Линклар

Шошилинч хабар
03 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:31

Yevropa Ittifoqi Vagner guruhiga qarshi sanksiyalar joriy etdi


YeI tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozep Borrel: "Biz Ukrainaga qarshi har qanday tajovuz Rossiya uchun katta xato bo‘lishi haqida ogohlantirib  turibmiz".
YeI tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozep Borrel: "Biz Ukrainaga qarshi har qanday tajovuz Rossiya uchun katta xato bo‘lishi haqida ogohlantirib  turibmiz".

YeI tashqi ishlar vazirlari Bryusselda uchrashib, Ukraina chegarasi yaqinida o‘n minglab rus qo‘shinlari to‘plangani munosabati bilan, agarda Ukraina harbiy bosqinga uchragudek bo‘lsa, Rossiyaga qarshi sanksiyalar va boshqa choralarni muvofiqlashtirish yuzasidan fikr almashdi.

Reyters agentligiga ma’lum qilinishicha, Bryusseldagi muhokamalar kun tartibidan rus siyosatchilarning aktivlarini muzlatish, Rossiya bilan moliya va bank aloqalarini taqiqlash va sanksiyalarni bosqichma-bosqich oshirish masalalari o‘rin olgan.

Yevropa Ittifoqi diplomatlari Rossiyaning xususiy harbiy kompaniyasi bo‘lgan Vagner bilan bog‘liq nomlar va kompaniyalar ro‘yxatini zudlik bilan joriy sanksiya qatoriga qo‘shishni ma’qulladi.

Vagner kompaniyasi G‘arb tomonidan Ukraina sharqida va dunyoning boshqa nizoli hududlarida Kreml nomidan ishlaganlikda va inson huquqlarini poymol qilganlikda ayblanadi.

Sanksiyalar 13 - dekabr kuni Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida chop etilgandan so‘ng qonuniy kuchga kirdi.

Rossiya Vagner yollanma askarlari bilan aloqalarini inkor etib, ularni harbiy murabbiy , maslahatchilar deb atagan.

Vagner guruhini rossiyalik tadbirkor, prezident Vladimir Putinga yaqin Yevgeniy Prigojin boshqarishi aytiladi. Prigojinga allaqachon AQSh va Yevropa Ittifoqi sanksiya qo‘llagan.

13 - dekabr kuni shuningdek, Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi “Shimoliy oqim 2” gaz quvurining ishga tushishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari va tabiiy gaz bo‘yicha Rossiya bilan shartnomalarni bekor qilish ham muhokama markazida bo‘lgan.

YeI Ukrainaning Qrim hududini zo‘rlik bilan bosib olgani va 2014 - yil aprelidan beri davom etayotgan, 13200 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan mojaroda Ukraina sharqidagi ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun Rossiyaga qarshi bir necha bor sanksiyalar joriy etgan edi.

Oxirgi haftalarda Kiyev va uning G‘arbdagi tarafdorlari Rossiyani Ukrainaga bostirib kirish uchun chegara yaqiniga qo‘shin to‘plashda ayblab keladi, Kreml esa buni rad etadi.

"Biz Ukrainaga qarshi har qanday tajovuz Rossiya uchun katta xato bo‘lishi haqida ogohlantirib turibmiz", - dedi Jozep Borrell. U shuningdek, Yevropa Ittifoqi AQSh va Buyuk Britaniya bilan birgalikda kelgusi choralar qachon va qay tartibda bo‘lishi ustida bosh qotirayotganini qo‘shimcha qildi.

"Rossiya haqiqatda Ukrainaga qarshi urushga tayyorgarlik ko‘rayotganiga aminmiz. Agar Rossiya bu dahshatli xatoga yo‘l qo‘ysa, demak, G‘arb davlatlari ham shunga yarasha javob qaytarishi lozim" - deb ta’kidladi Litva tashqi ishlar vaziri Gabrielius Landsbergis.

12 - dekabr kuni G7 guruhi ham Moskvani Ukrainaga hujum qilgudek bo‘lsa, buning ehtimoliy "jiddiy oqibatlaridan" ogohlantirdi. .

Rossiya rasmiylari Moskva hujumga tayyorgarlik ko‘rayotganini inkor etib, Kievni provokattsiyada aybladi. Rossiya ayblovlarga qarata o‘z harbiylarini mamlakat ichida xohlagan joyga ko‘chirishga haqli ekanini aytib davo qilgan .

Moskva NATOning sharqqa tomon kengaymasligi yoki qurollarini Rossiya hududiga yaqin joylashtirmasligi uchun qonuniy kafolat talab qilmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi o‘rinbosari Sergey Ryabkov agar AQSh va NATO Moskva talab qilayotgan kafolatlarni bermasa, ziddiyat kuchayishi haqida gapirdi.

AQSh va NATO rasmiylari esa bunga javoban hech bir davlat NATO harakatlariga veto qo‘ya olmasligini aytdi.

XS
SM
MD
LG