Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:03

"Yolg‘on axborot", "tuhmat" va "haqorat". O‘zbek blogerlari nima uchun jazolanmoqda?


Xalqaro matbuot tashkilotlari saylovlar yilida O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligining ahvoli yomonlashganini aytgan. Illyustrativ surat.
Xalqaro matbuot tashkilotlari saylovlar yilida O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligining ahvoli yomonlashganini aytgan. Illyustrativ surat.

1 - dekabr kuni Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tuman sudi bloger Eldor Haydarovni yolg‘on axborotni tarqatganlik(Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2-moddasi - tahr.)da aybdor deb topib, 10 kunlik qamoq jazosiga mahkum etgan.

Bu haqda Ozodlikka Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatining Yakkabog‘dagi faoli Odil Elmurod ma’lum qildi.

“Bugun, 1 - dekabr kuni sud qilishib, 10 sutka ma’muriy jazo tayinlashgan. Qarshidagi qamoqqa olib ketishayotgan paytda men u bilan gaplashdim. Kaltaklangani haqida keng jamoatchilikka noto‘g‘ri ma’lumot berding, deb aybni bo‘yniga qo‘yishibdi’, - deydi faol.

Odil Elmurod Ozodlikka bloger qamoqqa olib ketilayotganida yozilgani aytilgan telefon suhbatini ham taqdim qildi.

Unda Eldor Haydarov sudda o‘ziga nisbatan bosim bo‘lganini iddao qiladi.

“Qarshiga olib ketishyapti, Chiroqchi yo‘lidan. 10 sutka berdi. Men noroziman, bosim bilan qilindi hammasi”, - deydi audiyozuvda Haydarov.

YouTube kanalidagi "Yakkabog‘liklar" blogi muallifi Eldor Haydarov.
YouTube kanalidagi "Yakkabog‘liklar" blogi muallifi Eldor Haydarov.

YouTube kanalidagi "Yakkabog‘liklar" blogi muallifi Eldor Haydarov o‘tgan hafta Yakkabog‘ tuman shifoxonasida "oq xalatlilar" tomonidan kaltaklanganini iddao qilgan edi.

Bloger kaltaklangani ortidan Yakkabog‘ tumani IIBsiga murojaat qilgan, ammo o‘zining so‘zlariga ko‘ra, "uch kun o‘tib" qilingan ekspertiza uning kaltaklanganini tasdiqlamagan.

Eldor Haydarov Ozodlik bilan suhbatda kaltaklanishidan bir necha kun oldin tarmoqlarda tuman shifoxonasi rahbariyatini korruptsiyada ayblab chiqqanini eslatgan va tanqidiy posti bilan hodisa o‘rtasida bog‘liqlik bo‘lishi mumkinligini iddao qilgan edi.

Блогер шифокорлар томонидан калтакланганини иддао қилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:52 0:00

Bu O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda blogerlarga nisbatan bosimlar bilan bog‘liq yagona holat emas.

Chiroqchilik bloger 1 yilga qamaldi

Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar organi xodimlari va hokimiyatni tanqid qilib kelgan 23 yoshli bloger Xumoyun Umrzoqov o‘tgan hafta "tuhmat"da ayblanib bir yilga qamalgani o‘rtaga chiqdi.

Chiroqchilik 23 yoshli bloger Xumoyun Umrzoqov.
Chiroqchilik 23 yoshli bloger Xumoyun Umrzoqov.

Bloger yaqinlaridan birining Ozodlikka aytishicha, 27 - noyabr kuni Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Umrzoqovni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 139 - moddasi (Tuhmat qilish, bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish) bo‘yicha aybor deb topgan.

Ayblov xulosasida aytilishicha, sentabr oyida bloger "o‘z boshqaruvidagi mashinasi o‘g‘irlangani haqida yolg‘on xabar bergan".

“Umrzoqov IIBning 102 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, navbatchi operatorga go‘yoki mashinasi uyi oldida ochiq holda qoldirilgani, kech soat 02:00 da avtomashinasini noma’lum shaxslar olib ketganini bayon qilib, aybdorlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, jinoyat to‘g‘risida bila turib, yolg‘on xabar bergan”, - deyiladi aybnomada.

Yaqinlarining aytishicha, bloger ustidan sud jarayoni yopiq o‘tkazilgan. Xavfsizligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan yaqinlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda Humoyun Umrzoqovning qamalishi uning tanqidiy chiqishlari bilan bog‘liqligini iddao qildi.

“Telegramdagi kanalida u Ichki ishlar organi xodimlari va hokimiyat tizimni tanqid qilib postlar qo‘yib kelgan. Shuning uchun buni payiga tushib, qamavorishdi. Uyushtirilgan bu”, - deydi blogerning qarindoshi.

Hozircha mahalliy rasmiylar qashqadaryolik ikki blogerning qamalishi yuzasidan ma’lumot bergani yo‘q.

Ozodlikning 1 - dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Qashqadaryo viloyati bo‘yicha rahbari Usmon Nusurov bilan bog‘lanish urinishlari natija bermadi.

So‘z erkinligiga zarba

O‘zbekiston Inson huquqlari “Ezgulik” jamoyati Yakkabog‘ tuman faoli Odil Elmurod blogerlar noto‘g‘ri axborot bergan taqdirda ham qamoq jazosi belgilash "juda oshig‘ich jazo" degan fikrda.

“Oddiy gap uchun qamoq jazosi berish, bu so‘z erkinligiga zarba. Birovga jarohat yetkazmagan bo‘lsa bular. Noto‘g‘ri aytgan bo‘lsa ham qamoq qo‘llash bu juda oshig‘ich. Mana shu holatlar boshqa blogerlarni cho‘chitib qo‘ymoqda, har bir qadamimizni o‘ylab bosishga undayapti bu, dadillikni so‘ndiryapti”, - deydi Odil Elmurod.

