Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:27

YeI Rossiya va Xitoyni G‘arb vaksinalarini yomonotliq qilib, o‘z vaksinalarini targ‘ib qilishda aybladi


Yevropa Ittifoqi Xitoy va Rossiyani G‘arbda ishlab chiqarilgan COVID-19 vaksinalarni tanqid qilib, o‘z vaksinalarini targ‘ib qilishga qaratilgan, davlat tomonidan moliyalashtirilayotgan "dezinformatsiya kampaniyalarini" kuchaytirishda aybladi.

Yevropa tashqi faoliyat xizmatining strategik kommunikatsiyalar bo‘limi 28 - aprel kuni e’lon qilgan bayonotda "vaksina diplomatiyasi" G‘arbda ishlab chiqarilgan vaksinalar, Yevropa Ittifoqi institutlari va G‘arb / Yevropa vaksinatsiyasi strategiyalariga bo‘lgan ishonchni susaytirishga qaratilgan "antagonistik o‘yin" mantig‘iga amal qilishi aytilgan.

Bayonotda yozilishicha, Rossiya ommaviy axborot vositalari, rasmiy idoralari va davlat korxonalari Yevropa Ittifoqini Rossiya vaktsinasini "sabotaj qilishda" ayblab, ayni damda o‘zining "Sputnik V" vaksinasini targ‘ib qilmoqda.

Xabarda aytilishicha, ushbu kampaniya yordamida erishish ko‘zlangan maqsadlarning biri Yevropa dori-darmon agentligiga (European Medicines Agency – EMA) bo‘lgan ishonchga putur yetkazishdir.

"Kremlparast ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, "Sputnik V" rasmiy “Twitter” akkaunti jamoatchilikning [EMA]ga bo‘lgan ishonchini susaytirishga va uning tartib-qoidalari va siyosiy xolisligiga shubha uyg‘otishga harakat qilmoqda", deyiladi bayonotda.

Xabarda aytilishicha, davlat qo‘llaydigan ommaviy axborot vositalari EMA Rossiyaning "Sputnik V" vaksinasini ma’qullashni atay kechiktirayotgani haqida noto‘g‘ri fikr shakllantirishga urinmoqda.

"Shuningdek, kremlparast nashrlar EMA va umuman YeIni Rossiyada ishlab chiqarilgan vaksinaga nisbatan siyosiy tarafkashlikda ayblamoqda", deyiladi bayonotda.

Shu bilan birga, hisobotda Xitoy o‘z vaksinalarini "rivojlanayotgan mamlakatlarga, shu jumladan, G‘arbiy Bolqon mamlakatlariga ko‘proq mos kelishini" targ‘ib qilayotgani, ayni damda G‘arb vaksinalarining xavfsizligi va hatto koronavirus kelib chiqishi to‘g‘risida dezinformatsiya tarqatayotgani aytildi.

Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar orasida faqat Vengriya Rossiya va Xitoy vaksinalari bilan aholini emlamoqda. Avstriya va Germaniya esa "Sputnik V" vaksinasini sotib olish bo‘yicha muzokara olib borayotganini ma’lum qilgan.

EMA mart oyida "Sputnik V" vaksinasini sinovdan o‘tkazishni boshladi. Agar u regulyator tomonidan ma’qullansa, bu blokda foydalanishga ruxsat berilgan G‘arbda ishlab chiqilmagan birinchi koronavirus vaksinasi bo‘ladi.

O‘tgan oyda Yevropa Ittifoqi a’zosi Slovakiya bosh vaziri hukumatdagi koalitsiya sheriklari bilan kelishmovchiliklarga qaramay, "Sputnik V" vaksinasining 2 million dozasini sotib olish bo‘yicha maxfiy bitim tuzgani fosh bo‘lib, mamlakatda siyosiy bo‘hron yuzaga kelgan edi.

XS
SM
MD
LG