Shiorbozlikni allaqachon to‘xtatish kerak edi, afsus yana davom etyapti. Shiorbozlikka ehtiyoj paydo bo‘ldimi, demak, bilingki, yolg‘on bor. O‘sha yolg‘onni yashirish uchun shiordan foydalanishadi”.

Shoirning fikricha, to‘g‘ri gap har doim qisqa va lo‘nda bo‘ladi. Jamiyat uchun uzundoq-uzoq nutqlar, nutqlarda yangraydigan va’dalar emas, xotirjam, farovon va halol turmush kechirishi uchun sharoit yaratilsa, kifoya, hayot o‘z-o‘zidan yangilanib boraveradi.

Tahlilchilar marhum Islom Karimovning "buyuk kelajagi" mohiyatan sho‘rolarning kommunizm g‘oyasidan farq qilmaganini aytishadi. Mirziyoyev esa, birinchi muddat prezidentligining ilk davrida Karimovdan farqli "odamlar kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi kerak"ligini ta’kidlagan edi. Ammo uning "Yangi O‘zbekiston" va "Uchinchi renessans" haqidagi so‘zlari, tahlilchilar nazarida tobora o‘tmish va kelajakka xitob sifatida yangramoqda.

Va, suhbatdoshlardan biri aytgani kabi, tobora Shavkat Mirziyoyevning kommunistik mafkura odami, muxoliflardan birining ta’biricha esa, "so‘nggi kommunist" ekanini yodga solmoqda.

Фарғоналик куёвлар: Мирзиёев қудалари қандай бойиди?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:36:46 0:00

O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin Konstitutsiyaga “mafkuradan xoli” bo‘lish konsepsiyasi yozilgan bo‘lsa ham yagona mafkura yaratishga turli urinishlar bo‘ldi.

O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning “Ma’naviyat - yengilmas kuch” kitobi xuddi Turkmanistondagi “Ruhnoma” kabi “ ma’naviyatni asrash va yuksaltirish, yosh avlodning qalbi va ongini turli zararli g‘oya va mafkuralar ta’siridan saqlash va himoya qilish” iddaosini ilgari surgan edi.

Ammo tahlilchilar davlatning bu kabi mafkura yaratish urinishlari mamlakat aholisining real muammolari, orzu va intilishlaridan uzoq, taraqqiyotga asos bo‘ladigan ijtimoiy hamda iqtisodiy tamoyillardan uzilib qolganiga e’tibor qaratishadi.

XS
SM
MD
LG