Линклар

Шошилинч хабар
19 октябр 2024, Тошкент вақти: 09:32

Yangi O‘zbekistonning eski transformatorlari. Hokimlar gaz va elektr muammosini Ozodlikka izohladi


Ozodlikka murojaat yo‘llagan o‘zbekistonliklarning aksariyati elektr ta’minotidagi uzilishlar va gaz taqchilligidan shikoyat qilmoqda.

Shikoyatlar geografiyasi juda keng: Andijondan tortib Qorqalpog‘iston, Toshkentdan Surxondaryogacha.

Ozodlik vaziyat yuzasidan Quva tumani hokimi, To‘rtko‘l tuman gaz ta’minoti korxonasi rahbari hamda Energetika vazirligi matbuot xizmatiga shikoyatlarda ko‘tarilgan savollarni berdi.

Ozodlikka so‘nggi kunlarda qilingan murojaatlar orasida quvaliklardan (Farg‘ona viloyati) shikoyat kelmagan, biroq joriy yil boshida Ozodlik Quva tuman, Iftixor mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan oilaviy korxona egalarining videomurojaatini e’lon qilgan edi. Unda korxona egalari elektr uzilishi oqibatida to‘laqonli ishlamayotganidan arz qilgan.

Quyidagi video 2020 - yilning 27- yanvarida e’lon qilingan:

ФАРҒОНА – "Электр узилишлари сабаб кунига 4-5 соат ҳам ишлолмаяпмиз"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:23 0:00

Quvadan yana bir shikoyatni Ozodlik 2019 - yilning 16 - oktabrida e’lon qilgan, unda tumandagi Bo‘ston, Huvaydo hamda Qalinpo‘stin ko‘chalari ahli 2018 - yilda simyog‘ochlar almashtirilgani, qo‘shimcha transformator o‘rnatish esa paysalga solinayotganidan arz qilgan edi.

Hokim: Bir yilda 57 ta transformatorni kapital ta’mirdan chiqardik, 17 ta yangi transformator o‘rnatdik

Quva tumani hokimi Ravshan Qurbonov 18 - noyabr kuni Ozodlikning elektr ta’minotiga oid savollariga javob berdi:

- Janob hokim, tumaningizda elektr ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat qanday? Bu yil ham uzilishlar bormi?

- Elektr ta’minotida uzilishlar haqiqatan ham bor. Buning o‘z sabablari bor. Bir tomondan, elektr liniyalari eskirgan. Ikkinchi tomondan, aholi yildan- yilga o‘syapti. Tumanimizda yiliga 5 yarim mingta chaqaloq tug‘ilyapti. Natijada ta’minotga nisbatan talab ko‘payyapti. Masalani hal qilish uchun hozir ikkinchi liniyaga ulanish ustida ish olib borilyapti. Hozirda liniyamiz bitta, 110 kilovatt soatli. Yangi liniya Soyguzar liniyasi deyiladi. Shu liniyaga ulansak, butun vodiyning elektr ta’minoti yaxshilanadi. Mutaxassislarning aytishicha, ta’minotdagi uzilishlar deyarli to‘xtaydi.

Quva tuman hokimi Ravshan Qurbonov
Quva tuman hokimi Ravshan Qurbonov

- Prezident uch yildan beri podstansiyalaru transformatorlarning eskirib ketgani, ularni almashtirish kerakligi haqida gapirib keladi. Shu yo‘nalishda qanday ishlar amalga oshirildi?

- Bu yil 57 ta transformatorni kapital ta’mirdan chiqardik. 17 ta yangi transformator o‘rnatdik. Bu - transformatori ta’mirlangan, yangisi o‘rnatilgan mahallalarda muammo yechildi, degani. Lekin mahallalar ko‘p. Bir-ikki yilning ichida boshqa mahallalarda ham transformatorlarniyam, eskirgan simyog‘ochlarniyam yangilaymiz. Biroq asosiysi o‘sha ikkinchi liniya tortilib, ta’minot yaxshilanishiga bog‘liq.

- Biznesning ahvoli qanday? Ba’zi joylarda tadbirkorlarning ishlab chiqarish sexlarini elektr quvvati bilan uzluksiz ta’minlash uchun alohida liniyalar tortishga ruxsat beriladi, deyishadi. Quvada ham shundaymi?

