Линклар

Шошилинч хабар
08 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:42

“Zax devorlar, kalamushlar va o‘rgimchaklar”. Sobiq mahbus – Belarus qamoqxonalari haqida


Grodnadagi qamoqxona
Grodnadagi qamoqxona

Aprel oyi oxirlarida Belarusdagi “Alternativa” ijtimoiy tashabbusi yetakchisi Oleg Korban olti oylik qamoqdan so‘ng ozodlikka chiqdi. U o‘tgan yili oktabrda hibs qilinib, dastlab 15 sutka ma’muriy qamoqqa olingan, bu muddat tugagach, Minskdagi 1-sonli tergov izolyatoriga (TI) o‘tkazilib, jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzadigan harakatlarni tashkil etish yoki ularda faol ishtirok etish ayblovi bilan yana yarim yil “o‘tirdi”. O‘tgan yilning dekabrida Korban siyosiy tutqun deb tan olingan.

Korban shu muddatning yarmini Jodino shahridagi 8-qamoqxonada o‘tagan. Bu tergov qilinayotgan shaxslar, oddiy sudlanganlar va hatto umrbod qamalganlar saqlanadigan mamlakatdagi yagona axloq tuzatish muassasasi sanaladi.

Ozodlik radiosi bilan suhbatda Oleg Korban Belarus qamoqxonalaridagi sharoit haqida so‘zlab berdi.

– Okrestina ko‘chasidagi huquqbuzarlar avaxtasida ham, Jodino turmasida ham, IIV tergov izolyatorida ham bo‘ldingiz... Ayting-chi, qamoqda nimalarni boshdan kechirdingiz?

– Qaysi modda bilan tushganingizdan qat’i nazar, saqlash sharoiti Minskdagi 1-sonli TIda yaxshiroq. Xodimlar muomalasi ham, maishiy shart-sharoit ham. Barcha mahbuslar qo‘shqavat g‘ishtin binoda yashaydi. TI hududida hozir ham o‘lim jazosi ijro qilinadi, lekin bu aynan qayerda va qanday ro‘y beradi – hech kim bilmaydi. Eski otxona orqasidagi imoratda deb taxmin qilamiz.

Oleg Korban
Oleg Korban

Kameralarda muzlatkich yo‘q (cho‘chqa moyi, pishloq va sariyog‘ni panjaradan tashqarida yoki so‘ri tagida, polda saqlaymiz), aksariyatida fevraldan beri televizor yo‘q. Shu tariqa mahbuslarni axborot qamaliga olib, mamlakatda va umuman jahonda yuz berayotgan voqealardan uzib qo‘ymoqchi bo‘lishyapti. Ammo Jodinoda ahvol bundan besh badtar, u yerda tartib juda qattiq.

– U yerdagi saqlash sharoitini qanday tasvirlaysiz?

– Minskdagi TIning “Shanxay” korpusida yerosti kameralar bor. Ular odam bolasi yotadigan joy emas: devorlarini mog‘or bosgan, kalamushlar, o‘rgimchaklar ko‘p, so‘ri qatorlarining orasi juda tor – bir kishi zo‘rg‘a o‘tadi. Quyosh nuri deyarli tushmaydi.

U yerda postda turadigan navbatchi tartibga rioya etilishini, masalan, kunduzi hech kim so‘riga chiqib yotmasligini nazorat qiladi. Yerosti kameralaridan odatda tartibbuzar va itoatsizlarni saqlash uchun yoki gohida joy yetishmay qolganda foydalaniladi. Yuqoridagi, boshqa kameralar ancha tuzuk: keng, yorug‘, bahavo. Ammo-lekin Jodinoda barcha kameralar rasvo.

– Mahbuslar aksilsanitariya sharoitidan shikoyat qilishsa, muammo hal qilinadimi?

– Odatda bunaqa shikoyatlardan naf bo‘lmaydi. Ana, zararkunandalardan qancha arz-dod qilmaylik, quloq solishmayapti-ku! Bir kecha soqchilardan qopqon so‘rab olib ertalabgacha “ov qildik”: yettita sichqon ilindi, lekin ular kamaygani yo‘q.

Falakning gardishi bilan u yerga qamalgan Rossiya fuqarosi qattiq tartib-qoidalarni, xususan, uyga qo‘ng‘iroq qilish taqiqlanganini ko‘rib hayron qolgandi. Rostdan ham, bu aqlga sig‘maydigan holat. Hatto navbatchi xodimlar ham mobil telefon olib yurmaydi.

