Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:28

Mirziyoev 5 sentabrdan valyuta erkin savdosini boshlash haqida farmon imzoladi


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev, kutilayotganidek, respublikada xorijiy valyuta erkin savdosiga ruxsat berish haqidagi farmonni imzoladi. Hujjat asosida, 5 sentabrdan mamlakatdagi tijorat banklari xorijiy valyutani erkin sotish-sotib olishi, fuqarolar istaganicha sotish-sotib olishi mumkin. Narx, "mutlaqo bozor mexanizmi shartlari" asosida belgilanadi.

2 sentabr kuni prezident imzolagan PF-5177-sonli farmonda, shu yilning 5 sentabrida boshlab, yuridik va jismoniy shaxslar xorijiy valyutani tijorat banklarida cheklanmagan miqdorda sotish va sotib olishi mumkinligi qayd etilgan.

Farmonda "milliy valyutaning xorijiy valyutaga nisbatan kursi mutlaqo bozor mexanizmlariga tayangan holda belgilanishi" aytilgan.

Farmonda qayd etilishicha, jismoniy shaxslar tijorat banklaridan sotib olgan "valyuta xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazib beriladi va undan xorijda hech qanday cheklovlarsiz foydalanishi mumkin".

Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan xususiy tadbirkorlar ham valyutani jismoniy shaxslarga belgilangan tartib asosida sotishi va xarid qilishi mumkin.

Bundan tashqari, farmon asosida, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, eksport bilan shug‘ullanuvchi "yuridik shaxslarga xorijiy valyuta tushumini davlatga majburiy sotish tartibi ham bekor qilinadi". Yakka tartibdagi xususiy tadbirkorlarga ham "valyutasini o‘z bank hisobidan istaganicha echib olishga ruxsat beriladi".

Shuningdek, farmonda tovarlar (ish va xizmatlar) uchun xorijiy valyutada to‘lov qilish taqiqlangan, xalqaro amaliyotga mos ravishda xalqaro to‘lov kartalari bilan amalga oshiriladigan to‘lovlar esa bundan mustasno qilingan.

Muhimi, "banklarning xorijiy valyutaning oldi-sotdisi bilan bilan bog‘liq risklari ishbilarmonlik riskiga tenglashtiriladi va ularni boshqarish tijorat bankining o‘z ixtiyorida bo‘ladi".

Tijorat banklariga xorijiy valyutada operatsiyalar o‘tkazish uchun litsenziya berish amaliyoti esa bekor qilinadi.

Ozodlik 29 avgust kuni O‘zbekistonda shunday hujjat imzolashi kutilayotgani haqida xabar bergan edi.

O‘zbekiston bank tizimi mulozimlaridan biri: “Markaziy bankning rasmiy kursni devalvatsiya qilib, mamlakatdagi valyuta almashinuv kurslarining unifikatsiyalanishi – bir xillashuvi to‘g‘risidagi muhim qarorni e’lon qilishi kutilmoqda", degan edi.

Hozirda “bozor mexanizmlari asosida belgilanadigan” yagona dollar kursining qora bozordagi joriy kurs – 8000 so‘mga yaqin bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Markaziy bankning qattiq valyutalarga nisbatan so‘m rasmiy kursini keskin pasaytirishi – devalvatsiya qilishi:

- oddiy odamlarning kundalik hayotida qanday o‘zgarishlar qiladi,

- devalvatsiya bozordagi narx-navoga qanday ta’sir qiladi,

- bunday qadamdan kim yutadiyu kim yutqizadi,

kabi savollarga Ozodlik mutaxassislardan olgan javoblarni mana bu linkda o‘qib-tinglashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG