Линклар

Шошилинч хабар
06 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:39

“Yirtqichlar” OAVga qarshi. “Chegara bilmas muxbirlar” so‘z erkinligining eng katta dushmanlarini sanadi


“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti “Matbuot erkinligini yeb bitirayotgan yirtqichlar” nomli interfaol galereyani e’lon qildi. Mualliflarning o‘zlari uni “jurnalistlarni shafqatsiz jazolayotgan va ularni yomon ko‘radigan 37 davlat va hukumat rahbarining nursiz portretlari”, deb atashmoqda.

Bu “yirtqichlar”dan 20 nafari 20 yildan ziyod vaqtdan beri hokimiyat tepasida, 17 nafari esa “qora ro‘yxat”ga ilk bor tirkaldi. Biroq ular barchasi yo to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyruq berib o‘zlariga yoqmaydigan OAVlar va ularning xodimlarini ta’qib qildiradi yoki boshqalarni ularga qarshi qotillik va zo‘ravonlik qilishga gijgijlash orqali niyatiga yetadi, deyiladi hujjatda.

19 “yirtqich” “Chegara bilmas muxbirlar”ning Butunjahon matbuot erkinligi indeksi xaritasida qizil rangda tasvirlangan mamlakatlarni boshqaradi. Bu rang u yerdagi vaziyat jurnalistlarning faoliyat olib borishi uchun “yomon”ligini anglatadi. 16 nafar eng “buyuk yirtqich” esa qora rangli, ya’ni “juda yomon vaziyat” hukm surayotgan mamlakatlar rahbarlaridir. “Yirtqichlar”ning o‘rtacha yoshi – 66 yosh. Bu mustabidlarning har uchtadan biri (13 nafari) Osiyo-Tinch okeani mintaqasidan.

Vladimir Putin

Rossiyada so‘z va matbuot erkinligining cheklanishi Sovet Ittifoqi parchalanganidan beri eng yuqori nuqtaga yetdi, deyiladi hisobotda. 2012 - yildan beri mamlakatda internet senzurasi kuchaymoqda.

Tadqiqot mualliflari Kremlning xatti-harakatlarini tanqid qiluvchi mahalliy mustaqil OAVlarning hukumat tarafidan ta’qib qilinishidan jiddiy xavotir bildirishgan. “Chegara bilmas muxbirlar”ning yillik Butunjahon matbuot erkinligi indeksida Rossiya 180 mamlakat orasida 158-o‘rinni egallab turibdi.

15 - iyul kuni Rossiya bosh prokuraturasi “Proyekt” nashrini “istalmagan tashkilot” deb topdi. Idora xabarnomasiga ko‘ra, nashr faoliyati “konstitutsiyaviy tuzum asoslari va xavfsizlikka tahdid soladi”. Shu bilan birga, “Proyekt”ning besh nafar, “Otkritiye media”ning ikki va Ozodlik radiosi rus xizmatining bir nafar jurnalisti “xorijiy agentlar” ro‘yxatiga kiritildi.

Ilgari Rossiyada OAVlar “istalmagan tashkilot” deb topilmasdi. 2017 - yilda “Roskomnadzor” “Otkritaya Rossiya” nashrini bloklab qo‘ygach, tahririyat “MBX media” nomi bilan yangi loyiha yaratishga qaror qilgan edi.

Joriy yilning aprelida Adliya vazirligi “Antimaydan” harakati koordinatori Aleksandr Ionovning shikoyatidan so‘ng “Meduza” nashrini “xorijiy agentlar” reestriga kiritdi. Tahririyat o‘z faoliyati xavf ostida qolganini va reklama beruvchilar hamkorlikdan bosh tortgani munosabati bilan o‘quvchilardan pul yig‘ish boshlanganini e’lon qildi. “VTimes” nashri esa “xorijiy agent” deb topilganidan so‘ng bir necha hafta o‘tgach yopildi.

Yuqorida tilga olingan Ionov endi “Novaya gazeta”ning xorijiy agentlarga oid qonunchilikka qanchalik rioya qilayotganini tekshirtirmoqchi. 23 - iyul kuni esa u “Vajniye istorii” nashri go‘yoki xorijdan moliyalanayotganini iddao qilib, uning ustidan prokuraturaga shikoyat yozgan. Nihoyat, yaqinda Rossiyada yana ikki mustaqil nashr – “Dosye” surishtiruv markazi hamda “Gulagu.net” huquqbonlik loyihasi ham taqiqlangan saytlar ro‘yxatiga tirkaldi.

