Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:33

YeI Lukashenko, uning o‘g‘li va 13 nafar amaldorni qora ro‘yxatga kiritdi


Yevropa Ittifoqi Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, uning o‘g‘li Viktor Lukashenko hamda 13 nafar amaldorni zo‘ravonlik, asossiz hibsga olishlar va qariyb uch oy oldin o‘tkazilgan prezident saylovi natijalarini soxtalashtirishda aybladi.

Viza cheklovlari kabi sanksiyalarga yo‘liqqan 15 nafar amaldorning ismi 6 - noyabr kuni rasmiy YeI jurnalida chop etildi.

YeI oktabr oyi boshlarida yana 40 nafar Belarus rasmiysiga qarshi sanksiya joriy qilgan edi.

6 - noyabr kuni Kanada hukumati «ommaviy noroziliklar va muxolifat guruhlari faoliyatiga qarshi muntazam repressiya hamda davlat homiyligidagi zo‘ravonlik kampaniyasiga» aloqador yana 13 nafar amaldorga qarshi sanksiya joriy qildi.

Shu yil 9 - avgustida bo‘lib o‘tgan prezident saylovidan keyin Minsk va Belarusning boshqa shaharlarida norozilik chiqishlari boshlangan. Norozilar rasmiylarni misli ko‘rilmagan soxtalashtiruv va miting ishtirokchilariga nisbatan shafqatsizlikda ayblashib, Belarusni 26 yildan beri boshqarib kelayotgan Lukashenko iste’fosini va qayta saylov o‘tkazilishini talab qilmoqdalar.

Saylovda Lukashenko g‘olib chiqqani e’lon qilinganidan beri minglab odamni hibsga olindi. Mamlakat muxolifati yetakchilarining aksari qamoqqa olindi yoki mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi.

YeI Lukashenkoning maslahatchisi hamda Belarus Xavfsizlik kengashi a’zosi Viktor Lukashenkoni namoyishchilarga qarshi «repressiya va qo‘rqitish kampaniyasida» aybladi.

YeI sanksiyalariga duchor bo‘lgan amaldorlar orasida prezident ma’muriyati yetakchisi Igor Sergeyenko, Davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi Ivan Tertel hamda Tergov qo‘mitasi raisi Ivan Naskevichlar bor.

Konstitutsion sud raisi Pyotr Miklashevich ham «soxta saylov natijalarini qonuniylashtirgan» sud qarori uchun sanksiyaga yo‘liqdi.

2011 - yilda 2010 - yilda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlari ortidan boshlangan norozilik namoyishlari ishtirokchilariga qarshi keskin choralar ko‘rilgani uchun YeI Lukashenko va yuzlab amaldorga qarshi sanksiya joriy qilgan edi.

2016 - yilda ittifoq Minsk barcha siyosiy mahbuslarni ozod etganini xulosa qilganidan keyin ushbu cheklovlarning aksari bekor qilindi.

YeI sanksiya joriy qilishidan oldin Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga (YeXHT) Belarusda 9 - avgust kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi natijalari soxtalashtirilganini hamda saylov ortidan boshlangan tinch norozilik namoyishlari davomida inson huquqlari mamlakat xavfsizlik kuchlari tomonidan «keng ko‘lamda va muntazam ravishda» buzilgani haqida hisobot e’lon qilgan edi.

Hisobot mualliflari saylov natijalarini bekor qilishni, yangidan saylov o‘tkazishni, siyosiy mahsullarni hamda jurnalistlarni ozodlikka chiqarishni hamda mamlakatda prezident saylovi ortidan sodir etilgan inson huquqlarini buzish holatlari bo‘yicha «chuqur tergov» o‘tkazish maqsadida mustaqil xalqaro guruh tuzishni tavsiya qildilar.

Human Rights Watch tashkiloti hisobot «o‘ta muhim» ekanligini va «vaqtida e’lon qilinganini» aytib, xalqaro hamjamiyatni uning asosida chora ko‘rish chorladi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi esa Belarus rasmiylarini ommaviy axborot vositalarini «kaltaklash, qamoq jazosi, jarimalar va jinoiy javobgarlikka tortish bilan qo‘rqitishga urinishni» bas qilishga chorladi.

Qo‘mitaning Belarus jurnalistlari uyushmasiga tayanib xabar berishicha, ayni damda 9 nafar jurnalist namoyishlarni yoritgani uchun qamoqda qolmoqda.

Birlashmaga ko‘ra, mamlakatda 9 - avgustdan beri umumiy hisobda 320 nafar jurnalist hibsga olingan.

XS
SM
MD
LG