Rossiya hukumati mamlakatni global internetdan uzishda davom etmoqda. Aksar hududlarda YouTube'ga ulanib bo‘lmaydi, ulangan taqdirda ham video tomosha qilish imkoni yo‘q. Endi esa, “Kommersant” xabar qilishicha, Roskomnadzor messenjerlarda qo‘ng‘iroqlarni taqiqlash bilan rossiyaliklarni firibgarlardan “himoya qilish”ga qaror qilgan.
Qo‘mitaning o‘zi bu ma’lumotni hozircha tasdiqlamadi. Mediascope ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyada eng ommalashgan uch messenjer WhatsApp (67 foiz foydalanuvchi), Telegram (49 foiz) hamda Viber (26 foiz) hisoblanadi.
“Biz messenjerlar orqali qo‘ng‘iroq qilishni cheklay olamiz. Messenjer ishlaydi, lekin undan qo‘ng‘iroq qilib bo‘lmaydi. Bu qo‘llanishi mumkin bo‘lgan qattiq choralardan biri”, degan edi avvalroq Roskomnadzor rahbari.
13-dekabr kuni Rossiya hududida Viber'ga ulanish cheklandi. Hukumat iddaosicha, ushbu servis “uning terrorchilik va ekstremistik maqsadlarda, fuqarolarni yovuz ishlarga yollashda va giyohvand moddalar savdosida” qo‘llanishiga yo‘l qo‘yib bergan. “Cheklandi” deyilgan bo‘lsa-da, messenjerni butunlay bloklab qo‘yishdi: foydalanuvchilar xabarlar kelishi to‘xtagani va xabar jo‘natib bo‘lmayotganidan shikoyat qilishmoqda. Ayrimlarda esa Viber ilovasi hatto ochilmayapti.
“Rossiya hukumatining xatti-harakatlarida mantiq izlaydigan bo‘lsak, ularning g‘oyasi mazmuni shuki, Rossiya Federatsiyasi hududida Rossiya maxsus xizmatlari nazorat qilmaydigan raqamli kommunikatsiya vositasi bo‘lmasligi va ular o‘qiy olmaydigan axborot tarqalmasligi kerak. Rossiya davlati o‘z hududida internet orqali bo‘ladigan muloqotlarni to‘la-to‘kis nazorat qilishni istaydi”, deydi “Novaya gazeta. Yevropa” bosh muharriri Kirill Martinov.
Dunyo bilan aloqani saqlab qolish uchun ekspertlar rossiyaliklarga o‘z qurilmalariga VPN o‘rnatishni maslahat berishadi, biroq hukumat cheklovlar taktikasini o‘zgartirgudek bo‘lsa, ushbu texnologiya ham befoyda bo‘lib qolishi mumkin.
“Rossiya sekin-asta Eron-Turkman ssenariysiga o‘tyapti, degan qattiq xavotirlar bor. U qora ro‘yxatlar konsepsiyasiga emas, balki oq ro‘yxatlar konsepsiyasiga tayanadi. Ya’ni taqiqlanmagan hamma narsa mumkin. Mamlakatda qo‘llanayotgan barcha tarmoq manzillari uch blokka bo‘lingan: milliy shirkatlarga tegishli oq IP-manzillar, chet el shirkatlariga tegishli deyiladigan “kulrang manzillar” hamda “qora manzillar”. Eron-Turkman ssenariysida ular ishlamaydi, VPN ham uncha samara bermaydi, chunki istalgan server orqali ulanib bo‘lmay qoladi. Muammoga boshqa texnik usullar yordamida yechim topish mumkin. Ammo bular bari transchegaraviy ulanishda, chet elga axborot uzatish va qabul qilishda ko‘plab qiyinchiliklar tug‘diradi”, deydi kiberyurist Sarkis Darbinyan.
Uning fikricha, 2025-yilda Rossiya hududida ommabop messenjerlarning aksari ishlashdan to‘xtaydi. Darbinyanga ko‘ra, Rossiya hukumati so‘nggi bir necha yil davomida bloklash va tezlikni pasaytirish ustida tajribalar o‘tkazgach, “bunaqa ishlar aholini ranjitadi, lekin ochiq norozilikka olib kelmaydi”, deya xulosa yasagan. Qolaversa, Kreml mahalliy analoglar bloklangan resurslar o‘rnini bosadi, deb o‘ylamoqda.
“Aftidan, hukumat Rutube bilan VK-video – YouTube o‘rnini bemalol bosadi, Mail.ru Group'dan sotib olingan ICQ messenjeri esa Telegram va WhatsApp'ga ajoyib muqobil deb ishonadi. Ya’ni Kreml nazarida global internetdan uzilish uchun hamma narsa tayyor. Menimcha, bir necha yillik sinovlardan so‘ng yuqorida qandaydir siyosiy qaror olingan”, deydi Sarkis Darbinyan.