Aleksandr Lukashenko

So‘nggi bir yil ichida Belarusda OAVga qarshi qatag‘onlar ko‘lami nihoyatda kengaydi. 30 - iyul kuni prezident Aleksandr Lukashenko hukumat yig‘ilishida mamlakatda so‘z erkinligi “ekstremistik faoliyat”ga aylanib ketganini aytdi. 2021 - yilning o‘zida Belarus maxsus xizmatlari o‘nlab jurnalistlarni hibsga oldi, mamlakatda eng ommabop bo‘lgan “Tyt.by” internet-nashrini yopib qo‘ydi va mustaqil “Belsat” telekanalini “ekstremistik” deb e’lon qildi.

18 - fevral kuni Minsk sudi norozilik namoyishlarini jonli efirda ko‘rsatgani uchun “Belsat” kanalining ikki jurnalistini ikki yilga panjara ortiga jo‘natdi. 25 - iyul kuni esa Adliya vazirligi Belarus jurnalistlar uyushmasi (BJU)ni tugatish to‘g‘risida Oliy sudga da’vo kiritdi. BJU o‘tgan yili 480 jurnalist ushlanganini, OAV xodimlariga nisbatan 97 ta ma’muriy qamoq va kamida 62 holatda jismoniy tazyiq qo‘llanilganini qayd etgandi.

“Chegara bilmas muxbirlar”ga ko‘ra, 2017 - yildan beri Rossiya, Belarus, Xitoy, Misr, Suriya, Eron, Myanma va boshqa qator davlatlar huquqiy quvg‘in yoki iqtisodiy tomonlama “bo‘g‘ish” yo‘li bilan kamida 22 bosma nashrni o‘z faoliyatini tugatishga majbur qilgan. “Chetdan qaraganda bu OAVlar no‘noq boshqaruv yoki auditoriyani yo‘qotish oqibatida inqirozga uchragandek tuyulishi mumkin, ammo ular yopilishining sabablari butunlay boshqa”, deyiladi hisobotda.

Si Szinpin

Si Szinpin XKP bosh kotibi (2012) va XXR raisi (2013) bo‘lganidan so‘ng Xitoy, “Chegara bilmas muxbirlar” fikricha, matbuot va jurnalistlar erkinligini ovlovchi dunyoda eng yirik “yirtqich”ga aylangan: birgina 2021 - yilda Xitoyda 115 dan ortiq OAV xodimi qamoqqa olingan, ko‘p hollarda ularning hayotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf mavjud. Faoliyati rasmiy mafkuraga zid jurnalistlar ko‘pincha kuzatiladigan muayyan turar-joylarda yarim mahbus singari yashaydilar.

2014 - yilda tuzilgan davlatga qarashli “Xitoy kibermaydonini boshqarish” tashkiloti xitoylik yuz millionlab internet-foydalanuvchilar erkin axborot olishi va tarqatishining oldini oladi. XXR davlat OAVlari boshliqlarning barcha ko‘rsatmalariga amal qilish bilan birga, “Xitoy Kommunistik partiyasining irodasini ifoda etishi, uning obro‘si va birligini himoya qilishi lozim”.

2019 - yildan boshlab xitoylik jurnalistlar o‘z smartfonlariga “Study Xi”, “Power Country” ilovalarini yuklab olishga majburki, bu hukumatga ularning xayrixohligini tekshirish bilan birga, telefonlarini masofadan kuzatish imkonini beradi. Rasmiy Pekin so‘z erkinligini bo‘g‘ishning repressiv modelini targ‘ib qilish va boshqa mamlakatlar, jumladan, Rossiya va Belarusga yoyish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solmoqda.

