12-fevral kuni O‘zbekiston Harbiy sudi o‘tgan yil 26-oktyabr tunida Prezident Administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd yuzasidan 10 kishini uzoq yillik qamoq jazolariga hukm qildi.
Oliy sud matbuot xizmati tarqatgan xabarda aytilishicha, Shuhrat Rasulovga 23 yil, Shohruh Axmedovga 23 yil, Javlon Yunusovga 18 yil 6 oy, Ismoil Jahongirovga 23 yil va Doniyor Tashxodjayevga 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining odam o‘ldirishga qasd qilish, qiynoq, tergov ishiga aralashish, jinoyat haqida xabar bermaslik, hokimiyat vakolatidan chetga chiqish, xorijga kirish-chiqish qoidalarini buzish singari bir qancha jinoyatlarda ayblangan.
Oliy sud matbuot xizmati "qolgan 5 nafar sudlanuvchiga qilmishiga muvofiq ravishda turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangani"ni aytish bilan cheklangan, ularning shaxsini ochiqlanmagan.
23 yilga mahkum qilingan Shuhrat Rasulov Prezident xavfsizlik xizmatining sobiq mulozimi, Doniyor Tashxodjayev esa o‘tgan yil noyabriga qadar Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari edi. U ayni lavozimda bloger Abduqodir Mo‘minov ishi hamda "Dolzarb 40 kunlik" nomini olgan uyuushgan jinoiy guruh a’zolariga qarshi jinoyat ishi tergoviga rahbarlik qilgani ma’lum. Inson huquqlari faollari Tashxodjayev Toshkent IIBB sida sodir etilgan qiynoqlar uchun mas’ul ekanini ta’kidlashadi.
Tashxodjayev 26-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qoshida tuzilgan tergov guruhi a’zosi sifatida jinoyat izini yashirish, jinoyatchilar haqida yolg‘on ma’lumotlarni taqdim etishda ayblangan.
Ozodlik surishtiruvlari Allamjonovga suiqasdning asosiy figurantlari bo‘lgan va Oliy sud xabarida nomlari tilga olingan 5 nafar shaxs Toshkentdagi norasmiy "Ofis" bilan yaqindan hamkorlik qilganini o‘rtaga chiqargan.
Ozodlikning O‘zbekiston hukumati va huquq-tartibot idoralaridagi manbalari mahalliy tadbirkorlar va mulozimlarga bosim o‘tkazib kelgani aytilgan "Ofis"ni prezident Mirziyoyevning kenja kuyovi va prezident xavfsizlik xizmati rahbarining sobiq o‘rinbosari Otabek Umarovga bog‘lashgan.
Otabek Umarov va boshqa rasmiylar "parallel hukumat" va "davlat ichidagi davlat" deb ta’riflangan Toshkentdagi "Ofis" ga doir xalqaro matbuotda e’lon qilingan ma’lumotlarni sharhlashmagan.
Mahalliy matbuot Allamjonovga suiqasd haqidagi xabarlarda Otabek Umarov va "Ofis" nomini tilga olmay keladi.
Oliy sudning rasmiy xabarida jinoyat motivlari ochiqlanmagan.
Suiqasd xalqaro mojaroga ham sabab bo‘ldi. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Ozodlik surishtiruvi jarayonida o‘rtaga chiqqan "chechen izi"ni rad etib, Komil Allamjonov va prezident administratsiyasining yana bir mulozimi Dmitriy Liga o‘z usulida "javob berish" bilan tahdid qilgan.
O‘zbekistondagi oxirgi parlament saylovlari boshlanishidan bir necha soat avval sodir etilgan va mamlakatning yangi tarixidagi eng shov-shuvli siyosiy qotillik urinishi sifatida ko‘rilgan Allamjonovga suiqasd yuzasidan rasmiylar hozirgacha biron bayonot bergani yo‘q.
12-fevral kuni e’lon qilingan hukmga munosabat bildirgan Komil Allamjonov birinchi marta suiqasd haqida gapirib "o‘tgan 5 oy ichida o‘zimdan o‘tgani faqat o‘zimga, oilamga, eng yaqinlarimga ayon" deb yozdi.
O‘zining rasmiy telegram-kanalidagi bayonotida Allamjonov "haqiqat yuzaga chiqishiga" umid bildirgan.
Ozodlikning O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasidagi manbasiga ko‘ra, JPKning 19-moddasiga muvofiq yopiq tarzda ko‘rilgan mahkamada asosiy jabrlanuvchi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 40 yashar sobiq mulozimi Allamjonov Komil Ismoilovichning ko‘rsatmalari o‘qib eshittirilgan.