- Bu ishlab chiqarish korxonasi joylashgan hududning elektr ta’minoti holatiga bog‘liq. Agar sexning ishlashi aholini elektr bilan ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan bo‘lsa, alohida liniya tortib beriladi.

- Elektr ta’minoti yomonligi oqibatida to‘xtab qolgan bizneslar bormi?

- Tumanimizda to‘xtab qolgan ishlab chiqarish korxonasi yo‘q. Kichik sanoat zonasi qurilyapti. Bu zona uchun alohida elektr liniyasi tortilgan.

- Aholiga elektr quvvati yetkazib berishda uzilishlar bormi? Bir kecha-kunduzda necha soatga chiroq o‘chyapti?

- Ikki kun oldin yomg‘ir yog‘di. O‘shanda ayrim mahallalarda qisqa tutashishlar bo‘ldi va oqibatda svet o‘chdi. Kerakli ta’mirlar qilindi. Umuman esa, tumanda svet o‘chirish grafigi yo‘q.

Quva tuman hokimi Ravshan Qurbonov 18 - noyabr kuni Ozodlik savollariga, aytishicha, “oyog‘i uzangida turgan” paytda – ish bilan bir joyga ketayotgan daqiqalarda javob berdi va shuning uchun gaz ta’minotiga oid savollarimiz boshqa suhbatga qoldi.

Biroq gazga oid savollarini Ozodlik 17 - noyabr kuni mamlakatning boshqa mintaqasi – Qoraqalpog‘istonlik gazchiga berdi.

To‘rtko‘lgaz rahbari: Gazning tabiiysi ham, suyultirilgani ham yetarli

To‘rtko‘l tuman gaz ta’minoti korxonasi rahbari A’zam Abdullayevning 18 - noyabrda Ozodlikka bildirishicha, tumanda tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotida ham, elektr quvvati ta’minotida ham muammo yo‘q.

- Janob Abdullayev, tuman aholisini gaz bilan qay darajada ta’minlay olyapsizlar?

- To‘rtko‘lda gaz ta’minoti yaxshi. Hech qanday muammo yo‘q. Shaharda ham, qishloqlarimizda ham ta’minot yaxshi.

- Siz tabiiy gazni nazarda tutyapsizmi?

- Albatta, tabiiy gazni aytyapman. Suyultirilgan gaz bo‘yicha ham muammo yo‘q.

- Tuman gaz bilan 100 foiz ta’minlangan, hamma tabiiy gaz yoqyapti, demoqchimisiz?

- Tumanda hamma tabiiy gaz yoqmaydi. Iste’molchilarning yarmi tabiiy gazdan uzilgan o‘z vaqtida. (2013 - yili O‘zbekistonning chekka qishloqlarini tabiiy gazdan uzish jarayoni boshlangan edi - tahr. ) Lekin quvurlari kesilmagan joylarga yetarli gaz yetkazib berilyapti. Quvuri kesilganlar suyultirilgan gazga o‘tgan.

- Suyultirilgan gazni yetkazishga doir mamlakat bo‘yicha 45 kunlik muddat belgilangan. To‘rtko‘lda ham shunday tartibmi?

- To‘g‘ri, 45 kunlik normativ bor. Lekin biz bunga qarab o‘tirmaymiz. Oyda bir yetkazib beraveramiz talabga qarab.

- Taqchillik yo‘q?

- Yo‘q.

- Siz tumangaz rahbari bo‘lish bilan bir paytda oddiy to‘rtko‘llik hamsiz. Elektr ta’minoti to‘g‘risida nima deya olasiz?

- Svetga gap yo‘q. O‘chmayapti lekin.

- Gaz bilan elektr ta’minoti To‘rtko‘lda yaxshi ekanligini boshqa to‘rtko‘lliklardan ham eshitdim. Nima uchun sizlarning tumandagi ahvol O‘zbekistonning boshqa joylaridagidan yaxshi?

- To‘g‘ri, bundan 3 – 4 yil oldin To‘rtko‘ldayam gaz yo‘q edi. Biroq biz ishladik. Bu yil yozi bilan ham ishladik. Remont qildik liniyalarni.

- Qoraqalpog‘istonning boshqa tumanlariga qaraganda To‘rtko‘lda ahvol yaxshiroq, deya olasizmi?

- Boshqa tumanlardagi vaziyatga baho berolmayman. Lekin bizda ahvol yaxshiroq, deb o‘ylayman.

