Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:51

Yangi tuzilgan Turizm va sport vazirligida xodimlar yoppasiga ishdan bo‘shatilmoqda


Futbol. Sariq kartochka - illyustrativ surat
Futbol. Sariq kartochka - illyustrativ surat

O‘zbekistondagi sport maktablari direktorlari Turizm va sport vazirligidan olgan ogohlantiruv xatlarida ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2 oydan keyin bekor qilinishi aytilgan.

Maktab direktorlaridan olingan bu ma’lumotni Toshkent shahar Turizm va sport boshqarmasi mulozimi tasdiqladi.

Ogohlantirish xatlarida aytilgan chora to‘liq qo‘llansa, yangi tuzilgan Turizm va sport vazirligi tasarrufidagi taqriban 250 ta sport maktablarining direktorlari, ularning o‘rinbosarlari, bosh buxgalterlari ishsiz qoladi.

Vaziyatni kuzatib kelayotgan huquqshunos fikricha, yangi tuzilgan vazirlik sport maktablari rahbarlarini ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi ogohlantirishi bilan Mehnat kodeksi talablarini buzmoqda.

Ozodlikka murojaat qilgan sport maktablari direktorlari o‘zlari olgan ogohlantiruv xatlarining nusxalarini taqdim etdi.

Kutilmagan xat mazmuni

“Ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida ogohlantiruv xati”ni Turizm va sport vaziri o‘rinbosari A.Karimov imzolagan.

Unda adresatga O‘zbekiston prezidentining 2021 - yil 6 - apreldagi qarori bilan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi negizida Turizm va sport vazirligi tashkil etilgani eslatilgan.

“Shu munosabat bilan, - deyiladi xat davomida, - O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 100- moddasi, 2-qismining 6- bandiga asosan Siz bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2 (ikki) oydan so‘ng bekor qilinishi to‘g‘risida ogohlantirilasiz”.

Turizm va sport vazirligining sport maktabi direktoriga ogohlantirish xati
Turizm va sport vazirligining sport maktabi direktoriga ogohlantirish xati

Mehnat kodeksining 100- moddasida mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi nazarda tutilgan.

100- modda, 2-qismining 6- bandi mazmuniga ko‘ra, nafaqat korxona rahbari, balki uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter yoki u yo‘q bo‘lgan taqdirda, uning vazifasini bajaruvchi xodim ham ishdan bo‘shatiladi.

"Bunday xatni mamlakatdagi barcha direktorlar oldi"

Ogohlantirish xati olganlardan biri ismi ochiqlanmaslik sharti bilan Ozodlikka “bunday xatlarni mamlakatdagi barcha sport maktablari direktorlari olgan”ini aytdi. Uning aytishicha, “butun respublika bo‘yicha 250 ta atrofida sport maktablari bo‘lib, ularning barchasi direktorlariga ogohlantiruv berilgan”.

Butun mamlakat bo‘yicha vaziyatni siz qayerdan bilasiz, degan savolga sport maktabi direktori “O‘zimizning Telegram kanalimiz bor, o‘sha yerda barcha viloyatlardagi hamkasblarimiz bir xil gapni yozyapti”, deb javob berdi.

"Ogohlantiruv xati berilgani rost"

Toshkent shahar Turizm va sport boshqarmasi kadrlar bo‘limining o‘zini tanishtirishni istamagan mulozimi sport maktabi direktoridan olingan ma’lumotni tasdiqladi:

“Ogohlantiruv xatlari berilgani rost. Toshkent shahridagina emas, butun respublika bo‘yicha berilgan bunday xatlar”.

Boshqarma mulozimining so‘zlariga qaraganda, masala sport maktablari direktorlari darajasidan kengroq:

“Bunday ogohlantiruv tizimdagi ko‘pchilik xodimlarga berildi. Sport maktablari direktorlariga ogohlantiruvni vazirlik berdi. Boshqarmamiz tomonidan esa, bunday ogohlantiruv tizimidagi xodimlarga va tuman bo‘limlarimizdagi inspektorlarga berildi”.

Ogohlantirish xatlarini olganlar ishdan bo‘shaydimi yoki ular bilan yangi shartnoma tuziladimi? Bu savolga javoban boshqarma mulozimi bunday javob berdi:

“Bilmadim, buni tepadagilar hal qiladi. Bizga ogohlantirish xatiga qo‘l qo‘ydiringlar, deyishdi. Biz qo‘l qo‘ydirib, olib kelib topshirdik”.

Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati 5 - may kuni ogohlantirish xatlari yuzasidan javob tayyorlab, Ozodlikka taqdim etishga va’da berdi, biroq javob 6 - may kuni, ushbu maqola bitgunicha ham kelmadi.

