Линклар

Шошилинч хабар
22 феврал 2025, Тошкент вақти: 14:18

Zelenskiy Kiyevda Trampning maxsus elchisi bilan uchrashdi


Vladimir Zelenskiy (ch) va Kit Kellog (o‘), Kiyev, 2025-yil 20-fevrali
Vladimir Zelenskiy (ch) va Kit Kellog (o‘), Kiyev, 2025-yil 20-fevrali

AQSH prezidenti Donald Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog 20-fevral kuni Kiyevda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Uchrashuv natijalariga ko‘ra o‘tkazilishi rejalangan qo‘shma matbuot anjumani Amerika tomoni iltimosiga binoan bekor qilingan. Bu haqda Reuters agentligi va boshqa nashrlar xabar qilishdi.

“Amerika ovozi” rus xizmati qaydicha, Kiyevga kelgan 19-fevral kuni Kellog o‘z tashrifidan asosiy maqsad Ukraina tomonini tinglash ekanini e’lon qilgan.

Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts Ukrainani AQSHga nisbatan tanqidini yumshatishga hamda Oq uy tashabbusi bilan ilgari surilgan foydali qazilmalar yetkazib berish bo‘yicha shartnomaga rozi bo‘lishga chaqirgan.

AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens payshanba kuni, uning fikricha, mojaro yakuniga oz qolganini aytdi. Ayni paytda u Rossiya bilan muzokara qilmay turib, urushni to‘xtatish mumkin emasligini urg‘uladi.

Prezident Zelenskiy Kellog bilan suhbat chog‘ida frontdagi vaziyat, ukrainalik asirlarning barchasini qaytarish va Ukraina uchun samarali xalqaro xavfsizlik kafolatlarini izlab topish masalalari muhokama qilinganini qayd etdi.

“Yevropeyskaya pravda” nashri Zelenskiy Trampning maxsus vakiliga Kiyev “Qo‘shma Shtatlar prezidenti bilan investitsiyalar va xavfsizlik bo‘yicha kuchli, haqiqatan manfaatli shartnoma tuzish”ga tayyor ekanini tasdiqlagani haqida yozgan. Shu munosabat bilan Tramp tomonidan avvalroq taklif qilingan Ukraina foydali qazilmalaridan foydalanishga oid shartnoma to‘g‘risida so‘z borgan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Ukrainaga nodir foydali qazilmalarning 50 foizini AQSHga mulk o‘laroq berishni taklif qilgan, biroq Zelenskiy mazkur hujjat bilan tanishib chiqqanidan keyin uni imzolashdan bosh tortgan.

AQSHning AXIOS sayti 20-fevral kuni Zelenskiy Trampning ilk taklifini rad etganidan keyin Oq uy Ukrainaga foydali qazilmalar to‘g‘risidagi “tuzatilgan” shartnoma loyihasini taqdim etgani haqida xabar qilgan. Axios bu haqda bitimdan xabardor ukrainalik mulozim, amerikalik mulozim va uch nafar manbaga tayangan holda yozgan.

“Loyihaning so‘nggi variantiga ancha tuzatishlar kiritilgani seziladi va u Ukraina qonunchiligiga muvofiq keladi”, degan manbalardan biri.

Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols payshanba kuni jurnalistlarga Zelenskiy foydali qazilmalar masalasi bo‘yicha “muzokaralar stoliga qaytishi” lozimligini aytgan.

XS
SM
MD
LG