Shaxsan men hech qachon shikoyat qilmaganman, ammo bir taniqli yurist, Maksim Znak Minsk TIda qamoq jazosini o‘taganida sharoitni yaxshilashni talab qilib ko‘p olishgan, hatto ochlik e’lon qilgan ekan. Uni sovuq va zimiston karserga qamab ham “sindira olishmagan”.

Yurist TI ma’muriyati ko‘nglida qachon odamiylik tuyg‘ulari uyg‘onarkin deb kutib o‘tirmagan, ustma-ust shikoyat yozavergan. Axiyri, hech kim kutmagan paytda muammo hal qilina boshladi! Avvaliga yangi xokandoz berishdi. Ertasiga hammamizni “Shanxay” korpusidagi nisbatan keng, yaqinda ta’mirlangan, shifti baland va uch qavatli so‘rilar qo‘yilgan yangi kameraga ko‘chirishdi. U yerda sichqonlar g‘ij-g‘ij emasdi harqalay, zararkunanda zotidan faqat suvaraklar ko‘p edi xolos. Yana qo‘lansa hid yo‘q edi.

– Yeb-ichish qanday edi?

– Kuniga uch mahal ovqat berilardi. Jodinoda, masalan, nuqul chirik kartoshka solingan go‘shtsiz obiyovg‘on bilan boqishardi. Minsk TIda ta’minot ancha yaxshi edi, u yerda har xil bo‘tqalar erdik, so‘nggi paytlarda hatto qaynatilgan tuxum va kotletga og‘zimiz tegib qoluvdi...

– Kameralarda “siyosiy” va “nosiyosiy” deb ayirmachilik qilish bormi?

– Yo‘q, aralash yashashadi, ammo ma’muriyat siyosiy moddalar bilan tushganlarga boshqacha ko‘z bilan qaraydi baribir. Siyosiy tutqunlar odatda ochiq yuzli, suhbati soz kishilar bo‘ladi. Ularni yor-do‘stlari, qarindoshlari har tomonlama qo‘llashadi. Qamoqda yotgan odam uchun bunaqa dastak juda muhim.

– Ma’muriyatning siyosiy mahbuslarga muomalasi qanday?

– Misol uchun, matrasni almashtirish kerak bo‘lsa, darrov almashtirib berishadi. Holbuki, odatda oddiy mahbus bu baxtga erishish uchun ancha-muncha ter to‘kishi kerak. Dushxonada yuvinishiga ham ko‘proq vaqt berishadi. Ip-igna kerak bo‘lsa, navbatchiga bir og‘iz aytilsa, kifoya. Ammo fevraldan beri ko‘p kameralardan har xil bahonalar bilan televizorlarni olib chiqib ketishdi. Ayniqsa siyosiy mahbuslar o‘tirgan kameralardan.

– Radio bormi?

– Bittagina radiouzel bor, u ham ichkari hovlida bo‘lib, hamisha ovozi baland qilib qo‘yiladi. Har bir kameraga eshitiladi. Odatda “Russkoye radio”ni qo‘yishadi. Qiyoslaydigan bo‘lsak, Jodinoda har kuni vatanparvarlik qo‘shiqlarini eshittirishadi, amaldagi hukumatga nisbatan muhabbatga to‘la belaruscha kuylarni ham. Allaqanday mahalliy xonandalarning prezidentni madh etuvchi qo‘shiqlari, masalan, “Belarus moya sineglazaya” va “Sanya ostanetsya s nami”ni eshitaverib quloqlar shang‘illab qoladi...

– Erkinlikka chiqib, atrofga nazar tashlagandirsiz. Shu o‘tgan yarim yilda nimadir o‘zgaribdimi?

– Bir tomondan Belarus hali Shimoliy Koreyaga aylanib ulgurmagani kishini xursand qiladi. Ochig‘i, men bunga hayron qolmagan bo‘lardim. Boshqa tomondan, do‘stlarim bilan so‘zlashib, ko‘cha-ko‘yda xalqni kuzatarkanman, odamlarning diydasi hiyla qotganini his etdim. Qandaydir ehtiyotkor va damdo‘z bo‘lib qolishgan. Bu dilimni xira qildi.

XS
SM
MD
LG