Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:56

“Yuz yil oldin qanday bo‘lsak, shundaymiz”. AOKA o‘tgan asrda ishlangan filmdagi "ochiq sahna"ni tekshirmoqda


Rojer Donaldson suratga olgan va Mel Gibson bosh rolni o‘ynagan “Baunti” filmi qariyb 40 yil avval ekran yuzini ko‘rgan.
Rojer Donaldson suratga olgan va Mel Gibson bosh rolni o‘ynagan “Baunti” filmi qariyb 40 yil avval ekran yuzini ko‘rgan.

Sevimli telekanalida namoyish etilgan “Sabriya” seriali atrofidagi mojaro O‘zbekistondagi rasmiy axloq-odob normalari va tsenzura borasidagi bahslarni yana bir marta kun tartibiga olib chiqdi.

Hozirning o‘zida telekanal rahbariyatidagi iste’folar va u bilan afillangani aytilgan O‘zbekiston Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqovga qarshi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq tekshiruv hamda mahkamaga sabab bo‘lgan mojaroga rasmiylar, ijtimoiy tarmoqlar va kinochilarning munosabatlari turlicha.

Vaqti-vaqti bilan yuz beradigan bu kabi mojarolar manzarasida O‘zbekistonda nimani ko‘rsatish mumkinu, nimani ko‘rsatish mumkinmasligi haqidagi munozaralardan tortib, liberalizm va an’anadorlik, davlatning axborot siyosati hamda media makondagi raqobatga qadar turli farazlar ilgari suriladi.

30 - yanvar kuni “Kinoteatr” telekanalida namoyish etilgan “Baunti” filmidagi yarim yalang‘och qabila ayollarining tasvirlari tarmoqlarda e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

O‘tgan asrning saksoninchi yillarida dengiz sarguzashtlari janrida olingan xorijiy film namoyishi yuzasidan O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi dastlabki o‘rganish ishlarini olib borayotgani va ekspertlar tayinlanganini ma’lum qildi.

Oradan bir kun o‘tib telekanal mas’ullaridan biri ishdan olindi, yana biriga xayfsan berildi.

Rejissyor Rojer Donaldson suratga olgan va Mel Gibson bosh rolni o‘ynagan “Baunti” filmi ekran yuzini ko‘rganiga qariyb qirq yil bo‘ldi.

Filmda qabila ayollarining ko‘kragi ochiq yurgani aks etgan bir necha soniyalik sahnalar bor.

“Uyatmen”lar nazari yana ayollar ko‘kragiga tushdi”

O‘zbekistonlik taniqli fotosuratchi va hujjatli film ustasi Umida Ahmedova 21 asrda qirq yil oldin olingan filmning “mentalitetga to‘g‘ri kelmaydi”, deyilayotganidan taassuf bildiradi.

“Biz qanday davlat, islomiy davlatmi yo dunyoviy? Jadidchi bobolarimiz yuz yil oldin aytgan gaplar shu kunda ham aktual bo‘lib qolyapti. Masalan, Munavvar qori Abdurashidxonovning “Turkiston” gazetasida 1923 - yilda chiqqan so‘zlari. “Bugun Ovro‘po xalqi osmonga uchar ekan, bizda soch va soqol muhokamada”. Bu yuz yil oldin yozilgan. Mayli, “Baunti” filmi tijoriy film ekan. Lekin bu taqiq asosida qancha-qancha klassik filmlarni ko‘rsata olmaymiz”, - deydi Ahmedova.

O‘zbekistonlik tahlilchi Alisher Ilhomov “Baunti” filmida muhokama qilishga arzirlik qiziqarli va ibratli jihatlar ko‘p ekanini aytadi.

“Lekin "uyatmen"larimiz nazari filmning mazmuniga emas, yana o‘sha, ular “harom” deb bilgan intim sahnalar, ayollarning ko‘kragiga tushdi. Bu ajablanarli emas. Madaniy va mafkuraviy muassasalarni butun jamiyatga o‘z g‘oyalarini singdiruvchi “boboy”lar boshqaradigan mamlakat uchun xosdir bu”, - deydi Ilhomov.

“Yuz yil oldin qanday bo‘lsak, shundaymiz”

Bloger Aqida Xanum tarmoqlardagi “dod-voy”ga qarab telekanal faoliyatiga baho berish, xodimlarini jazolash noto‘g‘ri, degan fikrda.

“Feysbukda xay-vay ko‘tariladi, o‘shandan keyin bu narsa boshlanadi. Aslida kerak emas bunaqa qilish. Chunki shu haqda gapirayotganlarning o‘zlarining tarbiyasi buzuq, qilayotgan ishi na bir insoniylikka yoki Islomga to‘g‘ri keladi. Xullas, yuz yil oldin qanday bo‘lsak, xuddi shunday, Cho‘lpon, Fitratlar yozgan ahvoldamiz”, - deydi bloger Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekistonda telekanallarda namoyish etilayotgan “behayo sahnalar” yuzasidan e’tiroz birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.