Kerri Lam

Kerri Lam 2017 - yilda Hongkong ma’muriyati boshlig‘i etib tayinlanganidan so‘ng tez orada haqiqiy yuzini ko‘rsatdi: Si Szinpinning bu qo‘g‘irchog‘i “patriotizm” shiori ostida zo‘r berib so‘z erkinligini bo‘g‘ishni boshlab yubordi. 2019 - yilda uning siyosiy mahbuslarni, jumladan, faoliyati rasmiy Pekinga ma’qul kelmagan mahalliy jurnalistlarni hibsga olinganidan so‘ng Xitoyning materik qismiga jo‘natish nazarda tutilgan qonun loyihasi ommaviy norozilikka sabab bo‘lgan edi. O‘sha namoyishlarda o‘nlab OAV xodimlari politsiyaning jismoniy zo‘ravonligiga yo‘liqqan.

Kerri Lam Pekin hukumati Hongkong ishlariga bevosita aralashish va XKP nazarida “terrorizm” va “buzg‘unchilik” deb hisoblanadigan hamma narsa uchun o‘zboshimchalik bilan jazolash maqsadida 2020 - yil iyunda kuchga kiritgan “Milliy xavfsizlik to‘g‘risida qonun”ni har tomonlama dastaklagan edi. Mazkur qonun Pekinga jurnalistlarni qatag‘on qilishni kuchaytirishga yordam berdi.

2021 - yil 23 - iyun kuni Hongkongda eng yirik sanalgan “Apple Daily” gazetasi zo‘rlik bilan yoptirildi – XXR hukumati uning aktivlarini “muzlatib qo‘yib”, ish haqi va boshqa xarajatlarini to‘lashga imkon qoldirmagan edi. Shuningdek, nashrning to‘rt rahbari va bosh muharriri hibsga olindi.

Rajab Erdo‘g‘on

Turkiya prezidenti OAVlarni suymaydi, aniqrog‘i, ular itoatkor va maddoh bo‘lishini xohlaydi. Shu bois Erdo‘g‘on tanqidchi jurnalistlarni ta’qib qildiradi, deyarli barcha yirik mediaguruhlarni (ayniqsa telekanallarni) nazoratda tutadi.

2016 - yil iyulda Turkiyada favqulodda holat e’lon qilinishi prezidentga 100 dan ortiq gazeta, jurnal, tele va radiokanallarni yopib, ko‘plab jurnalistlarni qamoqqa olishga imkon berdi. So‘nggi besh yilda turk OAVlarining 100 dan ziyod xodimi jismoniy hujumga yo‘liqdi, bir jurnalist esa uning “prezidentga qarshi gaplarni aytganidan” norozi fuqaro tomonidan o‘ldirildi.

2020 - yilning o‘zida Yunoniston bilan chegaradagi qochqinlar hamda COVID-19 bilan bog‘liq vaziyatni yoritgan 50 ga yaqin turk jurnalisti hibs qilingan. Hukumatga yaqin taniqli shaxslarga “yomon ta’sir qiladigan” har qanday chiqishlar bloklab qo‘yiladi va senzuraga uchraydi.

Nikolas Maduro

Legitimligi katta shubha ostida qolayotgan Venesuelaning amaldagi prezidenti mamlakat OAVlari ustidan to‘liq nazorat o‘rnatgan. Iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash tizimi va ta’lim xarob bo‘lgani, korruptsiya va jinoyatchilik avj olgani uchun davlat rahbarini tanqid qilgan qariyb barcha mustaqil jurnalistlar yo qamoqda, yo mamlakatdan qochgan.

Venesuela 2014 - yildan beri Butunjahon matbuot erkinligi indeksida 32 pog‘ona pastlab, hozirda 180 davlat orasida 148-o‘rinni egallab turibdi.

1943 - yilda asos solingan, mamlakatdagi eng hurmatli va bosh kundalik gazeta bo‘lgan “El Nacional” 2018 - yil dekabrda bosma talqinini chop etishni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Nashr hamon onlayn tarzda ishlab turgani bois hamon hukumat nishonida turibdi. Shu yilning 14 - may kuni gazeta tahririyati maxsus xizmatlar tomonidan bosib olinib, bosh muharrir Maduroning a’yonlaridan biri, iqtidordagi partiya vitse-prezidenti Diosdado Kabelyoga 13 million AQSh dollari to‘lashga majbur qilindi. Kabelyo “El Nacional”ga qarshi qo‘zg‘atgan tuhmatga doir da’vo ishi nashrni o‘z shtab-kvartirasi va barcha aktivlaridan mahrum qilishi mumkin.

