Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 08:44

Zelenskiy: Qrim “hech qachon rus zamini bo‘lmaydi”


Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga ko‘ra, Rossiya tomonidan bosib olingan Qrim hamda Donetsk va Lugansk viloyatlari hududining Ukraina nazorati ostiga qaytishi “vaqt masalasidir”.

Zelenskiy Ukrainadagi “Dom” rusiyzabon telekanaliga bergan intervyusida Qrim xususida to‘xtalarkan, u “hech qachon rus zamini bo‘lmaydi”, deya urg‘uladi.

Qrim haqida gap ketgan videoparcha Zelenskiyning telegram-kanalida e’lon qilindi.

“Qrimni bosib olgan odamlar uni hech qachon bizdek yaxshi ko‘ra olishmaydi”, degan Ukraina prezidenti. U yoshligida Qrimga qilgan sayohatlariga doir voqealarni yodga olarkan, yarimorolni “o‘z yerimiz” deb ataydi.

“Bu ularning yeri emas, ularning avlodlari bu yerda voyaga yetmaydi. Ularning farzandlari ham u yerda emas. Va ular bizning yerimizni deb jonlarini qurbon qilishmaydi. Bu hech qachon rus zamini bo‘lmaydi. Hech qachon”, dedi Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hukumatining tarixni o‘zgartirishga urinishlari zoye ketadi. Xususan, Qrim tatarlari anneksiyaga aslo rozi bo‘lmaydilar. Ukraina prezidenti fikricha, Qrim ahli ertami-kechmi “o‘z uyiga qaytadi”.

Qrim Rossiya tomonidan 2014 - yil martda bosib olingan – Ukrainada prezident Viktor Yanukovich hokimiyati ag‘darilgach, Rossiya yarimorolga qo‘shin kiritdi va harbiy nazorat sharoitida u yerda yarimorolning Rossiyaga qo‘shilishi bo‘yicha referendum o‘tkazdi. Ukraina va dunyoning ko‘plab mamlakatlari anneksiyani tan olmagan. Qrimning go‘yoki “uyiga qaytgani” haqidagi shior Rossiya hukumati va propagandasi tomonidan anneksiyadan oldin va keyin keng qo‘llanildi – yarimorol azaldan ruslarning eri bo‘lgani, 1954 - yilda u qonunga xilof ravishda Ukraina SSRga berilgani iddao qilindi.

Volodimir Zelenskiy Qrim masalasini hal qilingan deb hisoblash mumkin emasligini bir necha marta aytgan. Avgust oyida Kievda “Qrim platformasi”ning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda anneksiyani tan olmagan mamlakatlarning vakillari ishtirok etadi. Avvalroq G‘arb mamlakatlari Qrimda faoliyat yuritayotgan shirkatlar va anneksiyaga aloqador shaxslarga nisbatan sanktsiyalar joriy qilgan edi.

Rossiya rasmiylari Qrimning mansubiyati masalasi muhokama qilinmasligini ta’kidlab keladi va uni Rossiyaning ajralmas qismi, deb ataydi.

XS
SM
MD
LG