Umida Ahmedova tarmoqlardagi muhokamalar ko‘pincha odamlarni asosiy muammolardan chalg‘itadi, degan fikrda.

“Kim televizor ko‘radi hozir? Nimaga shuncha shovqin-suron? Savollar ko‘p. Lekin bu aholini jiddiy muammolardan chalg‘itishdan boshqa hech narsa emas. Men o‘smirlik paytimda eslayman, Nabi aka Rahimovga odamlar qog‘ozga yozib yo‘llashgan, u odam o‘qib berganlar. “Mana shunaqa savol keldi, artistlar sahnada, ekranda bir-biri bilan quchoqlashadi, deb so‘rashyapti”, degan. O‘shanda Nabi aka “hey, odamlar, panadagisidan qo‘rqinglar”, deb chiroyli javob bergandi”.

19 - yanvar kuni O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida "Sabriya" serialini "O‘zbekistondagi turmush tarzi borasida ijodkorlarning buzuq fantaziyasi" deya tanqid qilgan va mutasaddi tashkilotlarni "kontentga baho berish"ga chaqirgandi.

O‘zbekistonlik jurnalist Anora Sodiqova AOKAning aralashuvidan so‘ng kino bahona umumiy kontent chetda qolib, alohida telekanallarning tanqid nishoniga aylanayotganiga e’tibor qaratadi.

“O‘zbekiston qonunchiligida pornografiya nima ekanligiga aniq ta’rif bor va uni tarqatgan manbaga ham jazo bor. “Sabriya”da menimcha qonun buzilishi kuzatilmagan. Bu ishga tepadagilarning aralashishi kino bahona media magnatga hujumdek ko‘rindi. Amaldorlarning qarshiligiga qarab kinolarni taqiqlash kerak emas. Qonunchilikka ko‘ra ish qilish kerak”, - deydi Sodiqova.

O‘zbekistonlik rejissyor Ulug‘bek Yo‘ldoshev esa, prezident ma’muriyati qoshida tuzilgan AOKA muhim muammolar qolib “seriallar mavzusiga o‘ralashib qolayotgani”dan taassuf bildiradi.

“AOKA o‘z e’tiborini so‘z erkinligi, demokratizatsiya va boshqa global muammolarga qaratish o‘rniga kinoda ko‘rsatilgan oddiy ayollarning ko‘kragini muhokama qilib o‘tirsa. Bunaqa yondashuv bilan Alisher Navoiy, Firdavsiy, Umar Hayyom yoki Pushkin, Dostoyevskiy kabi boshqa klassiklarning asarlari asosida olingan kinolarni ham ekranlardan olib tashlash mumkin”.

Ozodlik Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi matbuot xizmatidan agentlik faoliyati va senzura borasidagi tanqidlar yuzasidan yozma savollarga javob ololmadi.

O‘zbekiston Kinematografiya agentligi matbuot kotibi Nozim Safari Ozodlik bilan suhbatda kinolar o‘zbek auditoriyasiga mos bo‘lishi kerakligini aytadi.

"Tomoshabinlar o‘zbek ekanligini unutmasligimiz kerak. Rejissyorlarimiz shu auditoriya zehniyatini e’tiborga olgan holda film suratga olishi kerak. O‘zbekistondamiz, Yevropada emas", - deydi Nozim Safari.

Jurnalist va sobiq diplomat Beruniy Alimov mavzuga faqat o‘zbek zehniyati emas, balki "sharq madaniyati konteksti"da yondashish to‘g‘ri bo‘lishini aytadi.

"Sharq madaniyati bu. Men Yaponiyada to‘rt yil ishlaganman, u yerda ham qattiq qaraladi ochiq ko‘rinishlarga. Menga masalan, farzandlarim bilan o‘tirganda bunday kinolarni ko‘rish juda noqulay", - deydi Alimov.

Jurnalist Dilobar Asliddin qizi esa: "Biznikilar bu ishlarni yashirincha qiladi, televizorda ko‘rsatsa "dod" deyishga usta", - deydi.

“O‘zbek o‘pishmaydi”mi?

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan kinoijodkorlar sovet davrida olingan o‘zbek kinolarida yalang‘och ayol yoki o‘pishish sahnalari bo‘lgani va tomoshabinlar o‘sha paytda bunga e’tiroz bildirmaganliklarini eslashadi.

“O‘zbekfilm” studiyasida 1936 - yilda suratga olingan ilk ovozli film “Qasam”da ham o‘pishish sahnalari bo‘lgan.

“Troll.uz” kanali namoyishi taqiqlanishi mumkin bo‘lgan o‘zbek kinolarini sanab chiqdi.