Shuningdek, Maduro hukumati 2021 - yilda “Efecto Cocuyo”, “Caraota Digital”, “El Pitazo” va “Radio Fe y Alegría” kabi yana bir qancha mustaqil OAVlarni “dushmanga yollangan”likda va “qonuniy hukumatni ag‘darish uchun” chet eldan mablag‘ olishda ayblagan.

Muhammad bin Salmon

Saudiya Arabistonining keksa qiroli Salmon bin Abdulaziz as‑Saud 2017 - yilda o‘g‘li Muhammadni valiahd shahzoda qilib belgilaganidan beri u matbuot erkinligiga mutlaqo toqatsiz bo‘lmish ushbu teokratik monarxiyaning amaldagi hukmdoriga aylandi. Qirollikda jurnalistlar tez-tez qamaladi, aksariga aynan nimada ayblanayotgani hatto yillab bildirilmasligi mumkin. Ayblovlar ma’lum bo‘lganida ham bu ko‘pincha “vatanni masxara qilish”, “monarxiyani haqoratlash” va “ajnabiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish” kabi kurakda turmas iddaolar bo‘ladi.

So‘z erkinligiga qarshi kurashda Ar‑Riyod hech nimadan tap tortmaydi. Hukmron oila munaqqidi, “Washington Post” muharriri Jamol Qoshiqchining Istanbuldagi konsulxona binosida shafqatsizlarcha nimtalab o‘ldirilishi Saudiyada hokimiyat OAV va matbuot erkinligidan naqadar nafratlanishini bor bo‘yicha ko‘rsatdi.

Bugun Saudiya Arabistoni qamoqxonalarida saqlanayotgan kamida 30 nafar jurnalist orasida o‘z dasturlarida islohotlarni bir oz maqtash, muhim masalalarni ko‘tarish yoki debatlarga chaqirish bilan “mudhish xato qilganlar” bor.

Mamlakatdagi mustabid konservatizmdan eng ko‘p jabr ko‘rganlardan biri bloger Raif Badaviydir: u “islom dinini haqorat qilgani uchun” 2009 - yildan beri qamoqda saqlanmoqda, shuningdek, hukmga ko‘ra, unga 15 yil davomida 1000 darra urilishi kerak.

Min Aun Xlayn

Min Aun Xlayn 2021 - yil 1 - fevralda harbiy to‘ntarish orqali hokimiyat tepasiga kelganidan beri mahalliy OAVni qattiq nazorat qiladi.

2017 - yilda aynan u feyk xabarlar va adovat qo‘zg‘atuvchi bayonotlar tarqatish kampaniyasi tepasida turib, alaloqibat rohinja xalqiga qarshi genotsid boshlanishiga erishgan edi. Min Aun Xlayn politsiya va suddagi aloqalaridan foydalanib, ushbu mavzudagi barcha mustaqil fikrlarni senzura qilgan.

Hokimiyat to‘ntarishidan so‘ng u mamlakatdagi barcha mustaqil OAVlarni yoptirdi.

Darvoqe, general Rossiyaga muhabbati bilan ham mashhur – hokimiyat tepasiga kelganidan beri u kamida olti marta Moskvaga kelib-ketdi. Myanma Rossiyadan tobora ko‘proq qurol-yarog‘ sotib olmoqda, mamlakat harbiylari esa Rossiya hududida o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarda faol ishtirok eta boshladi.

***

Yuqorida aytilganidek, “Chegara bilmas muxbirlar” ro‘yxatida jami 37 “yirtqich” rahbar ismlari qayd etilgan. Postsovet respublikalaridan Rossiya va Belarus prezidentlaridan tashqari, Turkmaniston, Ozarboyjon va Tojikiston rahbarlari ham “yirtqichlar” sifatida tilga olingan.

“Chegara bilmas muxbirlar” ro‘yxatdagilarning har biriga shaxsiy fayl ochgan: faylda ularning “yirtqichlik usullari”, ya’ni OAVni qay tariqa qatag‘on qilishiga doir ma’lumotlar, shuningdek ularning “sevimli nishonlari” – zo‘ravonlik va repressiyaga uchragan jurnalistlar ro‘yxati keltirilgan. Bundan tashqari, har bir fayl ularning o‘z xatti-harakatlarini oqlashga uringan intervyularidan olingan iqtiboslarni ham o‘z ichiga oladi.

XS
SM
MD
LG