1 - dekabr kuni shuningdek, Buxoro viloyatining Olot tumanidagi qonunbuzarliklar haqida O‘zbekiston prezidentiga murojaatlari bilan tanilgan bloger Feruz Choriyev ham tuhmatda ayblanib, jarimaga tortilgani o‘rtaga chiqdi.

Buxorolik bloger Feruz Choriyev.
Buxorolik bloger Feruz Choriyev.

Choriyevning Ozodlikka aytishicha, o‘tgan oy tuman sudi uni "tuhmat qilish"da aybdor deb topgan.

“Tumandagi maktablardan birining direktori mening ustimdan sudga arz qilgan. Men o‘quvchilarning prezident maktabiga kirishi uchun olgan baholari qalbakilashtirganini fosh qilib chiqqanman. O‘tgan oy tuman sudi meni ma’muriy kodeksning 40-moddasi tuxmatda ayblab, 5 oklad shtraf, 1 million 225 ming so‘mlik jarimaga tortdi. Hujjat qalbakilashtirganini hujjatlar bilan, bolalarning eski tabeli va yangi qalbaki nusxalari bilan isbotlab berganman. Sudga ham taqdim qilganman. Sud hujjatlarni ko‘rmasdan qaror chiqaryapti", deydi bloger.

U tuman sudining hukmi yuzasidan yuqori sud instansiyasiga appelyatsiya tartibida shikoyat kiritishini bildirdi.

"Gap jarimada emas, maqsad blogerni yo‘q qilish. Hozir jarimaga tortsa, ertaga qamattirvorishi mumkin”, - deydi Feruz Choriyev.

“Shest sekundda yo‘q qilib tashlaymiz, degan po‘pisalar kelyapti”

Yana bir bloger, toshkentlik O‘tkirbek Chorshanbiyev intim video mojarosi markazida qolgan deputat Feruza Babashevani himoya qilib chiqishi ortidan o‘ziga nisbatan tahdidlar bo‘layotganini iddao qildi.

“Men Babasheva kim bilan yotadi, kim bilan turadi, uning shaxsiy ishi, degan ma’noda chiqish qilganman. O‘shandan keyin anonim telefon va akkauntlar orqali tahdidlar ko‘paydi. Sen Ozodlikka ishlar ekansan, shest sekundda yo‘q qilib tashlaymiz” , degan ohangda po‘pisalar kelyapti. Men Ozodlikka gapirishim bu axborot vositasiga ishlashimni anglatmaydi. Xohlasam Ozodlikka, xohlasam Bi-Bi-Siga gapiraman, bu mening huquqim. Lekin taxminimcha, menga qarshi bu trolling ortida kuch ishlatar tizimlari turgan bo‘lishi mumkin, maqsad qo‘rqitish”, - deydi Chorshanbiyev.

Toshkentda faoliyat yurituvchi bloger O‘tkirbek Chorshanbiyev.
Toshkentda faoliyat yurituvchi bloger O‘tkirbek Chorshanbiyev.

Avvalroq Bosh prokuratura va “Hududiy elektr tarmoqlari” shirkati Andijon viloyati Ulug‘nor tumanida bloger Fotima Jo‘rayeva elektr tarmoqlari korxonasi bosh hisobchisi tomonidan kaltaklangani yuzasidan tekshiruv boshlanganini ma’lum qilgan edi.

22 - noyabr kuni bloger o‘zining Facebook sahifasida Ulug‘nor tumani elektr tarmoqlari korxonasi bosh hisobchisi tomonidan kaltaklangani to‘g‘risidagi videoni joylashtirgan edi.

Toshkentdagi “Ezgulik” inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov ba’zi hollarda blogerlarning o‘zlari ham kasbiy faoliyatini suiiste’mol qilish orqali janjallarga sababchi bo‘layotganini nazardan qochirmaydi.

“Blogerlar va hokimiyat quyi pog‘onalarida to‘qnashuvlar ko‘p bo‘lyapti. Ba’zilar buni so‘z erkinligiga tahdid, deydi. Men masalaning boshqa jihatiga qaragan bo‘lardim. Blogerlarning kasbiy ko‘nikmalari yo‘qligi muammosiga. Kimdir so‘z erkinligidan foydalanib, odamlarning shaxsiy daxlsizligiga tahdid qilayotgan holatlar ham bor. Ba’zi blogerlar videoga olib, “tarqatvoraman”, deb qo‘rqitib, kasbiy faoliyatini suiiste’mol qilayotgan holatlarga ham guvoh bo‘lyapmiz", - deydi Tashanov.

Мирзиёев билан учрашмоқчи бўлганим учун калтакландим ва қамалдим
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:25 0:00

Avvalroq sog‘liq va ta’lim tizimidagi muammolarni ko‘tarib chiqqan kamida uch nafar bloger mahalliy hokimiyat idoralariga chaqirtirilgani va ogohlantirilganini aytib chiqqan edi.

Ikkinchi muddatga qayta saylangan Shavkat Mirziyoyev, o‘z ta’biricha, qonuniy faoliyat olib borayotgan jurnalist va blogerlarni himoya qilishga va‘da bergan.

Saylovlar arafasida qator xalqaro matbuot tashkilotlari saylov yilida O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligining yomonlashgani, blogerlar va tarmoq foydalanuvchilari ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan qonunlar qabul qilinganini tanqid qilib chiqishgan.

XS
SM
MD
LG