Qozog‘istonning Atirau viloyatidagi masjidning sobiq qorovuli Qeyquat Ospanov odam ichiga kirib olgan “jinlar”ni haydab chiqarishini iddao qiladi.
Ospanov butun mamlakatni kezgancha “odamlarni jinlardan xalos qiladi” va bu marosimni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarga chiqaradi. Ammo uning Atirauda besh yashar qizcha bilan o‘tkazgan ekzorsizm marosimidan olgan videosi ko‘plab qozog‘istonliklarni shokka soldi. Rolikda qo‘llari bog‘liq holda yerda yotgan qizaloqni, uni ushlab turgan onasini ko‘rish mumkin. Bolaning tepasida turgan erkak unga savol bermoqda, lekin savollar yig‘layotgan qizchaga emas, go‘yoki uning ichiga o‘rnashib olgan jinlarga qaratilgan.
“Sen ming yillik jinmisan yoki yuz yillik?” – deb so‘raydi “ekzorsist”.
“Ming yillik”, – javob beradi bola ovozi.
“U yerda nechtasizlar?” – yana so‘raydi Opanov “jinlar”dan.
“To‘qqizta”, – deb javob beradi qizcha.
Qizaloqning onasi Gulzira farzandini “tabib”ga o‘z ixtiyori bilan olib kelganini, uni Instagram orqali topganini aytadi. Shuningdek, onaning so‘zlariga ko‘ra, u qizi “bolalarga xos bo‘lmagan xatti-harakatlar qilgani uchun” Ospanovdan yordam so‘rashga majbur bo‘lgan emish.
“Hozir qizimning ahvoli ancha yaxshi. Qeyquat og‘aga hech qanday e’tirozim yo‘q, aksincha, odamlarga ko‘p nafi tegyapti. Yuzlab kishilar ichlaridagi jinlarni quvib chiqartirish uchun navbatda turishibdi. U chinakam xalq tabibi”, deydi Gulzira.
Onaning minnatdorlik so‘zlariga qaramay, Qozog‘iston bolalar ombudsmani Dinara Zakiyeva qizchani tahqirlangan hisoblab, ishni sudgacha olib borishga va “ekzorsist” faoliyatiga chek qo‘yishga va’da bermoqda. Mazkur rolik maorif vazirligi rahbarlarini ham g‘azabga soldi, ular voqea o‘rganilishini ma’lum qilishdi.
“Qozog‘iston Maorif vazirligining Bolalar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi vaziyatni o‘z nazoratiga olgan. Hozirda bolaga barcha zarur yordam, jumladan, ushbu “muolaja” oqibatlarini minimallashtirish maqsadida ruhiy-psixologik ko‘mak berilmoqda. Bola hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi bu kabi xatti-harakatlarga jamiyatimizda o‘rin yo‘q!” – deyiladi vazirlik bayonotida.
Atirau viloyati bosh imom xatibi Altinbek Utisxanov o‘zini “jinquvar” domla yoki tabib deb e’lon qilgan Ospanovning ulamolarga ham, tibbiyotga ham hech bir daxli yo‘qligini aytdi. Utisxanovga ko‘ra, Ospanovning dinga yagona daxldor joyi u 2009- yilda mahalliy masjidda qorovul bo‘lib ishlaganidir.
Qozoq OAVlari yozishicha, Qeyquat Ospanov ilgari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Yeren yeңbegі үshіn” (“Fidokorona mehnatlari uchun”) ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. “Jin quvish” marosimi chiqargan rezonans manzarasida ushbu ma’lumot jamoatchilikni ajablantirmoqda.
Ospanovning o‘zi Caspian news jurnalistlariga bergan izohida qizcha videosi bu qadar keng tarqalishini kutmaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “qizaloqning ichidagi jinlarni duo o‘qib 10 daqiqada chiqargan”. “Bolani mahkam ushlab turishdi, chunki uning ichidagi jin juda kuchli edi”, deya tushuntirgan “tabib”.
Qozog‘istonlik siyosatshunos Gaziz Abishev fikricha, odamlarning jinlarga ishonishi va go‘yo ularni haydab chiqarish uchun “ekzorsist”larga murojaat qilishi Qozog‘iston jamiyatining ijtimoiy degradatsiyaga uchragani belgilaridir.
“Ta’lim sifati pasayib ketgani oqibatida mana shunaqa qalloblar, bid’atchilar maydonga chiqib, omma onggini zaharlamoqda. Davlat qo‘l qovushtirib turmasdan ularga haddini bildirib qo‘yishi kerak. Aks holda bu jaholat mamlakatimizni yeb bitiradi”, ta’kidlaydi Abishev.
2016-yilda Qozog‘iston ulamolari hukumatni mamlakatda folbinlik, sehrgarlik va duoxonlik xizmatlari reklamasini taqiqlashga chaqirishgan edi. O‘z xotinini shafqatsizlarcha o‘ldirgani uchun sud qilingan sobiq vazir Quandiq Bishimbayev folbinlar xizmatidan foydalanganiga iqror bo‘lganidan so‘ng bu mavzu qaytadan kun tartibiga chiqdi. Biroq mamlakatda okkultistlar faoliyati hanuz tartibga solingani yo‘q.