Yurist: 100- emas, 98-modda qo‘llanishi kerak

Yangi vazirlik o‘z xodimlariga deyarli yoppasiga ishdan bo‘shatish to‘g‘risida ogohlantiruv xatlari berganiga Telegramdagi Yuristkadr kanali e’tibor qaratdi. Yurist Saidali Muxtoraliyevniki ekanligi aytilgan Yuristkadr kanali mazkur masala yuzasidan bir necha post e’lon qildi.

Postlar muallifining fikricha, yangi tuzilgan Turizm va sport vazirligidagi xodimlar yoppasiga ishdan bo‘shatilmasligi kerak.

Chunki, yurist fikricha, Prezidentning 2021 - yil, 6 - apreldagi qaroriga binoan Turizm va sport vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi negizida Turizm va sport vazirligi negizida tashkil etilgan.

Ya’ni yangi vazirlikka aylangan bir vazirlik va bir qo‘mita tugatilmagan.

“Bu yerda hech qanaqasiga tugatish degan narsa yo‘q. Aksincha, tizim sifatida ikkita yuqori yuridik shaxsni va ularning joylardagi hududiy organlarini (yuridik shaxslarni) qo‘shib yuborish orqali, yagona tizim – Turizm va sport vazirligi va uning hududiy organlari va tuman (shahar) bo‘limlari qayta tashkil qilinmoqda. Turizm va sport vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanishi belgilangan”, deb tushuntiradi Yuristkadr.

Shundan kelib chiqib, mutaxassis Mehnat kodeksining 98- moddasi talabini eslatadi:

“Mehnat kodeksining 98-moddasiga (Korxona mulkdori almashgan, korxona qayta tashkil etilgan, idoraviy bo‘ysunuvi o‘zgargan hollarda mehnat shartnomasi amal qilishining davom etishi) asosan korxona qayta tashkil etilganda (qo‘shib yuborilgan, birlashtirilgan, bo‘lib yuborilgan, qayta tuzilgan, ajratilganda) mehnat munosabatlari xodimning roziligi bilan davom etaveradi”.

Shunga o‘xshash me’yor, Yuristkadrning mazkur mavzuga bag‘ishlangan yana bir postida yozishicha, Oliy sud Plenumining 1998 - yil 17 - apreldagi 12-sonli qarori 40-bandida ham keltirilgan.

Yuristkadrning fikricha, Turizm va sport vazirligi ogohlantirish xati mazmunidan kelib chiqilsa, mamlakatlardagi sport maktablarining o‘zidanoq 1000 ga yaqin odam ishdan bo‘shatiladi:

“Agar Jismoniy tarbiya va sport vazirligi chalg‘ishda davom etsa va sport maktablariga nisbatan Mehnat kodeksining 100-modda 2- qism, 6-bandini qo‘llab turib, har bir sport maktabidan bittadan direktorni, uning ikkitadan o‘rinbosarini hamda bittadan bosh buxgalterini bo‘shatsa: 250 ta sport maktabidan taxminan 1000 tacha odam ko‘chada qolar ekan. Qolgandayam, asossiz va qonunga zid ravishda ko‘chada qoldirilgan bo‘ladi ular”.

Yurist “ayrim davlat idoralarida hali ham asossiz ishdan bo‘shatib, qayta ishga olish degan odatlar to‘xtamayotganiga” e’tibor qaratib, bu holatni u “ishdan bo‘shatish biznesi” deb atadi:

...bo‘shagan ish o‘rinlari “savdoga qo‘yiladi”. Bo‘shatilgan odam ham savdoda ishtirok etishi mumkin, u bo‘shab turib, qaytadan shu lavozimni egallash uchun yaxshigina “soqqasini otadi”.

O‘zbekistondagi davlat idoralarining qayta tashkil etilishi tufayli yuzlab, hatto minglab ishchi-xizmatchilar ishsiz qolayotgani birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.

Masalan, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tuzilmasida 2019 - yilning 1 - yanvarida boshlangan qisqartirish jarayoni 2020 - yilning 1 - yanvarida yakuniga etdi va natijada o‘n ming ish o‘rni qisqartirildi.

Bu qadar keng ko‘lamli qisqartirish Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmatining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi ​va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi sifatida qayta tashkil etilishi bilan bog‘landi.

2020 - yilning sentabrida ommaviy qisqartirish sobiq Yoshlar ittifoqida yuz bergan, tumanlarda 5 xodimning 4 nafari ishdan bo‘shatilgan edi. Bunga esa, Yoshlar ittifoqining Yoshlar ishlari agentligiga aylantirilgani sabab bo‘lgani aytilgan.

XS
SM
MD
LG