Tumangaz rahbari gaplarini to‘rtko‘lliklar tasdiqladi

To‘rtko‘l tuman gaz ta’minoti korxonasi rahbari A’zam Abdullayev bilan suhbat yozib olingunicha Ozodlik to‘rtko‘llik ikki iste’molchi bilan ham muloqot qilgan edi. Tumandagi maktab-internet o‘qituvchisi Zulfiya ham, xususiy korxona rahbari Asilbek Duysenov ham gaz yaxshi yonayotgani, elektr uzilmayotganini bildirishdi.

Energetika vazirligi izohi

To‘rtko‘ldagi ahvol butun mamlakat uchun xarakterli emas. Energiya manbalari ta’minoti nochor ekanligini mamlakat rahbarining o‘zi ham bir necha bor tan olgan. Xo‘sh, ahvolni o‘nglash ustida Energetika vazirligi nima qilyapti?

Vazirlik matbuot kotibi Sabina Bekmurodova 17 - noyabr kuni Ozodlik savolini eshitgach, ma’lumotni rasmiy saytdan olishni tavsiya qilish bilan cheklandi.

Energetika vazirligi rasmiy saytida 10 - noyabr kuni “Elektr energiyasi uzilishlarining sabablari nimada va bu yo‘nalishda qanday ishlar qilinmoqda?” degan savolga javob joylashtirilgan.

Vazirlikka ko‘ra, “2020 - yilda elektr energiyasidagi uzilishlar soni va davomiyligi 2019 - yilga nisbatan ikki baravar kamaygan”.

Biroq vazirlik uzilishlar hanuz ro‘y berayotganini tan olgan va vaziyatni bunday tushuntirgan:

“Hozirgi kunda foydalanilayotgan energoqurilmalarning 50 foizigacha 30-40 yil davomida faoliyat ko‘rsatadi. Ularning jismonan va ma’nan eskirishi ushbu energobloklarning ishdan chiqishiga olib keladi, bu esa elektr stansiyalarining ayrim energobloklarida uzilishlar yuz berishiga olib keladi. Odatda ularni ta’mirlash uchun 3-5 soat vaqt ketadi. Ushbu holatlar qisqa muddatli elektr uzilishlarining sabablari hisoblanadi”.

Energiya sohasida 90-yillar boshida qolib ketgan mamlakat

Mutaxassislar va sohadagi vaziyatdan yaxshi xabardor tahlilchilar fikricha, muammoning ildizi o‘tgan 30 yil davomida energiya ishlab chiqaruvchi yangi quvvat manbalarining yaratilmaganida.

O‘zbekiston hukumatining sobiq mulozimi, iqtisodchi olim Saparboy Jubayev 90-yillar boshida O‘zbekiston qo‘shni Qozog‘iston bilan deyarli bir xil - yiliga 50 mlrd kv/soat atrofida elektr quvvati ishlab chiqargani, bugunga kelib mamlakat deyarli 30 yil oldingi ko‘rsatkichda qolib ketganini aytgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston yiliga 110 mlrd kv/soat elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda.

Oxirgi 4 yilda O‘zbekiston energetika infratuzilmasini yangilash maqsadlariga yuz millionlab dollar xorijiy va xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilgan.

Shuningdek, muqobil energiya manbalarini yaratish loyihalariga jalb qilinayotgan sarmoyalar miqdori ham sezilarli darajada oshgan.

Shavkat Mirziyoyev birinchi muddatga saylangan 2016 - yil dekabridagi prezident saylovlari arafasida aholining elektr va gaz muammosini hal qilishga va’da bergan edi.

Ammo o‘tgan vaqt mobaynida, ayniqsa, kuz-qish mavsumida aholining elektr va gaz muammosi dolzarbligicha qolmoqda.

Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolayotgan joriy yilda hukumat bu borada qo‘shimcha choralar ko‘rib-ko‘rmagani noma’lum.

O‘tgan oy «Hududiy elektr tarmoqlari» aktsiyadorlik jamiyati raisi Ulug‘bek Mustafoyev O‘zbekistonda 2021-2022 - yillarda elektr energiyasi narxi oshirilmasligini ma’lum qilgan.

Pandemiya bois O‘zbekistonning Xitoyga gaz eksporti uchdan bir qismga kamaygan, ammo bu ichki iste’molchilar uchun gaz hajmi o‘z-o‘zidan ko‘payganini anglatmaydi.

XS
SM
MD
LG