“Qarang, "Shum Bola" filmida ham 2 soniya davomida ayolni ko‘kragi ko‘rsatilgan sahna bor. Bu skrin ham o‘sha filmdan olingan. Birovni ayoli bilan o‘pishib o‘tirgan erkak sahnasi ham bor. Eslaysizmi?

Bu filmni millionlab odamlar ko‘rgan. Hammamizni ongimiz zaharlandimi endi? G‘afur G‘ulom esa xalq dushmanimi?

…Shuncha kalamushlar xalq pullarini yeb mazza qilib yuribdi, bizlar esa yarimta odam tomosha qiladigan kanalga qarshi kurashamiz va direktoriga xayfsan beramiz. Zo‘r. Gap bo‘lishi mumkin emas. Shunday harakat qilishda davom etinglar!”, - deya istehzo qiladi Troll.uz

Sovet davrida olingan o‘zbek kinolarida ham o‘pich sahnalari bo‘lgan. "O‘tkan kunlar" filmidan sahna.
Sovet davrida olingan o‘zbek kinolarida ham o‘pich sahnalari bo‘lgan. "O‘tkan kunlar" filmidan sahna.

“Yor yor”, “Vodillik kelin” kabi filmilarni suratga olgan taniqli o‘zbek kinorejissyori Ali Hamroyev o‘z vaqtida bunday sahnalarni qirqib tashlashni talab qilgan tsenzorlarga qarshi turganini eslaydi.

“Yor-yor" filmida bitta sahna bor-to‘y. O‘sha yerda birinchi marta o‘pishish sahnasi ko‘rsatilgan, kelin- kuyovlar o‘pishyapti. Menga kartina direktorimiz “olib tashlang, bu bo‘lmaydi” degan, men “olib tashlamayman, chiroyli-ku” deganman. Film premyerasida rahmatli Sharof aka Rashidov kino tugab, zalda chiroq yonganidan so‘ng, meni quchoqlab, “bizning xalqimizga katta sovg‘a qilib berdingiz” degan. Chiroyli kino, degan. Shundan keyin hech kim o‘pishish sahnasini olib tashlang demadi”.

O‘zbek kinorejissyori Ali Hamroyev.
O‘zbek kinorejissyori Ali Hamroyev.

Ali Hamroyev Samarqandda o‘tgan yili suratga olgan badiiy filmda o‘pishish sahnalari “kamchilik” sifatida ko‘rilgani, lekin mutasaddilarning tanqidlariga qaramasdan bu sahnadan voz kechmaganini aytadi.

“Dekabrda topshirdim. Ssenariysini ham o‘zim yozdim. Rahmatli Baxtiyor Ixtiyorov oxirgi rolini o‘ynadi. U yerda ham kamchiliklar topishdi, olib tashlamayman, dedim. Yoshlar o‘pishadi-da! Afrikada qaysidir qabilada burnini urishtirib salomlashishar ekan, uni ham qirqib tashlash kerakmi?”, - deydi Ali Hamroyev.

“Kichkina Vera”dan boshlangan katta taqiq

O‘zbek kinoijodkorlari mustaqillik arafasi va undan keyingi yillarda sevgi sahnalari aks etgan kinolarni taqiqlash ëki qaychilash avj olganini aytishadi.

1988 - yilda “Kichkina Vera” filmi Moskvadagi Markaziy televideniye orqali namoyish etilganida, translyatsiya O‘zbekiston hududida to‘xtatib qo‘yilgandi. O‘zbek matbuotida esa filmni qoralovchi maqolalar chop etilgan.

Tarmoq foydalanuvchilari “ochiq sahnalar” mustaqillik yillarida televideniyeda namoyishi taqiqlab qo‘yilgan Shuhrat Abbosovning "Olovli yo‘llar" hamda Elyor Eshmuhammedovning "Shok" filmlarida ham borligiga e’tibor qaratishdi.

O‘zbek kinoijodkorlari o‘tgan 30 yilga yaqin davrda o‘zbek telekanallarida o‘nlab filmlar yaqin namoyishi taqiqlanganini aytishadi.

Kinodokumentalist Umida Ahmedova “mentalitetga to‘g‘ri kelmaydi” deya kinolarga taqiq qo‘yayotgan o‘zbek amaldorlarining harakatlarini “bema’nilik” deb hisoblashini aytadi.

“21 asrda o‘zbeklar mentalitetiga u to‘g‘ri kelmaydi, bu to‘g‘ri kelmaydi, deyish nima degani bu? Siz kimsiz xalq nima ko‘rishi, nima ko‘rmasligini hal qiladigan, xalq uchun javob beradigan?”, - deydi Umida Ahmedova.

Ayrim kinoijodkorlar “Sabriya” teleseriali atrofidagi mojaro ortidan filmlar ustidan davlat nazorati yanada kuchayishidan xavotir bildirishgan.

XS
SM
MD
LG