Ozodlik manbalariga ko‘ra, mazkur jinoyat ishida guvoh sifatida o‘tgan DXX O‘z xavfsizligi boshqarmasi sobiq boshlig‘i Alijon Ashurov va boshqalarga doir jinoyat ishi alohida ish yurituviga olingan.
Allamjonovga suiqasd O‘zbekiston DXX va IIVsidagi yirik tozalash amaliyotiga sabab bo‘lgan. O‘tgan yil noyabr oyi oxirida DXX raisi Abdusalom Azizov, uning O‘z xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Alijon Ashurov va yana o‘nga yaqin xodim, IIV va Toshkent shahar IIBBning qator mulozimlari ishdan olingan.
Ulardan ayrimlari jinoyat ishiga jalb qilingani aytiladi. Biroq rasmiy xabarlarda bu ishdan olishlarning Allamjonovga suiqasdga aloqadorligi haqida lom-mim deyilmaydi.
SUIQASD XRONOLOGIYASI
26.10.2024
Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonov o‘tirgan mashina Qibray tumanida noma’lum shaxslar tomonidan o‘qqa tutildi. Bosh prokuratura hodisada hech kim jabrlanmaganini aytgan va uni "suiqasd" deb atagan.
27.10.2024
Qibraydagi suiqasd sahnasidan yashirinishga muvaffaq bo‘lgan va Ozodlik surishtiruvida Farg‘ona vodiysiga qochgani o‘rtaga chiqqan Shohruh Ahmedov bilan sherigi o‘tirgan mashina Natalya Fen oilasiga qarashli Farg‘onadagi “Seul” kafesi yonidan topilgan.
Tarmoqlarda Shohruh Ahmedov va Ismoil Jahongirovning suiqasdni bo‘yniga olgan videosi tarqaldi.
O‘qqa tutilgan “Range Rover” haydovchisi va Allamjonovning qo‘riqchilari 15 sutkaga qamaldi.
31.10.2024
Ozodlik surishtiruvida suiqasdning “Plan A” va “Plan B” rejalari o‘rtaga chiqdi.
10.11.2024
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Allamjonovga suiqasdda uning qo‘li yo‘qligini iddao qilib chiqdi.
20.11.2024
Javlon Yunusovning fuqaroviy rafiqasi Natalya Fen hibsga olindi.
22.11.2024
Interpol Javlon Yunusovni o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etish ayblovi bilan halqaro qidiruvga berdi.
23.11.2024
Javlon Yunusov Janubiy Koreyada ushlandi
Otabek Umarov Janubiy Koreyaga shoshilinch uchib ketdi.
Davlat xavfsizlik xizmati raisi, general Abdusalom Azizov lavozimidan bo‘shatildi.
DXX O‘z xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Ashurov Alijon G‘aniyevich ishdan olindi.
Shu kuni hukumat, DXX va IIVning qator yuqori martabali mulozimlari lavozimidan chetlatildi. Ular jinoyat izini yashirish, tergovga to‘sqinlik qilishda gumonlangani aytilmoqda.
25.11.2024
Janubiy Koreya Javlon Yunusovni O‘zbekistonga topshirdi.
Otabek Umarov prezident xavfsizlik xizmati rahbarining o‘rinbosari lavozimidan bo‘shatildi.
Bosh prokuratura Komil Allamjonovga suiqasd ishida jami 7 kishi gumonlanayotganini ma’lum qildi.
Javlon Yunusovning fuqaroviy rafiqasi Natalya Fen hibsdan ozod etildi.
26.11.2024
Prezident xavfsizlik xizmati O‘z xavfsizligi boshqarmasining sobiq boshlig‘i Shuhrat Rasulov Allamjonovga suiqasd buyurtmachisi sifatida hibsga olindi.
3.12.2024
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining sobiq birinchi o‘rinbosari polkovnik Doniyor Tashxodjayev hibsga olindi.
3.12.2024
DXXda yangi tozalashlar. DXX xodimlari Uzaqov Ganchar Ummat o‘g‘li, Muzaffar Nurbayev, Timur Shorixsiyev va Akmal Kosboldiyevlar, Ozodlik manbalariga ko‘ra, “Ofis” bilan yaqindan hamkorlik qilganlikda gumonlanib, ishdan olindi.
17.12.2024
Suiqasd ishida chechen izi. O‘zbekiston Rossiya vatandoshlari Bislan Rasayev va Shamil Temirxanovni Interpol qidiruviga berdi.
27.12.2024
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining Axborot siyosati departamenti sobiq rahbari Komil Allamjonov hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi boshlig‘i Dmitriy Liga “barcha hiyla-nayranglari, bo‘hton va uydirmalari uchun” javob berishlarini aytib tahdid qildi.
10.01.2025
Komil Allamjonovga qarshi suiqasd ishi harbiy sudda ko‘rila boshlandi.